Suhbatdoshingiz yo uy qurayotgan bo‘ladi, yo kechagina nabirasi yashashi uchun binoga poydevor qo‘ygan bo‘lib chiqadi, jilla qursa, uyini ta’mirlashni boshlab yuborganini bildiradi. Siz ham qarab turmaysiz, beixtiyor uyingizni o‘n yil avval qurganingizda tomi ko‘ngildagidek yopilmaganini, bu ishga qattiq kirishish niyatida ekaningizni aytasiz. Xullas, davrada necha kishi bo‘lsa, barchasi o‘zi sezmagan holda suhbatga qo‘shilib, o‘zining besh yil, o‘n yil oldingi bunyodkorlik jasoratlaridan hikoya qilishga tushib ketadi. Bu tabiiy hol. O‘zbek xalqi — bunyodkor xalq. Farzandlar ota-bobolari odatlariga sodiq qolib, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirib kelayotganlaridan behad quvonasan kishi.
Andijonning shunday biqinida joylashgan, Buyuk Ipak yo‘li bo‘yidagi “Xortum” fuqarolar yig‘iniga qarashli Xarabek qishlog‘ining “O‘rikzor” mahallasida (hozir u “Kamolot” mahallasi deyiladi) 82 ta uy qurilib, Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi arafasida o‘z egalariga topshirildi. Bayramga bayram ulanib ketdi. Prezident Islom Karimov Andijon safari vaqtida bu yerga kelib mahalla fuqarolari bilan suhbatlashdi, yangi uylarni ko‘zdan kechirdi, uydagi eng kichik detallarning ham o‘z o‘rnida joylashtirilgani, zamonaviy talablar inobatga olinganini yuksak baholadi:
— Bunday yangi zamonaviy uylarda yashayotgan hamyurtlarimizning to‘kis hayotini ko‘rish kishiga katta quvonch bag‘ishlaydi, — dedi Prezidentimiz. — O‘zi yashayotgan joyni obod qilish xalqimizga xos fazilatlardan. Ota-bobolarimiz qadimdan bunday turmush tarzini qut-baraka belgisi, mustahkam oila kafolati sifatida qadrlagan. Bunday ezgu ishlar hozir ham zamon talablariga mos ravishda davom ettirilmoqda.
Yangi mahallada bizni viloyat hokimining qurilish ishlari bo‘yicha maslahatchisi Hamidulla Xalilov kutib oldi. U bu mahalla qurilishida boshdan oyoq mutasaddilik qilgan odam, Andijonning eski shaharidan, yetti ajdodi ham shu yerda yashagan. Ikki tarafida bir tekis imoratlar solingan, keng va ravon “Kamolot” ko‘chasi juda fayzli ko‘rinadi. Mahalla guzarida bozorcha yonida turibmiz. Ana turli do‘konchalar, novvoyxona, madaniy, tibbiy, maishiy xizmat xonalari ochiq. Har taraf orasta.
— Juda chiroyli mahalla bo‘libdi, — dedim men atrofga nazar tashlab.
— Ha, chiroyli bo‘ldi, — dedi Hamidulla aka. — Bu yerlar avval qarovsiz joylar edi. 3 gektar o‘rikzor, 5 gektar uzumzor bo‘lishiga qaramay, na o‘rigidan, na uzumidan birov bahra olmasdi. Qip-qizil chakalakzor desa bo‘laveradigan joylar, bari samarasiz yotardi. 2010 yil kuzda viloyat hokimi Ahmadjon Usmonov tegishli idoralar vakillarini bu yerga yig‘di. O‘zim ham qatnashdim. Prezidentimizning qator qarorlari asosida ishlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha davlat dasturiga binoan milliy uslubda zamonaviy infratuzilmalar bilan ta’minlangan uylar qurish kerak, har bir xonadonga 6 sotixdan yer belgilansin, degan fikrga kelindi. Ish boshlanib ketdi. Dastavval daraxtlarni ko‘chirish, joyni tozalash, tekislash ishlari bilan shug‘ullandik.
— Qurilish ishlari Ulug‘bek Isomiddinov rahbarlik qilayotgan “And-Kubo” xususiy korxonasiga topshirildi, — so‘zga qo‘shildi viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yordamchisi Abduvahob Nurmatov, xuddi so‘ramoqchi bo‘lgan narsamni oldindan bilganday. — 317 quruvchi ish olib bordi.
