Ijtimoiy-siyosiy hayot

26 Oktabr 2011 14:19
«NASIBAM BOR HAR BIR XONADONINGDA!»
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yil paxtachilik bo‘yicha yalpi daromad, o‘rtacha hisoblaganda, 2 trillion 400 milliard so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yilga nisbatan 25 foiz ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Bu o‘z navbatida  qishloqlarimizni, butun yurtimizni yanada obod qilish, yangi maktablar, akademik  litsey va kasb-hunar kollejlari, zamonaviy tibbiyot maskanlari, bolalar sporti ob’ektlari, namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma inshootlari barpo etish, bir so‘z  bilan aytganda, xalqimizning  hayotini yanada farovon qilish uchun ulkan imkoniyatlar tug‘dirishi shubhasizdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning
O‘zbekiston paxtakorlari va barcha mehnatkashlariga yo‘llagan tabrigidan.
 
Ellikqal’a Qoraqalpog‘iston Respublikasining tabiiy hududi jihatdan turli iq­lim sarhadlari bilan tutashgan tumani hisoblanadi. Kundan-kun  iqtisodi yuksalib, ijtimoiy qiyofasi go‘zallashib borayotgan ma’muriy birlik Shimoldan Qizilqum cho‘li, Sulton Uvays tog‘i tizmalari va Qozog‘iston Respublikasining Qizil O‘rda viloyati, o‘arbdan Beruniy va Taxtako‘pir tumanlari, Janubdan Xorazm viloyati, Sharqdan To‘rtko‘l tumani va Navoiy viloyati bilan chegaradoshdir. Markazi — ko‘pdan-ko‘p ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar maskaniga aylanib borayotgan, me’moriy bichimi bilan e’tirofu e’tiborga loyiq deb topilgan Bo‘ston shahri. Yer maydoni — 5 ming 419 kv. kilometr. Aholi soni — 133 ming 400 kishi.
Tuman hududida 13 ta ovul va 8 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud bo‘lib, ularda 22 ming 353 oila istiqomat qiladi. Aholining 84,4 foizi qishloqda, 15,6 foizi tuman markazida yashaydi. Ikkita sanoat korxonasi, 3 ta qo‘shma korxona, 4 ta transport korxonasi, ko‘plab kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari keng ko‘lamdagi iqtisodiy islohot hamda modernizatsiya jarayonini amalga oshirmoqda. «Elteks» tamg‘asi bilan o‘zimizning paxta tolasidan tikilayotgan jinsi kiyim-kechaklarning dovrug‘i dovon oshgan.
Oziq-ovqat sanoati ham jadal rivojlanmoqda. Birgina «Navro‘z» mas’­uliyati cheklangan jamiyati Istiqlolimizning 20 yilligi tantanasi arafasida ishga tushirilgan — qiymati 96 ming AQSh dollariga teng bo‘lgan qandolat liniyasi 15 turdagi pechenüe mahsulotlarini realizatsiya qilayotir. Bu borada uloqni «Barakat-Ellikqal’a» sho‘‘ba korxonasi qo‘ldan bermay kelmoqda. Xaridorlarga xolis xizmat ko‘rsatayotgan kichik minimarketlar, barcha turdagi tovar va mahsulotlarning havas qilgulik assortimenti, mijozlar yuzidagi minnatdorlik tuyg‘usi, yangi-yangi mahsulotlarning barchasi «Barakat-Ellikkal’a»ga xos savdo imidjiga aylangan. Tuman qurilish ashyolari bozorida esa «Guldursunsavdo» va «Bo‘ston­intersavdo» mas’uliyati cheklangan jamiyatlar sarbon.
Zuvalasi bir joyda qorilgan bu ikki tashkilot mijozlarni binokorlik materiallarining eng yangi rusumlari bilan ta’minlaydi. Zero, Ellikqal’aga qadam qo‘ysangiz, har bir qadamda yangi qurilishga: bolalar bog‘chasi, maktab, kollej, qishloq vrachlik maskani, chiroyli do‘kon, yangi turar-joylarga ko‘zingiz tushadi.
Elliqqal’a, eng avvalo, o‘z kelajagini o‘ylaydi. Mustaqil mamlakatimiz taraqqiyotiga xos bo‘lgan bu intilishni 71 ta umumta’lim maktabi, 1 ta akademik litsey, 6 ta kasb-hunar kollejida bo‘lgan har bir inson yuragiga muhrlab oladi. Biz ham Nukusdan kelib, chap tomonimizda viqorlanib turgan toza havoli, tog‘ tizmasi, o‘ng tomonimizda moviy shishadek yaltirab yotgan go‘zal Aqchako‘lga mahliyo bo‘la-bo‘la shaharga yaqinlashar ekanmiz, Bo‘ston — navqiron avlod maskani ekaniga iymon keltirdik. Avval chap yonimizda Ellikqal’a qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejiga ko‘zimiz tushsa, ko‘l sohili — o‘ng tomonda yoshlar uchun qurilgan yangi uylar, davlatimiz tasarrufidagi maktab-internat, butun O‘zbekistonga ma’lum «Orol bolalari» oromgohi, undan keyin mashhur hofiz Otajon Xudoyshukurov nomidagi san’at va pedagogika kolleji qad rostlab turibdi. Chap tomonda, uning ro‘parasida esa Bo‘ston iqtisodiyot kasb-hunar kolleji, uning yon tomonida o‘quv binosi oldida ulug‘ Abu Ali Ibn Sino siymosi aks ettirilgan tibbiyot kolleji, undan narida Muhammad Yusuf nomidagi Bo‘ston akademik litseyi. Litseyga kiraverishda shoir byusti. Umuman Ellikqal’a tumani va uning markazida millatimiz ham­da mafkuramiz mohiyatidan kelib chiqadigan me’morchilik, haykaltaroshlik namunalari oz emas. Bu shaharni yaratgan fidoyi insonlar bunyodkorligidan mag‘rur nishonalar hisoblangan yam-yashil archalar, aziz ustozimiz Oshiq Ayoz o‘z she’rlarida ardoqlagan kann gullari barq urgan bosh xiyobonda istiqlol obidasi, quvonchidan ko‘kka sapchigan favvoralar, ularning atrofida o‘ynab yurgan, shirin kulgusi qo‘ng‘iroqdek jaranglagan bolalar. Bosh xiyobonga yonma-yon bog‘da «Motamsaro ona» obidasi «Ey inson! Ko‘zingni och. Bir dam nafsu tama balosidan xalos bo‘lu bu yorug‘ olamga go‘zallik, ezgulik, halollik urug‘ini soch. Tinchlikni ko‘zingga to‘tiyo qil!» deyayotgandek. Uning nariyog‘ida «Ustozga ehtirom» haykali — ustozlarga dildagi hurmatning yorqin ifodasi. Ulug‘ o‘qituvchiga qo‘yilgan haykal ro‘parasida «afg‘on qirlarida guldek so‘lgan siymo»larga obida. Tozabog‘ qishlog‘idan ikki azamat yot yurt tuprog‘ida shahid bo‘lgan edi. Qishloq ahli ularning xotirasiga hurmat bajo etib alohida obida, xiyobon barpo etishgan.
Muhtaram Yurtboshimiz iboralari bilan aytganda, tarixiy xotirasiz kelajakning o‘zi yo‘q. Bittagina Ellikqal’a tumanining o‘zida S.Tolstov nomidagi tarix va arxeologiya, Otajon Xudoyshukurov nomidagi kollejda hofiz muzeyi, milliy opera tarixi va bugungi kunidan lavhalar burchagi, Muhammad Yusuf nomidagi litseyda shoir muzeyi, ta’lim qoraqalpoq tilida olib boriladigan 11-son maktabda Ibroyim Yusupov muzeyi, Bolalar sporti jamg‘armasi tuman bo‘limi huzurida Sport shon-shuhrati muzeyi va nihoyat mamlakatga ma’lum San’at saroyi yonida antik davr va o‘rta asrlarga oid ko‘hna qo‘rg‘on va qal’alarning mininusxalari bun­yod etilgan «Ochiq osmon ostidagi muzey» bor.
Otajon Xudoyshukurov jam­g‘armasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika bog‘i filiali, «Ayozqal’a tur» sayyohlik majmui va bosh­qa zavq-shavq uyg‘otadigan, bunyodkorlikka misol bo‘ladigan o‘ziga xosliklar xususida yana uzundan-uzoq hikoya qilishimiz mumkin. Bularning bari qalbida Vatan tuyg‘usini ulug‘laydigan tuman ahlini bir-biriga esh, kamarbasta bo‘ladigan, ma’naviy yuksaklikka yetaklaydigan, ruhiy ozuqa beradigan sarchashmalardir.   
Zamonamizning zabardast shoiri, atoqli ustozimiz, O‘zbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupovning maqolamiz sarlavhasiga qo‘yilgan  she’riy satrida ta’riflanganidek, Ona yerga mehrini berib, mo‘l hosil yetishtirishda ellikqal’alik zahmatkash dehqonlarga har qancha tasannolar aytsak arziydi. Ular suv ancha taqchil kelgan joriy yilda ham astoydil mehnat qildilar, el-yurt xirmoniga shartnomaga muvofiq 25 ming tonna o‘rniga 27 ming tonnadan ortiq xaridorgir paxta xom ashyosi topshirdilar. Ayni shu kunlarda bu taraflarga manzil tutgan yo‘lovchilar qatori biz ham tuman dalalarida qizg‘in mehnat simfoniyasi avj pardasiga chiqqanining guvohi bo‘ldik.
Bizga dastlab «Qilichinoq» qishlog‘ida yangi tipovoy loyiha asosida qurilgan 25 ta zamonaviy turar-joyni ko‘rsatishdi. Bu ajoyib turar-joylar ham mustaqil mamlakatimizning iqtisodiy qudratidan, shu jumladan, paxtachilik sohasidan kelayotgan mo‘may daromadlardan nishona. «Nukus-Toshkent» avtomagistrali yonboshidagi 6 ta ikki qavatli, 19 ta bir qavatli shinam uylar. Bu ajoyib «shaharcha»ni barpo etgan pudratchi tashkilot — «Ayozqal’amaxsusqurilish» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Maqsudjon Safarboevning hikoya qilishicha, quruvchilar mijozlar ehtiyoji, talablarini to‘liq hisobga olishgan. U fermer Umrbek Yangiboevga tegishli shinam uyni ko‘rsatdi. Yil o‘n ikki oy dalaning zahmatini chekkan azamat shunday chiroyli uyda yashaganiga nima yetsin. Uydan radio orqali shu qishloq farzandi, operamiz yulduzi, istiqlolning 20 yilligida muhtaram Prezidentimiz Farmoniga binoan «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlangan ajoyib san’atkor, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Muyassar Razzoqova kuylayapti!
Biz «Qilichinoq»dagi «To­yir bobo» fermer xo‘jaligining rahbari Jumanazar Ortiqboevni dala shiyponida uchratdik. Qalin teraklar bilan burkalgan dala shiyponi nihoyatda fayzli yerda joylashgan ekan. Tushlikka chiqkan terimchilarning ham dimog‘i chog‘. Bu yerda nainki tushlik tanovul qilish, balki ozgina bo‘lsa-da mazmunli hordiq chiqarish uchun barcha shart-sharoitlar bor. Qisqa tanaffusdan keyin terimchilar yana egatlarga shoshiladi. Bir hovuch paxtani yog‘in-sochinga qoldirmasangiz, ertaga u sizga loaqal bejirim dastro‘mol bo‘lib qaytadi. Qiz barmog‘iday oppoq momiqlar chorlab turgan dalaga beixtiyor intilasan, kishi. Paxtakorning bir siqim paxtasi ham el-yurt boyligi. Uni o‘z vaqtida terib olish esa ko‘pchilikning yalpi farovonlik yo‘lidagi bunyodkorlik ishlariga qo‘­shilgan hissa. Ellikqal’a­liklar esa buni jonu dillari bilan his qilishadi.
