Huquq

18 Yanvar 2012 19:37
YER OSTI NE’MATLARI HAM BOYLIGIMIZ
Odamzotda o‘z ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan ne’matlarni izlab topish instinkti paydo bo‘lgandan buyon o‘tgan davr mobaynida taraqqiyot  olamshumul bosqichlarga guvoh bo‘ldi. Ammo rivojlanish yuksalgani sari ehtiyoj ham orta bordi. Bugun ham shunday.
Insoniyat talab va ehtiyojlari ona tabiat, ona zamin boyliklariga  chambarchas bog‘liq. Ulardan tejab-tergab foydalanish, kelajak avlodlar uchun ham zurur bo‘ladigan ne’matlarni saqlash endilikda dunyo miqyosidagi dolzarb masalaga aylandi. Ayniqsa, mineral xomashyoga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish uchun zarur qazilma ishlarini bexatar amalga oshirishni ta’minlash, shuningdek, bu murakkab ish bilan band bo‘ladigan fuqarolarning huquqlarini, shaxs, jamiyat va davlatning manfaatlarini himoya qilishda yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Zero, qabul qilinayotgan qonunlarning har tomonlama puxta ishlanib, takomiliga yetkazilishi, hech shubhasiz, inson manfaatlariga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda, mamlakatimiz hududida tarkibida yuzdan ortiq mineral xomashyolar bo‘lgan foydali qazilmalar mavjudligini, ulardan oltmish turi bugun xalq xo‘jaligida keng ishlatilayotganligini alohida ta’kidlash zarur.
O‘zbekiston oltin, uran, mis, tabiiy gaz, volfram, kaliy tuzi, fosforit, kaolin kabi foydali qazilmalar zaxirasi bo‘yicha nafaqat MDHda, balki jahonda yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Xususan, oltin zaxirasi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi, uni qazib olish bo‘yicha yettinchi, mis zaxirasi bo‘yicha o‘ninchi o‘rinni egallaydi.
Albatta, yuqorida ko‘rsatilgan tabiiy resurslarga egalik qilish, ulardan foydalanish va tasarruf etishda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish uchun bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish — zamon talablaridan biridir.
Ma’lumki, 2011 yil 2 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasining “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq hamda noruda foydali qazilmalar mavjud bo‘lgan yer qa’ri uchas­t­kalaridan omilkorlik bilan, oqilona va samarali foydalanishni ta’minlab beradigan ta’sirchan huquqiy mexanizmni yaratishdan iboratdir.
Qarorning uchinchi bandiga muvofiq, “Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi to‘g‘risida”gi hamda “Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Komissiyasi to‘g‘risida”gi nizomlar tasdiqlandi. Shuningdek, qarorning 6-bandini bajarish maqsadida “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 26 va 27-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro tajriba, xorijiy davlatlarning sohaga oid qonun hujjatlari atroflicha o‘rganildi.
Ta’kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 26 va 27-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun quyi palata tomonidan  2011 yil 1 noyabrda qabul qilinib, yuqori palata — Senat tomonidan ma’qullandi hamda 2011 yil 22 dekabrda kuchga kirdi.
Qonunning 1-moddasi birinchi bandiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi Qonuni 26-moddasi yettinchi qism bilan to‘ldirildi. Bunga ko‘ra, endilikda ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek, foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda daryolarning o‘zanlarini, kanallar va kollektorlarni tozalashda litsenziya olish talab qilinmaydi. Shu o‘rinda mazkur Qonunning 31-moddasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, unga ko‘ra, yer egalari va yerdan foydalanuvchilar o‘zlariga berilgan yer uchastkalari doirasida o‘z xo‘jalik va ro‘zg‘or ehtiyojlari uchun davlat balansi hisobiga olinmagan, keng tarqalgan foydali qazilmalarni kavlab olishi (portlatish ishlarini qo‘llamagan holda) hamda yer osti inshootlarini qurishni litsenziya olmasdan amalga oshirish huquqiga ega ekanligi mustahkamlangan. Ko‘rinib turibdiki, avval faqat yer qa’ridan xo‘jalik va ro‘zg‘or ehtiyojlari uchun litsenziya olmasdan foydalanilar edi. Endi esa litsenziya talab qilinmaslik sohasidagi qoidalar foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda, daryolarning o‘zanlarini, kanallar va kollektorlarni tozalashda ham qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasiga kiritilgan o‘zgartish mazmun-mohiyati shundan iboratki, endilikda geologik jihatdan o‘rganish, tajriba-sanoat yo‘sinida kavlab olish, noruda foydali qazilmalarni kavlab olish, texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalar Vazirlar Mahkamasining Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish bo‘yicha komissiyasi tomonidan beriladigan bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, “Yer osti boyliklari to‘g‘risida”gi Qonunning 26 va 27-moddalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar noruda foydali qazilmalar mavjud bo‘lgan yer qa’ri uchastkalaridan oqilona foydalanishni ta’minlab beradigan ta’sirchan huquqiy mexanizmni yaratishga yanada kengroq xizmat qiladi.
Zafar RO‘ZIEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti
yetakchi ilmiy xodimi

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM