Jumladan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish instituti — mahalla faoliyatining tashkiliy asoslarini yanada takomillashtirish, uning vazifalari ko‘lamini kengaytirish, mahalla institutining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan o‘zaro yaqin munosabatlarini ta’minlash, aholini aniq maqsad sari yo‘naltirish orqali mahallani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uni xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznesni rivojlantirish markaziga aylantirish modernizatsiya asoslaridan hisoblanadi. Bundan tashqari, davlat boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati olib borish tizimidagi vazifalarini yanada kengaytirishga jiddiy e’tibor qaratish zarur. “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari raislari saylovi tizimini yanada takomillashtirishda mahalla fuqarolari orasidan munosiblari oqsoqol va uning maslahatchisini saylashga katta ahamiyat beriladi. Fuqarolar ijtimoiy faolligini kuchaytirish uchun mahallaning ahamiyati va roli oshirilishini ta’minlaydigan chora-tadbirlar asosan ana shulardan iborat.
Yurtboshimiz tomonidan e’tirof etilgan mahalla institutini zamonaviy bosqichda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini hisobga olgan holda, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovining quyidagi o‘ziga xos jihatlarini ham e’tiborga olish maqsadga muvofiqdir:
— saylovning vakillik asosida o‘tishi uning eng muhim xususiyati bo‘lib hisoblanadi. Ya’ni, «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari fuqarolar yig‘ini tomonidan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa fuqarolar vakillari yig‘ilishi tomonidan ikki yarim yil muddatga saylanadi;
— fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar va ishchi guruhlarning tuzilishi va demokratik asosda o‘z vakolatlarini amalga oshiradi;
— fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar ko‘rsatish tegishli hududda yashovchi aholining fikrini hisobga olgan holda ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi;
— fuqarolar yig‘ini raislari (oqsoqollari) va uning maslahatchilarining miqdoriy tarkibi hovlilar, uylar, ko‘chalar, mahallalar, mavzelar va dahalardan vakillikni hisobga olgan holda fuqarolar yig‘ini tomonidan belgilanadi;
— fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylash ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi, ovoz berish shakli to‘g‘risidagi qaror fuqarolar yig‘ini tomonidan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi va hokozo.
Shu o‘rinda mazkur saylovlarni tartibga solib turuvchi mamlakatimiz qonun hujjatlarining universal hamda mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan xalqaro standartlarga mosligiga e’tiborni qaratish muhimdir.
O‘zini o‘zi boshqarish institutini shakllantirishda xorijiy tajribani o‘rganish alohida ahamiyatga ega. Masalan, bu borada katta nazariy va amaliy tajribaga ega Fransiyada o‘zini o‘zi boshqarishning asosini “kommuna”lar tashkil qiladi. (Fransiyada 36 mingdan ortiq kommunalar mavjud). Mazkur kommunaning oliy organi munisipal kengash bo‘lib, umumiy saylov orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri 6 yil muddatga saylanadi. Munisipal maslahatchilar mahalliy aholining umumiy soniga qarab 9 kishidan 69 kishigacha bo‘ladi. Munisipal kengashlarga saylangan shaxslar o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Mazkur davlatdagi kommunalarda aholining soniga qarab munisipal kengash a’zolarini saylashning ikki turi qo‘llaniladi. Kommunalarda aholisi 3500 dan kam bo‘lgan hududlarda saylovlar mojoritar tizimi bo‘yicha ikki bosqichda o‘tadi. 3500 va undan aholisi ko‘p bo‘lgan kommunalarda saylovning mojoritar va proportsional tizim birga qo‘shilib o‘tkaziladi.
Germaniyada esa, o‘zini o‘zi boshqarishning hududiy birligini, shahar va qishloqlarda mavjud bo‘lgan “obshina”lar tashkil qiladi. Germaniyaning butun hududi 12 mingdan ortiq obshinadan iborat bo‘lib, tarkibiga bir necha obshinalarni oladigan — qishloq-tumanlari, aholisi 100 ming kishidan ko‘p hamda tumanlarga bo‘ysunmaydigan — shahar-tumanlari va katta shaharlarni tashkil qiladi.
Oydinlik kiritilayotgan masala yuzasidan xorijiy mamlakatlarning tajribasi o‘rganilganda, davlatimiz rahbari tomonidan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi”da ilgari surilgan masala yuzasidan ayrim xorijiy mamlakat ekspertlari o‘z fikrlarini bildirib o‘tganligini qayd etib o‘tish lozim. Jumladan, «Germaniya — O‘zbekiston» do‘stlik jamiyati prezidenti Volfgang Shrayber: «Mahalla — O‘zbekiston fuqarolik jamiyatining noyob institutidir. Mahalla o‘z faoliyatida odamlarning o‘y-fikrlari, orzu-istaklari va manfaatlarini ifodalaydi. U xalqning o‘ziga xos ovozi hisoblanadi. Mamlakatingiz Prezidentining parlament palatalarining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda yangi va kuchli omil bo‘ladi. Mamlakatingizda mahallaning va siyosiy partiyalarning roli yanada oshadi» deya ta’kidlashining o‘zi ham bevosita fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini takomillashtirishga doir quyidagi fikr-mulohazalarni bildirish maqsadga muvofiq:
Birinchidan, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga tashkilotchilik qobiliyatiga ega, halol, bilimdon, tajribali hamda aholi o‘rtasida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan kishilar saylanishi muhimdir. Ana shunday kishilarni aniqlash maqsadida ayrim joylarda mahalla ahli o‘rtasida oldindan ijtimoiy so‘rov o‘tkazish ma’qul bo‘lar edi. Nomzodlar siyosat, iqtisodiyot va huquq masalalarini yaxshi bilishi, yangicha fikrlovchi kishilar bo‘lmog‘i darkor. Ushbu lavozimlarga faqat yoshi katta kishilar emas, balki katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan tashabbuskor yoshlar ham nomzod qilib ko‘rsatilmog‘i lozim. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari oldida turgan murakkab mas’uliyatli vazifalarni hal etish, aholi bilan ishlashga shayligi va ularni o‘z ortidan ergashtira olish mahorati nomzodlarning asosiy xislati bo‘lmog‘i kerak.
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi Qonunida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Lekin ishchi guruhining tarkibini shakllantirish mexanizmi, ishchi guruh tarkibiga a’zolarining kiritilish tartibi qonun hujjatlarida belgilanmagan. Qonunchilikdagi mazkur bo‘shliq, avvalo, nomzodlarni ko‘rsatish va saylovni o‘tkazishda har xil anglashilmovchilikka olib kelishi mumkin. Shundan kelib chiqib, qonunda ishchi guruh tarkibini shakllantirish tartibi aniq belgilab qo‘yilishi lozim.
Uchinchidan, ma’lumki, umume’tirof etilgan huquqiy normalarga asosan sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarning saylovlarda ishtirok etishi cheklanadi. Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi Qonuni 4-moddasi uchinchi qismini “Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan fuqarolarning fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida ishtirok etishi mumkin emas” tarzda bayon etish maqsadga muvofiq.
To‘rtinchidan, Qonunda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlarni ko‘rsatish tartibining aniq mexanizmi belgilanmagan. Qonunning 12 va 14-moddalarida tegishli hududda yashovchi aholining fikrini hisobga olgan holda, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) vazifasiga nomzodlar bo‘yicha takliflar tayyorlash fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh zimmasiga yuklatilgan. Lekin ishchi guruhga nomzod kim tomonidan kiritilishi, tegishli hududda yashovchi aholining nomzod haqidagi fikri qanday o‘rganilishi haqidagi masalalar ochiq qolgan. Bu qonun normasini turlicha talqin qilish, nomzodlarni aholi bilan kelishmasdan tor doiradagi shaxslar tomonidan ko‘rsatilishi holatlariga sabab bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi tizimini takomillashtirilishi mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiyalash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishdagi, “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” prinsipini amalga oshirishdagi rolini yanada kuchaytirishga olib keluvchi yana bir mantiqiy qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Zokir YAKUBOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi
instituti yetakchi ilmiy xodimi |