O`shandagi holat hech ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Mahalla oqsoqolining xonasida er va xotin tomondan kelgan vakillar joy olgan. Hammaning maqsadi mushtarak: yosh oilani asrab qolish. Tomonlar biri qo‘yib, biri gapiryapti. Kelin tomondan kelgan mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash komissiyasi raisi aytgan so‘zlar hamon qulog‘im ostida jaranglab turibdi. «Siz turli maishiy, o‘tkinchi masalalarni deb ajrashib ketishingiz mumkin. Lekin, mana bu qorako‘zlarning taqdiri nima bo‘ladi? Siz kelisholmasangiz, til topisholmasangiz bularda nima ayb? Axir, ularni tirik yetim qilish uvol-ku! Ularning kelajagiga bolta urib, kechirilmas gunoh qilayotganingizni bilasizlarmi? Bolajonlar bamisli farishta. Ularning ko‘ngli yarim, dili o‘ksik bo‘lsa, siz hech qachon baxtli bo‘lolmaysiz, xotirjam yasholmaysiz», — dedi u kuyunib. Yig‘ilganlarning barchasi bu gaplardan ta’sirlanib ketdi. Hali u, hali bu sababni bahona qilayotgan er-xotin ham boshini quyi egib, jim qolishdi. Sukut alomati rizo, ular murosa yo‘lini tanlashdi. Eng muhimi, hayot deya atalmish ummonning beayov to‘fonlari oldida ojizlik qilib, uni yengib ketish chorasini topolmayotgan bir oila saqlab qolindi. Ikki guldek bolakay bag‘ri va baxti butunlikda yashaydigan bo‘ldi...
Ha, oila — hayotning shoh asari. Uning nechog‘li sermazmun va umrboqiy bo‘lishi er-xotinga bog‘liq. Umr yo‘llarida duch kelgan turli muammolar yechimida ular yolg‘iz qolmasligi — milliy mentalitetimizga xos qadriyat. Har qanday og‘ir holatda bundaylarga yon-atrofdagilar va yaqinlar yordamga kelishadi. O‘rni kelganda, mahalla, turli jamoat, davlat va nodavlat tashkilotlari ko‘mak beradi.
Mustaqillik yilariga kelib, yurtimizda oila va uning manfaatlari himoyasi ustuvor vazifa maqomini oldi. Oila mustahkamligi va istiqboli davlat e’tiboriga olindi. Shu bois, bu yo‘lda keng qamrovli ishlar doimiy davomiylik kasb etdi. Istiqlolga erishilgandan so‘ng shaxsan davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan ta’sis etilgan yillarga nom berish an’anasiga ko‘ra e’lon qilingan «Oila yili», «Ayollar yili», «Onalar va bolalar yili», «Sog‘om avlod yili», «Barkamol avlod yili», «Yoshlar yili» va kirib kelayotgan 2012 yil ham «Mustahkam oila yili» deb nomlanishiga e’tibor bering. Hammasining zamirida oila istiqboli, farzandlar kamoli, pirovardida, kelajak taqdiri, millat taqdiri haqida jonkuyarlik mujassam. Butun xalqimiz va jamiyatimizning barcha orzu-niyat hamda ezgu intilishlari ifoda etilgan ular mazmun-mundarijasida.
Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasidagi bir jihatga diqqat qiling, aniqrog‘i, so‘zlar mag‘zini chaqib ko‘ring: «Ongli yashaydigan har bir odam yaxshi anglaydiki, bu yorug` olamda hayot bor ekan, hayot abadiyligi, bebaho ne’mat bo`lmish farzand bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha kelajagini o`ylab, ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi.»
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan poytaxtimizdagi Turin politexnika universitetida bo‘lib o‘tgan navbatdagi seminar ishida qatnashib Yurtboshimiz so‘zlari mohiyatini yanada teranroq tushunib yetdim. Joylardagi xotin-qizlar qo‘mitalarining raislari va OAV xodimlari ishtirok etgan ushbu tadbirda ayol zotini ulug‘lash, uning jamiyatdagi nufuzini oshirish, eng muhimi, onalar salomatligini asrash, oilalar mustahkamligini ta’minlash borasida qo‘mitaning boshlang‘ich tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish hamda ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish mavzusiga keng e’tibor berildi.
Seminarda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova jamiyatdagi jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanib borayotgan xotin-qizlarning haq-huquqlarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, iqtidorlarini ro‘yobga chiqarish borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, rais mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning mehnat huquqlari va ma’naviy manfaatlarini himoyalash borasidagi ishlar salmog‘ini aniq misollarda dalillab berarkan, joylarda reproduktiv saomatlikni asrash, yosh oilalarning tibbiy madaniyati darajasini yuksaltirish, shuningdek, qizlarni erta turmushga berishning oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasida xotin-qizlar qo‘mitalarining 42 mingga yaqin boshlang‘ich tashkilotlari hissasi borligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, diniy ma’rifat, san’at, madaniyat va sport sohalarida mamlakat xotin-qizlari, asosan, yosh opa-singillar ishtiroki hamda ular erishayotgan muvaffaqiyatlarni faxr bilan tilga oldi. Ayni kezda, qo‘mita va uning boshlang‘ich tashkilotlari oldida turgan vazifalar hamda yechimini kutayotgan muammolar xususida ham so‘z yuritib, seminar ishtirokchilarining ayni shu masalalar yuzasidan fikr-mulohazalari, takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Anjumandan chiqar ekanman, unda so‘z borgan mulohazalar doirasida mushohada qildim: darvoqe, bu yerda qayd etilgan barcha yutuqlar istiqbol rejalarini tuzish yanada yuksak maqsadlarni belgilash va ularni ro‘yobga chiqarishga zamin bo‘ladi. Lekin hali soyada qolib ketayotgan muammolar ham yo‘q emas. Xususan, ayrim ayollar bilan bog‘liq, ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, uchrab turadigan ko‘ngilsizliklar farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bor gap. Yoshlarning axloqi, muomalasi, kiyinish madaniyati borasidagi muammolarni bartaraf etish bugungi kunda nafaqat tegishli tashkilotlar, balki butun jamoatchilik faolligini talab etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, har bir oilaga o‘z so‘zi va amaliy ko‘magi bilan kirib borayotgan qo‘mita faoliyati ko‘lamini yanada kengaytirish, jonlantirish yagona maqsad ekanligi bot-bot ta’kidlangan mazkur anjumanda mutasaddilardan fidoyilik va tashabbuskorlik talab etilishi yuzasidan fikrlar mushtarakligi bayon qilindi. Zotan, maqolamiz avvalida tilga olingan voqeada ham oilalar barqarorligi va bardavomligi ta’minlanishida xotin-qizlar qo‘mitalarining o‘rni nechog‘li katta ekanligi yorqin ifoda topgan.
Qolaversa, Yurtboshimiz Konstitutsiyamizning 19 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ana shunday sa’y-harakatlarni izchil davom ettirish kerakligini, qayerda bo‘lmasin, markazdami, shahardami, qishloqdami amalga oshirish uchun hali juda ko‘p ishlar qilishga intilishimiz zarurligini alohida uqtirar ekan: «Bunday intilishlarimizni amalga oshirish uchun davlat va hokimiyat idoralari, mahalla, Xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari, keng jamoatchilik, butun xalqimiz bir yoqadan bosh chiqarib, faol ishtirok etadi, deb ishonaman» degan fikrlari kelgusi faoliyat uchun dasturilamal vazifasini o‘taydi.
Va yana ma’ruzada bildirilgan bir ta’rif, bir istak juda-juda e’tiborlidir: «Oila qo`rg`onining ham chirog`i, ham charog`boni bo`lgan ayol zotining, opa-singillarimizning og`irini yengil qilish»ni «... esimizdan chiqarmasligimiz lozim».
Hidoyat JO‘RAYEVA,
«Hurriyat» muxbiri
|