— Ha, tinim bilishmadi azamatlar! Kechayu kunduz shu yerda bo‘ldik, desam ishonavering, — Hamidulla aka jilmaydi. — Hamma birga yotib, birga turdi, desangiz... Sakkiz oyda, mana, ish nihoyasiga yetib turibdi.
Hamidulla Xalilov oltmish besh yoshga kirganiga qaramay yoshlardek serg‘ayrat, horib-tolmas kishi ekan, uning bu fe’li yoshlarni ham ishga ruhlantirib yuborardi. Buning siri borligini keyin bildim. Mutaxassis sifatida o‘z ishining bilimdoni bo‘lgan bu inson suhbatdosh sifatida ham kishini zeriktirib qo‘ymas ekan. O‘z-o‘zidan suhbatimiz qizib ketdi.
Hamidulla aka bolaligidan sportni yaxshi ko‘rarkan. Mahallasida bir rus kampir chorrahaning chetida oldiga silomer qo‘yib o‘tirar, bu yer kuchini sinamoqchi bo‘lgan bolalar bilan hamisha gavjum edi. Hamma silomerning ko‘rsatkichini yuzga yetkazishga tirishardi. Lekin Hamidulla kelayotganini ko‘rsa, kampir: “Sen yaqinlashma! Kuchingni sinab bo‘lgansan. O‘tgan safar yuzdan oshirib, silomerimning prujinasini uzib yubording! Zo‘rg‘a tuzattirdim...” deb yo‘l bermasdi. Bir kun mashhur To‘lanboy polvon shahardagi bog‘da tomosha berdi. Polvon ikkita toychoqni ko‘targanini ko‘rgan o‘n ikki yoshli Hamidullaning ko‘nglida sportga qattiq ishtiyoq uyg‘ondi. U olgan hayitlik pullarini saqlab yurardi, unga qaysidir do‘kondan tosh xarid qildi va o‘zicha mashq havosini olishga kirishdi... Sambo bo‘yicha sport ustasi bo‘ldi, bir musobaqada jahon chempioni Sobir Qurbonov bilan gilamga tushdi, biroq ochkolar bo‘yicha o‘yinni boy berib qo‘ydi...
Hamidullaning asli kasbi quruvchilik edi, quruvchilik uni batamom o‘ziga tortib oldi, u zavod-fabrikalar qurilishlarida qatnashdi, PMK boshliqligidan (“Nachalnik degani ertadan kech — 24 soat rezina etik kiyib kezib yurish ekan...” — deydi o‘zi hazillashib o‘sha davrlarni eslarkan) to Andijon shahar hokimigacha bo‘lgan turli lavozimlarda ishladi. Ko‘p chig‘iriqlardan o‘tdi. Umr bo‘yi qattiq tartibga rioya qilgan, ishdan boshqa narsani bilmagan, ichmagan, chekmagan, sog‘lom turmush tarzini mahkam tutgan, halol inson... Uning serg‘ayratligi shunda bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
— Mana shunday qutlug‘, savob ishlarda qatnashish, ozgina bo‘lsa ham o‘z hissamni qo‘shish nasib etganiga shukurlar qilaman, — deydi Hamidulla aka.
Birgalashib 26-xonadon sohibi Roziq Yo‘ldoshevning uyiga yo‘naldik. Kenggina hovli. Xonalar rasamadi bilan joylashtirilgan, fayzli, shifti baland, bahavo mehmonxona, yotoqxona, bolalar xonasi, hovliga qaragan ayvon... Toza ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Isitish xonasi bormi, deb so‘ragan edim, “Bor, hovlining etagida”, deyishdi.
— Prezidentimizning xalqimiz farovonligi yo‘lida olib borayotgan ishlari bir yuz bir foizga savob! — deydi Roziq aka mamnun holda. — Qarang, Islom aka xursand kayfiyatda ko‘chamizga qarab turdilar-da, ko‘chaning o‘rtasidan o‘tgan yuqori voltli elektr simlariga ishora qilib: “Ilgari bu yerda hech kim turmasdi, endi odamlar yashaydi, bolalar o‘ynaydi bu ko‘chada, — dedilar va tegishli kishilarga”: bu liniyani bu yerdan boshqa yerga olasizlar, — deb topshirdilar. Bu xalqni o‘ylash demakdir. Rahmat, Prezidentimizga!
— Shundoq dedilar, juda quvondik, — tasdiqladi Hamidulla aka ham. — Mahallamiz obdon obod bo‘ladigan bo‘ldi. Bu yerda “Viloyat faol yoshlari markazi” ham bunyod etilmoqda!
— Ajoyib ish bo‘layotgan ekan-ku!
— Vazirlar Mahkamasi huzuridagi voyaga yetmaganlar komissiyasi tashabbusi bilan bu qutlug‘ ishga qo‘l urildi. Markaz uchun 18,64 gektar yer ajratildi. Hozir ish qizg‘in.
— Ushbu markazni qurishdan maqsad, — izoh berdi Abduvahob Nurmatov, — viloyatimizda voyaga yetayotgan faol yoshlarimizni yana ham faollikka chaqirishdan iborat. Toki ular ozod Vatanning hayotbaxsh tamoyillariga tayanib, Vatan tuyg‘usidan faxru iftixor tuysinlar, yurtimizning yanada rivoj topishi, ulug‘ maqsadlarga erishishi yo‘lida qatordagi norday saflarda mag‘rur yursinlar!
— Markazda asosan nimalar bo‘ladi? — aniqroq tasavvur qilish uchun so‘radim.
— Bilasizmi, uning ichida ko‘p ajoyib inshootlar bo‘ladi, — dedi Hamidulla aka. — Chunonchi, 16 ta kottej binosi, yozgi dam olish xonalari, ma’muriy-maishiy xizmat binosi (qishki oshxonasi bilan), yozgi oshxona ham borligini aytib o‘tay. Keyin har xil mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan binolar (kompüyuter xonasi, o‘quv zali) tiklanadi. Oromgohga ko‘rk bag‘ishlaydigan imorat, bu, albatta, oldidagi maydonda go‘zal favvora otilib turadigan amfiteatr bo‘ladi. Kattagina sport zali, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish binosi, ochiq va yopiq turdagi suv havzalari barpo etiladi. 315 o‘rinli maktab, yoshlar va kattalar uchun attraktsionlar, beshta sport maydonchasi, Akva park quriladi. 150 o‘ringa mo‘ljallangan bolalar musiqa va san’at maktabi esa foydalanishga topshirildi...
— O‘h-ho‘!.. Qurilish ko‘lami juda katta-ku!
— Ha, bari yoshlarimizga bo‘lgan e’tibor samarasi, — dedi Abduvahob Nurmatov.
Bizlar “Kamolot” ko‘chasi bo‘ylab 16-musiqa va san’at maktabiga qarab yurdik. Hali bo‘yoqlarning hidi ketib ulgurmagan yangi xonalarni aylandik. Maktabda fortepyano, estrada, an’anaviy ijrochilik, damli asboblar, dutor va boshqa cholg‘u asboblaridan saboqlar beriladi. Tumandagi va shahardagi o‘quvchilar maktabdan tashqari vaqtlarida bu yerga qatnab o‘qiydilar.
Fortepyano xonasida 1-sinf o‘quvchisi Muhayyo Mahmudova bizga Motsartning “Volinka”sini chalib berdi. Jahon musiqa madaniyatining buyuk siymolaridan biri Motsart musiqasining Andijon qishloqlaridan birida jaranglashi kishida ajabtovur tuyg‘ular uyg‘otdi...
II
Men O‘zbekiston ko‘chasi tomon yurib bormoqda edim...
Xayolimda shu yil bahorda kechgan voqealar jonlandi...
Inson uchun kindik qoni to‘kilgan joy muqaddas. U bog‘mi, tog‘mi, cho‘lmi, chamanmi, farqi yo‘q, inson uchun birday aziz, mukarram. Xudoga shukur, o‘zim poytaxtda yashasam ham, tavallud topgan joyim — Andijonga tez-tez kelib turaman. Do‘stlar bilan, albatta, Asakaning Cho‘ntagiga tushamiz, bir chuqum osh atrofida gurung quramiz. Xeshu aqrabolarni ko‘raman, kitobxonlar, ijodkorlar bilan uchrashaman, hayot va adabiyot haqida suhbatlar quramiz, ko‘ngilda she’rlar, yangidan-yangi ijodiy niyatlar yaproq yoza boshlaydi, gullab-yashnab borayotgan Vatanimiz sha’niga hamdu sanolar aytib charchamaymiz.
