Huquq

11 Avgust 2011 13:56
MUROSAYU MADORA — XALQCHIL CHORA
Shoberdi aka degan qishloqdoshimiz bo‘lardi — tuppa-tuzuk, namunali oilaning sohibi. Yashashi ham binoyi. Qarang-ki, bir kuni tandirxona qurayot­ganida imoratining ustini yopgani bitta yog‘och yetmay qoladi. Qo‘shnisinikiga o‘tsa, bir-ikki kunga to‘ylab ketibdi. Xotin kishidan so‘rashni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Oktyabr oylari bo‘lsa kerak-da, yomg‘irli kunlar boshlanishidan oldin tezroq yopib olay, qo‘shnim  qaytgach, aytsam yo‘q demas, degan o‘y bilan devor hatlab, mo‘ljallagan bitta yog‘ochni oladiyu, imoratiga bosib yuboradi.
Biroq... Qo‘shni qaytgach, masala tamoman boshqacha tus olib ketadi... Ikki qo‘shnining jiqqa musht bo‘lgani mayli, ayollar orasidagi mayda-chuyda g‘iybat gaplar, eski gina-kuduratlar, biri ikkinchisining boshini yorgan bolalar o‘rtasidagi janjallar ham ko‘pchib, ish oxir-oqibat sudgacha yetib boradi. Jahl ketib, aql yana o‘z o‘rnini egallagach, g‘isht allaqachon qolipidan ko‘chib bo‘lgan, sud o‘z hukmini e’lon qilgandi. Afsus va nadomat qilish befoyda edi.
O‘shanda qishloqda turli gap-so‘zlar bo‘lgandi. Kimdir «Yaxshi bo‘lmadi, har xolda jonday qo‘shni, surishtirib kelsa, qarindosh ham chiqadi», desa, birovi «Ajab bo‘pti, o‘g‘rilikning jazosi shu», deb kulib qo‘ya qoldi. Eshitganimiz shu. Birgina noto‘g‘ri qo‘yilgan qadam Shoberdi akaning umrini 3-4 yilga panjara ortiga ko‘chirdi, oilasini parokanda qildi. Qamoqdan chiqqan kunlari xotiramda muhrlanib qolgan. Hamma unga sirkda tomosha ko‘rayotgandek ajabsinib, hadiksirab qaragandi. Odamovi bo‘lishi bilan birga ancha-muncha ozib, o‘ziga o‘xshamay qolgandi-da...
Shungayam 22 yilcha bo‘libdi. Hozir ko‘pchilikning esidanam chiqib ketgandir. Ammo... Bugun shu o‘tgan yillarni sarhisob qilarkanman, dahshatli manzaraning guvohi bo‘layapman. To‘g‘ri, Shoberdi aka qilgan gunohining, o‘ylamay bosgan qadamining tovonini to‘ladi — qamalib chiqdi. Lekin keyinchalik ham umrining  shu uch-to‘rt yilidan o‘n-yuz barobar keladigan badal to‘lashga to‘g‘ri kelgani va hali-hanuz uni yillar davomida to‘lab kelayotgani bugun oradan shuncha vaqt o‘tib yanada oydinroq ko‘rinmoqda. Avvalo peshonasiga bosilgan «qamalgan» degan tamg‘a tufayli el-yurt oldida yuzi shuvut bo‘ldi. Balog‘atga yetay deb qolgan bolalarning boshi egilib, ruhiyatiga jiddiy shikast yetdi. O‘g‘li gap-so‘zlardan bezib, maktabga ham bormay qo‘ydi. Bezori degan nom chiqardi. Ichkilikka va chekishga mukkasidan ketdi. Bundan Shoberdi akaning qaddi yanada bukchaydi, peshonasida taram-taram ajin paydo bo‘ldi. 
Xo‘sh, agar o‘sha bitta yog‘och o‘g‘irlanmaganida yoki qo‘shnilar aql va kechirimlilik bilan ish tutib, murosayu madora qilishganida shu voqealar bo‘lmasmidi? Mayli, buni ham taqdirning taqozosiga yo‘yaylik,  lekin sud odilona hukm chiqarganida, aytaylik, bir oilani juvonmarg qilmay, yarashuvchilik siyosatini olib borganida, bugun vaziyat qanday bo‘lardi? Bu oilaning taqdirini ham bugun bosh­qa, farovon va havas qilarli o‘zanda ko‘rgan bo‘lmasmidik. Albatta, shunday! Buni tasavvur qilish uchun mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlarga, buning adolatli imkoniyatidan bahramand bo‘layotgan insonlar hayotiga nazar solish kifoya.
Barchaning yodida bo‘lsa, bundan qariyb 10 yil muqaddam — 2001 yil 29 avgust kuni «Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun qabul qilingandi. Ahamiyatli tomoni, mazkur qonun bilan jinoyatlarni tasniflash, jinoiy jazo tayinlash va uni o‘tash qoidalariga muhim o‘zgartishlar kiritildi. Xususan, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlarini qo‘llash doirasi kengaytirilib, yarashuv instituti joriy etildi. Bu institut talabiga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan qilmishida jinoyat alomatlari bo‘lgan shaxs jabr­lanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplab bergan taqdirda, jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.
Yarashuv institutining hayotbaxshligi, o‘zbekona rahm­dillik va kechirimlilik kabi xislatlar bilan ziynatlangani uning izchillik bilan kengayib borishiga sabab bo‘ldi. Xususan, Jinoyat kodeksining 26 ta moddasida yarashuv tamoyili o‘z ifodasini topgan bo‘lib, hozirgi kunda 53 ta jinoyat tarkibi bo‘yicha yarashuv instituti qo‘llab kelinmoqda. Ya’ni qasd­dan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazgan, birovni nohaq qiynagan, kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmagan, inson hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostida qoldirgan, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni, ota-onalarini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan, ayolni erga tegishga majbur yoki erga tegishga to‘sqinlik qilgan, tuhmat va haqorat qilgan, mualliflik yoki ixtirochilik huquqini buzgan, mol-mulkni o‘zlashtirganlar yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj etgan, firibgarlik va o‘g‘rilik sodir qilgan, aldash yoki ishonchni sui­iste’mol qilish orqali mulkiy zarar yetkazgan, mulkni qo‘riqlashga vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lgan, uni qasddan nobud qilgan yoki zarar yetkazgan, raqobatchini obro‘sizlantirgan, temir yo‘l, dengiz, daryo yoki havo transporti, transport vositalarining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi, transportning xavfsiz ishlashini ta’minlash, mashinalarni bosh­qarish yoki ulardan foydalanishga doir qoidalarni buzgan shaxslarni qonun yarashuv bitimi asosida jazodan ozod qilishi mumkin. Ko‘rinib turganidek, bunday jinoyatlarning ijtimoiy xavfi u qadar katta emas. Jinoyat sodir etgan bo‘lsa-da, bitta oilani quvonchdan bir necha yilga judo qilishga arzimaydi. Bu imkoniyat jamiyatda sudlanganlik holatini kamaytirishi barobarida uning farzandlar taqdiriga ham ta’sir o‘tkazadigan salbiy oqibatlarini bartaraf qilish imkonini berayapti. Qolaversa, aybga iqror bo‘lishni rag‘batlantirayotgan mazkur samarali huquqiy institut ortiqcha sud-tergov harakatlari va u bilan bog‘liq xarajatlarga bar­ham berib, jarayonni tezlashtirish va soddalashtirish sari keng yo‘llar ochayotgani quvonarli hol.
So‘zimizni raqamlarda ifodalasak, masalaning mohiyati yanada ochiladi. 2001 yilning o‘zida yarashuv tamoyili 1,1 ming nafardan ortiq shaxsga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2010 yilda 15,7 ming nafarni tashkil etdi. Mazkur institut amaliyotga tatbiq etilayotganidan buyon esa hozirgacha jami 110 ming nafardan ortiq fuqaro yarashuvchilik tamoyilidan bahramand bo‘ldi. 110 ming fuqaro, yana shuncha oilaning sha’ni va nomusi saqlab qolindi. Istiqlol bergan ne’mat, avvalo, mana shunday kichik, lekin jamiyat totuvligi, oilalar farovonligiga bevosita daxldor bo‘lgan voqeliklarda ko‘rinmayaptimi, sizningcha?
E’tiborlisi, bundan o‘n yil muqaddam qonunchiligimizda aks ettirilgan va amalda yuksak samaralarini berayotgan yarashuv institutining O‘zbekis­ton tajribasini bugun boshqa ko‘plab davlatlar, xususan,  Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston ham qo‘llay boshladi.
Ha, istiqlol bizga ana shunday ko‘plab g‘ayriinsoniy holatlarga chek qo‘yish, inson qadr-qimmatini ulug‘lash imkoniyatini tuhfa etdi. Bugun tanishim — Shoberdi aka timsolida parokanda umr, boy berilgan hayot, qismatning achchiq sabog‘i haqida mushohada qilarkanman, Mustaqillikning naqadar totli ne’mat ekanini yanada chuqurroq anglab borayapman.
Inomjon ABDIYEV,
«Hurriyat» muxbiri

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM