Beshinchi ummon

03 Noyabr 2011 19:55
REBEKKANING O‘ZBEKISTONDAGI HAYRATLARI
Buyuk Britaniyada qo‘shnilar o‘zaro oldi-berdi u yoqda tursin, hatto bir-birlarini tanishmaydi ham. Lekin men ijaraga olgan uyning yuqori qavatida yashaydigan qo‘shnim Rebekka boshqacha chiqib qoldi. Unda xalqimizga xos qo‘shnichilik, jamoaviylik qadriyatlarini ulug‘lash fazilatlari bor ekan.
Shu sababmi, turmush o‘rtog‘im bilan tezda inoqlashib ketdi. Hatto rafiqamdan bir nechta milliy taomlarimizni pishirishni ham o‘rgandi.
Rebekka bilan Uels poytaxtidagi Kardiff universitetida birga o‘qiymiz. U islom dini va madaniyati bo‘yicha tadqiqot olib boradi. Ko‘plab Yaqin Sharq mamlakatlarida bo‘lib, u yerdagi aholining hayotini yaqindan o‘rganishga ulgurgan. Bir gal unga bashariyatning tafakkur o‘choqlaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonga sayohat qilishni taklif qildim.
Shu yil yozda onam va yaqinlarimizni ko‘rish istagida yurt mehrini qo‘msab yo‘lga otlanar ekanmiz, u bizning xonadonda bir oy oldin boshlanib ketgan safar tadorigini ko‘rib, havasi keldi. Shunda biz bilan birga kelish niyati qat’iy ekanini aytib qoldi. Bajonidil rozi bo‘ldik.
Toshkent aeroportiga kelib qo‘nganimizda, soat ertalabki 9 bo‘lmasdan havo issiq edi. Aeroportdan tashqarida bizni 30 nafarga yaqin aka-ukalarimiz, qarindosh-do‘stlarimiz kutib olishdi. Uyda biz uchun katta dasturxon yozildi. Buni ko‘rgan Rebekkaning hayrati tiliga ko‘chdi: «Bizda bunaqa dasturxonlar faqatgina to‘yda bo‘ladi». Dasturxondagi turli-tuman noz-ne’matlar yurtim quyoshi taftida g‘arq pishgan. Britaniyada dalada pishgan bunday pomidor-bodringlar juda qimmat turadi. Ularni doimiy sotib olib yeyishga hammaning ham qurbi yetmaydi. Rebekka ham rostini aytib qo‘ya qoldi: «Internetda doim yurtingizdagi muammolar haqida yozishadi. Shu bois, tasavvurim butunlay bosh­qacha edi. Nahotki, sizlarda hamma shunaqa boy bo‘lsa?!»
...Dastlab mehmonni poytaxtimizda mustaqillik yillarida ro‘y bergan o‘zgarishlar bilan tanishtirishdan boshladim. Biz joylashgan uy Yunusobod tumaniga yaqin bo‘lgani uchun birinchi Shahidlar xiyoboniga bordik. Bu yerdagi muzeyning nimqorong‘u xonalarida xalqimizning erkidan mahrum qilingan o‘tmish tasvirlarini ko‘rar ekanmiz, men qatori xorijlik mehmonning yuzida ham g‘amgin kayfiyat aks etdi. So‘ng muzeyning eng oxiridagi katta, charog‘on zalga chiqib, porloq hayot, hashamatli obidalarimiz, xalq mulki bo‘lgan binolarning suratlarini tomosha qila turib, ikkalamizning yuzimizda ham qaytadan quvonch porladi.
So‘ng men Rebekkaga: «Kel, Toshkent metrosini bir ko‘r, baho ber», — dedim. U esa bu taklifimga biroz hayratlanib: “Metro metro-da, uni tomosha qilishning nima keragi bor?» — deb javob berdi. Chindan londonlik mehmonni metromiz bilan hayratlantirishni o‘ylashning o‘zi g‘ayritabiiy edi. Lekin men unga metro orqali xalqimizning boshqa bir jihatini ko‘rsatmoqchi edim. Shu sabab qistovlarimdan so‘ng u istar-istamas rozi bo‘ldi.
