Xo‘sh, «tinib-tinchimagan odamlar» kelajakda sizu bizga qanday «syurpriz»lar tayyorlashayapti? Albatta, bundan boxabar bo‘lsak, yangiliklarga duch kelganimizda kinodagi onaxon kabi «qo‘rqmay» qarshi olamiz. Ushbu maqolada insoniyatga yaratiladigan navbatdagi qulayliklar haqida hikoya qilinadi.
Keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalarida «nanotexnologiya» atamasi tez-tez zikr etiladigan bo‘lib qoldi. Fizika, kimyo, tibbiyot va biologiya sohasi olimlari «nano» so‘zini «milliardning bir bo‘lagi» deb atashni afzal biladilar. Masalan, bir nanometr 1 metrning milliarddan bir ulushiga teng. Agar odam soch tolasining yo‘g‘onligi bir nanometrdan taxminan 100 ming marta kattaligini inobatga olsak, xulosa chiqarish o‘zingizga havola.
«Nanotexnologiya» tushunchasining umume’tirof etilgan yaxlit mazmuni bo‘lmasa-da, maxsus maqsadlarga erishish imkonini beradigan zarrachalarni yaratish orqali fizik va kimyoviy xossalari tubdan farq qiladigan yangi yordamchi vositalar, materiallar yaratish, uzunligi 1 dan 100 nanometrgacha bo‘lgan zarrachalar hamda molekulalardan iborat strukturalar tushuniladi. Bu moddani boshqarishdan atom (molekulaning bir bo‘lagi)ni boshqarishga o‘tishni anglatadi.
Mazkur yangi texnologiya sharofati bilan hozirgi paytda o‘lchami atom va molekulalar o‘lchamiga to‘g‘ri keladigan sxemalarni tayyorlashda, alohida atom hamda molekulalarni boshqarish, ulardan maxsus mikroob’ektlarni yig‘ishda keng foydalanilayapti. Kundalik ishda yaqin ko‘makdoshga aylangan kompyuterlar, qo‘l telefonlari, jajjigina ekaniga qaramay ancha muddat to‘xtovsiz ishlay oladigan raqamli diktafon, videokamera va fotoapparatlarni nanotexnologiya hosilasi desa bo‘ladi.
1974 yili yapon fizigi Norio Taniguchi o‘lchami 1000 nanometrdan kichkina mexanizmlarni «nanotexnikalar» deb atadi va ushbu terminni ilmiy adabiyotga kiritdi. 1981 yilda nemis fiziklari – Gerd Benning va Geynrix Rorer moddalarga atom holatida ham ta’sir o‘tkazuvchi uskuna — tunnelli mikroskopni ixtiro qilishdi. Oradan 4 yil o‘tib, olimlar ushbu kashfiyot uchun xalqaro Nobel mukofotiga munosib ko‘rildi. Oradan yana 4 yil o‘tib, AQShlik fiziklar — Robert Kerl, Xerold Kroto va Richard Smolli diametri 1 nanometrli predmetlarni aniq o‘lchash texnologiyasini yaratdilar. 1986 yilda esa atom quvvatli mikroskop dunyo yuzini ko‘rdi. Uning tunnelli mikroskopdan farqi shunda ediki, bu mikroskop yordamida o‘zidan elektr tokini o‘tkazmaydigan yuzalarni ham o‘rganishga imkon tug‘ildi. Golland fizigi Seez Dekkar 1998 yilda nanotranzistor yaratishga erishdi. Shundan so‘ng sanoatda nanotexnologik usullar keng qo‘llana boshlandi.
Bugungi kunda nanotexnologiyalar hayotimizning turli sohalariga chuqur kirib kelmoqda. Masalan, kompyuter texnologiyalari sohasida olib borilayotgan izlanishlar natijasida kvant informatikasi fani yuzaga keldi. Mazkur soha nano o‘lchamli prosessorlarga ega bo‘lgan kvant kompyuterlarni yaratish va ularga dasturlar ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi. Bu kvant kompyuterlarda hisoblash jarayoni o‘z-o‘zidan o‘ta yuqori tezlik, ixchamlik va samaradorlik ta’minlanadi, degani, albatta.
Nanotexnologiyalarning tibbiyotga joriy qilinishi ham muhim kashfiyotlar uchun zamin bo‘lmoqda. Jahondagi yetakchi ilm-fan markazlarida dorini aynan kasallangan joyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish maqsadida nanokapsulalardan foydalanilyapti. Dori-nanokapsulalarning afzalligi shundaki, ular tananing sog‘lom qismiga zarar yetkazmay, faqat kasallangan hujayraga yetib borib, tibbiy ta’sir o‘tkazadi. Shuningdek, bu texnologiya agrar xo‘jalikda mahsulotlarni saqlash va qayta ishlashda, o‘simlikshunoslikda, qishloq xo‘jaligi texnikalarini takomillashtirishda ham keng qo‘llanilmoqda.
Jahon ilm-faniga, madaniyatiga bobolarimizning nechog‘li ulkan hissa qo‘shganlari haqida ko‘p yozilgan. Yer sharining dumaloqligini tasavvur qilgan, Amerika qit’asini nazariy jihatdan kashf etgan Abu Rayhon Beruniy, 1018 ta yulduzlar jadvalini tuzgan Mirzo Ulug‘bek, tibbiyotda behisob dardlarga davo topgan Abu Ali ibn Sino, yuzlab shoir va yozuvchi bajarishi mumkin bo‘lgan ishni bir o‘zi uddalagan hazrat Alisher Navoiy, dunyoga hisob-kitobni o‘rgatgan, aniqrog‘i, «aljabr» (algoritm) tushunchasini ixtiro etgan Xorazmiy... Eh-he, bunday ulug‘ allomalarning ro‘yxatini qancha davom ettirish mumkin. Ana shunday ulug‘ zotlarning vorislari — bugungi o‘zbek olimlari yangi-yangi ixtirolar ustida bosh qotirayotganlarini qalamga olish esa yanada maroqli!
Nanotexnologiya sohasida yurtimiz olimlari ham bir qator izlanishlar olib bormoqdalar. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Issiqlik fizikasi bo‘limida nanomateriallarning xususiyatlarini o‘rganuvchi tarkibiy akslantirishlar ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgan. Bu yerda Markaziy Osiyoda yagona sanalmish yoritiladigan elektron mikroskop o‘rnatilgan bo‘lib, u nanozarrachalar tasvirini olish va ularda kechayotgan jarayonlarni o‘rganish imkoniyatini yaratdi.
— Buning natijasi o‘laroq, vodorod energetikasi oldidagi dolzarb vazifalar, nanotuzilishli suyuqlik asosida yaratilgan issiqlik uzatgich, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashish vositasi, nurlanuvchi diodlarga oid ilmiy loyihalar ustida ish boshlashga kirishildi, — deydi Fanlar akademiyasi huzuridagi Issiqlik fizikasi bo‘limining ko‘p tizimli muhitlar laboratoriyasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori Sirojiddin Mirzayev. — Markazda yaratilgan issiqlik uzatgichlar mahalliy sharoitga mosligi, chet ellarda tayyorlanayotgan turdosh mahsulotlarga nisbatan arzon va sifatli ekani bilan ajralib turadi. Yangi vosita sovuqda ham, jazirama issiqda ham o‘z xususiyatini yo‘qotmaydi. Shu bois, quyosh energiyasi asosida ishlaydigan bunday qurilmalardan bino va inshootlarni isitish hamda issiq suv bilan ta’minlashda keng foydalanilayapti. Biz Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining yangi innovatsion grantini yutib olishga muvaffaq bo‘ldik. Undan inson tanasidagi rak to‘qimalarini yo‘qotishni tezlashtiradigan sensibilizatorlar tayyorlovchi uskunalar va lazer qurilmalarini yaratishda foydalanmoqchimiz. Ana shunda biz yaratgan nanokapsulalar yordamida zarur dorilar inson tanasidagi rak xastaligiga chalingan yoki shunga moyil to‘qimalarga (boshqa xujayralarni shikastlamagan holda) to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib bora oladi. Bemorlar lazer yoki kimyoterapiya usullari orqali davolanish paytidagi noqulayliklardan xalos bo‘ladilar.
S.Mirzayevning ta’kidlashicha, respublika miqyosida o‘tkazilgan IV innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar ko‘rgazmasida Fanlar Akademiyasining Issiqlik fizikasi bo‘limida tayyorlangan mahsulotlarga, xususan, tibbiyotda foydalaniladigan anjomlarga katta qiziqish bildirildi. Shu bois, bugungi kunda «Supromed» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasida 20 xildan ko‘proq mahsulotlar tayyorlanib, iste’molchilarga yetkazib berilmoqda.
Darvoqe, ushbu maqolani yozish uchun faktlar yig‘ish chog‘ida hech bir insonni befarq qoldirmaydigan bir ma’lumotga duch keldim. Olimlar ayni paytda nanotexnologiya imkoniyatlaridan kelib chiqib, kelajakda inson tanasining kasalga chalingan a’zosini davolovchi molekulyar nanorobotlarni yaratishdan tashqari, hujayralarning qarishiga qarshilik ko‘rsatuvchi vositalarni o‘ylab topish xususida ham bosh qotirishayotgan ekan. Unga ko‘ra, inson organizmidagi hujayralar qirilishining oldini oluvchi, tanadagi to‘qimalar ishlashini yaxshilovchi molekulyar nanokapsulalarni inson organizmiga kiritish ustida izlanishlar boshlanibdi.
Tasavvur qiling: yurak xuruji, qon bosimining u yoki bu tomonga o‘zgarishidan, qandli diabet yoki insultdan azob chekib, yaratuvchanlikdan uzoqlashgan tajribali mutaxassis kelgusida bu dardlardan xalos bo‘lsa, jamiyatga qanchalar naf keltiradi! Tag‘in alkogolizm, kashandalik, giyohvandlik kabi illatlardan qutulgan minglab, millionlab odamlarni ko‘z oldingizga keltiring. Bundaylarning ruhiyatida noxush mayllarni uyg‘ongan zahotiyoq nanorobot «qirib» tursa.
Kechagina uyimizga telefon o‘rnatish uchun soha xodimlarining eshigiga qatnayverib, asablar qaqshagan bo‘lsa, bugun bu matohni cho‘ntagimizda olib yuribmiz. Xohlagan joyda o‘zimizga kerakli odam bilan gaplashish imkoniga egamiz. «Uyali telefon» deb atalmish bu matoh endilikda soat necha bo‘lganini, taqvimni, bajarishimiz lozim bo‘lgan yumushni ko‘rsatibgina qolmay, internet orqali biz istagan ma’lumotlarni olishda ham ko‘maklashmoqda. U hatto suhbatni yozib olish, videotasvirga tushirishda ham beminnat xizmat qilyapti. Nanotexnologiyaning hayotga joriy etilishi bois bundan yuz, balki ming karra ko‘proq yangiliklar hayotga tatbiq etilmoqda. Ularni tabiiyki, bir maqolaga sig‘dirib bo‘lmaydi.
Taraqqiyot davom etadi. Insoniyat hayot tarzi olimlarning kashfiyotlari evaziga yaxshilanib boraveradi.
Matyoqub NARZIYEV,
«Hurriyat» muxbiri |