Onkologik kasalliklar tashqi alomatlar bilan cheklanmay, bemorning o‘z kasalligiga oshkora yoxud yashirin munosabatini ham qamrab oladi. Bunda jismoniy azob bilan birga ma’naviy, ruhiy ezilish qorishib ketishi mumkin. Bu esa yaxlit ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bemorlarda tashqi ta’sirga javob bera olish qobiliyatidan tortib ayrim hollarda ruhiy tushkunlik darajasigacha yetib boruvchi deyarli barcha umidlar so‘nishi kuzatiladi. Stress omillariga nafaqat xavfli o‘simtaning mavjudligi, balki bo‘lajak operatsiya, uning jismoniy yoki ma’naviy shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan oqibatlari, butkul sog‘ayib ketishga kafolatning yo‘qligi haqidagi va boshqa o‘y-xayollar ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
«Saraton» so‘zining o‘ziyoq bemorning keyingi hayotini butkul azob-uqubatga aylantiradigan va fojiaviy yakun topadigan kasallik deb tushuniladi. Biroq ruhiy ta’sirlanishning namoyon bo‘lish darajasi bemorlarda turlicha kechadi. Tibbiyot xodimidan o‘zida onkologik xastalikka chalinganlik ehtimoli borligi haqidagi xabarni ilk bor eshitgan odamning holati Ye.Kobler-Rossning kasallikka oid qo‘llanmalarida shunday ifodalangan. Ya’ni, aksariyat bemorlar ruhiy ta’sirlanishning beshta asosiy bosqichini boshdan kechirishi aniqlangan: birinchisi — inkor etish yoki shok holati, ikkinchisi — g‘azab, uchinchisi — «savdo», to‘rtinchisi — depressiya va beshinchi bosqich — qabul qilish.
Birinchi bosqichda odam o‘zida bedavo yashirin kasallik borligiga ishonmaydi. U dastlab umid ilinjida bir mutaxassisdan boshqasiga murojaat qilib, olingan barcha tashxis natijalarini turli klinikalarda qayta-qayta tekshirtiradi. Buning aksi ham kuzatilishi, kuchli shok holatiga tushgan bemor shifoxonaga murojaat etishdan butkul bosh tortishi ham mumkin.
Ikkinchi bosqich shifokorlar, jamiyat va qarindosh-urug‘larga qaratilgan kuchli hissiy munosabat bilan ifodalanadi.
Uchinchi bosqich turli tibbiyot maskanlarida hayot davomiyligini imkon qadar uzaytirish, qo‘shimcha kunlarni «undirish», «savdolashish»ga urinish harakatidir.
To‘rtinchi bosqichda odam boshiga tushgan vaziyatning naqadar og‘ir ekanini anglaydi. Natijada barchasiga qo‘l siltab, kurashishdan voz kechadi, do‘stlari, yaqinlaridan o‘zini olib qochadi, kundalik yumushlarni tark etadi va uyda yolg‘iz qamalib, ayanchli taqdiri uchun ko‘z yosh qiladi.
Beshinchi bosqich eng maqbul ruhiy munosabatdir. Biroq ungacha har kim ham yetib kela olmaydi. Ushbu bosqichda bemor kasallikka qaramay bor kuchini jamiyatga, yaqinlariga nafi tegadigan tarzda yashash uchun safarbar etadi.
Yuqorida sanab o‘tilgan bosqichlar har doim ham ko‘rsatilgan tartibda kuzatilavermaydi. Bemor ma’lum bosqichda to‘xtashi va hatto avvalgi bosqichlardan biriga yana qaytishi mumkin. Kasallik bilan to‘qnash kelgan inson ruhiyatida ro‘y berayotgan kechinmalarni to‘g‘ri tushunish va mos ravishda unga ruhiy ko‘mak ko‘rsatish uchun ushbu bosqichlarni bilish zarur.
Bemor oldida nihoyatda murakkab bo‘lgan kuchli hissiy zarbani yenga olish, dastlab kasallikka moslashish davrida, so‘ng rekonvaletsent (kasallikdan forig‘ bo‘lish uchun davolanayotgan bemor) sifatida ko‘p sonli psixologik muammolarni hal etishga tayyorlanish vazifasi turadi. Ba’zan jarrohlik muolajalari va boshqa davo usullaridan tashkil topgan davolash jarayoni aksariyat hollarda bemorni o‘ziga xos «ruhiy bo‘shliq»da yakka o‘zini qoldiradi.
Klinik amaliyot tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bemorlarning ko‘pchiligi yuzaga kelgan hissiy qiyinchiliklarni yengishning uddasidan chiqadi. Xavotir, bezovtalik, qo‘rquv, depressiya kabi turli holatlarni boshdan kechirib, nihoyat u yoki bu darajada ko‘nikma hosil qiladi. Biroq har bir bemor ham mustaqil tarzda ruhiy muvozanatni tiklashning o‘zi uchun mos tizimini hosil qila olishga qodir emas. Aynan ular onkologik kasallikka chalingan bemorlar bilan muloqot qilish masalalariga ixtisoslashgan shifokor va psixologlar tomonidan ko‘rsatiladigan ruhiy madadga nihoyatda muhtoj bo‘ladi.
Darvoqe, shu o‘rinda onkologik bemorlar oila a’zolarining ruhiy holati haqida. Bemorning davolash muolajalarini davom ettirishga tayyorligi, uning umidvorligi, o‘z imkoniyatlariga ishonish-ishonmasligi aynan ularga bog‘liq. Chorasizlik, yaqin kishisiga yordam bera olmaslik holati qarindoshlarning o‘ziga nisbatan o‘zgacha munosabatni his etayotgan bemorlardan ruhiy uzoqlashishiga olib keladi. Ko‘p hollarda oila a’zolari bemorga haddan ziyod g‘amxo‘rlik qilib, o‘zlari ham e’tibor, ko‘nikmaga muhtoj bo‘lib qolishadi. Ular vujudga kelgan vaziyat qarshisida ojizligi tufayli yashirish qiyin bo‘lgan g‘azab tuyg‘usini his etishadi. Odatda, buning ortida kasallik noto‘g‘ri amallar evaziga berilgan jazo, deb qabul qilish natijasidagi aybdorlik hissi yotadi. Bunday holatlarda bemorning yaqinlariga psixoterapevt va psixolog yordami talab etiladi.
Keltirilgan holatlarni hisobga oladigan bo‘lsak, onkologik xizmat shifokorlarining psixoterapevtik tayyorgarligi juda muhim. Qolaversa, onkologik kasalliklarning keng tarqalgani, kishilar hayotiga jiddiy ta’siri va uning oqibatida o‘lim darajasining yuqoriligi onkolog mutaxassislarni tayyorlashda keng qamrovli yondashuv zarurligini ko‘rsatadi.
Onkologik bemorlar va ularning oila a’zolarida o‘z vaqtida aniqlangan ruhiy muvozanat buzilishlarini tiklash bemor hayotini yengillashtiradi. Ayrim hollarda esa onkologik klinikada terapiyaning boshqa usullari qatorida davo ta’siriga ham ega bo‘ladi. Bu masalada, ayniqsa, oilaviy shifokorlarni tayyorlashga katta umid bildirish mumkin. Zero, nafaqat bemor, balki uning oila a’zolarining ham salomatligini ko‘rikdan o‘tkazish va mavjud kasalliklarni davolash bevosita ularning vakolatiga kiradi. Bu holda onkologik bemorlardagi ruhiy buzilish xilma-xilligi muammosi o‘quv jarayoniga «oilaviy shifokor» mutaxassisligining metodik ishlanmalarini kiritish, mavzu bo‘yicha mashg‘ulotlar va ko‘rsatilgan masalalarga doir leksiya kurslari, shuningdek, konsultativ psixoterapevtik yordam kurslarini joriy etish yo‘li bilan hal etish mumkin.
Yulduz NORMETOVA,
O‘zMU tadqiqotchisi |