Men yaqinda “Kelajak ovozi-2011” ko‘rik tanlovining “Nazm” yo‘nalishi bo‘yicha respublika bosqichi g‘olibi Mehrinoz Abbosova bilan suhbatlashib qoldim. Uning o‘z akasiga bo‘lgan cheksiz hurmati, sog‘inchini his etib, bu haqda yozishga qaror qildim. Zero, Mehrinozning qalbidagi iftixor, sog‘inch hislari o‘z yaqinlarini, jigarlarini harbiy xizmatga kuzatgan insonlar uchun begona bo‘lmasa kerak.
— Men Mehrinoz Abbosova Namangan davlat universiteti qoshidagi akademik litseyining 1-bosqich talabasiman. Kichik akam, oddiy askar Azizbek Abbosov hozirda Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi maxsus-chegara qo‘shinida xizmat burchini o‘tamoqda. To‘g‘risini aytsam, akam yoshligidan juda kamgap, jiddiy yigit edi. Harbiy xizmatga ketganlaridan so‘ng, bir oy o‘tib bizga maktub jo‘natdilar. O‘z qo‘li bilan yozilgan maktubda insonning ko‘ngil kechinmalari aks etadi. Xat — qalbning ko‘zgusi, deb bejiz aytishmas ekan. Biz akamning maktublarini o‘qib, hayron qoldik. Ular harbiy xizmatga ketayotganlarida biz juda ham xavotirlangandik, men ham o‘z oilasidan uzoqda yashab, qiynalib qolmasmikan, deb hadiksiragandim. Lekin akam o‘z maktublarida cheksiz sog‘inchlarini chiroyli misralar bilan ifodalab, Armiya — chinakam hayot maktabi ekanligini, xalqimizga munosib farzand bo‘lib tarbiyalanishlarida harbiy xizmatning o‘rni kattaligini va kelajakda shu sohada faoliyat olib borishni o‘z oldiga ulkan maqsad qilib qo‘yganligini ta’kidlab o‘tganlar. Xatni o‘qib bo‘lgach, ko‘ngim taskin topib, yurtini, ona-zaminini, oilasini, yaqinlarini, qolaversa, o‘z singlisini har qadamda himoya qila oladigan akam borligidan faxrlandim.
O‘ylanib xayollar suraman asta,
Aka, mardligingiz siri nimada?!
Yoki sizga yormi payg‘ambar sehri?...
Chegarada posbon, akam aytarlar:
“Asrar g‘animlardan Vatanning mehri...”
Mehrinozning akasiga atab yozgan she’rida uning cheksiz singillik muhabbati, sog‘inchi aks etgan. Va shu o‘rinda akasi ham Vatanga bo‘lgan sadoqati, uning o‘z volidasidek tabarruk va bebaho ekanligini ta’sirchan misralar ila ifodalagani har bir yurtdoshimiz qalbida vatanparvarlik hissini uyg‘otsa, ajab emas.
Xalqimizda “Oilang tinch bo‘lsa, ishingda unum bo‘ladi” degan hikmat bor. Shunday ekan, aholi farovonligi va davlat taraqqiyotining muhim garovi bo‘lgan tinchlik, osoyishtalik va xavfsizlikni, sarhadlarimiz dahlsizligini himoya qilishdek sharafli vazifani o‘z zimmasiga olgan askar akalarimizga mustahkam sog‘liq, so‘nmas iroda va kuch-g‘ayrat tilaymiz.
Feruza ALIQULOVA,
O‘zDJTU talabasi
|