Ular o‘zlarining Shahrisabz, ya’ni keshlik ekanliklarini bayon etadilar-da, yurt haqida shunday deydilar:
“Bor durur tog‘ ichinda bir kishvar,
Kishvar ahli otin debon Kitvar”.
Bu satrlardagi «Kishvar» so‘zi mamlakat degani. Ana shu mamlakatning nomi Kitvar. Kitvar esa Qashqadaryo viloyatidagi hozirgi Kitob shahri nomining qadimgi atamasidir. Aslida Kitvar emas, Kiftvar, ya’ni kiftida shamol esadi, degan ma’noni anglatadi.
Ana shu manzilda Ollohga sig‘inadigan mo‘‘tabar joy — ibodatxona mavjudligi, uning ovozasi uzoq-yaqin joylargacha yetgani aytiladi. Ibodatxona ichida donishmand pirlar yashaganligi, ular xalqqa doimo ezgulik, yaxshilik ulashishi haqida hikoya qilinadi.
Shularni mulohaza qilar ekansiz, beixtiyor hazrat Navoiy Kitob tumanidagi Xo‘jailmkoni qishlog‘ini nazarda tutmadimikan, degan xayolga borasiz. Chunki Navoiy yashagan davrda Kitob tumanida islom olamiga mashhur donishmand, pirlik darajasiga erishgan Mavlono Muhammad Darvesh hazratlari yashab o‘tganligi haqida dalillar mavjud.
Avvalo, Xo‘jailmkoni qishlog‘i haqida fikrlashaylik. Qishloq Kitob shahridan kunchiqar tomonda — 9 chaqirim uzoqlikda joylashgan. Pastu baland tepaliklar bag‘rida yastanib yotgan bu go‘sha so‘lim bog‘-rog‘larga burkangan.
XIV-XVII asrlarda bu yerda madaniyat, ilm-fan nihoyatda rivojlangan. Binobarin, «Xo‘jailmkoni» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «ilm-fan taraqqiy topgan joy» deganidir. Tarixiy qo‘lyozmalarda, masalan, «Tuhfatul zoyirin» kitobida qishloq nomi Xo‘jaimkoni deb atalib, xo‘jalar makon topgan, imkon topgan joy, deb talqin qilingan.
Asrlar, yillar o‘tishi bilan qishloq o‘ziga xos o‘zgarib, nomlari ham turlicha ifodalangan. Masalan, Xo‘jailmkoni, Xo‘jaimkana va hatto sho‘rolar davrida Xo‘jaqishloq deb ham atalgan.
Kitob shahridan qishloq tomon yo‘l olsangiz, uzoqdan bir tarixiy obida ko‘zga tashlanadi. U yerda qadimda 1 ta madrasa, 5 ta masjid, 43 ta hujra, xonaqoh bo‘lgan. Bular Xo‘jailmkoni me’morial majmuasi tarkibiga kirgan va u Markaziy Osiyoda eng yirik qadimiy obidalardan biri hisoblangan. Tarixiy yodgorlikning bir qismi 1935-1940 yillarda, qolgani esa 1965-1970 yillarda buzib tashlangan. Birgina xonaqoh bugungi kungacha saqlanib kelmoqda.
Yozma yodgorliklar o‘tmishning jonli guvohidir. O‘rta asrlarda qabr toshi bitiklari, me’morchilik obidalari, san’at asarlari, turli-tuman badiiy bezak buyumlarida aks ettirilgan yozuvlar musulmon madaniyatining muhim yodgorliklari manbai hisoblanadi. Bu yerda marmar va granitdan yasalgan qabr toshlari mavjud. Ular muayyan tarixiy davrda yashagan, faoliyat olib borgan mashhur shaxslarning maqbarasi, sag‘anasi, qabrlaridir. Yozuvlarda ularning ismi-shariflari, nasl-nasablari, yillar o‘z ifodasini topgan. Toshlardagi bu yozuvlar XV — XVII asrlarga oid Qashqadaryo husnixat maktabining noyob mahsulidir. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, mazkur qabr toshi yozuvlari va tasvirlari hozirgi vaqtda o‘zining chuqur ilmiy tadqiqini kutmoqda. Ayni paytda ular yo‘q bo‘lib ketish arafasida. Ma’naviy meros hisoblanmish bu yodgorliklar qanchalik tez va batafsil o‘rganilsa, ajdodlarimizning ruhiy-ma’naviy dunyosini shunchalik chuqur anglagan bo‘lar edik.
