— Oila kodeksining 58-moddasida bu haqda to‘liq bayon etilgan. Unga ko‘ra, aka-uka va opa-singillar “yot aralashmagan” va “yot aralashgan” qarindoshlar bo‘lishi mumkin. Aka-uka va opa-singillar bir ota-onadan tug‘ilgan bo‘lsa, “yot aralashmagan qarindosh” hisoblanadi. Agar ota bir, ona boshqa yoki aksincha bo‘lsa, “yot aralashgan qarindosh” hisoblanadi. Yot aralashmagan qarindoshlikda aka-uka va opa-singillar tug‘ishgan, yot aralashgan qarindoshlikda esa aka-uka va opa-singillar o‘gay hisoblanadi.
Shuningdek, Oila kodeksiga muvofiq, er-xotinning ilgarigi nikohlaridan bo‘lgan bolalari o‘zaro qarindosh hisoblanmaydi, deb belgilangan.
Savolga M.Ulug‘bek tumanidagi
11-sonli DNI notariuslari Shuhrat MADALIYEV va
Shuhrat RUSTAMOV javob berdi.
Vasiyatnoma qanday yoziladi?
— Tog`am keksaligi va kasalligi sababli vasiyatnomani imzolay olmaydi. Uning o`rniga jiyani sifatida men imzolashim mumkinmi? Umuman vasiyatnoma qanday tuziladi?
B.Jo‘rayev
Olmazor tumani
— Mumkin. Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius huzurida (vasiyat qiluvchi o‘z qo‘li bilan imzolay olmagani sabablari ko‘rsatilgan holda) boshqa shaxs imzo qo‘yishi mumkin. Faqat quyidagi shaxslar bundan mustasno:
— notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs;
— vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs va uning oila a’zolari, shuningdek, vasiyat qiluvchining qonun bo‘yicha merosxo‘rlari;
— to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmagan fuqarolar;
— savodsiz, vasiyatnomani o‘qiy olmaydigan boshqa shaxslar;
— yolg‘on guvohlik berganligi uchun muqaddam sudlangan shaxslar;
— qonunda ko‘rsatilgan boshqa shaxslar.
Vasiyatnoma shaxsan tuziladi, uni vakil orqali tuzish mumkin emas. Bundan tashqari, vasiyatnoma yozilgan joyi va vaqti ko‘rsatilgan holda yozma shaklda tuziladi. Bunda vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanib, familiyasi, ismi va otasining ismi to‘liq yozilishi shart.
Savolga Olmazor tumanidagi 11-sonli DNI
notariusi Rahima JO‘RAYEVA javob berdi.
Yoshlar tarbiyasida muhim qonun
— Voyaga yetmaganlar o`rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini qaysi organlar, muassasalar amalga oshiradi?
R.Shodiev
Shayxontohur tumani
Savolingizga 2010 yilning 30 sentabridan kuchga kirgan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonundan javob topish mumkin. 6 bob, 36 moddadan iborat mazkur Qonunning maqsadi voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunning 2-bobida voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar, muassasalar tizimi belgilab berilgan. Ular voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar, ichki ishlar organlari, ta’limni boshqarish organlari va ta’lim muassasalari, vasiylik va homiylik organlari, sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlaridir. Mazkur organlar hamda muassasalarning moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti (32-modda), nizolarni hal etish (33-modda) va qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik (34-modda) tartiblari ham Qonunda qat’iy belgilab qo‘yilgan.
M.MANSUROVA,
Shayxontohur tumanidagi 7-son DNI notariusi
Xotiningizning roziligi shart emas
— Amakim menga hovlisini hadya qilib ketgan. Hozir uni sotmoqchiman. Buning uchun turmush o`rtog`imning roziligi talab qilinadimi?
Qayrat Nurmatov
Ohangaron tumani
— Amaldagi qonunchilikka muvofiq, er-xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shu bilan birga, nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulklari ulardan har birining o‘z mulki hisoblanadi. Shu sababli ham ushbu mulklarni tasarruf etishda sotuvchi turmush o‘rtog‘ining roziligi talab etilmaydi.
Demak, agar haqiqatda nikoh davomida hadya yoki meros tariqasida mol-mulk sizga qolgan bo‘lsa va bu rasmiylashtirilgan bo‘lib, yetarli hujjatlar taqdim etsangiz, turmush o‘rtog‘ingizning roziligi shart emas.
Savolga Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 7-sonli DNI notariusi
Kamoliddin Qambarov javob berdi.
ULUG‘ FALSAFA
Yurtboshimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida 2012 yilga “Mustahkam oila yili” deb nom berishni taklif qilar ekan, shunday dedi: “Ongli yashaydigan har bir odam yaxshi anglaydiki, bu yorug‘ olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, hayot abadiyligi, bebaho ne’mat bo‘lmish farzand bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha kelajagini o‘ylab, ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi”.
Darvoqe, mamlakatimizda yoshlarga — farzandlarga berilayotgan imtiyozlar va qulayliklar bugungi kunda boshqa mamlakatlarda kamdan-kam uchraydi. Ayniqsa, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi ana shu g‘amxo‘rlikning yaqqol dalilidir. Qonun 32 moddadan iborat bo‘lib, unda bola huquqlarining kafolatlari sohasidagi munosabatlar tartibga solingan. Shu bilan birga, bola — o‘n sakkiz yoshga to‘lganga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs, bolaning qonuniy vakillari — ota-onalar, farzandlikka oluvchilar, vasiylar, homiylar, vasiylik va homiylik — ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ta’minoti, tarbiyasi, ta’limi, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy shakli kabi qator izohli tushunchalar qonun moddalarini oddiy kishilar uchun ham tushunarli bo‘lishini ta’minlaganligi maqsadga muvofiqdir.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari har bir bolaga inson huquq-erkinliklari tegishli ekanini, ular davlat tomonidan kafolatlanishini ta’minlaydi. Davlat bolalarni barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilish yo‘lida muttasil zarur choralarni ko‘rib boradi. Qonunda bolalarning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va kafolatlari aniq bayon qilingan. Masalan, 8-moddada “Yashash huquqi har bir bolaning uzviy huquqidir, bola hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir” deb ko‘rsatilgan. Bolaning mehnat qilish huquqi kafolatlari esa 20-moddada ±rqin ifoda topgan.
Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari o‘z ma’ruzasida odamzot doim farzandi kelajagini o‘ylab yashashini ta’kidlaganlari bag‘oyat ibratli falsafadir. Zero, farzandlar, yoshlar — har bir yurt va millat kelajagi, salohiyati, kuch-qudrat manbai. Taraqqiyotga intilayotgan har qanday jamiyat borki, ular haqda g‘amxo‘rlik qilishni birinchi galdagi vazifa deb biladi. Yana Yurtboshimiz ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart”.
Xolida HAMROYEVA,
G‘ijduvon tumanidagi 1-son davlat notarial idorasi notariusi
Huquqiy kafolat
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan buyon azaliy an’analarimizni o‘zida mujassam etgan ko‘pgina yangi huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi. Jumladan, Prezidentimizning 2009 yil 1 iyuldagi “2009-2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sog‘lom oilani shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 iyuldagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori oila va turmushga nisbatan mas’uliyatni tubdan kuchaytirishga xizmat qiladi. Umuman olganda, ushbu me’yoriy hujjatlarda belgilangan tadbirlarni hayotga izchil tatbiq etish orqali oilalar mustahkamligi to‘la kafolatlanadi, natijada ayrim oilalarda beqarorlikka sabab bo‘layotgan masalalar, otalikni belgilash va yolg‘iz onalar muammosi ham o‘z yechimini topadi. Albatta, kamchilik va nuqsonlar o‘z-o‘zidan barham topmaydi. Ota-bobolarimizning oila, turmushga oid boy ma’naviy merosidan, tajribalaridan ibrat olib, nojoiz illatlarga qarshi yanada izchil kurash olib borish lozim.
Yangiobod va Zafarobod tumanlari FHDYO bo‘limlari tomonidan turmush va nikoh mustahkamligi mavzusidagi targ‘ibot ishlari doimiy ravishda olib borilmoqda. Zero, oila qancha mustahkam bo‘lsa, umrning baxtli, fayzli onlari, ne’matlari barchaga birday tatiydi. Shu nuqtai nazardan amaldagi qonunlar, huquqiy-me’yoriy hujjatlar har bir oilaning farovonligi va mustahkamligini kafolatlaydi.
Dilfuza UMMATOVA,
Zafarobod tuman FHDYO
bo‘lim mudiri,
Gulzoda HAYDAROVA,
Yangiobod tuman FHDYO
bo‘lim mudiri |