Ijtimoiy-siyosiy hayot

26 Oktabr 2011 14:10
DUNYONING TIRGAGI
...O‘sha paytlari Andijon viloyat televideniesida ma’naviy-ma’rifiy ko‘rsatuvlar muharriri edim. Gazetada ishlaydigan hamkasbim: “Bir qahramon topdim. Faqat u o‘zi haqida gazetaga yozishimni istamadi. Balki, siz u haqda ko‘rsatuv tayyorlarsiz”, — deb qoldi. Bir necha kun u odam haqida uni biladiganlardan so‘rab-surishtirdim. Shu narsa ma’lum bo‘ldiki, u biror kun savob ish qilmasa tinchlana olmaydigan, odamlarni qalbi bilan yaxshi ko‘radigan, lekin juda sodda, samimiy inson ekan.
Bo‘lajak qahramonim maqsadimni eshitgach, “Singlim, “Yaxshilik qil, suvga ot. Baliq bilar, baliq bilmasa Holiq bilar” degan naql­ning asl ma’nosini bilasizmi?” — deb qoldi. “Yo‘q” degandek bosh chayqadim.
Rivoyat qilishlaricha, bir odil podshoning yakkayu yolg‘iz o‘g‘li nihoyatda erka bo‘lib o‘sibdi. Bir kun shahzoda kemada sayr qilishni istab qolibdi. Mulozimlar havo bulutli bo‘lgani bois, bunday ob-havoda sayrga chiqish xavfli ekanini aytishsa-da, erka shahzoda o‘z bilganidan qolmabdi. Shunda dengizda qattiq shamol ko‘tarilib qirg‘oqdan ancha ilgarilib ketgan kema suvga g‘arq bo‘libdi. Taqdirni qarangki, butun hamrohlari halok bo‘lib, yolg‘iz shahzoda hushsiz holda narigi qirg‘oqqa chiqib qolibdi. Kemaning taqdiridan ogoh bo‘lgan podsho shahzoda va hamrohlarini topa olmagach, ular uchun aza ochibdi. Ammo kunlarning birida shu yurtning baliqchilari shohning farzandi tirik ekani haqidagi xushxabarni yetkazibdilar. Ota-bola uchrashibdilar. Shoh o‘g‘lidan shuncha vaqt kimsasiz joyda, ochlikda qanday yashaganini so‘rabdi. Shahzoda esa har kuni bir paytda qirg‘oqqa bittadan bug‘doy noni oqib kelgani, shu nonni yeb omon qolganini aytibdi. Shunda shoh mulozimlariga bu sirning tagiga yetishni buyuribdi. Mulozimlar qirg‘oqda o‘tin terib, tirikchilik qiluvchi choldan bo‘lak hech kimni topisholmabdi. Voqeadan xabardor bo‘lgan qariya, har kuni ikkita nonni beliga bog‘lab o‘tin tergani ketishini va tushlik paytida bitta nonni o‘zi yeb, ikkinchisini baliqlar yesin deb suvga tashlashini, bu ishi oxiratda kerak bo‘ladigan savob uchun ekanini aytibdi. Shoh bu so‘zlardan ta’sirlanib, saxiy cholni siylabdi. Podsho cholni beminnat yaxshiligi uchun saroyga bog‘bon qilib ishga olibdi.
“Yaxshilik, savob ishlar hech qachon mukofotsiz qolmaydi. Yaxshilik qilish menga kuch, kayfiyat, rizq-baraka beradi. Bu haqda maqtanish nojoiz”, — dedi suhbatdoshim.
Faqat o‘ziga emas, boshqa ham­qishloqlariga ham oson bo‘lsin uchun o‘z mablag‘iga bir necha kilometr masofadan quvur tortib ichimlik suvi keltirgan, yozda chang, qishda loy bo‘ladigan mahalla ko‘chalariga asfalt yotqizdirgan, “qo‘li kalta” qo‘shnilar farzandlarining xatna to‘yini o‘z hisobidan o‘tkazib berayotgan, yosh oilalarga ham moddiy, ham ma’naviy ko‘maklashayotgan bu insonni bejiz Hizrga qiyoslamaganlarini tushundim.
— Eh, singlim, yaxshilik aytilmaydi, o‘rgatilmaydi, minnat qilinmaydi. Aks holda uning savobi yo‘qoladi, — dedi va kimgadir yordam kerak bo‘lsa, bemalol murojaat qilishim mumkinligini aytdi.
Shu va’daga ko‘ra,  farzandining o‘qishi uchun shartnoma pulini to‘lolmayotgan bir hamkasbimning beva opasini uning oldiga yubordim. Muammosi bir kunda hal bo‘lganidan xursand bo‘lgan ayol uni rosa duo qildi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, bir ayol meni yo‘qlab keldi. Yuragi xasta yolg‘iz o‘g‘lining jarrohlik yo‘li bilan davolanishi uchun xorijga borib-kelishga xolis yordam beradigan odam topolmayotganini aytib, ko‘z yosh qildi. Men yana o‘sha xaloskorga murojaat etdim. Bu masala ham ijobiy hal bo‘ldi.
Oilaviy sharoiti nochor, farroshlik qilib nogiron eri, farzandi, turmushdan ajragan qizini bir bolasi bilan boqayotgan ayol haqida ko‘rsatuv tayyorladim. Ko‘rsatuv efirga ketgach, o‘sha tanish chehra ko‘rsatuvim ta’sirli chiqqani va buning uchun rahmat ayt­gani kelibdi. So‘ng o‘sha xonadonga birga borib kelishimni iltimos qildi. Mashinada bir ro‘zg‘or uchun nimaiki kerak bo‘lsa, hammasi bor edi. Qaytar chog‘imizda xonadon bekasiga bir dasta pul tutqazib: “Agar biror muammoga duch kelsangiz, bexijolat murojaat qiling”, — deb tashrif qog‘ozini tutqazdi. Ko‘z yoshlari yuzini yuvgan ayol to mashinaning qorasi yo‘qolguncha duo qilib qoldi.
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, daromad zakotini ezgu ishlarga sarflayotgan, yaxshilik qilib savob izlayotgan bu insonning fazilatlarini sanab tugatib bo‘lmaydi.
Yana bir voqea. Oliy o‘quv yurtlaridan birining rahbari huzurida o‘tirganimda bir guruh talabalar shartnoma pulini to‘lolmagani sabab talabalar safidan chetlatilgan kursdoshiga yordam bermoqchi ekanliklarini ma’lum qilish uchun kelishdi. Otasiz o‘sgan qiz o‘z kuchi bilan o‘qishga kiradi. Uch yil davomida to‘lov pulini amallagan akasi avtohalokat tufayli to‘shakka mixlanib qoladi. To‘lov uchun boshqa najot yo‘q. Talaba qizning kursdoshlari kelishib, stipendiya va jamg‘argan pullarini yig‘ib, shartnoma pulini to‘lash uchun rahbardan ruxsat olishmoqchi ekan. Ularning: “Bu qiz uch yil biz bilan o‘qidi. Talabalikning quvonchli kunlarini birga ko‘rdik. Endi boshiga ish tushganda unga yordam bermasak, adolatdan bo‘lmaydi”, — degan gapi meni juda ta’sirlantirdi.
Qalbida mehr degan muqaddas tuyg‘u jo‘sh urgan, yaxshilik qilishni hayotining mazmuniga aylantirgan, o‘zgalarga yaxshilik sog‘inib yashash saodatiga yeta olgan insonlarni dunyoning tirgagi deyishadi. Aynan ularning borligi uchun ham hayotimiz o‘z muvozanatini saqlab turadi.
Feruza ORIPOVA,
jurnalist

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM