Bizning planetamiz — Yer osmonda tunda charaqlaydigan minglab yulduzlarning vakili hisoblanmish Quyosh atrofida, undan o‘rtacha 150 million kilometrli masofada aylanadi. Aylanish tezligi sekundiga qariyb 30 kilometrni tashkil qiladi va bir yilda salkam bir milliard kilometrga yaqin yo‘lni bosib o‘tib, Quyosh atrofida bir marta to‘la aylanishni hosil etadi. Bu harakat deyarli o‘zgarmas tezlikda kuzatilganidan biz uni sezmaymiz. Yer o‘qining Quyosh atrofida planetamizni aylanish tekisligiga og‘maligi tufayli yil fasllarining kuzatilishi, yulduzlar osmonining yil davomida o‘zgarib turishi kabi hodisalarda bu harakat yaqqol seziladi. Quyosh atrofida Yerga o‘xshagan yana sakkiz yirik osmon jismi — sayyoralar aylanadi. Quyosh sistemasining chegarasi sifatida uning chekka planetasi — Pluton orbitasining diametri olingan. Quyoshdan Plutongacha bo‘lgan o‘rtacha masofa 38 astronomik hisob bo‘lib (astronomiyada Quyosh sistemasi chegaralaridagi osmon jismlari oralig‘idagi masofalar astronomik birlik deyiluvchi hisoblarda o‘lchanib, u Quyoshdan Yergacha bo‘lgan o‘rtacha masofaga, ya’ni 150 million kilometrga teng deb qabul qilinadi), bu tahminan 5 milliard 700 million kilometrli masofani tashkil etadi.
Quyoshning o‘zi o‘rtacha kattalikdagi yulduz bo‘lib, uning diametri 1 million 400 ming kilometr. Xususan, Quyoshning ulkanligini ko‘z oldimizga yaqqol keltirish uchun shunday misol kifoya: Quyoshning hajmiga 1 million 300 mingdan ortiq Yerdek kattalikdagi sharlarni joylash mumkin (Yerning ekvatorial diametri 6370 kilometrdir).
Koinotda Quyoshga o‘xshagan yulduzlarning ming-millionlabi har-har joyda to‘da bo‘lib joylashadi va bo‘shliq «Okeani»dagi bunday yulduzlarning «orollari» — Galaktikalar deb yuritiladi. Xususan, bizning Quyosh ham oddiy yulduz sifatida shunday Galaktikalarning biridir. Osmonda porlayotgan minglab yulduzlarni ham Quyosh bilan birga o‘z ichiga olgan bunday galaktika — biznikidir. Qizig‘i shundaki, ma’lum Galaktikaga kirgan yulduzlarning jami uning markazidagi juda katta massaga ega bo‘lgan yadro atrofida aylanadi. Bunday aylanish Galaktikaning qutbiy diametri vaqt o‘tgan sayin siqilishiga, ekvatorial diametri esa aksincha, kengayishiga olib keladi. Binobarin, ko‘pincha Galaktikalar o‘z rivojlanish bosqichining ma’lum bosqichida yassi diskka o‘xshash ko‘rinishni olishga intiladi. Galaktikaga kiruvchi alohida yulduzlarning orasidagi masofalar ham yetarlicha katta bo‘lib, ular yorug‘lik yili deyiluvchi, uzunlikning boshqa bir o‘lchov birligida belgilanadi. Bir yorug‘lik yili, tezligi sekundiga 300 ming kilometr bo‘lgan yorug‘likning bir yilda o‘tgan yo‘liga teng masofa bo‘lib, u qariyb 10 trillion kilometrga (1 trillion — millionta million demakdir) teng bo‘ladi. Bu birlikda Quyoshdagi eng yaqin masofada turgan yulduzgacha (yulduz Tsentavr yulduz turkumining alüfasi — eng yorug‘ yulduzi bo‘lib, uning nomi — Proksima) o‘lchangan salkam 4,5 yorug‘lik yilini tashkil qiladi, boshqacha aytganda, u yulduzdan chiqqan nur Quyoshgacha (yoki Quyosh sistemasigacha) 4,5 yilda yetib keladi, demakdir.
Shuningdek, bizdan ko‘pchilikka tanish «Yetti qaroqchi» yulduz turkumidagi yulduzlargacha bo‘lgan masofalar turlicha bo‘lib, ular 72 dan 412 yorug‘lik yiligacha masofalarni tashkil qiladi. Xulosa qilib aytganda, bizning Galaktikamizga kirgan yulduzlarning Quyosh sistemasidan uzoqligi bir necha yorug‘lik yilidan bir necha o‘n ming yorug‘lik yiligacha boradi. Bu degan so‘z, Galaktikamiz chegarasida turgan eng uzoq yulduzlardan bizgacha yorug‘lik bir necha ming yilda yetib keladi, demakdir.
Yuqorida eslatilganidek, bu yulduzlar galaktik markazining atrofida aylanib turganlari uchun ham, ya’ni fan tilida aytganda, ular dinamik bog‘langanliklari tufayli millionlab yillar davomida turg‘un sistema ko‘rinishida yashaydilar.
Xo‘sh, unda bizning Quyosh Galaktikamiz markazidan qancha masofada, qanday tezlik bilan aylanadi? Eslatilganidek, Galaktikalarning aylanishi tufayli vaqt o‘tishi bilan ularning ekvatorial diametri oddiy disk formasiga intilishi qonuniy hol bo‘lib, bunday «taqdir» bizning galaktikamizning ham «peshonasiga yozilgan». Galaktikamiz evolyutsiyasining hozirgi bosqichida uning formasi, ikki tarelkaning ichki tomonlari bilan bir-biriga yopilganda, qanday ko‘rinish olsa xuddi shunday shakldadir. Unga ust tomondan qaralganda esa u qo‘l soati mayatnigining spiral prujinasi ko‘rinishiga juda o‘xshab ketadi.
Bunday spiral disk ko‘rinishidagi galaktikamizning diametri 100 ming yorug‘lik yiliga teng chiqadi. Uning markazidan Quyoshgacha bo‘lgan masofa taxminan 30 ming yorug‘lik yiliga teng bo‘lib, bunday masofada Quyosh, Galaktikamiz markazi atrofida butun «oila a’zolari» — planetalarini ergashtirib sekundiga 240 kilometr tezlik bilan aylanadi. Bunday tezlik bilan Quyosh sistemasi, eslatilgan markaz atrofida bir marta aylanib chiqishi uchun qariyb 200 million yil vaqt kerak bo‘ladi. Quyoshning aniqlangan yoshi 4,8 milliard yil ekanligini e’tiborga olsak, u markaz atrofida Quyosh «chaqaloqligidan» buyon 24 martagina aylangani ma’lum bo‘ladi.
Quyoshning bunday orbita bo‘ylab bir aylanib chiqqanda o‘tgan yo‘lini biz ish ko‘radigan masofalar bilan solishtirganda, u juda katta ko‘rsatkich — salkam 190 ming yorug‘lik yilini tashkil etadi.
Shunday qilib, qariyb 150 milliard yulduzi bo‘lgan va Quyoshni ham o‘z ichiga olgan Koinotdagi yulduzlar «oroli» — Galaktikamizning bir burchagida — Quyoshning atrofida bizning planetamiz ham aylanib turadi.
Koinotda galaktikamizga o‘xshagan milliardlab yulduzlardan tashkil topgan orollar — galaktikalar juda ko‘p. Ular juda olis masofalarda joylashgan va ulardagi yulduzlar alohida-alohida ko‘rinmay, balki barchasi yig‘ilib tuman shaklida ko‘zga tashlanadi. Shunday tashqi galaktikalar ichida mashhurlaridan biri, teleskopdan qaraganda, soat mayatnigining spiral prujinasiga juda o‘xshab ketadigan galaktika — Andromedadir. — Undan yorug‘lik bizgacha 2 million yilda yetib keladi.
Andromedadan bizga ancha yaqin turadigan ikki tashqi galaktika — Katta va Kichik Magellan bulutlari deyilib, bizning Galaktikamizdan qariyb 170-200 ming yorug‘lik yili masofada joylashgan. Boshqa bir chiroyli spiralsimon M-51 deb ataluvchi galaktika esa bizdan 1,8 million yorug‘lik yili masofada joylashgan. Hozirgi zamonning yirik teleskoplaridagi kuzatishlar Koinotning bizdan qariyb 5 milliard yorug‘lik yili masofadagi ob’ektlarini nishonga ola oladi. Ular yordamida Galaktikani kuzatish osmon jismlariga tegishli yana bir qiziq qonuniyatni ochdi. Ma’lum bo‘lishicha, bir-biriga yaqin joylashgan bir necha Galaktikalar o‘zaro dinamik bog‘lanib, ularning har biri umumiy massa markazi atrofida aylanar ekan. Galaktikalarning bunday to‘dasi — mahalliy galaktik to‘dasi deyiladi. Keyingi yillarda Koinotda, shuningdek bir necha mahalliy galaktik to‘dalarning ham gruppasi mavjudligi aniqlandi. Ulkan masshtabga o‘zaro dinamik bog‘lanib, mahalliy galaktik to‘dalarning to‘plami astronomiyada utagalaktikalar deb nomlanadi. Bizning mahalliy to‘damizga o‘zimizning Galaktikadan tashqari, Magellan bulutlari, Andromeda, M-51, Katta Ayiq yulduz turkumi proektsiyalanuvchi spiralsimon yana bir galaktika va boshqalar kiradi.
Shunday qilib, Koinotda bizning to‘la adresimizni yozish talab etilsa, uni quyidagi tartib bilan yozish to‘g‘ri bo‘ladi: Koinot, Metagalaktika (Koinotning hozirgi davrda teleskoplar yordami bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan qismi), Utagalaktikamiz (bizning mahalliy galaktik to‘damiz shu sistemadan joy oladi), mahalliy galaktik to‘damiz (galaktikamizni o‘z ichiga oladi), bizning galaktikamiz, Quyosh sistemasi, planetamiz — Yer, Osiyo qit’asi, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent...
(Davomi bor.)
M.MAMADAZIMOV,
professor
|