Majburiy sug‘urtaning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ahamiyatini e’tiborga olgan holda, 2008 yil 21 aprelda “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Bundan maqsad yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganda sug‘urta tashkilotlari tomonidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash orqali ularning manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 26 iyunda qabul qilingan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qarori asosida tartibga solinadi.
Majburiy sug‘urtaning joriy etilishi bois mamlakatimiz mintaqalarida sug‘urta tashkilotlarining filiallari va bo‘limlari soni oshdi. Tabiiyki, majburiy sug‘urtani amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlar, albatta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahrida majburiy sug‘urta shartnomalarini tuzish, jabrlanuvchi (uning merosxo‘ri yoki huquqiy vorisi)ning sug‘urta to‘lovlari to‘g‘risidagi talablarini ko‘rib chiqish, sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirish vakolati berilgan o‘z filiallariga, alohida bo‘linmalariga ega bo‘lishi shart. 2011 yilning 1 iyun holatiga respublikamizdagi mavjud 34 ta sug‘urta tashkilotidan faqat 9 tasi qonunchilikda belgilangan mazkur talabga to‘liq javob bergani tufayli ana shu sug‘urta turini amalga oshirmoqda.
2007 yilda mamlakatimizda sug‘urtalovchilar hududiy bo‘linmalarining soni 465 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2010 yilga kelib ular soni 892 taga yetdi. Shunga mos tarzda sug‘urta agentlari soni qariyb 2 martaga ko‘paydi. 2007 yilda O‘zbekiston sug‘urta bozori bo‘yicha to‘plangan sug‘urta mukofotlari tarkibida hududlarning ulushi 32 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2010 yilga kelib bu ko‘rsatkich 40 foizga o‘sdi. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2008 yil 21 maydagi “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga asosan majburiy sug‘urtani amalga oshirmoqchi bo‘lgan sug‘urta tashkilotlari nizom jamg‘armasining eng kam miqdori 1,5 million yevro ekvivalentiga teng summada shakllantirilgan bo‘lishi lozim.
Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimining ijtimoiy muhim jihatlaridan biri mazkur sug‘urta bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasining tashkil etilganida ko‘rinadi. 2010 yilda mazkur tizimda jami 1 million 247 ming 536 ta sug‘urta polisi sotilgan bo‘lib, ularning 961 ming 167 tasi yoki 77 foizi mamlakatimiz viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. 2010 yilda sotilgan sug‘urta polislari evaziga jami 31 milliard 798 million 800 ming so‘m sug‘urta mukofotlari kelib tushdi. Uning 21 milliard 998 million 100 ming so‘mi yoki 69,1 foizi hududlarga to‘g‘ri keldi.
Mustaqil tahlilchilarning fikrlariga ko‘ra, mazkur tizimning amaliyotga joriy etilishi mamlakat bo‘ylab sug‘urtaning aholining barcha qatlamlariga kirib borishiga va shu orqali sug‘urta madaniyatining yuksalishiga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, majburiy sug‘urtani amaliyotga joriy etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yo‘l-transport hodisalari sodir etilganda jabrlangan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kafolatlaydigan samarali tizimni shakllantirish bo‘yicha muayyan yutuqlarga erishilmoqda.
Xulosa qilganda, majburiy sug‘urtaning joriy etilishi mamlakatimizda odamlarning sug‘urtaga qiziqishini ancha kuchaytirdi. Darhaqiqat, u aholini ijtimoiy himoya qilishning samarali va ishonchli vositasidir.
Xo‘jayor SHENNAYEV,
Toshkent moliya
instituti kafedra mudiri,
Ilhom SHOYIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi tinglovchisi |