Shunda men aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida olib borayotgan targ‘ibot ishlarimiz hali yetarli emasligini his qildim.
Mamlakatimizda oilaviy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning kafolati sifatida 1998 yil 30 aprelda yangi Oila kodeksi qabul qilingandi va bu muhim hujjat 1998 yil 1 sentyabrdan e’tiboran kuchga kiritilgan. Natijada respublikamizda amalga oshirilgan huquqiy islohotlar samarasi, ijtimoiy-huquqiy munosabatlarning bir turi sifatida nikoh-oila munosabatlarini huquqiy tartibga solishning yangi sifat darajasiga erishildi. O‘zbek xalqiga xos bo‘lgan milliy qadriyatlar va an’analar zamonaviy huquqshunoslik tajribalari bilan uyg‘unlashgan holda yangi oila qonunchiligi shakllantirildi.
Oila kodeksiga muvofiq oilaning huquqiy asosini fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilgan nikoh tashkil etadi. Shar’iy yo‘l bilan tuzilgan nikoh esa huquqiy ahamiyatga ega emas. Oiladagi munosabatlar ham oila qonunchiligida er va xotinning teng huquqliligi asosida mustahkamlangan. Ushbu holat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida “Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi”, deya muhrlab qo‘yilgan.
Oila kodeksining 20-moddasi er va xotinning familiya tanlash huquqiga bag‘ishlangan. Mazkur moddaning birinchi qismida “Nikoh tuzish vaqtida er va xotin o‘z xohishi bilan eri yoki xotinining familiyasini umumiy familiya qilib tanlaydi yoki ularning har biri nikohgacha bo‘lgan o‘z familiyasini saqlab qoladi” deb, ikkinchi qismida esa “Er va xotindan birining o‘z familiyasini o‘zgartirishi boshqasining ham familiyasi o‘zgarishiga olib kelmaydi” deb ko‘rsatilgan. Demak, familiya tanlash huquqi er va xotinga tegishli bo‘lgan muhim shaxsiy huquq hisoblanadi. Nikohga kiruvchilarga o‘zaro kelishib familiya tanlash huquqi beriladi. Ular nikohgacha bo‘lgan o‘z familiyalarini saqlash huquqiga ega bo‘lganlaridek, er-xotin o‘z xohishi bilan birining familiyasini umumiy familiya qilib tanlash huquqiga ham egadirlar. Familiya tanlash er-xotinning har birining shaxsiy ishi bo‘lib, bu masala boshqa shaxslarning aralashuvisiz faqat ular tomonidan hal qilinishi lozim.
Nikohga kirish haqidagi arizada kuyov va kelin nikoh qayd etilganidan so‘ng qaysi familiyada bo‘lishni xohlashlarini bildiradilar va bu masala nikohni qayd etish vaqtida hal qilinadi. Er-xotin nikohga kirishda familiyani erkin tanlash huquqiga ega bo‘lganidek, nikoh davomida ham familiya masalasini hal qilishda mustaqil huquqqa ega. Nikoh davomida er yoki xotindan birining o‘z familiyasini o‘zgartirishi ikkinchisining ham familiyasini o‘zgartirishga majbur qilmaydi. Hatto nikohdan ajratish vaqtida ham er-xotinning familiyasi har birining shaxsiy talabiga asosan o‘zgartiriladi.
Yuqorida qayd qilingan ikki yosh tuman FHDYO qoshida tashkil etilgan “Oila dorilfununi” o‘quv-tarbiyaviy kursiga taklif etilib, muammolari ijobiy hal qilindi.
Malika MATMURATOVA,
Bog‘ot tuman FHDYO bo‘limi mudirasi
|