Huquq

07 Oktabr 2011 17:19
KIMGA, QAYERGA MUROJAAT QILAYLIK?
Yaqinda boshimizga og‘ir musibat tushdi. Kuyo­vim bevaqt olamdan o‘tdi. Qizimning ikki nafar farzandi bo‘lib, otasidan qolgan merosni rasmiylashtirish uchun notarial idoraga murojaat qildik. Ammo ular marhumning ro‘yxatda turgan joyiga murojaat qilishimizni aytishdi. Taqdir taqozosiga ko‘ra, kuyovim hayotligida biz bilan yashasa-da, boshqa viloyatda ro‘yxatda turardi. Shu bois, merosga doir hujjatlarni o‘sha viloyatdagi notarial idoraga taqdim qilsak, ular meros mavjud bo‘lgan joydagi notarial idorada rasmiylashtirilishi lozim, deyishyapti.
Xullas, hozir qayga murojaat etishimizni bilmay sarsonmiz. Bu muammoni qanday hal etsa bo‘ladi?
          R.Solihov
Toshkent shahri
Fuqarolik kodeksining 1117-moddasida belgilanishicha, meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi. Siz agarda marhum kuyovingizning doimiy ro‘yxatda turgan joyi, deylik, Toshkent viloyatida bo‘lsa o‘sha viloyatdagi notarial idoralarga yoki oxirgi yashash joyi va doimiy ro‘yxati Toshkent shahrida bo‘lsa, merosga oid hujjatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi va notarial idoralarga murojaat qilishingiz mumkin.
Savolga Mirobod tumani DNI notariusi
Karomat MARAHIMOVA javob berdi
Voyaga yetmaganman,
tadbirkorlik bilan
shug‘ullanmoqchi edim...
Men hali voyaga yetmaganman. Ammo tadbirkorlik bilan shug‘ullanish niyatim bor. Men bilan bitim tuzishni istashmayapti. Ayting-chi, bunday muomalaga qachon tayyor bo‘laman?
Sherzod Turdiev
Qibray tumani
 
Darhaqiqat, o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emas (Fuqarolik kodeksining 29-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan bitimlar bundan mustasno).
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs tomonidan Fuqarolik kodeksining 27-moddasiga muvofiq uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysining roziligi talab qilinadigan hollarda, ularning roziligisiz tuzilgan bitim ota-onasi, farzandlikka oluvchilarni yoki homiysining da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin. Agar bunday bitim haqiqiy emas, deb topilsa, Fuqarolik kodeksi 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi. Bu qoidalar ushbu kodeks 22-moddasining ikkinchi qismi va 28-moddasida nazarda tutilgan hollarda to‘la muo­mala layoqatiga ega bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
O‘n to‘rt yoshga to‘lmaganlar uchun bitimlarni, ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzishi mumkin.
Savolga Mirzo Ulug‘bek tumani davlat notarial idorasi
notariuslari Rustam NOROV va Komila ZUFAROVA
javob berdi
Yaqin qarindoshi va
pedagog ishtirokida
Necha yoshdan boshlab fuqaro guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin? Voyaga yetmaganlarni guvoh qatorida so‘roq qilish qay tartibda olib boriladi?
M.Ashrapova
Chinoz tumani
 
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 65-moddasiga muvofiq, jinoyat ishi bo‘yicha aniqlanishi kerak bo‘lgan biror holatni bilishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxs, yoshidan qat’i nazar, guvoh sifatida ko‘rsatma berish uchun chaqirilishi mumkin.
Kodeksning 121-moddasiga ko‘ra, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan guvohni so‘roq qilish uning yaqin qarindoshi va pedagog ishtirokida, ularning roziligi bilan o‘tkaziladi. Shuning­dek, o‘n olti yoshgacha bo‘lgan guvohlar guvohlik berishdan bosh tort­ganlik va bilib turib yolg‘on ko‘rsatma berganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilmaydilar.   
Shu bilan birga, amaliyotda haqiqatni aniqlash uchun yosh bolalarni ham shifokor-pediatrlar ishtirokida so‘roq qilib, bu haqda dalolatnoma tuzilishi mumkin.
Savolga Hamza tumanidagi 1-sonli DNI notariusi
Solmaz GAFAROVA javob berdi

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM