Ijtimoiy-siyosiy hayot

04 Yanvar 2012 21:11
OTA VA O’G’IL
Namanganga kelganimda menga Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi boshlig‘i, shoir Jamoliddin Muslim hamroh bo‘ldi. Avvallari yaqindan suhbatlashmagan esak-da, uning juda dilkash yigit ekaniga guvoh bo‘ldim, tezda kirishib ketdik.
Kundan-kunga obodonlashib, mamlakatning fayziyob shaharlaridan biriga aylanib borayotgan go‘zal Namangan shahrining yonginasida, Namangan tumaniga qarashli “Baraka” fermer xo‘jaligi faoliyat yuritishi haqida hali Toshkent­da ekanimdayoq eshitgan va borib ko‘rishni niyat qilgandim.
— Uzoq emasmi? — deb so‘radim vaqtni qizg‘anganimdan, iloji bo‘lsa bugunning o‘zidayoq borib, xo‘jalikdagi ishlar bilan tezroq tanishish niyatida.
— Yo‘q, uzoq emas, — kuldi Jamoliddin Muslim. — Sizning “Sarbadorlar” romaningizda bor-ku, haligi Samar­qand yonidagi qishloqlar yaqinligini ko‘rsatish uchun agar shaharda yotgan odam qo‘lini tashlasa, qishloqqa tushadi, deb ta’riflangan. O‘shanga o‘xshagan. Yaqin.
 Kulishdik.
Toshkent — Andijon yo‘lidan yurilsa, ko‘p o‘tmay chapdan bejirim asfalt ko‘cha chiqadi, u “Baraka” fermer xo‘jaligining so‘lim shiyponiga olib boradi.
Bizni ko‘rinishidan yetmish yosh atrofidagi, yuzidan nur yog‘ilib turgan, shirin so‘zli, sertabassum bir odam kutib oldi. Bu Botirjon aka Isayev edi.
— Qanday shamol uchirdi? Faqat televizorlarda ko‘rardik... — samimiy quvonchini yashirmadi u. — Ajoyib ish bo‘pti-da!
— Sizning shamolingiz uchirib keldi... — hazilga hazil bilan javob qildim.
Kattagina shiypon hovlisi juda shinam, bog‘ degulik. Shiypon desa, xayolimizda darhol keng dalaning o‘rtasida qaqqaygan, borish yo‘li chang va tor, ostonasining tagigacha paxta ekilgan, ikkita-uchta xonasi bor, oldi yengil-elpi ayvon qilingan, aytarli hovlisi yo‘q, chetida bitta-yarim tol o‘sib-o‘smagan qarovsiz imorat paydo bo‘ladi. Lekin “Baraka”ning shiyponi mutlaqo boshqacha. Aniq sanashga ulgurmadim, o‘nga yaqin derazasi hovliga qaragan, albatta xonalari ham shundan kam emas, keyin ularni aylanib ko‘rdik — bashang oq bino ekan. Binoning oldida po‘lat quvurlardan juda chiroyli baland so‘ritok ko‘tarilgan, nariroqda gulzor ko‘zga tashlanadi.
— Po‘lat quvurlarni qaydan keltirgansiz? — deb so‘radim so‘ritokni ko‘rsatib.
— O‘zimizdan... — deb qo‘yaqoldi Botirjon aka ortiqcha izoh berib o‘tirmay. Buning sababini keyin tushunib yetdim.
So‘riga o‘tirdik. Yoqimli mezon shabadasi esardi.
— Ona tabiatning muruvvati, oltin fasl — kuzning saxovati bu yil boshqacha bo‘ldi, barcha fermerlar qatori 61,7 gektar yerga dehqonchilik qilayotgan bizning “Baraka” fermer xo‘jaligimiz uchun ham xosiyatli, barakali keldi, — dedi Botirjon aka. — Gap shundaki, vodiyga qilingan safar chog‘ida Prezidentimiz Islom Karimov fermer xo‘jaligimizda bo‘ldilar va biz bilan suhbatlashdilar...
— Muborak bo‘lsin! — dedim.
— Tabriklaymiz! — so‘zga qo‘shildi Jamoliddin Muslim ham.
Darvoqe, g‘ayratli va iqtidorli tadbirkor Olimjon Isayev rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligida dehqonchilik ishlari ilmiy asoslarda olib borilayotgani sababli yaxshi natijalarga erishilmoqda. Bu — juda muhim omil. Olimjonning o‘zi iqtisodchi, agronom. Bobolari ham deh­qonchilik bilan shug‘ullanib kelishgan. “Mirisoxon oppoqdadamlar mirishkor dehqon bo‘lgan ekanlar...” — dedi Olimjon keyin biz bilan suhbatda o‘ziga meros qolgan dehqonchilik kasbi haqida g‘ururlanib. Asli uning ilhomchisi hurmatli padari buzrukvori, suhbatdoshimiz Botirjon aka Isayev edi.
— Bu yil yigirma a’zodan iborat fermer xo‘jaligimizda 30 gektar yerga bug‘doy ekdik, — deydi Botirjon aka. — Qilingan mehnatlar zoe ketmadi, samarasi a’lo darajada bo‘ldi. Har gektardan 67,7 sent­ner hosil olishga erishildi. Buni bemalol rekord natija, deyish mumkin. Paxta yetishtirish bo‘yicha bu yilgi reja har gektaridan 35,1 sentner qilib belgilangandi, hozirgacha bu ko‘rsatkich 40 sentnerga yetdi. Majburiyat ham ortig‘i bilan ado etildi. Xo‘jaligimiz muvaffaqiyatlarida suvchilar Mahmudjon Rapiev, Rahmatilla Qozoqov, biologik laboratoriya laborantlari Manzuraxon Yusupova, Mamlakatxon Jo‘rayevalarning fidokorona mehnatlari haqida hamma og‘zidan bol tomib gapiradi... Rosa mehnat qilishdi, shovvozlar.
****
Yuqorida Botirjon aka Isayev haqida, uning o‘g‘li Olimjon to‘g‘risida fikr yuritdik. Voqeani biroz avvaldan boshlash o‘rinli bo‘ladi. Gap shundaki, ushbu fermer xo‘jaligini dastavval Olimjonning otasi Botirjon aka tashkil etgan va farzandlarini ham shu ishga tortgan edi.
Bundan to‘rt yil avval kech kuz kunlarining birida Botirjon aka o‘g‘li Olimjonga dedi:
— O‘g‘lim, bir joyga boramiz.
 Olimjon muhim gap borligini payqadi, lekin nimaga deb so‘rab o‘tirmadi. Ota va o‘g‘il xuddi shu yerga keldilar. O‘shanda yangitdan qurilgan shinam shiypon yo‘q edi, albatta, atrof fayzsiz, qarovsiz bo‘lib ko‘rindi.
— Shu ishning ustida gaplashaylik, deb sizni bu yerga olib keldim.
— Juda soz-da, dadajon. Qulog‘im sizda.
Botirjon aka shahardagi “Mexmash” ochiq aktsiyadorlik jamiyati korxonasi rahbari bo‘lib faoliyat ko‘rsatayotgan o‘g‘lidan mamnun, ichida quvonadi, ammo ortiqcha maqtab yubormaydi, uning olib borayotgan ishlarini doim kuzatib turadi. O‘g‘il ham nima ish qilsa, albatta, otasidan kengash oladi. Qobil o‘g‘il. O‘z o‘rnida ota ham biron ishga qo‘l urmoqchi bo‘lsa, Olimjonsiz qadam bosmaydi, undan fikr so‘raydi. Bir-biriga ham suyanch, ham madad.
— Ko‘pdan bir maqsadim bor edi, o‘g‘lim, — dedi Botirjon aka. — Yerni yaxshi ko‘raman. Jim qarab o‘tirolmayman. Bu yerdagi fermer xo‘jaligining ishlari yurishmagan, yuqori hosil olinmagan ekan... Yerni aldab bo‘lmaydi-da. Unda ham jon bor, odamning mehrini sezadi, doim mehrga tashna. Qancha mehr bersang, saxovati ham shunga yarasha bo‘ladi. Atrofga bir qarang, mana shu yerlar tenderga qo‘yilar ekan. Tanlov bo‘larmish...
Ota o‘g‘liga nima deysan, deganday sinchkov tikildi. Olimjon otasining fikrini darhol angladi. Ajabo, u ham shu niyatni ko‘ngliga tugib yurgandi. 
— Dadajon, siz nima desangiz shu.
— Tushunganingiz uchun rahmat, o‘g‘lim. Ammo aytib qo‘yay: buni sizlarga ishonib qilyapman...
Sirasini o‘ylaganda, Botirjon aka nafaqada, yegulik-ichguligi yetarli. Hech narsadan kami yo‘q. Bolalarining muhtarama ayasi Mohiraxon aya bilan shirin umrguzaronlik qilishmoqda.
— Men nimaga erishgan bo‘lsam, bari Mohiraxon tufayli, — deydi rafiqasidan minnatdor Botirjon aka. — Meni deb o‘qishini, ishini tashladi, etagimdan ushlab, qayga borsam birga bo‘ldi. Qirq yilga yaqin xizmatimda turib, bir marta «charchadim» degani yo‘q...
Endi baxtli ota-ona farzand­lari — Odiljon, Dilbarxon, Nodiraxon va Olimjonlarning yonida bunday oyoq uzatib, keksalik gashtini surib yotsa ham bo‘laverardi. Biroq bolalar yerdan uzoqlashmasin, mehnatdan begonasirab ketmasin, degan umidda bu ishga kirishayotibdi, xolos. Eng muhimi, bu qo‘ldan keladigan ish. Ikkinchi tomondan, Botirjon aka Isayev mehnatda suyagi qotgan emasmi, nafaqaga chiqsa ham, tinch o‘tira olmasligini sezdi. Yurtda kattadan-kichik hamma harakat qilyapti. Bir fuqaro sifatida u ham qarab turmay kamtarin mehnati bilan mustaqilligimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shishni ko‘ngilga tugdi. Tumanda o‘tkazilgan tenderda qatnashib, g‘olib chiqdi va mazkur fermer xo‘jaligini tashkil etdi. Yetmish gektardan ortiq maydon “Baraka” xo‘jaligi tasarrufiga kiritildi. Shaxsan Botirjon akaning o‘zi har bir qarich yerni sinchiklab nazardan o‘tkazdi. Ish qizib ketdi. Ertadan shomgacha, lozim topilsa, a’zolar bilan kechasi ham yotib qolib ishlashdi. Sidqidildan mehnat qilsang, xudo hech qachon seni noumid qoldirmas ekan.
Ishlar yurishib ketgach, biroz­ vaqt o‘tib, xo‘jalik rahbarligini o‘g‘li Olimjonga yukladi. Zotan yetmish olti yoshni qoralayotgan Botirjon akaning maqsadi ham shu edi aslida — bolalar yerdan, demakki mehnatdan uzilmasin.
Yaxshi hosil olish, ko‘zlangan maqsadlarga erishishda xo‘jalik a’zolariga shart-sharoit yaratish juda muhimligi Botirjon akaga tajribalaridan ma’lum. “Baraka”da ishning shu tomoniga alohida e’tibor berilishi bag‘oyat diqqatga sazovordir.
Avvalo bir necha yildan beri barchani qiynab kelayotgan suv tanqisligi bartaraf etildi, o‘tgan yili olingan sof foyda evaziga artezian quduq qazildi. Endi yer ostidan chiqayotgan zilol suvdan o‘zlarigina emas, qo‘shni fermer yerlari ham bahramand bo‘lmoqda.
Kishilarning oilada tirikchilikdan ko‘ngillari xotirjam bo‘lishi kerak. Ularga o‘z vaqtida mehnatlariga haq olishlaridan tashqari, bug‘doy, mosh, loviya, makkajo‘xori va boshqa qish faslida ro‘zg‘or uchun zarur sabzavot mahsulotlari taqsimlab berilmoqda. Bari xo‘jalikning o‘zida yetishtiriladi. Botirjon aka taklifi bilan chorvachilikni rivojlantirish maqsadida kattagina molxona ham qurildi, yangi bog‘ barpo etish ishlari boshlab yuborildi. Olimjon esa issiqxona qurishni taklif qildi. Natijada yangi ish o‘rinlari barpo etildi.
Hammaning hurmatiga sazovor Botirjon aka hozir fermer xo‘jaligida bosh maslahatchi. Kattaning ham, kichikning ham holidan boxabar, ishning borishini kuzatib, o‘g‘liga jo‘yali kengashlar berib turadi, dala boshidan ketmaydi, tinib-tinchimaydi. Bunday bahamjihatlik ajoyib samaralar bermoqda.
— Demak, biz qishloq xo‘jaligi islohotida fermer xo‘jaligiga suyanib, ular faoliyatiga alohida e’tibor berib to‘g‘ri ish qilgan ekanmiz, — dedi Yurtboshimiz xo‘jalikdagi ishlar bilan tanishish paytida. — Fermer bugun qishloqda asosiy yetakchi kuchga aylandi. Ulardan talabimiz shuki, avvalo, ota-bobolarimizdan meros qolgan yerni e’zozlash, unga beriladigan agrotexnik tadbirlarga jiddiy yondoshish, muntazam boyitib borish va kelgusi avlodlarga ham hosildor yerlar qoldirish haqida jiddiy o‘ylab ko‘rmoq lozim.
Davlatimiz rahbarining tashrif chog‘ida aytib o‘tgan qimmatli fikr-mulohazalari, bergan yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalari umuman fermer xo‘jaliklari uchun dasturilamal vazifasini o‘tashini kelgusi yilda 117 gektar yerga ekin tikadigan “Baraka” fermer xo‘jaligining mutasaddilari Botirjon aka ham, Olimjon ham dil-dildan tuydilar.
****
Botirjon Isayev asli mamlakatimizda paxtachilik, dehqonchilik sohasida mehnati singgan taniqli olim. 1935 yilda mana shu Namangan tumaniga qarashli so‘lim Dambog‘ dahasida tavallud topgan. Bolaligi xuddi mana shu “Baraka” yerlariga tutash dalada o‘tgan. Esida, otasi Mirisoxon aka yetakchilik qilgan brigada yerlari namanganlik don­g‘i chiqqan mashhur paxtakor Tojixon Asqarova brigadasi bilan yonma-yon edi.
Botirjon shahardagi 5-umumta’lim maktabini tamomlagach, Toshkent qishloq xo‘jalik institutiga o‘qishga kirdi va 1957 yilda uni tugatib, agronom diplomini oldi. Kichikligidan dalada o‘sganidanmi, o‘qishni davom ettirishni, dehqonchilik ilmini chuqur egallashni o‘z oldiga qattiq maqsad qilib qo‘ydi. Shu niyatda 1960 yili aspiranturaga o‘qishga kirdi va besh yildan keyin qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi bo‘ldi. Bunda Paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutining laboratoriya mudirlari Tojiddin Zokirov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Mixail Aleksandrovich Belousovlarning xizmatlari beqiyos bo‘ldi.
Izlanishlarini davom ettirgan Botirjon 1980 yilda qishloq xo‘jalik fanlari doktori degan oliy ilmiy darajaga erishdi, keyinchalik unga professor unvoni berildi.
Botirjon Isayev uzoq yillar Toshkentdagi Paxtachilik ilmiy-tekshirish institutida faoliyat ko‘rsatdi, bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishladi. Xizmat yuzasidan Jazoirga bordi, Sahroi Kabirni kezdi, Xitoy va Germaniyada bo‘ldi. Sakkiz yil Markaziy agrokimyo xizmati instituti O‘rta Osiyo filialini boshqardi. 1992 yili Paxtachilik ilmiy-tekshirish institutining Namangandagi filialiga boshliq etib ta­yinlandi. 2006 yilda Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. U O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi unvoniga ega.
Alisher Navoiyning “Far­hod va Shirin” dostonida ta’riflanishicha, ko‘p ilmu hunarlar sohibi bo‘lgan Farhod o‘z ilmini dashtlarga suv chiqarishga, yurtni obod qilishga qaratgan edi. Bu ibrat, namuna, bunday tutum bizga bobolardan qolgan.  Botirjon aka ham uzoq yillar davomida qishloq xo‘jalik sohasida olgan bilimlarini “asrab” o‘tirmay, istiqlol bergan imkoniyatlardan foydalanib, ularni dadil dehqonchilikni rivojlantirish yo‘llariga burdi. Bunda olimning bir paytlar olib borgan ilmiy izlanishlari mahsuli bo‘lgan, o‘ttiz yildirki, o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, hanuz talaba va mutaxassislar murojaat etib turadigan “G‘o‘zani mikroelementlar bilan oziqlantirishning fiziologik va agrokimyoviy asoslari” tadqiqotlar to‘plami yana ish berdi.
Botirjon aka bilan Olimjonning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli fermer xo‘jaligida ajoyib bir loyi­haga qo‘l urildi. Buni ilm bilan dehqonchilikning bir-biriga bog‘lanishiga chiroyli misol, deyish mumkin. Ma’lumki, paxtadan yuqori hosil olishda eng ashaddiy to‘siq — bu g‘o‘za zararkunandalaridir. Mazkur muammo hamisha dehqonga tashvish orttirib kelgan. G‘o‘za zararkunandalariga qarshi shu kungacha asosan kimyoviy usullar bilan kurashib kelinardi. Bu, bir tomondan, juda serxarajat ish, ikkinchi tomondan, atrof-muhitga, tabiatga salbiy ta’sir etadi, eng dahshatlisi, insonlar sog‘lig‘iga xavf soladi. Ota bilan o‘g‘ilning uzoq izlanish, tekshirish, sinovlaridan keyin “Baraka”da biologik laboratoriya ish boshladi.
— Bu biolaboratoriya qayerdan keltirilgan? Chet eldanmi, deyman? — so‘radi Jamoliddin Muslim.
— O‘zimizdan... — javob berdi yana xotirjam Botirjon aka.
Bu sirli so‘zga qiziqishim orta boshladi.
— Endi kimyoviy usul bilan emas, balki biologik usul, ya’ni g‘o‘za zararkunandalariga qarshi o‘z kushandalari bilan kurashilmoqda, — dedi Botirjon aka. — Mazkur biologik laboratoriyada ko‘sak qurtiga qarshi gabrobrakon, o‘rgimchakkana va shiraga qarshi oltinko‘z, trixogramma kabi g‘o‘za o‘simligiga naf keltiradigan foydali hasharotlarni maqbul sharoitlarda “boqib” yetishtiryapmiz. Ular g‘o‘za zararkunandalari yoyilgan joyga “qo‘yib yuboriladi”. Bitta biologik laboratoriya mahsuli 5 ming gektar yerni ta’minlay oladi.
— Shunaqa deng? O‘h-ho‘!..
— Biologik laboratoriyada amalga oshirilgan, g‘o‘za zararkunandalariga qarshi kurashishda samarali vositalar yaratgan ushbu loyiha tufayli fermer xo‘jaligi 12 million sof daromad qildi. Kimyoviy vositalar o‘rniga biousuldan foydalanilgan har gektar yerdan o‘rtacha 60 ming so‘m tejash imkoni tug‘ilmoqda, — Botirjon aka davom etdi. — Tumanimizdagi “Ijodkor” agrofirmasi doirasida barcha fermer xo‘jaliklari biolaboratoriyamiz mahsulotlari bilan ta’minlanmoqda. Turkmaniston va Qozog‘istonga ham olib ketishyapti, Xitoyda qiziqish bor. Yurtboshimiz “Baraka” fermer xo‘jaligining ishlari bilan tanishganlarida bu tajribani ma’qullab, uni omma­lashtirish, biousul qamrovini kengaytirish zarurligini ta’kidladilar.
“Bu borada masalaning barcha jihatlarini — biologik usulning kimyoviy vositalardan afzalliklari, xarajatlarni kamaytirish imkonini berishi, atrof-muhit sofligini saqlashdagi ahamiyati hamda iqtisodiy tomondan qay darajada maqsadga muvofiqligini e’tiborga olish lozim, — dedilar Islom­ Karimov. — Shu ma’noda fermerlarga ushbu usulning afzalliklari yuzasidan kengroq ma’lumot berish muhim ahamiyatga ega...”
Shu palla shiyponga yetib kelgan baland bo‘yli bir yigit hech kimga xalal bermay ohista o‘tirib suhbatga quloq sola boshladi. U “Baraka” fermer xo‘jaligining boshlig‘i Olimjon edi, xorijlik mehmonlarni endigina kuzatib­di-yu, ­bu yoqqa shoshilibdi.
Ko‘rishdik.
— Yurtboshimiz juda to‘g‘ri uqtirdilar, — izoh berdi Olimjon. — Hozir fermerlarga biousulning afzalliklari haqida tushunchalar, kengroq ma’lumotlar berib boryapmiz.
— Ular qanday “boqiladi”?
— Ilgari bunday “foydali” hasharotlar ibtidoiy usullarda tayyorlanardi, sodda aytganda, ularni xonaki, so‘qma, deyish mumkin, natija ham shunga yarasha bo‘lardi, — javob berdi Botirjon aka. — Biz esa sanoatlashgan, mexanizatsiyalashgan usulda tayyorlashga kirishdik. Bu ham qulay, ham unumli. Loyihani respublika qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi qoshidagi O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tekshirish instituti olimlari bilan birgalikda ishlab chiqdik... Boqilishi, parvarishiga kelsak, gabrobrakon bilan trixogramma 40-45 kunda “voya­ga yetadi”. Ularga qat’iy tartibda tuxum, asalari mumkuyasi, arpa, shakar, margarin beriladi. Oltinko‘z tuxum, olma qoqi yeydi, 20-22 kunda yetiladi. Issiq-sovug‘i kompyuter orqali tekshirilib turiladi. Loyiha — loyiha, ko‘p loyihalarni ko‘rdik, qog‘ozda qolib ketdi. Eng muhimi, uni amalga oshirish, hayotga tatbiq etishdir. Buni yo‘lga qo‘ygan, ishlab chiqarishni rivojlantirgan esa, baraka topadi. 
— Dadam bizga umumiy rahbar sifatida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turadilar, —  suhbatimizga qo‘shildi Olimjon. — Bilmaganlarimizni so‘rab bilib olamiz...
— Kam bo‘lmasinlar, o‘g‘lim! — jilmayadi Botirjon aka.
Zamirida hurmat, buyuk ehtirom yotgan ota-farzand munosabatlarini ko‘rib quvonadi kishi.
****
Ota-bolaning izlanishlari, shijoati bilan yaqinda fermer xo‘jaligida sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan avtomatik “I-1056” inkubatori ishga tushirildi. Undan 1056 ta jo‘ja olish imkoniyati bor. Sifat sertifikatiga ega. Ter­mo­izolya­tsiyali, eshiklari zich yopiladigan — havo, issiqlik yoki sovuqlik o‘tkazmaydigan, bejirim oppoq shkaflardan iborat. Yarqirab turibdi. Boqib bironta qusur ko‘rmaysiz.
Bolaligimizda shunday yuqori sifatli buyumni ko‘rsak, u zavodda, fabrikada ishlangan, degan ma’noda “fabrichniy”mi yoki qo‘lda ishlanganmi, deb so‘rab-surishtirardik. “Fabrichniy” deyilsa, bu uning sifati balandligini bildirar edi.
— “Fabrichniy” ekan-a! qayerdan keltirilgan bu? Yaponiyadan emasmi? — so‘rayman Botirjon akadan.
— O‘zimizdan... — javob beradi u.
Endi sabrim chidamaydi:
— O‘zimizdan... ya’ni qayerdan?
Botirjon aka menga jilmayib qaraydi:
— Men sizga aytsam, bu inkubator eng so‘nggi zamonaviy texnika imkoniyatlaridan foydalanib yaratilgan, harorati, namligi kompyuter orqali bosh­qariladi, qo‘shimcha quvvat manbai bilan ta’minlangan va hokazo afzalliklarga ega. Yaponiyada yoki Germaniyada emas, balki shu yerda — o‘g‘lim Olimjonning o‘zi rahbarlik qilayotgan Namangandagi “Mexmash” ochiq aktsiyadorlik jamiyati korxonasida ishlab chiqarilgan!
— Namanganda?!.
— Ha-da! Inkubator avtomatik ravishda boshqariladi, tuxumlar aylantirib turiladi, jo‘jalar paydo bo‘lganda ularga mos sharoit yaratiladi... Darvoqe, biologik laboratoriyaga zarur jami asbob-uskunalar ham xuddi ana shu “Mexmash”da beminnat jobajo etildi. Po‘lat quvurlar ham, issiqxona ham, seyalkalar ham. Uzoqlarga borib yurganimiz yo‘q...
Olimjonga qarayman. Demak, u ham “Baraka”ni boshqaradi, ham “Mexmash”ni. Shakllanib kelayotgan mulkdorlar sinfining yorqin vakili... U, dadamlar to‘g‘ri aytyaptilar, deganday jilmayadi.
— O‘zbek ko‘rmaguncha ishonmaydi... — dedim hazillashib. — Korxonangizni bir ko‘rishimiz kerak-da...
— Bosh ustiga!
O‘ttiz to‘qqiz bahorni qarshilagan Olimjonning asl kasbi  yuqorida aytganmizdek, agronomlik, iqtisodchi, tadbirkorlikdir. 1999 yilda do‘sti Ulug‘bek Fayzullayev bilan das­tavval mashina yuvadigan korxona ochishdi. Bir kunda yuzdan ortiq mashina kelar, ishchilarga qo‘shilib o‘zlari ham mashina yuvishardi.
2000 yilda yoqilg‘i quyish shoxobchasini ochdilar. “Sutkasiga «25» soatdan ishlardik...” — deb eslaydi o‘sha tig‘iz kunlarni Olimjon. Do‘sti Ulug‘bek buni bosh tebratib tasdiqlaydi.
Ish asosan 2003 yilda Namangandagi “Vostok” korxonasini birja orqali sotib olib, uni ochiq aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish, aksiya­lar chiqarishdan boshlandi. Biroq ish yurishmas, eski korxonaning soliqdan 230 million qarzi bor, uni uzish shart, buning ustiga 60 ishchi bir yarim yildan beri maoshsiz qolib ketgan. Korxonadagi 300 ta stanok esa to‘liq ishlamas, ayrimlari ta’mirga muhtoj, ayrimlari temir-tersakka topshirishgagina yarardi.
Olimjon bo‘lib o‘tgan bir detektivnamo hodisani shunday eslaydi. Bir kuni boshi qotib o‘tirsa, mutlaqo notanish odam qo‘lida chamadoni bilan kirib keladi.
“Sizga gapim bor! — deydi Olimjonga. — Juda qiynalib qoldingiz, ko‘rib turibman. Sizga yordam bermoqchiman. Qarzlaringiz bor, ishchilaringiz maoshsiz o‘tirishibdi. To‘g‘rimi?..”
Notanish odamning gaplari, afsuski, to‘g‘ri edi.
“Xo‘sh? Nima demoqchisiz?” — so‘raydi Olimjon bir oz ensasi qotib.
“Mana shu chamadon ichi to‘la, ko‘kidan... Qarzingizga ham, maosh­ga yetadi, hammasini qoplab, o‘zingizga ham qoladi. Shuni olasiz, faqat bir shartim bor. O‘sha ishlamay yotgan uch yuzta dastgohlaringizni hech kimga bildirmay bitta-bitta olib chiqib ketaman, o‘zingizni ko‘rmaganga solib turasiz... Qolgani mening ishim.”
Olimjonning a’zoi badani jimirlab, o‘ti chiqib ketdi. Nima-nima?! Nahotki, o‘z mulkini sotsa?! Bizni kim deb o‘ylayapti u o‘zi!..
Bunga akasi, “Mexmash” kuzatuv kengashi raisi Odiljon ham tish-tirnog‘i bilan qarshi turdi.
Yetti uxlab tushiga kirmagan Olimjon bu hodisadan qattiq g‘azablandi, ammo o‘zini bosdi. Kimligini so‘rab o‘tirishni o‘ziga or deb bildi. Jilmayib, notanish mehmondan, qaysi yo‘ldan kelgan bo‘lsa, chamadonini ko‘tarib o‘sha yo‘ldan qaytib ketishini keskin talab qildi...
— Juda to‘g‘ri qilibsizlar, o‘g‘illarim! Boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas! — farzandlarining tutumlarini ma’qulladi otasi.
Ayni paytda bu hodisa Olimjonni g‘ayratlantirib yubordi. Akasi Odiljon, do‘sti Ulug‘bek va boshqa do‘stlari bilan ishga qattiq kirishdilar. Tezda qarzlarni uzish chorasi topildi. Uch yuzta stanokning ikki yuztasi tiklandi. Asta-sekin davlat dasturlarida ishtirok eta boshlashdi. 2004 yilda respublika maktablarida mehnat xonalarini jihozlash bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdilar. Bu dastlabki katta qadam edi...
Korxonada o‘ttizdan ortiq tajribali mutaxassislar — konstruktor, texnologlar, mexaniklar, dizaynerlar, muhandis-texnik xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ish jarayoni qat’iy algoritm qoidalariga asoslangan holda izchil olib boriladi. Hamma bo‘limda ham nufuzli oliy o‘quv yurt­larini bitirib kelgan mutaxassislar ishlashadi. Asosiy maqsad — zamon talablariga javob bera oladigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish.
Olimjon yana bir qiziq voqeani aytib berdi. Ish boshlaganlarining dastlabki pallalari. Birinchi inkubatorning oppoq shkafi tayyorlanganini bildirdilar. Ilk “hosil”! Quvonchli hodisani ko‘rish uchun butun korxona ahli hovliga to‘plandi. Olimjon bilan Ulug‘bek kabinetdan past­ga tushganlarida, o‘rtaga qo‘yilgan oppoq shkaf oftobda yaraqlab turardi. Hammaning chehrasida tabassum, mamnunlik alomatlari. ...Olimjon ham allaqanday hayajonda yaqinlashar ekan, birdan avzoyi o‘zgardi: shkafning tepasiga shapaloqdek yamoq solingan edi!
— Kim... bunga yamoq soldi? — so‘radi Olimjon.
— Men! — dedi bir tsex boshlig‘i.
— Nega bunday qildingiz?
— Tepasida-yu, ko‘rinmaydi. Kim ko‘rib o‘tiribdi? — izoh berdi tsex boshlig‘i. Keyin beparvogina qo‘shib qo‘ydi: — Bo‘laveradi-da...
Olimjoning qoni yuziga tepdi:
— Nima-nima?! Bo‘laveradi?! Nimaga bo‘laverar ekan? Bo‘laveradi, bo‘laveradi, deb shu yerga keldik-ku!. Endi bo‘lmaydi! Endi bo‘lmaydi, tushundingmi? Birinchi galda biz sifatga e’tibor beramiz! Sifatga! Sendaylarga esa bizning oramizda o‘rin yo‘q!
Darg‘azab Olimjon qo‘liga erk berishiga oz qoldi, haligi odamning “hay-hay” deganiga qaramay, yoqasidan tutib, dikonglatib korxonadan ko‘chaga chiqarib, orqasidan eshikni yopib qo‘ydi. Bir jihati, hammaning ko‘ngli xira bo‘ldi, ayni paytda hamma endi bunday ishlash mumkin emasligini anglab yetdi.
Korxonani aylanar ekanman, undagi yoshlarning g‘ayrat-shijoatlarini, mehnatlarini ko‘rib, ichimda: “Yalqov ekansan! Yalqov ekansan! Mehnat qilish mana bunday bo‘ladi!” — deb o‘zimga o‘zim dashnomlar berar edim. Mahsulot turining ko‘pligi jihatidan “kichkina Xitoy” desa bo‘ladigan bu korxonada qishloq xo‘jaligiga zarur har xil agregatlar, seyalka, qalinligi o‘n millimetrdan bir yuz yigirma yetti millimetrgacha bo‘lgan turli o‘lchamdagi 114 xil po‘lat quvurlar, zamonaviy sanoatlashtirilgan issiqxonalar, siljima shkaflar, turmushda kerakli ixcham turfa buyum-ashyolar tayyorlanmoqda. Chunonchi, “O‘zbekenergo” buyurtmasiga asosan Angrenda 2 gektarlik, “Transgaz” buyurtmasiga ko‘ra Surxondaryoda 2 gektarlik zamonaviy issiqxonalar qurildi. 44 ta biologik laboratoriya, 30 ta avtomatik inkubator xaridorlarga yetkazib berildi. Xaridorlar esa tobora ko‘payib bormoqda.
Xullas, “Baraka” va “Mexmash” misolida zamonga munosib, ilm-fan, dehqonchilik va tadbirkorlikning bir-biriga chambarchas bog‘lanib omuxta bo‘lib ketgan har tomonlama mukammal majmuani ko‘ramiz. Bu — Mustaqillikning mevasi, albatta.
Botirjon akaning tajriba va ilmiy salohiyatiyu o‘g‘ilning g‘ayrat shijoati, izlab topgan yangiliklarini ishlab chiqarishga dadil tatbiq etishi fermer xo‘jaligini ham, korxonani ham muvaffaqiyatlar sari yetaklamoqda. Fermer xo‘jaligi — korxona — biolaboratoriya — dala — sanoat — ilm bir-biriga ko‘mak bermoqda.
Bu — ota-o‘g‘il birligi, do‘stligi, ilm bilan dehqonchilik, sanoat birligi samarasi.
Botirjon akaning: “Mehnat qil, izlanishdan aslo tolma, o‘g‘lim! Insonning qaddini ko‘taradigan, obro‘yini oshiradigan, elga aziz ko‘rsatadigan narsa, bu — halol mehnatdir!” so‘zlarini Olimjon hamisha yodida tutadi.
 
Muhammad Ali,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi,
Davlat mukofoti laureati
Namangan,
2011 yil noyabr.
 

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM