Dara ustidan qaraganda ilonizi so‘qmoqni eslatadigan bu sirli maskan asrlar ortida qay bir dolg‘ali davrlarga guvoh bo‘lmagan, degan fikr paydo bo‘ladi. Zero, qadimda kunchiqar yurtlarni orzu qilgan ne-ne fotihu jahongirlar Sharq sari otlanganlarida mana shu tog‘ yo‘lagidan ot o‘ynatib, burg‘u chalib o‘tganligini, bu qadimgohda Chin-Mochinni Shomu Iroq bilan bog‘lagan Buyuk ipak yo‘li karvonlari qo‘ng‘iroqlarining sadolari qolganligini tarixiy manbalardan o‘qib o‘rganganmiz. Masalan, qadimshunos A.Sa’dullayev Iskandar Maqduniy (Aleksandr Makedonskiy)ning Kiropolis shahriga yurishini tasvirlab: “Iskandar Maraqanda — Samarqand shahrini egallab Kiropolis shahriga qarab yo‘l oldi. Harbiy yurishlar hozirgi Sangzor, Jizzax orqali O‘ratepagacha davom etdi” deb yozadi. Ha, tabiiy tog‘ sharoitini nazarda tutadigan bo‘lsak, Samarqand va Jizzax oralig‘ida Ilono‘tdi darasidan bo‘lak Iskandar lashkarlari sig‘adigan joy yo‘q.
Yana bir e’tiborli jihati shuki, bu yerda shoh va buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek hazratlarining toshga o‘yilgan “dasxat”i bor. Keyinchalik Buxoro xoni Abdullaxon ikkinchi ham o‘zidan ma’lumot qoldirgan.
Ushbu toshbitiklar daraning kungayidagi toshqoyaga chekilgan. Unda Mirzo Ulug‘bek bobomiz 1425 yil voqealarini quyidagicha yozdirgan: “Ulug‘ tangri taoloning... qo‘llab-quvvatlashi birlan ulug‘ sulton, jamiy podshohlar hukmdori, Ollohning yerdagi soyasi, islom dinining tug‘dori, islom homiysi Mu’inuddin Ulug‘bek ko‘ragon, Olloh aning saltanatini poydor qilsun, Jete va Mo‘g‘ullar mamlakatiga yurish vaqtida bu yerdan o‘tdi va u eldan beshikast qaytdi. Hijriy 828 yil”.
Eski turkiy manbalarda bu joy “Temir qapig‘ — Temir darvoza” deb yuritilgan. Hozirgi kunda “Temur darvozasi” deb ataladi. Olimlar mazkur tog‘ yo‘lagining tasnifini quyidagicha ko‘rsatib o‘tgan: uzunligi 16-18 kilometr, eni 200-500 metr, eng tor joyida o‘zanning kengligi 30 metr. Mutlaq balandligi 450-550 metr. Tog‘ning yonlama (eni) balandligi 65-700 metr. Yodgorlikning umumiy maydoni 10 gektar atrofida. Daraning markazida, sharqqa qarab ketishda o‘ng qo‘l tomonda ko‘pchilikka tanish g‘or joylashgan. G‘or og‘zi balandligi 3,5 metrlar atrofida bo‘lib, uzunligi 5 metr keladi. G‘or ichi uchta tosh supadan iborat bo‘lib, 5 qadamdan keyin torayib bekiladi.
O‘rni kelganda aytib o‘tish lozimki, bu yerga tashrif buyuruvchi mehmonlarning qadimiy qoyalarga turli xil bo‘yoqlar bilan ismi sharifini yozib ketishi kishining dilini ranjitadi.
Daraning yana bir tabiiy sinoati Ilono‘tdi shamolidir. Samarqandning shimoli-sharqiy va Jizzaxning g‘arbida muttasil esib turadigan mahalliy Ilono‘tdi shamoli shu yerdan boshlanadi. Shu bois, unga ham mazkur dara nomi berilgan.
Malika SUYUNOVA
Bulung‘ur tumani
|