Beshinchi ummon

08 Iyul 2011 17:11
XALQ DONISHMANDLIGI — BOQIY QADRIYAT
Adashgan tuyalar karvoni sahroda bir necha kundan beri yo‘l yurar, meshlardagi suv tugagan, tepadan quyosh olov purkar, atrofda esa poyonsiz qumlik. Tashnalikdan sillasi qurigan yo‘lovchilarning gapirishga ham qurbi yetmasdi. Bunday safarlarning ko‘pini ko‘rgan keksa karvonboshigina o‘zini tetik tutib, atrofni sinchiklab kuzatar, nigohi bilan nimanidir izlardi. Nihoyat bir manzilga yetishganda, u hamrohlariga bir joyni qazishni buyuradi.
Sal o‘tmay, nam qumning ostidan suv chiqadi. Odamlarning shodligi oshib, tashnalikni qondirishgach, karvonboshidan bu karomatning boisini so‘rashdi.
— Bu yerda suv borligini anavi qizilmiyalardan bildim, — deb javob berdi karvonboshi. — Esdan chiqarmang, qayerda bu o‘simlik ko‘p o‘ssa, shu joyda, albatta, suv bo‘ladi.
— Biz yo‘lda oldin ham qizilmiya uchratdik-ku? — deb taajjublandi yo‘lovchilardan biri.
Chol kulib dedi:
— Ha, uchratdik, ammo ular boshqacharoq, to‘g‘rirog‘i, gullarining rangi boshqa edi. Yer ostida chuchuk suv bo‘lsa, qizilmiyaning gullari qizg‘ish-gunafsha, agarda suv sho‘r bo‘lsa, rangpar bo‘ladi. Avval  uchragan qizilmiyalarning gullari rangpar edi.
Ha, qadimdanoq aholi orasida yerosti suvlari, oltin, kumush va boshqa narsalarni o‘simliklarga qarab topa oladigan sinchkov kishilar ko‘p bo‘lgan. Biroq bu bilimlar qattiq sir saqlangan, otadan o‘g‘ilgagina meros bo‘lib o‘tgan, xolos.
Hozir ham Surxondaryo viloyati Boysun tumanida keksalar orasida talaygina bunday iqtidor egalari bor. Ular bilan suhbatlashganimda buning sirini so‘radim. Ma’lum bo‘lishicha, ular faqat o‘z tanalaridagi o‘zgarishlar bilan kifoyalanib qolmasdan, bir necha yillik yog‘in-sochinni xotiralarida saqlashar, tabiatda sodir bo‘ladigan hodisalar — hayvonlar harakatidagi, o‘simliklardagi o‘zgarishlarga doir belgi-alomatlarni kuzatishar, o‘zlarining bu sohadagi katta tajribalariga suyanishar ekan. Hisobdonlarning aytishicha, ertalab qirov tushsa, kechga borib shamol tinsa, o‘choqdagi cho‘g‘ kul bilan tez qoplansa, havo ochiq bo‘ladi. Bunday ob-havo oldidan asalarilar uzoqqa uchishadi, qaldirg‘ochlar baland parvoz qiladi, to‘rg‘aylar sho‘x sayraydi, chumoli va o‘rgimchaklar serharakat bo‘ladi.
Tezda yomg‘ir yog‘ishining belgi-alomatlari quyidagicha: qora bulutlar pastlab o‘tadi yoki bir yerga to‘plana boshlaydi, tunda shamol kuchayadi, chuvalchanglar yer yuziga chiqadi. Qushlarning hurpayib olishi, baqalarning yoppasiga qurillashi, tuzning namiqishi va hokazolar.
Yana tog‘liklar quyidagi alomatlarga amal qilishadi. Ot, sigir qaysi tomonga orqa o‘girib yotsa, shu tomondan shamol bo‘ldi. Agar yulduzlar tunda yarqirab tursa havo ochiq, xira bo‘lsa yog‘ingarchilikni bildiradi.
Daraxt yaproqlari kuzda toza to‘kilmasa yoki kuzning oxirida to‘kilsa, qish qattiq keladi. Yana qariyalar daraxt barglari uchidan to‘kilsa, qish tog‘dan, pastidan to‘kilsa, cho‘ldan keladi deyishadi. Kuzda bo‘lgan momaqaldiroq qishda kam qor bo‘lishidan dalolat ekan.
Kamalakning hosil bo‘lishi tabiatning eng nodir hodisalaridan biridir. Jilo tarqatuvchi kamalak doim odamlarni qiziqtirgan. Bir zamonlar kamalakning hosil bo‘lish sirini tushunmagan kishilar uni mo‘‘jiza sanab, inson bilan xudo do‘stligining nishonasi sanashgan. Kuzatuvchi odam kamalak orqali ham  ob-havo to‘g‘risida oldindan bilib olishi mumkin. Agar kamalak tik holda ko‘rinsa, yog‘ingarchilik bo‘l­maydi, yoy shaklida bo‘lsa jalani kutaverish kerak. Ochiq kunda paydo bo‘lgan kamalak qanday shakldaligidan qat’i nazar quyosh botguncha havoning beg‘ubor bo‘lishidan nishona. Umuman, yomg‘irdan so‘ng osmonda hamisha ro‘y beradigan ko‘zni quvontiruvchi ranglar o‘yini havoning ochilishini bildiradi.
Tabiat qanchalab tirik barometrga ega. Zotan, erinmay sinchiklab kuzatilsa, ularning zamiriga yetish mumkin. Donishmand xalqimizning avloddan avlodga o‘tib kelayotgan bu xislatlarida ilmiy va amaliy haqiqat borligini ko‘rib quvonamiz, albatta.
Ochil TOSHQULOV,
jurnalist

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM