Rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar esa alohida muhofaza etiladigan hududlar yerlari toifasiga mansub. Bunday yerlar aholining ommaviy dam olishi, turizmni tashkil etish uchun tegishli muassasa va tashkilotlarga beriladi.
Rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlarda ulardan belgilangan maqsadlarda foydalanishga xalaqit beradigan faoliyat taqiqlanadi.
Savolga Yakkabog‘ tumanidagi 2-son DNI notariusi
Sayyora ISMATOVA javob berdi
Vakil orqali vasiyatnoma tuzish mumkinmi?
– Ayting-chi, vasiyatnomani vakil orqali tuzish mumkinmi? Umuman, vasiyatnoma qanday tuziladi?
D.Choriev
Oltinsoy tumani
Yo‘q, vasiyatnomani vakil orqali tuzish mumkin emas. Vasiyatnomani shaxsning bevosita o‘zi tuzishi lozim.
Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning ma’lum bir qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan (shuningdek, kirmaydigan) bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.
Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilishi va o‘zgartirishi mumkin. Shunday holatlarda u buning sabablarini ko‘rsatishga majbur emas. Bundan tashqari, vasiyatnoma egasi turli sabablarga (masalan, vasiyatnomada ko‘rsatilgan merosxo‘r meros olgunga qadar vafot etishi, merosni qabul qilmasligi yoxud undan voz kechishi, noloyiq merosxo‘r sifatida meros olishdan chetlashtirilishi kabi) ko‘ra boshqa merosxo‘r (vorisdan keyingi voris)ni tayinlashga ham haqli.
Vasiyatnoma vasiyat qiluvchi yoki vasiyat qiluvchining yozma farmoyishiga binoan notarius tomonidan uning barcha nusxalarini yo‘q qilib tashlash yo‘li bilan bekor qilinishi mumkin. Yangi vasiyatnoma tuzish orqali esa oldin tuzilgan vasiyatnoma to‘laligicha yoki uning keyingi vasiyatnomaga zid bo‘lgan qismi bekor qilinadi. Agar vasiyat qiluvchi tomonidan keyingi vasiyatnoma bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan bo‘lsa, yangi vasiyatnoma tuzish orqali to‘laligicha yoki qisman bekor qilingan oldingi vasiyatnoma qayta tiklanmaydi.
Savolga Oltinsoy tuman DNI notariusi
Luiza HASANOVA javob berdi
O‘g‘limning ism-sharifini o‘zgartirmoqchiman...
– Turmush o‘rtog‘im bizni tashlab ketgan, o‘g‘limni 1 yoshidan beri yolg‘iz o‘zim tarbiyalab kelayapman, otasi umuman xabar olmaydi. Hatto uning qayerdaligini ham bilmaymiz, o‘g‘limning pasportini o‘zimning ismi-sharifim bo‘yicha olishni xohlayman. Buning iloji bormi?
N.Hikmatillayeva
Olmaliq shahri
Avvalambor siz emas, balki farzandingizning o‘z ismi-sharifini o‘zgartirishga xohishi bo‘lishi lozim.
Agar o‘g‘lingiz 16 yoshga to‘lgan bo‘lsa, Oila kodeksining 226-moddasiga asosan yashash joyi bo‘yicha FHDYO bo‘limiga murojaat qilishingiz kerak. 16-18 yoshgacha bo‘lganlarga nisbatan ism-sharifini o‘zgartirishda ota-ona roziligi talab qilinadi. Agar farzandingizning otasini topish imkoniyati bo‘lmasa, u holda bu masala shahar, tuman Xalq ta’limi bo‘limlari qoshidagi vasiylik va homiylik organining roziligi asosida hal qilinadi.
Savolga Angren shahar FHDYO bo‘limi inspektori
Noila ABDULLAYEVA javob berdi
Guvohnoma olishingiz kerak
– Onam otam bilan birgalikda qurgan uyning o‘zlariga tegishli qismini menga vasiyat qilib ketgan edi. Otam ruxsatimsiz hovlining vasiyat bo‘yicha menga tegishli bo‘lgan qismini boshqa shaxsga o‘tkazishi (hadya qilishi, ayirboshlashi) mumkinmi?
H.Aliyev
Olmaliq shahri
Fuqarolik kodeksining 1145-moddasiga muvofiq merosxo‘r mulkning o‘ziga tegishli bo‘lgan qismini yoki uning bir qismini qabul qilib olib, unga egalik qilishi merosni to‘liq qabul qilish hisoblanadi. Merosga bo‘lgan huquq haqida meros ochilgan joydagi notariusga guvohnoma berishni so‘rab berilgan ariza ham meros mulkni qabul qilib olgan bilan teng. Bunday guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran 6 oy o‘tganidan keyin beriladi. Vasiyatnoma bo‘yicha mazkur guvohnomani olish uchun tegishli hujjatlar va vasiyatnomaning bekor bo‘lgani aniqlanadi.
Shu sababli dastavval meros ochilgan joydagi tegishli notarial idoraga ariza bilan murojaat etishingiz va belgilangan tartibda o‘zingizga tegishli meros mulkiga egalik huquqini beruvchi guvohnoma olishingiz lozim.
Otangiz uyni boshqa shaxsga sotish to‘g‘risidagi shartnomani tuzish uchun notarial idoraga borganida, albatta, ushbu turar joy unga tegishliligi haqida egalik huquqini belgilovchi hujjat, shuningdek, uyning birgalikdagi egalarining yozma roziligi talab qilinadi va unga taqiq bor-yo‘qligi tekshiriladi.
Savolga Olmaliq shahridagi 2-sonli DNI notariusi
Anora YO‘LDOSHEVA javob berdi
|