Qishloq aholisi hozir ham toshlar ostidan sizib chiqadigan zilol chashmadan suv ichadi. Chashma suvi Xo‘jailmkoniga 1,5 kilometr masofadan oqib keladi. Suv ana shu o‘rtada baland tepaliklar ostidan o‘tadi. Tepaliklar ostidan o‘tgan bu suv yo‘li o‘ziga xos mo‘‘jizaviy ko‘rinishga ega.
Tepaliklar ostidan suv bir necha asr ilgari maxsus qazilgan yo‘l orqali olib o‘tilgan. Odamlar qariyib 100 metr masofadagi yer osti suv yo‘lini kovlashning o‘ziga xos usulini o‘ylab topganlar. Yuqoridan bir xil diagonalda joylashgan o‘n uchta quduq qazilgan. Quduqlar bir-biridan besh yarim, olti metr uzoqlikda joylashgan. Ularning chuqurligi olti, sakkiz metrgacha. Quduqlar og‘zining kengligi 3-6 metr. Ular suv yo‘ligacha qazilgan. Barcha quduqlar suv yo‘li orqali bir-biri bilan tutashtirilgan.
Inson qo‘li, aql-zakovati mahsuli bo‘lgan bu inshootlar koriz, deb atalgan. Chashma suvini qishloqqa olib kelishning boshqa yo‘li bo‘lmagan. Bu inshootlar har yili xalq hashari yordamida ikki-uch marta tozalanib turilgan.
Korizlarni qazish, suv chiqarish, yurtni obod qilishga buyuk Amir Temur va temuriylar davrida ham alohida e’tibor qaratilgan. Bu haqda sohibqironning o‘zi va zamondoshlari yozib qoldirishgan. Masalan, «Amir Temur o‘gitlari» kitobida shunday jumlalarni o‘qiymiz: «Xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsinlar».
Xo‘jailmkoni qishlog‘i haqida gap ketganda, yana bir yodgorlik xususida to‘xtalish joiz. Bu ming yillik tarixdan guvohlik beradigan ulkan chinorlardir. Mavjud 3 ta chinor haligacha me’morial yodgorlik hududida biri ikkinchisiga ko‘rk berib o‘smoqda. Ularning ostidan bir ariq buloq suvi oqib o‘tadi. Eng ulkan chinorning aylanasi qariyb 20 metr. Daraxt tanasida asrlar davomida kovak hosil bo‘lgan. Bir paytlar maktab binosi vazifasini bajargan. Uning ichida bemalol 25-30 kishi chordona qurib o‘tirishi mumkin.
Respublikamizning ko‘p joylarida ana shu singari qadimiy chinorlar ro‘yxatga olingan. Endilikda ular sayyohlarning sevimli qadamjolari hisoblanadi. Masalan, Surxondaryo viloyatidagi Sayrob hududida o‘sayotgan chinor haqida ham shunday fikrlarni aytish mumkin. Xo‘jailmkonida o‘sayotgan chinor Sayrob chinoridan ikki barobar ulkan. Ularni tabiat yodgorligi sifatida avaylab-asrash hammamizning burchimizdir.
Xo‘jailmkoni me’morial yodgorligi tarixiy shaxs, sufizmning yirik vakili, alloma Mavlono Xo‘jagiy ibn Mavlono Darvesh Muhammad Voxsuvoriy nomi bilan bog‘liqdir. 1904 yili Kogonda nashr etilgan yuqorida nomi zikr etilgan «Tuhfatul zoyirin» («Ziyorat qiluvchilarga tuhfa») kitobida u kishiga Mavlono Xo‘jagiy ibn Mavlono Mahmud Voxsuvoriy deb ta’rif berilgan. Ushbu kitobda ta’kidlanishicha, u kishi hazrati Mavlono Xoja Kalon Xoja Imganagiy nomi bilan mashhur bo‘lgan. Boshqa qo‘lyozma manbalarda hazrati Mavlono Xojagiy Amgunagiy deb ham tilga olingan.
Nosiriddin Xanafiy qalamiga mansub «Tuhfatul zoyirin» kitobi hattot mulla Muhammad Maxdum tomonidan chiroyli husnixat bilan nasx xatida ko‘chirilgan.
«Tuhfatul zoyirin»da Mavlono Xojagiy Imganagiyga shunday sifat beriladi: «U kishining yuzini Olloh juda ravshan qilgan edi. Yuzlaridan nur yog‘ilib turar edi».
Hazrat Xojagiyning o‘g‘illari Xoja Abdul Qosim ibn Mavlono Xojagiy ham barcha ilmlarni mukammal egallagan zot bo‘lganlar. Ota-bola donishmandlar haqidagi haqiqatni qabr toshlaridagi yozuvlar ham isbotlaydi. Xonaqoh oldidagi mavjud dahmaning yuqorisida 2 ta qabr toshi bor. Birinchisi Mavlono Xojagiyga, ikkinchisi esa u kishining o‘g‘illariga tegishli. Birinchisida eng avvalo nasx xatida Olloh, Muhammad, Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali nomlari yozilgan. So‘ngra davomidan 9 qator yozuvda quyidagi so‘zlar ifodalangan:
Bu qabr nurga to‘lsin.
Oriflar sultoni.
Janobi Haqqa vosil, jamoaning chin maslakdoshi, ishonchi.
Va kambag‘allarning faqiri va ulug‘larning ulug‘i, fozillarning va Salohlarning do‘sti.
Janobi kashf... va shayxlar.
Kechirilgan, rahmat nuriga yetishgan, xudo mag‘firat etgan, qutblar qutubi, On Hazrat.
Mavlono Xo‘jagi ibn Mavlono Darvish Voxsuvoriy.
Olloh rahmat va mag‘firat qilsin.
Mavlono Ya’kub Charxiyning shogirdidur. Vafot yili 1008 (1599-1600).
Ikkinchi qabr toshida esa quyidagi so‘zlar mavjud:
Bu nurli qabr.
Fozillarning sultoni, janobi.
Pirlar, muridlar.
Va oliy ruhlar va.
Sultonlar do‘sti.
Xalqning tayanchi va
Faqirlar kechirilgan, rahmat nuriga yetishgan. Xudo mag‘firat etgan.
Xo‘ja Abdul Qosim Xo‘ja ibn Mavlono Xo‘jagi, u kishini xudo rahmat qilsin. Vafot yili 1022 (1613).
Har ikki qabr toshining parametri bo‘yiga «Bismillohir rahmonir rahim» jumlasi va Ollohning sifat nomlari ifoda etilgan.
Yuqoridagi qabr toshi yozuvlaridan ota-bola Mavlonolarning nechog‘li kamolot egasi bo‘lganliklari ma’lum bo‘ladi.
“Tuhfatul zoyirin” risolasida ifodasini topgan fakt va ma’lumotlarni mushohada qilib yurganimizda qo‘limizga Shamsiddinxon Ziyovuddinxon o‘g‘li Boboxonov va Abdulaziz Mansur qalamiga mansub «Naqshbandiya tariqatiga oid qo‘lyozmalar fixristi» kitobchasi tushib qoldi. 1993 yil «Movarounnahr» nashriyotida chop etilgan to‘plam bilan tanishganimizda uning 64-sahifasidagi quyidagi jumla e’tiborimizni tortdi: «Intihob az Kitobin — Nasma». («Nasma» kitobidan parcha) ¹500/XVII Muallif — Mavlono Xojagiy Amgunagiy. Vafoti 1008 (1600 y.).
Ulug‘ donishmand haqidagi ushbu axborot biz uchun yangilik edi. Bu qanday qo‘lyozma ekanligi, nimalar to‘g‘risida bahs yuritishi, tabiiyki, fikrimizni cho‘lg‘ab oldi. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 500-raqam ostida shu mavzuga oid katta bir qo‘lyozma saqlanayotganligidan xabar topib, institutning ilmiy xodimi G‘ulom Karimdan qo‘lyozmaning Mavlono Xojagiy Imganagiyga bag‘ishlangan qismini, ya’ni 194-198 betlarini sharhlab berishini iltimos qildik.
Ma’lum bo‘lishicha, bu parcha Mavlono Xojagiyning kitobidan emas, balki boshqa bir muallifning Mavlono va uning otasi hamda o‘g‘li haqida hikoya qiluvchi risolasidan olingan ekan. Ushbu risola donishmand to‘g‘risida juda ko‘p ma’lumotlarni bayon etadi.
Mavlono Xojagiy yirik avliyo, donishmand. U kishi «Kitob un — nasma» («Shabodalar kitobi») asarining muallifidir. Topilgan qo‘lyozmaning 196-sahifasidagi «Yana hazrati Xojamiz quddisa sirraxu o‘z risolalaridan birida o‘z mavlonolari so‘zidan (shunday) naql keltirganlar» jumlasiga e’tibor bilan qarasak, Mavlononing bir necha asarlari borligi ma’lum bo‘ladi. Afsuski, donishmandning bu asarlari haqida hozirgacha aniq ma’lumotlar topilgani yo‘q.
Ushbu qo‘lyozmada Hazrat Buzrukvorning o‘g‘illari, oilalari haqida ham qiziqarli ma’lumotlar bor. Bundan tashqari, hazrati Xojagiy 90 yil umr ko‘rgani, u kishining vafoti 1008 yilda bo‘lgani yozilgan. Bu sana u kishining qabr toshlarida ham mavjud. Agar 90 yil umr ko‘rganliklarini e’tiborga olsak, hazratning 918 yilda tavallud topganligi ma’lum bo‘ladi. Hozirgi hisob bo‘yicha bu sanalar 1510-1600 yillarga to‘g‘ri keladi.
Bahouddin Naqshbandning 675 yilligi munosabati bilan «Sharq» nashriyot- matbaa kontserni bosh tahririyati tomonidan chop etilgan «Durdona» nomli kitobchada (Toshkent, 1993 y.) Saidi Koinot Hazrati Muhammad Mustafo sallolohu alayhi vasallamga borib tutashadigan silsilaiy sharf darj qilingan. O‘ttiz to‘qqiz nafardan iborat ulug‘ pirlar ro‘yxatida tug‘ilgan kuni butun dunyo miqyosida keng nishonlangan Bahouddin Naqshbandiylar bilan bir qatorda biz hikoya qilayotgan donishmand avliyolar nomlari ham kiritilgan. 21-raqamdagi Hazrati Muhammad Darvish Quddisa Sirrixu, 22-raqamdagi Hazrati Xojagiy Imganagiy Quddisa Sirrixu. Ana shu ota-bola pir va avliyolarning tan olinib, ushbu silsilaga kiritilishi ularning islom dunyosida o‘z o‘rinlari borligini bildiradi.
Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma yili davomida turmush tarzimiz o‘zgardi, mudroq bosgan tuyg‘ularimiz jonlandi. Boshqacha qilib aytganda, hayotga, qadriyatlarimizga teran fikr, uyg‘oq shuur bilan qaray boshladik.
Yurtboshimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, “Tarixga murojaat qilar ekanmiz, bu xalq xotirasi ekanligini nazarda tutishimiz kerak. Xotirasiz barkamol kishi bo‘lmaganidek, o‘z tarixini bilmagan xalqning kelajagi ham bo‘lmaydi”.
Biz Xo‘jailmkoni qishlog‘i mo‘‘jizalari va ulug‘ donishmand, pir Mavlono Xojagiy ibn Mavlono Darvish Muhammad Voxsuvoriy haqida fikr yuritar ekanmiz, kelgusida bu mo‘‘tabar maskanning ham yurtimizdagi ko‘plab qadamjolar kabi obod bo‘lishiga, qalbiga taskin, ma’naviy nur istagan sayyohlarning ziyoratgohiga aylanishiga ishonamiz.
Ibodulla SHOYMARDONOV,
tarix fanlari nomzodi,
Salohiddin ISOMIDDINOV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi
|