Olingan narsani aslicha (shu jumladan, olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin bo‘lmaganda esa (agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan bo‘lmasa), uning qiymati pul bilan to‘ldirilishi shart.
Xalqaro munosabatlarda restitutsiya deganda, bir tomonnning ikkinchi tomonga noqonuniy xatti-harakati (masalan, agressiya) tufayli keltirgan zararini, ushbu noqonuniy xatti-harakatgacha bo‘lgan holatni qaytarishga yo‘naltirilgan, moddiy shakldagi to‘lov nazarda tutiladi. Masalan, ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar Germaniyasi va uning ittifoqchilari tomonidan boshqa davlatlarni bosib olish tufayli qo‘lga kiritilgan boyliklarni restitutsiya qoidalari asosida o‘z egalariga qaytarish xalqaro huquqiy hujjatlarda ifodalangan.
Savolga Yakkabog‘ tuman DNI notariusi
Sayyora ISMATOVA javob berdi
Farzand o‘gay bo‘lsa...
– Qonunchilikda voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilangan. Agar farzand o‘gay bo‘lsa-chi? U ham yordamga muhtoj o‘gay otasi yoki onasiga ta’minot berishga majburmi?
S.Egamberdiev
Bektemir tumani
Oila kodeksining 128-moddasiga ko‘ra, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj o‘gay ota (o‘gay ona)ning ota-onasi, xotini (eri) yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalari bo‘lmasa yoxud ulardan ta’minot uchun mablag‘ ololmasa, ularga ta’minot berish majburiyati o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizlarga yuklatilishi mumkin.
Agar o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizni o‘gay ota-ona tarbiyalagan va ta’minot bergan muddat besh yildan kam vaqtni tashkil etsa, shuningdek, ular o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan bo‘lsa, sud o‘gay o‘g‘il va o‘gay qizni o‘gay ota-onasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilishga haqli.
Savolga Chilonzor tuman DNI notariusi
Dilshod MAKSUMOV javob berdi
Voyaga yetmagan xodimga engilliklar bor
— Mehnat qonunchiligida 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga moddiy javobgarlik masalasida qanday yengilliklar, imtiyozlar belgilangan?
V.Qudratova
Chiroqchi tumani
Mehnat kodeksining 202-moddasida xodimning to‘liq moddiy javobgarligi hollari belgilangan. Unga ko‘ra, maxsus yozma shartnoma asosida unga ishonib topshirilgan qimmatliklarning saqlanishini ta’minlamagani uchun, bir martalik hujjat asosida olingan qimmatliklarning saqlanishini ta’minlamagani uchun, qasddan zarar yetkazgani uchun, alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari yoki toksik moddalar ta’siridan mast holatda zarar yetkazganda, xodimning sud hukmi bilan aniqlangan jinoyat harakatlari natijasida zarar yetkazilganda, tijorat sirlari oshkor etilganda, qonunlarda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda to‘liq javobgarlik belgilanadi.
18 yoshga to‘lmagan xodimlar faqat 3 holatda, ya’ni qasddan yetkazilgan zarar uchun, alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari yoki toksik moddalar ta’sirida jinoyat sodir etish natijasida yetkazilgan zarar uchun to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi.
Savolga Qarshi shahridagi 3-son DNI notariusi
Mavluda AZIZOVA javob berdi
Kafillik shartnomasi
– Kafillik shartnomasi qanday tuziladi? Uning qanday majburiyat va javobgarliklari bor?
T.Jabborov
Shayxontohur tumani
Kafillik azaldan mavjud tushuncha bo‘lib, kafil boshqa shaxs majburiyatini to‘la yoki qisman bajarish uchun uning kreditori oldida javob berishni o‘z zimmasiga oladi.
Fuqarolik kodeksining 4-bo‘limida kafillik shartnomasiga shunday ta’rif berilgan: «Kafillik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak. Bunga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib keladi. Kafillik shartnomasi kafil yoki qarzdor zimmasiga muayyan majburiyat va javobgarlikni yuklaydi. Deylik, qarzdor kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradi. Agar qonunda yoki shartnomada kafilning subsidiar javobgar bo‘lishi va boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob berishga majbur. Ya’ni, u foizlarni, kreditor ko‘rgan boshqa zararlarni, qarzni undirib olish bo‘yicha sud chiqimlarini to‘laydi».
Ta’kidlash kerakki, shartnomada ko‘rsatilgan kafillik muddati o‘tganidan keyin kafillik bekor bo‘ladi. Agar bunday muddat belgilangan bo‘lmasa, kreditor kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajarish muddati kelgan kundan boshlab bir yil davomida kafilga da’vo qo‘zg‘atmasa, kafillik bekor bo‘ladi.
Savolga Shayxontohur tumani DNI notariuslari
Muqaddas ABDUQODIROVA, Ma’mura NIYOZOVA
javob berdi |