Oila kodeksining 118-moddasiga asosan yetarli mablag‘ga ega bo‘lgan sobiq er (yoki xotin)dan:
— sobiq xotin homiladorlik davrida va o‘rtadagi bola tug‘ilgan kundan boshlab uch yil davomida;
— o‘rtadagi nogiron bola o‘n sakkiz yoshga to‘lguncha yoki bolalikdan 1-guruh nogironi bo‘lgan bolaga qaragan yordamga muhtoj sobiq xotin yoki erga;
— nikohdan ajralgunga qadar yoki nikohdan ajralgan paytdan boshlab bir yil davomida mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolgan yordamga muhtoj sobiq xotin yoki erga;
— nikohdan ajralgan paytdan boshlab besh yil ichida pensiya yoshiga yetgan yordamga muhtoj xotin yoki er, agar er-xotin uzoq vaqt nikohda turishgan bo‘lsa, sud tartibida aliment talab qilish huquqiga ega.
Nikohdan ajralgandan keyin sobiq er yoki xotinga to‘lanadigan aliment miqdori va uni to‘lash tartibi ular o‘rtasidagi kelishuv bilan ham belgilanishi mumkin.
Savolga M.Ulug‘bek tumani DNI notariuslari Lutfiyaxon AHMEDOVA,
Shohida AZIMOVA javob berdi.
Soliq to‘lovchi vafot etsa...
– Soliq to‘lovchi vafot etsa, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash uning merosxo‘ri zimmasiga yuklatiladimi? Agar meros qiymati soliq majburiyati summasidan kam bo‘lsa, to‘lovlar qay tartibda amalga oshiriladi?
N.Aminov
Bekobod tumani
Soliq kodeksining 52-moddasiga asosan vafot etgan shaxsning soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyati uning meros qilingan mol-mulkini qabul qilgan merosxo‘rlari tomonidan bajariladi. Bu meros qilingan mol-mulkning qiymati doirasida va merosdagi ulushga mutanosib ravishda, meros qilib olingan kundan e’tiboran bir yildan kechiktirmasdan amalga oshiriladi. Vafot etgan shaxs to‘lashi lozim bo‘lgan penya yoki jarimalarni to‘lash majburiyati merosxo‘rlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Vafot etgan shaxsning soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash majburiyati summasi meros qilingan mol-mulk qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda, qarzning qolgan summasi — umidsiz qarz deb e’tirof etiladi.
Savolga Sirg‘ali tumanidagi 3-sonli DNI
notariusi Xolida KOMILXO‘JAYEVA javob berdi. |