Beshinchi ummon

04 Yanvar 2012 21:19
“QARZLAR KITOBI”GA BIR NAZAR
Qadim-qadimdan har bir xalq o‘z taqvimiga ega bo‘lgan. Faqat ular bir-biridan oyning necha kundan iboratligi va foydalanish usulining har xilligi bilan tafovutlanadi. “Kalendar” lotincha “kalendarium” so‘zidan olingan bo‘lib, “qarzlar kitobi” degan ma’noni bildiradi. Qadimgi Rimda qarzdor kishilar o‘z qarzlarining ma’lum foizini, odatda, har oyning birinchi kunida to‘lashgan.
Shuning uchun har oyning birinchi kuni “kalend”, masalan, 1 yanvar “yanvar kalendi”, 1 fevral “fevral kalendi” deb atalgan. Lekin bu kalendarni bizga faqat rimliklar meros qilib qoldirgan degani emas. Vaqtlar o‘tishi bilan undan foydalanishning maqsadi va vazifalari ham o‘zgargan.
Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida Xorazmning qadimiy kalendar tizimi Iskandar Zulqar­nayn­dan 980 yil ilgari ham bo‘lganini yozib qoldirgan.
O‘rta asrning buyuk metamatik olimi, faylasuf, munajjim, shoir Umar Hayyom (1048-1123) esa 1079 yilda yangi isloh qilingan kalendar yaratadi. Bu taqvim Yevropada undan besh yuz yil keyinroq qabul qilingan va hozirgi kungacha amalda qo‘llanilayotgan Grigorian kalendaridan ham aniqroq hisoblanadi.
Dunyo xalqlari hozirda kalendarning asosan uch turidan: shamsiy, qamariy va qamariy-shamsiy kalendarlaridan foydalanadilar. Bu kalendar tizimlari orasida qamariy taqvim tarixiy jihatdan eng birinchisi hisoblanadi. U birinchi navbatda oyning harakatiga, undagi o‘zgarishga asoslangan. E’tiborlisi, uning yil fasllariga mutlaqo aloqasi yo‘q. Bunday kalendarlarning asosiy vazifasi vaqt hisobida kunlar bilan qamariy oyni bir-biriga muvofiqlashtirishdangina iborat, xolos. U issiq mamlakatlarda, kishilar o‘zlarining kunduzgi yumushlarini tungi salqin paytlarga ko‘chirishga majbur bo‘lgan o‘lkalarda, eng avvalo chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi xalqlar orasida kelib chiqqan. Qamariy taqvim hozir BAA, Indoneziya, Eron, Iroq va boshqa shu kabi mamlakatlarda qo‘llaniladi. Turkiya, Afg‘oniston va Eronda esa qamariy taqvimdan tashqari shamsiy kalendar ham ishlatiladi.
Bugungi kunda dunyodagi deyarli barcha mamlakatlar shamsiy taqvimni qo‘llaydi. Bu taqvim Quyoshning Yer atrofidagi yillik harakatiga asoslangan bo‘lib, u asosan kunlar bilan yilni bir-biriga muvofiqlashtirish vazifasini bajaradi. Bunday taqvimda yil fasllari, ularning o‘zaro takroriy almashuvi va tropik yil asosiy o‘rin tutadi. Shamsiy taqvim dast­lab qadimgi Misrda eramizdan taxminan to‘rt ming yillar ilgari deh­qonchilik ishlarini boshqarish ehtiyoji natijasida kelib chiqqan. Bu taqvim keyinroq, eramizdan avvalgi uchinchi ming yillik boshlarida Vavilonda ham paydo bo‘lgan va u yerdan boshqa mamlakatlarga tarqalgan.
Vaqtning kun, oy va yil kabi tabiiy o‘lchov birliklarini bir-biriga moslashtirishga qaratilgan urinishlar taqvimlarning uchinchi turini — qamariy-shamsiy kalendarlarni keltirib chiqargan. Bunga misol qilib vavilonliklarning, yahudiylarning, qadimgi xitoylik, rimliklar va boshqa xalqlarning kalendarlarini keltirish mumkin. Qamariy-shamsiy taqvim hozirgi paytda diniy bayramlarning qachon kelishini hisoblash uchun Isroil davlatidagina qo‘llaniladi.
Hozirgi vaqtda kalendarning varaqlama, osma, tabel, foto, sport, musiqa, telefon ko‘rinishlari va yana ko‘plab boshq­a shakllarini uchratish mumkin. Ularning hammasi yagona tartib-qoidaga asoslanadi va 365 kundan iborat bo‘ladi. Har to‘rt yilning to‘rtinchi, ya’ni sana to‘rt soniga bo‘linadigan yil qo‘shimcha 366 kunga ega bo‘ladi va u “Kabisa yili” deb ataladi. Ayni paytda hijriy yil hisobi bo‘yicha 1433 yilda (27 noyabrdan boshlandi) yashayapmiz. 1 yanvardan esa shamsiy taqvim bo‘yicha 2012 yil kirib keldi.
Sur’at ABDUKARIMOV

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM