Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan pirovard natija har bir fuqaroning, ayniqsa, yoshlarning mustaqil dunyoqarashga ega, jamiyatda kechayotgan tub islohotlar mohiyatini to‘g‘ri anglay oladigan va ularda munosib ishtirok etadigan shaxslar etib tarbiyalashdan iborat. Shu bois, yurtimizda yaqin kelajakda jamiyatning ilg‘or bo‘g‘ini bo‘lib yetishadigan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor qaratilgan. Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan imkoniyati cheklangan yoshlar ham benasib emas, albatta.
Shunisi e’tiborliki, bugun yurtimizda nogiron yoshlarni o‘qitish, ularga har tomonlama ko‘mak berish yo‘lida bir qancha amaliy ishlar bajarilmoqda. Chunonchi, birgina poytaxtimiz miqyosida tashkil etilgan maxsus maktab-internatlardagi mavjud sharoitlar bu yerda ta’lim olayotgan yoshlarning imkoniyatlaridan kelib chiqib yaratilgani diqqatga sazovordir. Misol tariqasida inklyuziv ta’lim tizimi aynan nogiron bolalarning sifatli va qulay ta’lim olishini ta’minlashga qaratilgandir. Bunday ta’lim uslubi xalqaro standartlarga mosligi bilan ham katta ahamiyatga ega.
— Dunyoda bizdagi kabi maxsus ta’lim tizimi ma’lum darajada taraqqiy etgan, — deydi bu haqda Toshkent shahri Olmazor tumani xalq ta’limi bo‘limi xodimi Ra’no Ergasheva. — Yurtimizda bu tizimga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tish emas, balki muqobil ta’lim turini joriy qilish nazarda tutilgan. “Inklyuziv” atamasining ma’nosiga to‘xtaladigan bo‘lsak, uni aqliy va jismoniy rivojlanishlarida muammolari bo‘lgan bolalarning sog‘lom tengqurlari bilan uyg‘un tarzda ta’lim olishini tashkil etish deb tushunish kerak. Tumanimizdagi 100-, 102- va 106-maktablarda mazkur ta’lim tizimi joriy etilgan bo‘lib, ularda nuqsonli bolalar o‘z tengdoshlari safida bilim olishmoqda. Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yil 13 sentyabrdagi “Imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashgan davlat ta’lim muassasalari to‘g‘risida me’yoriy huquqiy hujjatlar haqida”gi qaroriga asosan endilikda viloyatdan kelib maxsus maktab-internatlarida ta’lim oluvchilarga o‘z hududlarida shunday maktablarda o‘qish imkoniyati yaratiladi. Bu esa harakati hamda imkoniyati cheklangan bolalarning ta’lim olish darajasini oshirishga zamin yaratadi.
Albatta, ko‘rish va eshitish qobiliyati yo‘q bolalarni maxsus tartibda o‘qitish to‘la ma’noda o‘zini oqlaydi. Ayniqsa, dunyoni qalb ko‘zi bilan anglovchi yoshlar tafakkurini boytish uchun qilinayotgan ishlar tahsinga loyiq.
— Bu haqda gapirganda, avvalo, shuni alohida aytish o‘rinliki, aynan mustaqillik yillarida ko‘zi ojizlarning ta’lim olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi, — deydi bu haqdagi fikrimizni rivojlantirib O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari Dilmurod Sultonov. — Ayni paytda ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan JAWS dasturiy ta’minoti asosida nogironlarni kompüyuterda ishlashga o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozirda Ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi tashabbusida poytaxtimizdagi “San’at gulshani” madaniyat saroyi va Respublika ko‘zi ojizlar markaziy kutubxonasida kompüyuter sinflari tashkil etildi. Natijada o‘nlab ko‘rish imkoniyati cheklangan talaba-o‘quvchilar maxsus saboqlardan bahramand bo‘lishmoqda. Shu bilan bir qatorda, ushbu yo‘nalish bo‘yicha O‘zKOJ tomonidan joriy yilda JAWS dasturiy ta’minoti asosida ko‘zi ojiz nogironlarga kompyuter savodxonligi kurslari o‘qituvchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etish, ko‘zi ojizlar uchun Brayl yozuvida kompüyuter ta’limi o‘quv qo‘llanmasini yaratish harakatidamiz. Bu Markaziy Osiyoda birinchi marta qilinayotgan ish bo‘lib, uning joriy etilishi imkoniyati cheklangan kishilarga katta qulayliklar yaratadi.
Bu kabi qulayliklarning yaratilishi yaxshi, albatta. Sababi fan yangiliklaridan boxabar bo‘lish, kitob o‘qib, ma’naviy salohiyatini oshirishda Brayl yozuvining o‘rni katta. Biroq JAWS dasturiy ta’minoti bo‘yicha saboq beruvchi murabbiylar yetarli bo‘lsa-da, bu jarayonning viloyatlar miqyosida tashkil etilishi negadir sust. Buning sabablarini D.Sultonov shunday izohlaydi:
— Darhaqiqat, O‘zKOJning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar boshqaruvlari qoshida maxsus jihozlangan kompyuter xonalaridan minglab ko‘zi ojiz insonlar foydalanishi, shuningdek, kasb-hunar o‘rganishi jamiyatga qarashli korxona-tashkilotlarni o‘zida qamrab oluvchi yagona axborot almashinuv tizimini barpo etishga sharoit yaratiladi. Shuningdek, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limiga jalb etish darajasi qonuniy asosga ega bo‘lsa-da, bu borada yechimini kutayotgan muammolar ham bor. Bu kabi muammolarga ijobiy yechim topish uchun davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz zarur.
Yaqinda Yurtboshimiz tomonidan qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qarorda imkoniyatlari cheklangan shaxslar (ko‘zi ojizlar, kar-soqovlar)lar uchun adabiyotlarni sotishdan olingan foydadan foyda solig‘i hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘ini to‘lashdan ozod etilgani ham jamiyatimizda nogironlar manfaatiga berilayotgan katta e’tiborning in’ikosidir.
Nargiza ASADOVA |