Biz Toshkent metropoliteniga aynan mustaqillik yillarida bunyod etilgan Yunusobod yo‘lidagi bekatdan tushdik. Metro eshigidan kirganimiz hamon tashqaridagi jazirama issiqdan qutulib, butunlay bosh­qa manzaraga duch keldik. Bundan o‘zim ham hayajonlandim. Rebekka esa butunlay lol edi. U bekatni jiddiy va sinch­kovlik bilan xuddi muzeyni tomosha qilayotgandek ko‘zdan kechirdi. Uni har bir bekatdagi me’moriy uslub, bezaklar hayratlantirardi. U: «Nahotki, metrolaring shunchalik nafis va orombaxsh. Aslida har bir bekatning o‘zi bir muzey ekan. Metroni ko‘rsatmoqchi bo‘lganingda, unamaganim uchun uzr so‘rayman. Toshkent metrosi London metrosidan butunlay farq qilarkan», — deganicha taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. — Birinchidan, o‘ta ozodaligi bilan ajralib turadi. Odatda London metrosi o‘qib, tashlab ketilgan har xil gazeta, jurnallar, oziq-ovqat qoldiqlari, yelim shishalar bilan ifloslanishi odatiy hol. Shuningdek, odam ko‘pligidanmi yoki juda chuqurda ekanidanmi, nafas olish qiyin. Poezdlar harakatidan havoga ko‘tariladigan temir kukunlari va chang kishining nafas olishini yanada qiyinlashtiradi. Toshkent metrosining ikkinchi afzalligi esa har bir bekat o‘ziga xos, nomiga mos bezatilgani hamda qurilish uslubi. London metrosi bekatlari eski, zang bosgan shiftlari, beton devorlari va ko‘rimsiz pollari bilan Toshkent metrosiga tenglasha olmaydi».
Keyingi kuni shahar bo‘ylab sayrimiz Amir Temur xiyobonidan boshlandi va turfa taassurotlarga boy bo‘ldi. Qayta ta’mirlangan xiyobon kishini beixtiyor hayajonlantiradi. Xiyobonni hamma tomondan o‘rab turgan mahobatli binolar o‘zining me’moriy uyg‘unligi bilan ajib taassurot uyg‘otadi kishida. Xiyobon yonida joylashgan Toshkent davlat yuridik institutining me’moriy tuzilishi ham Rebekkada yaxshigina hayrat uyg‘otdi. Institut yonidan o‘tar ekanmiz, bu yerda tozalash-obodonlashtirish ishlarini olib borayotgan yoshlarni uchratdik. Men odatdagidek beparvo o‘tayotganimda, Rebekka so‘rab qoldi: «Nega bu ozoda kiyingan yoshlar tozalik bilan mashg‘ul? Ular ko‘rinishidan ishchilarga o‘xshamaydi-ku?»
Men ularning talaba ekanini va o‘qituvchisi rahbarligida institut hududini tozalashayotganini tushuntirdim. U esa hayratdan lol qoldi: «Demak, kelajakda sudya, prokuror yoki advokat bo‘lib yetishuvchi huquqshunos talabalar o‘zlari o‘qiyotgan dargoh hududida tozalikni amalga oshirishayotgan ekan-da!» Men unga: «Buning hech hayratlanarli joyi yo‘q. Bu o‘ziga xos hashar. Har bir o‘quv yurtida, muassasa, tashkilotda, mahallalarda bunday hasharlar uyushtirib turiladi. Hatto umumxalq hashari ham o‘tkaziladi. Bu tadbirlar xalqni jipslashtiradi», — dedim. Rebekka birpas jim qoldi. Keyin: «Naqadar ajo­yib sistema», deb yubordi. So‘ng gapida davom etib dedi: «O‘zing ham bilasan, bizda — Uelsda talabalar bu kabi o‘z universiteti hududini tozalash u yoqda tursin, hatto chiqindilarini axlat qutilarga eplab solishmaydi. Biz bu sis­temani o‘z turmush tarzimizga tatbiq qilsak bo‘lar ekan».
Keyingi sayrimiz Mustaqillik maydoniga ko‘chdi. Men mehmonga sobiq tuzum davrida bu yer qalin beton plitalar to‘shalgan maydon bo‘lganini, faqat harbiy texnikalarni paraddan o‘tkazish uchun foydalanilganini, mustaqillik yillarida mana shunday go‘zal maskanga aylanganini gapirib berdim. Maydonning salqin, ozodaligi va ko‘kalamzorligi, jajji bolalarini yetaklab yurgan onalar mehmonimizda juda katta taassurot qoldirdi. Fashizmga qarshi mardona kurashgan o‘zbek o‘g‘lonlarining ayvonlardagi peshtaxtalarga o‘yib yozilgan ismlarini o‘qirkan, unda O‘zbekistonga bo‘lgan hurmat yana bir karra oshdi.
...Qashqadaryoga Kitob tumani tog‘lari orqali kirib bordik. Buyuk Britaniyada faqat yaylovlar va o‘rmonlar, dengiz, ummonlarga ko‘nikkan mehmonimiz uchun bu tog‘lar juda maftunkor va purviqor ko‘rindi. Tog‘ tepasida turib vohani kuzatish juda huzurbaxsh edi. Shahrisabz shahridan o‘tar ekanmiz, yo‘l-patrul xizmati avtomobili ortidan kelayotgan avtobuslar kolonnasiga yo‘l berishimizga to‘g‘ri keldi. Bolalarga liq to‘la o‘ndan ortiq avtobuslar oldimizdan o‘ta boshladi. Rebekka hayron. «Nima bo‘layapti? Buncha bolalar qayerga borayapti?», — deb so‘radi. Men ularning yozgi oromgohlarga, dam olish uchun borishayotganini tushuntirdim. Rebekka buni tushunishga qiynaldi. Kengroq tushuntirdim: «Bizda maktablarda o‘qiyotgan bolalar yoz faslida uch oyga katta ta’tilga chiqishadi. Ana shu ta’til davrida ular tog‘li, toza havoli salqin hududlarda bunyod etilgan oromgohlarda davlat tomonidan dam oldiriladi. Ular oromgohlarda har xil tarbiyaviy va jismoniy mash­q­lar bilan mashg‘ul bo‘lishadi». Rebekka hayratlanib Buyuk Britaniyada bu kabi oromgohlar yo‘qligidan o‘kindi.
Haqiqatan ham endigina mus­taqilligining yigirma yilligini nishonlagan o‘lkamizda dunyodagi rivojlangan mamlakatlarda uchramaydigan qadriyatlar mavjud. Yuqorida ta’kidlaganimiz oromgohlarda oddiy xalq bolalarining dam olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar G‘arbdagi o‘zini boy deb bilgan mamlakatlarda uchramaydi. Yana bir misol keltirsam. O‘sha G‘arbdagi boy mamlakatlarning birortasida O‘zbekistondagidek oliy o‘quv yurtlari talabalariga davlat granti uchun o‘rin ajratilmaydi. Oyma-oy stipendiya berilmaydi. Olis qishloqlarda qurilgan yangi maktablar va kollejlarning binolari Angliyadagi ba’zi universitetlarning binosidan ham hashamatliroq.
Rebekkaga qishloq hayoti juda yoqdi. U, ayniqsa, chalop (ayron)ni juda yoqtirdi. Jazirama oftob taftini oladigan bu ichimligimiz uning eng sevimli ermagiga aylandi. U Kardiffga borganimda ichib turaman, deb chalopni qanday tayyorlashni ham astoydil o‘rganib oldi. U: «Afsuski, u yerda bunchalik shirin bo‘lmasa kerak?! Chunki bizda poliz mahsulotlari sizlardagidek mazali emas-da», — deb biroz nolidi.
Samarqand, Shahrisabz kabi shaharlardagi tarixiy yodgorliklar, o‘ta nafislik bilan ishlangan moviy gumbazlar Rebekkaning hayrat kitobida yangi sahifalarni ochdi. Bu kitobning muqovasi Samarqanddagi Registon ansambli bo‘ldi, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Betakror nafislik bilan ishlangan naqshlarni tinimsiz suratga olarkan, u: «Koshki bu suratlar o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgandagidek tasavvur bera olsa», — deb afsuslandi ham. Bu yerda mehnat qilayotgan hunarmandlarning nafis milliy liboslari va bezaklari Rebekkani butunlay o‘ziga rom etgan edi. Men bu qadimiy shaharlarimizning naqadar go‘zal va maftunkor ekanini uning yuz-ko‘zlaridagi hayajonu hayratlarda ko‘rarkanman, yana bir bor ulug‘ tarixga ega bo‘lgan xalq farzandi ekanimdan g‘ururlandim.
Rebekka Samarqandda ayollarning kashtali liboslaridan bir talayini sotib olarkan: «Men bu kiyimlarni yurtim­da kiyib yurmoqchiman», — dedi. Ayniqsa, kelinlarimiz kiyadigan qubbali va kashtali liboslarni rosa yoqtirib qoldi. U bu liboslarni bo‘lajak to‘yida xuddi o‘zbek kelinlaridek kiyinish uchun xarid qildi.
O‘zi asli Islom dini va madaniyati bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan britaniyalik mehmon uchun Imom Al-Buxoriy ziyoratgohiga safari oddiy sayohatdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatdi. Rebekkaning taassurotlari cheksiz edi. Atrofning go‘zalligi, sokinligi, ozodaligi, bularning barchasi uni maftun etdi. Rebekka mazkur maqbaraning mustaqillik yillarida barpo etilganini eshitib, hangu mang bo‘lib qoldi. «Nahotki, bu qadar nafis jilolarga boy naqshinkor imoratlarni bugun ham barpo etish mumkin bo‘lsa? Demak, O‘zbekis­tonda bugun ham usta va hunarmandlar bu milliy arxitektura sirlarini unutib yuborishmagan ekan-da?! Bu sizlarning eng katta yutuqlaringiz», — deya hayratini biz bilan baham ko‘rdi u.
Rebekkaning O‘zbekistonga sayohati Vatanimiz mustaqilligining yigirma yillik bayrami arafasida amalga oshdi. Yevropada tijoriy reklamalarga ko‘zi o‘rganib qolgan Rebekka O‘zbekistonda bayram arafasida ilingan ijtimoiy reklamalarni ko‘rib hayratiga hayrat qo‘shildi. Safar so‘nggida taassurotlar bilan o‘rtoqlasharkan, turli din va millat vakillarining tinch-totuv yashayotgani, keng, ravon yo‘llar, Yevropadan qolishmaydigan zamonaviy shaharlarimizni ko‘rib «Bunday bunyodkorliklarning ta’rifi yo‘q», — dedi hayajon bilan. So‘ng «O‘zbekiston xalqi cho‘lni bo‘stonga aylantirgan odamlar ekan», — deya lutf qildi.
Rebekka Uelsga qaytishi arafasida, albatta, yana kelishini qayta-qayta takrorladi. «O‘qishim, ilmiy ishim va kelajagim yurtlaringiz bilan bog‘liq. Qancha kelish kerak bo‘lsa, shuncha kelaman», — dedi qat’iyat bilan.
Farhod HAZRATQULOV,
Kardiff universiteti magistranti
Buyuk Britaniya

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM