Lekin tan olaylik, hatto o‘zimiz ham shunday holatga tushsak, aksariyat hollarda ko‘z yumib qo‘ya qolamiz. Ko‘nglimizda: «Bu ish saboq bo‘ldi-ku, keyingi safar ehtiyotroq bo‘laman», — degan o‘y o‘tadi. Lekin bu qay darajada to‘g‘ri yoki maqsadga muvofiq? Umuman iste’molchining huquqi nimalardan iborat va u mamlakatimizda qay darajada muhofazalanmoqda?
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi 1996 yildan buyon o‘zining viloyatlardagi 14 ta hududiy birlashmasi, 194 ta tuman va shahar jamiyatlari, shuningdek, mahallalarda, korxona, tashkilot hamda muassasalardagi 9218 ta tayanch guruhlari orqali qizg‘in faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatimizdagi iste’molchilarning huquqini himoya qilishni bosh maqsadi deb bilgan Federatsiya faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Federatsiya Nizomi dasturilamal bo‘layotir.
— Tashkilotimizga tushayotgan har bir ariza va murojaatlarda iste’molchilar bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida ba’zi “ishlab chiqaruvchilar” tomonidan tayyorlanayotgan yoki noqonuniy yo‘l bilan respublikamizga kirib kelayotgan turli sifatsiz nooziq-ovqat va oziq-ovqat mahsulotlaridan sog‘liklariga ziyon yetayotganidan noroziliklarini, sotuvchilarning nazorat-kassa mashinasi, terminallarda plastik kartochkalar orqali savdo qilayotganlarida ko‘pincha chalkashliklarga yo‘l qo‘yayotganlarini, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarini me’yorida saqlash va sotishda, umuman savdo xizmati ko‘rsatishda bilimlari sust ekanidan noroziliklarini bildirishmoqda, — deydi Federatsiyaning Matbuot va axborot bo‘limi boshlig‘i Umida Mansurova. — Ayniqsa, aholini gaz bilan ta’minlash bo‘yicha murojaatlar ko‘payayotgani tashvishlanarli holdir. Bu borada Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlarida arizalar soni ancha-muncha. Aholi kuzgi-qishki mavsumda tabiiy gaz yetkazib berishda muammolar mavjudligi, ba’zan to‘lovlarda asossiz qarzdorliklar paydo bo‘layotgani, ba’zi tabiiy gaz yetkazib beruvchi korxonalar mutaxassislarining o‘z vazifalarini suiiste’mol qilayotganliklaridan noroziliklarini bildirib, bizga murojaat qiladi. Muammolar iloji boricha ijobiy hal etilmoqda.
Ma’lumki, huquqini bilgan inson adashmaydi. Shu bois bu borada aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari, davra suhbatlari, qiziqarli uchrashuv va seminarlarga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 3000, “Iste’molchi huquqlari qonun himoyasida” mavzuidagi rangli plakatlar 2500, bukletlar 10000 nusxada tayyorlanib, iste’molchilarga bepul tarqatildi. Albatta, gap ularning salmog‘ida emas, sifatida. Eng asosiysi, murojaatlar soni ko‘paymoqda. Demakki, aholi o‘rtasida o‘z haq-huquqlarini tanish, fuqarolarning jamiyatda faollashuvi kuzatilmoqda. Bunda telekanallar orqali aholining huquqiy bilim va iste’mol madaniyatini oshirishga doir ko‘rsatuvlar hamda reklama roliklari berilayotgani, joylarga plakatlar va pannolarning osib qo‘yilgani, ommaviy axborot vositalarining roli oshayotgani qo‘l kelyapti. Bundan tashqari, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining «Iste’molchi» gazetasi, shu bilan bir qatorda internet tarmog‘idagi sayti (www.potreb.uz)da Federatsiya faoliyati bilan bog‘liq materiallar joylashtirilib, iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlarga o‘z vaqtida javoblar berib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning 9 oyi davomida Federatsiya va uning hududiy tuzilmalariga gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minoti, sog‘liqni saqlash, kommunal xizmati, savdo-sotiq, transport, pochta-aloqa xizmati va boshqa sohalar bo‘yicha jami 7326 ta shikoyat va arizalar kelib tushdi. Ularning 94,8 foizi ijobiy hal etilib, buning natijasida jami 1 milliard 643 million 600 ming so‘mdan ortiq moddiy va ma’naviy zararlar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinganini alohida ta’kidlash joiz. Masalan, Toshkent viloyati Chirchiq shahar 1-Kimyogarlar dahasi, Shodlik ko‘chasi 26-“A” uyda istiqomat qiluvchi Rita Muhammedova “Qo‘yliq qurilish mollari” bozoridan 4,5 million so‘mga zamonaviy dush kabinasi — “Jakuzzi” sotib oladi. Ammo uni o‘rnatish jarayonida jihozlarning to‘liq emasligi ma’lum bo‘ldi. Ustiga ustak, eshiklarining pastki qismida kichik yoriqlar paydo bo‘lgan ekan. R.Muhammedova darhol do‘kon rahbariyatiga bu haqda ma’lum qildi. Ammo sotilgan qimmatbaho jihozni kim ham qaytarib olishni istardi? Do‘kon egasi aybni xaridorning gardaniga yuklab, telefonini o‘chirib qo‘ya qoldi. Ne-ne orzu-niyatlar bilan xarid qilingan buyumining nobopligi va sotuvchining bunday muomalasidan hafsalasi pir bo‘lgan Rita ushbu tashkilotning “Ishonch telefoni” raqamini terib, arzini bayon qildi. Bektemir tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining mutaxassislari yordamida to‘rt yarim million so‘m egasiga qaytarildi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Federatsiya tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalari, vazirliklar, mahalliy hokimiyatlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, siyosiy partiyalar bilan ham mustahkam aloqalar o‘rnatilgani e’tirofga loyiq. Ayniqsa, Respublika Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan olib borilayotgan hamkorlik samarali kechmoqda. Qo‘mita bilan Federatsiya o‘rtasida tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq o‘rganishlar olib borilib, ma’lumotlar qo‘mitaning hududiy boshqarmalariga taqdim etilmoqda. Bu esa yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy muammolarni tezkorlik bilan xolisona bartaraf etish imkonini berayotir. Jumladan, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir qancha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda elektr quvvati, ichimlik suvi va tabiiy gazdan foydalanish holatlari yuzasidan monitoringlar — o‘rganishlar o‘tkazildi. Elektr quvvati va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ro‘yxati chora ko‘rish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.
— Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Qorasuv-4 mavzesi, 2-uyning to‘qqizinchi qavatida yashaymiz, — deydi fuqaro Jahongir Yo‘ldoshev. — Bugungi kungacha yog‘ingarchilik paytida uyimizning tomidan chakka o‘tgani uchun xonadonimiz devorlari zaxdan mog‘orlagan, undan chiqayotgan noxush hid oilamiz a’zolarining sog‘ligiga zarar yetkazayotgandi. Bu haqda “Bobur to‘rtinchi kommunal” XUJMShga murojaat qilib charchadik. Foydasi bo‘lmadi. Biz va qo‘shnilar kommunal xizmat uchun belgilangan to‘lovlarni o‘z vaqtida bajarib kelayotgan bo‘lsak-da, tuman hokimligidan ham tayinli javob ololmadik. Axiyri, Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassislari ko‘magi bilan shirkat tomonidan uyning tomi ta’mirlab berildi. Avvallari yog‘ingarchilikdan zada bo‘lgandik. Endi bunga chek qo‘yildi. Beg‘araz yordamlari uchun qo‘mitaning fidoyi xodimlariga minnatdorlik bildiramiz.
Federatsiya hamda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan 2011 yil 26 aprelda tasdiqlangan “Hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi”ga asosan mamlakatimizning barcha viloyatlari va Toshkent shahri pochta aloqalari bo‘limlarida aholiga pochta xizmatini amalga oshiruvchi korxonalarning iste’molchilarga ko‘rsatayotgan turli xizmatlari bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi. Natijada pochta bo‘limlaridagi peshlavhalarda iste’molchilar uchun zarur ma’lumotlar aks ettirilmagani, iste’molchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risida ma’lumotlar taxtasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ba’zi pochta bo‘limlaridagi mavjud tarozilar davlat standarti ko‘rigidan o‘tkazilmagani yoki yaroqsiz holatda ekani, obunachilarga gazeta va jurnallar o‘z vaqtida yetkazib berilmayotgani aniqlandi.
O‘rganishlar jarayonida telefon aloqasi korxonalarining iste’molchilarga ko‘rsatayotgan xizmatlarining qoniqarli emasligi ayon bo‘ldi. Masalan, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tuman markaziy telekom bog‘lanmasi va Yangier ATS shoxobchalarida mijozlarga ko‘rsatilayotgan xizmat yuzasidan yetarlicha ma’lumotlar mavjud emas, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay, Qonliko‘l, Kegayli, Taxtako‘pir, To‘rtko‘l tumanlari telekommunikatsiya tarmoqlarining yaqin o‘rtada bo‘limlari ochilmagan. Xo‘jayli, Qonliko‘l tumani telekommunikatsiyasi tarmog‘ida ichki, shaharlararo va xalqaro aloqalar bo‘yicha tariflari hamda favqulodda tezkor xizmatlardan foydalanuvchi abonentlar uchun bepul aloqa xizmatlari to‘g‘risida ma’lumotlar berilmagan. Taxiatosh shahar telekommunikatsiya tarmog‘ida, Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlari, Toshkent viloyatining Bekobod tuman telekommunikatsiya tarmoqlarida xizmat ko‘rsatish tartib-qoidalari to‘g‘risida hamda abonentlarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida, qo‘shimcha imtiyozlarga ega bo‘lgan aholi toifasiga berilgan imtiyozlar haqida ma’lumotlar mavjud emas...
Sirdaryo viloyatining Boyovut tuman telekommunikatsiya tarmog‘ida ham ishlar o‘lda-jo‘lda tashkil qilingan. Chunonchi, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish zalida telefon avtomatlari mavjud emas, ish tartibi, faks xizmatlari tashkil etilmagan. Aniqlangan barcha kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga takliflar kiritildi.
Ko‘rinib turganidek, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining respublika Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorligi natijasida mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoyasi bo‘yicha keng qamrovli demokratik yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy sherikchilik asosida amalga oshirilayotgan va o‘zaro tenglik asosiga qurilgan hamkorlik samarali kechayotganini yuqoridagi misollar ham ko‘rsatib turibdi.
Prezidentimiz Islom Karimov Oliy Majlis palatalarining o‘tgan yili 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiyasi» nomli ma’ruzasining IV bobi to‘laligicha demokratik bozor islohotlarini va iqtisodiyotni liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish vazifalariga bag‘ishlangani ham bejiz emas. Unda yaqin istiqbolda iste’mol talabini kengaytirish maqsadida sotsial sohani rivojlantirish vazifasi olg‘a surildi. Bu o‘z navbatida iqtisodiy taraqqiyotimizga ham munosib ulush bo‘lib qo‘shilishiga shubha yo‘q.
Inomjon ABDIYEV |