— Fermer xo‘jaligimiz 2002 yili tashkil qilingan. Shundan buyon yerga tashlagan chigitdan rizqimiz benasib qolgan yil bo‘lgan emas, — deydi  paxtasi qiyg‘os ochilgan  dalasiga boqib Jumanazar fermer. — Joriy yilgi bahor dehqonlarimiz uchun judayam qulay kelganiga qaramay, yoz issiq bo‘ldi. Issiq g‘o‘za uchun ayni muddao. Qalovini topsangiz, qor ham yonadi, deganlariga amal qilib, kam suvdan oqilona foydalandik. Terim 5 sent­yabrda boshlangan bo‘lsa, jami 11 kunda 24 gektar maydondagi g‘o‘zadan 75 tonna  sifatli paxta hosilini yetishtirib, davlat shartnomasini bajardik. Bajarganda ham tumanda birinchilardan bo‘­lib marra chizig‘idan o‘tdik. Manaman degan tajribali fermerlar orasidan ot o‘zdirib, to‘p yorib chiqqanimizdan boshimiz osmonga yetdi. Hozir har gektardan olingan hosil 30 sentnerdan ziyod, hali hosil mo‘l. Terimchilardan G.Sharipova, S.Eshchonova va G. Sherimbetovalarning har biri 4-4,5 tonnaga yaqin paxta terdi. Terganiga yarasha mehnat haqlarini ham  o‘z vaqtida olishdi. Terimchilarning choy-suviga qaraydigan oshpaz A.Ortiqboevaning ham xizmati alohida. Voy-bo‘y, dala-tuzning choyiga nima yetsin! Biroz hazillashib o‘tirib, tanovvul qilingan taomning ishtahasi o‘zgacha bo‘ladi. O‘zini maqtayapti  demang-u, fermerlik tinib-tinchimaydigan kasb. Uni barcha bilan birgalashib bajarmasang, bir o‘zingning kuching yetmaydi. Shu bois, O‘lmas ismli o‘g‘lim ish yurituvchi bo‘lsa, Rashidim mexanizator bo‘lib, qo‘l-qanotimga aylangani mushkulimni oson qildi. Shularning orqasidan sovuq kunlarga qolmasdan daladagi hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish niyatidamiz.
U shularni aytib bo‘lgach, uzoqda hosili yig‘ishtirib olingan  sarg‘ish  tusi yarqirab turgan bug‘doy dalasiga qarab, jim qoldi. Biz uning biror zarur ishga shoshilayotganini, lekin buni qanday aytishini bilmay o‘tirganini tushundik. Chindan ham deh­qon uchun har daqiqa g‘animat bo‘lib turgan yig‘im-terim mavsumida ularning vaqtini olib bo‘lmaydi. Sababi, fermer uchun bir daqiqaning o‘zi oltindan qimmat. Uning fikrini yechilishi kerak bo‘lgan masalalar, yangi vazifalar chulg‘ab olgani yaqqol ko‘rinib turardi. Biz ham Jumanazar fermer nazar tashlagan bug‘doy dalasi tomon, undan esa qo‘shni qishloqqa yo‘l oldik.    
«Bo‘rlitov» muqobil mashina-traktor parki rahbari Egamberdi Bobojonov «Hami­da hamshira» fermer xo‘jaligi rahbari Jumanazar Ortiqboevning otdoshi — Jumanazar Omonov haqida shunday tavsif berdi:
— Jumanazar nimani lafz qilgan bo‘lsa, har doim va’dasida turadigan bir so‘zli yigit. Yanglishmasam Berdaq bobomiz «Xalq uchun» she’rini aynan ana shunday yigitlarning ishidan ilhom olib yozgan bo‘lsa kerak. Arslon izidan qaytmaydi, Jumanazar hech qachon so‘zidan qaytmaydi. Uning qanday dehqon ekanligiga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lsangiz, dalalariga, hali ham ko‘saklari marjondek shoda-shoda bo‘lib ochilayotgan paxtasiga  nazar tashlang. Ana shundan so‘ng u haqida aniq tasavvurga ega bo‘lasiz. Bir gal u ekishga xiyol ertaroq kirishgandek bo‘lgan edi. «Sal ertaroq emasmi?» desam, «Siz uchun ertaroqdir. Lekin men uchun erta emas. Sababi men chigitni avval yuragimdagi cho‘g‘ bilan qizdiraman!» degan edi.
Haqiqatan ham, MTP rahbarining ta’rifi bejiz emas ekan. Bunga dala boshiga borib, yana bir bor ishonch hosil qildik. Fermerning paxtasi maqtasa maqtagudek bo‘liq bo‘libdi. Ana paxta-yu mana paxta. o‘o‘zaning chanoqlariga sig‘may to‘kilib ketay deb turgani havasingizni keltiradi. Vaqtida oziqlantirilib, qonib suv ichganligi ko‘rinib turibdi. Ko‘saklar bo‘liq, nihoyatda yirik, tolasi sifatli. Qaragan ko‘z quvonadi.
— Dehqonchilik bilan ana shu yuksak darajaga yetdim, — dedi Jumanazar o‘zi haqida bilgimiz kelganini eshitib. — Fermer bo‘lib kam bo‘lmadim. Halol peshona terim, betinim mehnatlarim tufayli  barcha ehtiyojlarim qonib bormoqda, «Nektsiya»li ham bo‘ldim. Joriy yil bahorda yaxshi niyat bilan 41,7 gektar maydonga chigit ekkan edik, bir tekis undi. Bizning deh­qonchilikdan yutgan tomonimiz — xo‘jaligimiz Amudaryo­ning etagida joylashgan. Qolaversa «Amirobod» kanali ustimizdan o‘tadi. Suv kam bo‘lsa ham, unumli foydalandik. Paxtadan tashqari 14 gektar maydonga kuzgi bug‘doy ekdik. 1 gektar bog‘imiz bor. Fermer xo‘jaligimizda 42 nafar kishi ish bilan band. Joriy yil terimni 7 sentyabrü kuni boshladik. Hamqishloqlarimizning barchasi hamjihatlikda paxta dalasiga tushdi. Ular orasida, ayniqsa, 81 yoshdagi Raima Mullayevaning etak osib paxta terishga chiqqani hammamizga ibrat bo‘ldi. Barchamiz ruhlanib ketdik. Albatta, onaxonning g‘ayrati toshib turgan bo‘lsa ham u kishini urintirgimiz kelmadi. Dalani sog‘inib chiqqanining o‘zi biz uchun katta madad bo‘ldi. Terimchilarga har besh kunda puli berib turildi. Masalan, mohir terimchilarimizdan M.Sharipova va O.Allamberganovalar ishlab topgan mehnat haqlariga kuzgi kiyim-kechak, palüto sotib olganida ularga havas bilan qaramagan kishining o‘zi bo‘lmadi. Shunday chaqqon terimchilar borligi uchun 115 tonna paxta topshirib, shart­nomani ortig‘i bilan uddaladik. Hali dalalarimizda hosil mo‘l. Bunga yarasha ob-havo ham iliq. Shunday g‘animat damlardan unumli foydalanib, bor hosilni zoe qilmay yig‘ib-terib olish uchun uyushqoqlik bilan mehnat qilmoqdamiz!
Ular bilan xayrlashib, bu fidoyi insonlarning g‘ayratiga-g‘ayrat tilab, mehnatingizning rohatini ko‘rgaysiz, aziz paxtakorlar, degach butun hayotimiz-mamotimiz manbai hisoblangan Amudaryo sohiliga chiqdik. Daryo sohili azim tol, terak, to‘rong‘il, jiyda daraxtlari bilan burkangan. Ayrim daraxtlarning bo‘yi o‘rmon mintaqalaridagi qarag‘aylarnikidan kam emas. Zero, bu to‘rong‘illar xosiyatli suvni ichib ko‘kka bo‘y cho‘zgan. Aqrab shamoli esadi. Novvotrang suv qirg‘oqqa kelib uriladi. Uning shovullashi aro qulog‘imiz ostida hammaga manzur she’r satrlari, qo‘shiq sadolari jaranglaydi:
El mehri so‘nmas yuzingdan,
Ulug‘ daryoi azimdan,
Qoraqalpoq, Xorazmdan
Esar Jayhun shamollari.
O‘rozboy SATBOYEV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi  

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM