Yurtboshimiz tomonidan ishlab chiqilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi”da “Xolisona tahlil, islohotlarimizning mantig‘i va izchilligi, ularning eng zamonaviy bozor normalariga muvofiqligini baholash iqtisodiyotni boshqarish tizimini yanada chuqurlashtirish, takomillashtirish va liberallashtirish bo‘yicha jiddiy ehtiyoj mavjudligini ko‘rsatmoqda”, deya ta’kidlangan. Ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlikka ko‘proq erkinlik berish, soha rivoji yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat iqtisodiyotidagi roli va ulushini oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirish, aholi bandligi va daromadlarini ta’minlash maqsadida qabul qilingan “Kichik bisnes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni ham xuddi shunday talab-ehtiyojlarni o‘zida mujassam etgan muhim normativ-huquqiy hujjatlardan biri bo‘ldi.
Ushbu Farmonda “tadbirkorning haqligi prezumptsiyasi” printsipining belgilanishi tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan milliy qonunchiligimizdagi juda muhim norma va yangilik sanaladi. Mazkur printsipning tub mohiyati tadbirkorlik sub’ektlarining barcha darajadagi davlat boshqaruvi idoralari, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, tijorat banklari bilan o‘zaro munosabatlarida tadbirkorlar huquqlari ustuvorligi printsipiga amal qilinishi, me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha ziddiyat va noaniqliklar tadbirkorlar foydasiga talqin etilishini anglatadi.
Farmonda 2012 yilning 1 yanvaridan sanoat sohasidagi mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 6 foizdan 5 foizga kamaytirilishi belgilab qo‘yildi. Kamaytirilgan tartibdagi bunday yagona soliq to‘lovi stavkalarining o‘rnatilishi kichik biznes sub’ekti hisoblangan mikrofirma va kichik korxonalarda ishchanlik kayfiyatini kuchaytiradi. Qolaversa, mazkur imtiyozga tadbirkorlik sub’ektlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor, shuningdek, ularning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligi kafolati sifatida qaraydigan bo‘lsak, bu albatta, tadbirkorlarning o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish sari ikkilanmasdan harakat qilishlari uchun ma’lum ma’noda “turtki” hisoblanadi.
Bundan tashqari, Farmonga muvofiq 2011 yilning 1 oktyabridan boshlab quyidagi tartiblar joriy qilinadi:
birinchidan, soliqlar, bojxona bojlari va yig‘imlari, shuningdek, boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash muddatlarini buzganlik uchun penya miqdorini kechiktirilgan har bir kun uchun penyani hisoblash tartibi saqlangan holda, amaldagi miqdoriga nisbatan uchdan bir qismiga kamaytiriladi. Soliq kodeksining 120-moddasiga ko‘ra, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash muddatlarini buzish to‘lovning belgilangan muddatidan keyingi kundan e’tiboran muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun (to‘lov kuni ham shunga kiradi) 0,05 foiz miqdorida penya hisoblashga sabab bo‘ladi. Hisoblangan miqdorning kamaytirilishi esa, tadbirkorlarga davlat tomonidan berilayotgan katta rag‘bat hisoblanadi;
ikkinchidan, yuridik shaxslar tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha hisoblangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni, shuningdek, moliyaviy sanktsiyalarni ularni undirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan boshlab 6 oy mobaynida teng ulushlarda bo‘lib to‘lash huquqiga ega bo‘ladi. Shuni e’tirof etish lozimki, tadbirkorlik sub’ektlariga yuqorida ta’kidlangan mavjud qarzlarni 6 oy mobaynida teng ulushlarda to‘lash huquqining berilishi hamda uning qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilishi vakolatli organ mansabdor shaxslarining tadbirkorlarga o‘tkazishi mumkin bo‘lgan turli noqonuniy tazyiqlarning oldini oladi.
Shuningdek, Farmonda barcha kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini 2014 yilning oxirigacha soliq va moliyaviy hisobotlarni topshirishning elektron tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazilishi qayd etilgan. Mazkur elektron tizim, eng avvalo, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga ularning ishchanlik faoliyatini kuchaytirish, qolaversa, ularning soliq va moliyaviy hisobotlarni topshirish bilan bog‘liq ishlarini osonlashtirish maqsadida yaratilayotgan yengilliklardan biri hisoblanadi. Qolaversa, bunday elektron tizimning joriy etilishi nafaqat kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga, balki vakolatli davlat organlariga ham o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlarida qulayliklar yaratadi.
Farmonda tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan bank faoliyatining yanada ochiqligini oshirish va liberallashtirish maqsadida quyidagi imtiyozlar berildi:
1) 2011 yil 1 sentyabrdan kichik biznes sub’ektlaridan tijorat banklarida milliy valyutada hisobraqam ochganlik uchun to‘lov undirishni bekor qilish;
2) tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining kelishilgan hajmda kreditlar ajratish haqidagi arizalarini ko‘rib chiqish muddatini 3 bank kunidan oshmaydigan muddat bilan cheklash;
3) xo‘jalik sub’ektlari tomonidan savdo va servis sohasida xarid qilinadigan tovar (ish, xizmat)lar uchun korporativ plastik kartalardan foydalangan holda to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lov terminallari cheklarini birlamchi buxgalterlik hujjatlariga tenglashtirish;
4) kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga bank muassasalariga eng kam oylik ish haqining yigirma barobari miqdorigacha bo‘lgan naqd pul tushumini mustaqil topshirish huquqini berish.
Yuqorida qayd etilganlaridan tashqari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat iqtisodiyotidagi roli va ulushini oshirish, eksport salohiyatini rivojlantirish mazkur Farmonning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli Farmonda mikrofirmalar va kichik korxonalar o‘zi ishlab chiqargan tovar (ish, xizmat)larni eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumining 50 foizini majburiy sotishdan ozod etilishi hamda xo‘jalik sub’ektlari o‘rnatilgan texnologik uskunalarga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha respublika hududiga olib kelinadigan ehtiyot va butlovchi qismlar uchun 2016 yil 1 yanvarigacha bojxona rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ham ozod etilishi belgilab qo‘yildi. Bunday tartiblarning belgilanishi esa, mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan jahon standartlariga javob bera oladigan tovarlarni ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish ehtiyojini kuchaytiradi. Ehtiyot va butlovchi qismlarni olib kirish uchun rag‘batlantirish esa, xo‘jalik sub’ektlarining texnologik uskunalarini modernizatsiya qilish va yangilash, shu orqali sifatli tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun texnik nosozliklarning oldini oladi, o‘z navbatida, texnologik takomillashuvni ta’minlaydi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, mazkur Farmon kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha to‘siq va g‘ovlarga barham berish, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarining davlat boshqaruv idoralari, soliq va nazorat organlari, shuningdek, bank muassasalari bilan o‘zaro munosabatlardagi faoliyatini soddalashtirish, ularning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi iqtisodiy munosabatlarda ishtirok etishlari uchun qulayliklar yaratishda, shular orqali sohani yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Olim FAYZIYEV,
Davron QALANDAROV,
Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasining mas’ul xodimlari
|