Huquq

03 Noyabr 2011 18:59
«AMNISTIYA» TUSHUNCHASI
– «Amnistiya» tushunchasi oqlash ma’nosida ham tushuniladi. Shu to‘g‘rimi?
N.Abdullayeva
Qarshi shahri
«Amnistiya» tushunchasi jinoyat sodir qilgan shaxs­larni jinoiy javobgarlik yoki jazodan ozod qilish, tayinlangan jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, qo‘shimcha jazodan ozod qilish, shuningdek, ilgari sud tomonidan belgilangan jazoni o‘tab bo‘lgan shaxslardan sudlanganlikni olib tashlashni ifoda etadi. Shu ma’noda amnistiya akti jinoyat qonunini bekor qilmaydi yoki o‘zgartirmaydi, ma’lum ish yuzasidan chiqarilgan sud hukmiga nisbatan norozilikni bildirmaydi.
Amnistiya jinoiy javobgarlikdan ozod qilishda majburiy va hech bir shart talab etmaydigan asos bo‘lib hisoblanadi. Lekin amnistiya akti qo‘llanilgan shaxs oldingi lavozimiga tiklanishini va ishda bo‘lmagan vaqt uchun qo‘shimcha haq to‘lanishini sud tartibida talab qilish huquqiga ega emas.
Oqlash, ya’ni reabilitatsiya esa quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin:
— ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagan bo‘lsa;
— gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa;
— gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lmasa. Shuningdek, bunday hollarda oqlangan shaxslar oldingi lavozimiga tiklanishini yoki ishda bo‘lmagan vaqt uchun haq to‘lashni sud tartibida talab qilishga haqlidirlar.
 Qarshi tuman DNI katta notariusi
Munavvar BAHRINOVA javob berdi
 
Garov nima?
– Qanday holatlarda garov shartnomasi tuziladi? Shu haqda batafsil ma’lumot bersangiz.
Sh.Raufboeva
Peshku tumani
Bir shaxsning boshqa bir shaxsga mol-mulkni yoki unga tegishli bo‘lgan huquqiy majburiyatlarini berishi garov hisoblanadi.
Garovning o‘z shartlari bor. “Garov to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasida bank krediti, ijara, oldi-sotdi, uy-joy qurish yoki shaxsiy avtomashina xarid qilishda garov shartnomalarini tuzish mumkinligi ko‘rsatilgan.
Ko‘chmas mulkni garov (ipoteka)ga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnoma shu mulk joylashgan hududdagi notarius tomonidan tasdiqlanadi. Bunda notarius ipotekaga qo‘yilayotgan mulk ipotekaga qo‘yuvchi shaxsga tegishli ekanini, uni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlanmagani va xatlanmaganini, boshqa ipotekaga qo‘yilgan yoki qo‘yilmaganini, qarzlari yo‘qligini, ipotekaga oluvchi va ipotekaga qo‘yuvchi yuridik shaxs­larning huquq layoqatlarini, jismoniy shaxslarning shaxsini va vakillarning vakolatlarini tekshiradi.
“Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 52-moddasiga ko‘ra, fuqarolarning kundalik turmushi uchun o‘ta zarur buyumlar, shuningdek, uy-joy va xonadonlar qarz­ni undirishga qaratilmaydi, deyilgan. Amaldagi Fuqarolik kodeksining 272-moddasi, 4-qismiga binoan bino yoki inshoot ipotekasiga bino yoki inshootni garovga beruvchi shaxs tegishli yer uchastkasining egasi yoki ijara oluvchisi bo‘lsagina yo‘l qo‘yiladi. Ipoteka shartnomasi bo‘yicha faqat bino yoki inshoot garovga berilayotgan bo‘lsa, yer uchastkasi yoxud uning ijara huquqi garov predmeti hisoblanmaydi.
Xullas, garovning qonuniy yo‘li mavjud va u qat’iy belgilangan. Ammo bugun garov borasida nohaqliklar, lafzsizlik, ko‘zbo‘yamachilik holatlari ro‘y bermoqda. Bankdan katta miqdorda kredit olish uchun hatto keksa ota-onalarining uy-joyi, mol-mulkini garovga qo‘yayotganlar ham uchrab turibdi. Shu bois, “Garov to‘g‘risida”gi Qonundan xabardor bo‘lish ayni muddaodir.
Peshku tuman DNI notariusi
Bahrom MARDONOV javob berdi
 
 
Taxallus ism bo‘la oladimi?
– Umuman, fuqaroning ismiga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida tushuncha bersangiz.
N.Doniyorova
Yakkabog‘ tumani
Ism — har bir shaxsning ijtimoiy hayotda va fuqarolik muomalasida individuallashuv vositasidir. Ism huquqi 1966 yildagi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga muvofiq fuqaroning ajralmas huquqi hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksining 19-moddasiga muvofiq, fuqaro o‘z familiyasi va ismi, shuningdek, otasining ismi bilan bog‘liq huquq va burchlarga ega bo‘ladi hamda ularni amalga oshiradi. Qonuniy tartibda taxallus (to‘qilgan ism)dan ham foydalanish mumkin. Qolaversa, fuqaro o‘z ismini o‘zgartirishga haqli, ammo bu avvalgi ism bilan olgan huquq va burchlarini bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun asos bo‘lmaydi.
Koson tuman FHDYO bo‘limi mudirasi
Jamila G‘AYBULLAYEVA javob berdi
                                                                         

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM