Kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shadi. Chunki bu o‘zini tarbiyalab voyaga yetkazgan Ona Vatanining kuniga yaray olganidan, uning buyurganini bajarib, tinchligi, farovonligiga hissa qo‘sha olganidan mamnunlik hissidir.
To‘g‘ri, Vatan koriga yarash, uning chegaralari daxlsizligini ta’minlash, murakkab harbiy texnikalardan, qurol-yarog‘lardan foydalanish uchun kamolotga yetgan yigitlarimiz qalbidagi orzu-istaklarning o‘zi kamlik qiladi. Buning uchun, eng avvalo, harbiy intizom taomillariga qat’iy rioya etish, yuksak ma’naviyat va puxta bilimga ega bo‘lish talab etiladi.
Bir paytlar maktabni bitirib, harbiy chaqiruv yoshiga yetgan yigitlar orasida agar shu yil ham institutga o‘qishga kira olmasam, armiyaga borib, birorta kasb egallab qaytarman, degan doimiy tushuncha mavjud bo‘lardi. Afsuski, ular kasb egallash nari tursin, aksariyat hollarda “stroybat” degan qismda ikki yillik umrini, qo‘polroq ifoda etganda, “harbiy mardikorlik”da bekorga o‘tkazib qaytishardi. Hatto shunday xizmatni bitirib qaytganlar o‘zlarini o‘zlari “Ko‘rganimiz stroybat — odin lom i dva lopat” deb hajv ham qilishardi. Afsuski, shunday edi. Aksar O‘rta osiyolik yigitlarning peshonasiga yozilgan qismat edi bu.
Hozir endi boshqacha. Maqsad ham aniq, sharoit ham bo‘lakcha.
Qurolli Kuchlarimizda harbiy xizmatchilarning hayotini, kundalik faoliyatini va harbiy xizmatni tashkil etish, o‘tashni izga soluvchi, jangovar harakatlar asosini belgilab beruvchi qat’iy intizom asosi — harbiy nizomga amal qilinadi.
Ma’lumki, 1996 yilning 9 oktyabrida, ya’ni 15 yil muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti — Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Farmoniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Ichki xizmat nizomi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom nizomi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Garnizon va qorovullik xizmati nizomi, 1996 yilning 14 oktyabrida esa Mudofaa vazirining buyrug‘iga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Saf nizomi amalga kiritildi.
Harbiy nizomlarning mohiyati shundaki, ular harbiy xizmatchilarning fikr — ongini o‘ziga xos tarzda shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, avvalo, harbiylikning huquqiy, axloqiy me’yorlarini o‘zida mujassamlashtirgan.
Masalan, Qurolli Kuchlar Ichki xizmat nizomini olaylik. Mazkur nizom harbiy xizmatchilarning umumiy huquqlari va majburiyatlarini, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni, mansabdor shaxslarning asosiy majburiyatlarini, qolaversa, ichki tartib-qoidalarni belgilab beradi. Ushbu nizom asosida jangovar harakatlarni ta’minlashga xizmat qiluvchi qo‘llanma, yo‘riqnomalar ishlab chiqiladi.
Qurolli Kuchlarning Intizom nizomi esa, harbiy intizomning mohiyatini, harbiy xizmatchilarning unga rioya qilish bo‘yicha majburiyatlarini, rag‘batlantirish va intizomiy ta’zirlarni, komandirlarning ularni qo‘llash bo‘yicha huquqlari tartibini belgilaydi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Qurolli Kuchlarning Garnizon va qorovullik xizmati nizomi Umumharbiy nizomlar ichida alohida o‘rin tutadi. Bu xususda «Vatan himoyasi — muqaddas burch» kitobida shunday yozilgan: «U qorovullik xizmatini jangovar vazifani o‘tash deb belgilab, xizmatni tashkil qilish va o‘tash, mansabdor shaxslar hamda harbiy xizmatchilarning majburiyatlari, qo‘shin ishtirokida tadbirlarni o‘tkazish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi».
Nihoyat, Saf nizomi xususida. Ushbu nizom harbiy hayotni endigina boshlagan askarlarga safda turish va yurish usullari, qurol hamda qurolsiz harakat qilish, kichik bo‘linma va harbiy qismlarning piyoda va mashinalarda saf tortishi, harbiycha salom-alikni bajarish, saf ko‘rigini o‘tkazish tartibi, safda turish majburiyatlari kabilarni belgilab beradi.
Yurtboshimiz Islom Karimov «Milliy armiyamiz — mustaqilligimizning, tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolatidir» kitobida yangi armiyaning eskisidan farqi harbiy qurilish sohasida amalga oshirilayotgan mutlaq printsipial o‘zgarishlar, maqsad va vazifalar bilan bir qatorda, Qurolli Kuchlarimizda hukm surayotgan sog‘lom muhit, tartib-intizom, o‘zaro hurmatda ekanligini ta’kidlab o‘tganlar. Davlatimiz rahbari bunday fikrlarni bildirishi bejiz emas, albatta. Axir, sobiq sho‘ro armiyasidagi nosog‘lom muhit qanchadan-qancha yigitlarning yostig‘ini quritmadi, deysiz.
O‘sha paytlarda askarlikdan qaytgan akalarimizning aksariyati sharafli burch haqida emas, balki armiyada kimning qanday qilib adabini berganini yoki xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketib, qilgan sho‘xliklarini g‘ururlanib so‘zlashardi. Bizning tasavvurimizda esa armiya bezori bolalarning, tartib-intizomga rioya qilmaydiganlarning joyi, degan tasavvur paydo bo‘lardi. Shularni o‘ylar ekansan, hatto tinchlik paytida, ya’ni 1989 yilda 430 nafar o‘zbekistonlik askarning harbiy xizmatini o‘tayotgan joylardan tobuti qaytgani bejiz emasligini anglaysan, kishi.
Shu o‘rinda o‘sha paytda armiyada tartib-intizomni belgilovchi nizomlar, tegishli hujjatlar, me’yorlar bo‘lgan-ku, degan haqli savol tug‘iladi. Ha, bo‘lgan. Ammo hukmron mafkuraning boshqa hujjatlari qatori ularda ham inson qadr-qimmati faqat chiroyli ta’rif-tavsif qilingan edi, xolos.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan milliy armiyamizda, eng avvalo, muhitni sog‘lomlashtirishga e’tibor qaratildi. Buning muhim omillaridan biri sifatida mustaqil O‘zbekiston armiyasining Umumharbiy nizomlari qabul qilindiki, bu Qurolli Kuchlarimizda yuksak tartib-intizom va sog‘lom muhitni ta’minlashga xizmat qildi.
«Sodiq xizmatlari uchun» medali sohibi, podpolkovnik Haydar Ergashev shunday deydi: «Qurolli Kuchlarimiz Saf nizomida belgilanganidek, buyruqlarimiz o‘zbekona yangrayotganiga ham ancha bo‘ldi. «Tekislan!», «Rostlan!», «O‘ngga!», «Chapga!» kabi buyruqlar dastavval kimlargadir erish tuyulgan bo‘lsa, bugun hayotimizga singib ketdi. Ochig‘i, Umumharbiy nizomlar kuchga kirgan ilk damlarda ayrimlar harbiycha atamalar, buyruqlar o‘zbekchada jaranglamasligi haqida gapirishgan. Mana, bugun ular harbiycha hayotimizni bezab turibdi».
Mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotining avtomobilchilarni tayyorlash maktabida o‘qib yurgan kezlaridayoq Mirjalol Shosaidovning hayotiga Umumharbiy nizomlarga asoslangan qoidalar kirib keldi. Mana, endi u muddatli harbiy xizmatda har kuni ularga to‘qnash keladi. Navbatchilikni o‘tashda askarga Qurolli Kuchlar Ichki xizmat nizomi yordamga keladi. Yoki bo‘lmasa, Qurolli Kuchlarning Garnizon va qorovullik xizmati nizomi soqchilik qilayotganda zarur bo‘ladi. Umuman olganda, yutuqlarining omili Umumharbiy nizomlarda, ular yordamida belgilangan tartibda ekanini anglagan o‘g‘lon mahoratda kam bo‘lmayapti.
Darhaqiqat, Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlarning eng muhim amaliy natijasi sifatida bugun armiyadagi axloqiy-ruhiy, ma’naviy muhitning butunlay yangilanganini keltirib o‘tish mumkin. Ayniqsa, ma’naviy muhit yangilanganini millatimizning azaliy qadriyatlari, xislatlariga xos turli yangicha an’analar, xususan, tanlovlar yo‘lga qo‘yilgani misolida ko‘rar ekansiz, qalbingizdan shukronalik hissi kechadi. Harbiy jamoalarda harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi munosabatlarni ko‘rib, jamiyatimizda armiyaga va harbiy xizmatga nisbatan yondashuv va qarashlar butunlay o‘zgarganligini his etish mumkin. Yaxshisi, buni xizmatdan qaytgan askardan so‘rang. Kechagi askardek turli tazyiq, zo‘ravonliklar, qoidabuzarliklar haqida emas, hayot maktabidan olgan unutilmas saboqlaridan so‘zlaydi, u. Buning zamirida esa qiyofasi tubdan o‘zgargan, endilikda matonat va mahorat maktabiga aylangan qudratli armiyamiz o‘zining bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ladi.
Alijon Safarov
|