Huquq

14 Iyul 2011 15:41
SOHA TAKOMILLASHMOQDA
Respublikamizda yo‘lovchi tashish sohasini yanada rivojlantirish, aholiga xalqaro talablar darajasida transport xizmati ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 may kuni qabul qilingan «Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ayni shu maqsadlar ko‘zda tutilgan.
Chunonchi, mazkur qarorda 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab respublikamizda aholiga taksi xizmati ko‘rsatishni tartibga solish maqsadida qator chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Shu munosabat bilan biz O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi hamda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi yo‘lovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamentida bo‘lib, yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini yangidan tashkil etishning yo‘l-yo‘riqlari bilan qiziqdik.
— Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, respublikamizning barcha joylarda yo‘lovchi tashiydigan taksilar yuridik maqomga ega firmalar tarkibiga birikadigan bo‘ldi, — deya tushuntirish berdi respublika avtomobil va daryo transporti agentligi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Tohirxo‘ja Jamolxo‘jayev. — Shuningdek, yo‘nalishsiz taksilar uchun respublikamiz viloyatlarida sariq, poytaxtimizda qaymoqrang tanlandi. Bunday avtomashinalar maxsus jihozlanib, vaqti-vaqti bilan nazoratdan o‘tkazib turiladi. Bir so‘z bilan aytganda, yo‘lovchilar uchun duch kelgan avtomobildan emas, yo‘lovchi tashish talablariga  javob beradigan taksilar xizmatidan foydalanish imkoniyati tug‘iladi.
Qolaversa, taksi xizmati ko‘rsatib, yo‘lovchining uzog‘ini yaqin qilmoqchi bo‘lgan shaxsiy avtomobil egasiga qator qulayliklar yaratiladi. Masalan, taksi haydovchisi ham, uning mashinasi ham sug‘urta qilinadi. Vaqti-soati kelib nafaqa hujjatlari risoladagiday ras­miylashtiriladi. Mehnat ta’tili beriladi, belgilangan ish soatini yakunlagach, dam olishi ta’minlanadi.
Hozir-chi? Hozir, ayniqsa, kimningdir mashinasini ijaraga olib, taksichilik qilayotgan kishilar kelishilgan ijara pulidan tezroq qutulish maqsadida yo‘lovchining xavfsizligi u yoqda tursin, hatto o‘zining sog‘lig‘ini ham o‘ylashmayapti. Ularning ko‘pchiligi  sutkasiga hatto 18-20 soatlab rulda yuradilar. Tabiiyki, mashinaning texnik soz-nosozligiga ham e’tibor bermaydilar. Bularning bari yo‘lovchilar xavfsizligiga rahna soladi, albatta.
— Bilishimizcha, poytaxtimizda «Lasetti», «Neksiya», «Matiz» va «VAZ-2107» rusumidagi avtomobillarga yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatishga ruxsat berilgan. Bu qoida viloyatlarda qanday tartibda amalga oshiriladi? — deb so‘radik suhbatdoshimizdan.
— Avvalambor, qarorda ham, u bilan birga tasdiqlangan nizomda ham alohida rusumdagi avtomobillar tanlab olinmagan. Shunday ekan, viloyatlarda to‘q sariq rangga bo‘yalgan, tashqi belgilari va ichki jihozlari talablar bo‘yicha o‘rnatilgan barcha mashinalar taksi xizmatini amalga oshirishlari mumkin. Ammo ishlab chiqarilgan yili eski, texnik holati talabga javob bermaydigan avtomobillarni yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan firma rahbarlari ijaraga olmasliklari ham ehtimoldan uzoq emas. Chunki bunday yengil mashinalar tez-tez buzilishi va boshqa sabablar tufayli aholiga xizmat ko‘rsatish saviyasini pasay­ti­rish­lari mumkin.
— Hozirgi kunda yengil avto­mobil­larda yo‘lovchi tashish bilan noqonuniy shu­g‘ul­la­na­yotganlarga qanday jazo  chora qo‘l­lanilayapti?
— Bugungi kunda noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullangan shaxslarga nisbatan eng kam ish haqining 20 dan 150 barobarigacha jarima solish qonunchilikda ko‘zda tutilgan.
Bunday qonun buzilishi jarima solingandan keyin bir yilgacha takrorlansa haydovchini jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan choralar belgilangan.
Matyoqub NARZIYEV,
«Hurriyat» muxbiri

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM