Viloyatda bundan tashqari yana yuzlab bebaho manzillar uchraydiki, ular hamon dunyo olimlarining nazarida turibdi. Ana shunday tarixiy manzilgohlardan biri Denov tumanidagi Xolchayon topildig‘idir. Voha tarixining qadimiy davrlarini o‘zida aks ettirgan ushbu joy 1960 yili arxeologlar tomonidan aniqlanib, qazilma-tadqiqot ishlari olib borilgan edi. Tadqiqotlar o‘zbek davlatchiligining boy tarixiy manbalarini taqdim etdi.
— Denovlik keksalarning aytishicha, "Xolchayon" so‘zi "chayon" yoki "chayondek zahar tilli xola" degan ma’noni anglatarmish, — deydi filologiya fanlari nomzodi Toshtemir Turdiev. — Lekin bu shu so‘zga talaffuzi yaqinroq qandaydir bir so‘zning buzilib aytilgan shakli bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Xolchayontepa manzilgohi Qorabog‘, Maslahat, To‘g‘anoq, Sichqon, Shayit, Qo‘yqirilgan, Honaqoh tepaliklarini o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, bu yerdagi asosiy topildiqlardan yana biri Qorabog‘tepa sanaladi. Qorabog‘tepada San’atshunoslik ilmiy tadqiqot instituti va Yaponiyaning Soka universiteti olimlari hamkorligida bir necha yillardan beri ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
— Xonaqohtepada ishlab yurib, Qorabog‘tepa tarixini ham ozroq o‘rgandik, — deydi o‘zbek-yapon ilmiy tadqiqot ekspeditsiyasi rahbari, arxeolog olim Bahodir Turg‘unov. — Yaqinda bu yerda ishni davom ettirib katta arxitektura majmuasiga duch keldik. E’tiborli jihati shundaki, u juda mustahkam, har tomoni bir metrdan keladigan paxsa devordan tiklangan ekan. Umumiy chuqurligi yetti yarim metrgacha boradi. Biz ikki joyda to‘rt metrgacha qazilma ishlarini olib bordik. Pol qismi ham juda ustalik bilan ishlangan, ya’ni ohakka tsementga o‘xshagan qotiruvchi modda qo‘shilgan.
Qorabog‘tepadan toshdan yo‘nib ishlangan, ustunlar tagiga o‘rnatilgan uchta tagkursining topilishi alohida ahamiyatga ega. Ularning har biri kamida 400-500 kilogramm keladi. Qazilma paytida topilgan ulkan toshlar esa 2400 yil avval tayyorlangan bo‘lib, chamasi 60-70 kilometr olisdagi Boysun tog‘idan olib kelingan. Eng muhimi, bu kabi me’moriy yodgorliklar Rim va Gretsiya arxitekturasiga mansub bo‘lib, ular dunyoning ko‘p mamlakatlarida, jumladan, O‘rta Osiyodagi qadimiy hashamatli binolarda ko‘p uchraydi.
— Yurtingizda topilayotgan har bir yodgorlik bebaho, — deydi yaponiyalik arxeolog Neki Tomoxiro. — Yaqinda Qorabog‘tepadan topilgan qasr devorining o‘zi bir mo‘‘jiza. Har birining eni bir metr keladigan paxsalar mohirona qurilgan. Aslini yo‘qotmagan bu topilma ming yilliklardan guvohlik beradi.
Qorabog‘tepada olib borilayotgan qazishma ishlari natijasida Kushon tarixiga oid yana bir qator osori atiqalar topilib, Denovning 2-3 ming yillik tarixga ega ekani asoslab berildi. Chunki g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qadimgi savdo yo‘llaridan biri — mamlakatni Hindiston shimoli bilan bog‘laydigan bo‘g‘in Surxondaryo hududidan o‘tgan. Ayni paytda u Buyuk ipak yo‘li tarmog‘i sifatida ko‘hna vohaning har jihatdan yuksalishiga katta hissa qo‘shganidan darak beradi.
Jahon tamaddunida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan qadimiy va navqiron hudud ana shunday bebaho boyliklarga ega. Xolchayonda hali o‘rganilmagan, biz bilmagan qanchadan-qancha sir-sinoatlar, tilsim yanglig‘ ganjlar yashirin. Shu bois ilmiy-tekshirish, ekspeditsiya ishlari bugun ham davom etmoqda.
Jamshidbek NAMOZOV
|