Bu galgi safarim ajoyib hodisa bilan chambarchas bog‘lanib ketdi. Biz — bir guruh toshkentlik va andijonlik adiblar Olimjon Xoldor, To‘lan Nizom, Sirojiddin Sayyid, Minhojiddin Mirzo, Qamchibek Kenja, adiba va shoiralar Omina Tojiboeva, Zamira Ro‘zieva, Xurshida Qo‘chqorova, Begoyim Xolbekovalar “O‘zbekiston ko‘chasi”ning ochilishida ishtirok etish uchun hozir bo‘lgandik. Hamma hayajonda, bir-biriga o‘z hayratini bildirishga shoshiladi. Andijonning go‘zal qizlari, ayollari olovday yonib turgan atlas liboslarga chulg‘angan. Oftob charaqlab turibdi. Uzoq-yaqindan kelayotgan mehmonlarning hali oyog‘i uzilgani yo‘q, odamlar birin-ketin kelib, katta to‘lqinga qo‘shilmoqda. Andijonning fidoyi insonlaridan Masharif Yusupov ham shu yerda mehmon kutish bilan band. Shahar favqulodda bayram libosiga burkangan. Ajoyib musiqa sadolari yangrar, dillarga farah solar, hali zamon obod va taxtiravon ko‘chadan qadam bosib, biri biridan o‘taman, degan go‘zal binolarni tomosha qilish ishtiyoqidan ko‘ngillar ruhlanar va qanotlanar, bari ko‘chaning boshida katta qilib yozib qo‘yilgan “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” degan chuqur mazmunli so‘zlarning isbotiday tuyulardi.
Prezident Islom Karimov 2010 yil bahorida Andijonga safari chog‘ida, shahardagi qurilishlarni ko‘rib mamnunlik izhor etgan va shahar ko‘chalaridan birini “O‘zbekiston” deb atashni maslahat bergan edi. Qutlug‘ taklif andijonliklarning ko‘nglidan joy oldi, hammasi shundan boshlandi...
Xayolim tag‘in oldinroqqa ketdi.
O‘zbek adabiyotining porloq yulduzi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 525 yilligi tantanalari chinakamiga bayramga aylandi. Xorijdan kelgan mehmonlar bilan uchrashuvlar, suhbatlar, savol-javoblar bo‘lib o‘tdi, ularni rasmiyatchilikdan yiroq diydorlashuvlar, dilkash suhbatlar, deyish mumkin edi.
Chamanga aylangan Bobur nomidagi milliy istirohat bog‘ida dunyoning taniqli boburshunos olimlari yig‘ildilar. “Boburnoma”ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratgan Eyji Mano (Yaponiya), “Boburnoma”ni arab tiliga tarjima qilgan Magda Salah Maxluf (Misr), mashhur turkshunos olima Ilza Sirtautas (AQSh), Gulshen Seyhan Alishik, Tanju Oral Seyhan (Turkiya), Shafiqa Yorqin (Afg‘oniston), Aziz Qayumov, Suyima G‘anieva (O‘zbekiston), shuningdek, boshqa toshkentlik, andijonlik, namanganlik adib, shoir va olimlar anjuman ochilishini kutib sayr qilib kezib yurishar, Xalqaro Bobur fondi raisi Zokirjon Mashrabov quvonganidan o‘zini qayga qo‘yishni bilmasdi. Xalqaro anjumanda Bobur va boburiylar merosi, “Boburnoma” nusxalari taqdiri, “Boburnoma”ning jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rni, temuriylar davrida Andijonda shaharsozlik madaniyati, Boburning bunyodkorligi, “Boburnoma”da Markaziy Osiyo aholisi haqidagi ma’lumotlar, Markaziy Osiyodagi turk xalqlarining yozma hamda og‘zaki adabiyoti yodgorliklari va hokazo mavzularda purmazmun ma’ruzalar tinglandi. O‘ndan ortiq xorijiy mamlakatlardan kelgan mehmonlar yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar, hayratlanganlarini yashirib o‘tirmadilar.
“Andijonda Bobur madaniy merosiga, shaxsiyatiga hurmat qanchalar katta ekanining guvohiga aylandim, — dedi yaponiyalik mashhur olim Eyji Mano. — Aslida Boburday dilbar shaxs bilan har qancha faxrlansa arziydi. Men bu ulug‘ insonni dunyoning barcha mamlakatlarida birday bilishlari va o‘rganishlari uchun butun kuch-g‘ayratimni sarflayman.”
Abdulboriy Roshid (Afg‘oniston) Andijon haqidagi taassurotlari bilan shunday o‘rtoqlashdi: “Bobur tug‘ilib o‘sgan Andijon diyorini xayolan ko‘z o‘ngimda gavdalantirishga harakat qilardim... Vodiyning gavhari deya ta’riflangan Andijon chindan ham shu tashbehga munosib ekan!”
Ilza Sirtautas (AQSh): “Istiqlol yillaridagi Andijonda bo‘lgan o‘zgarishlar meni hayratga soldi. Istardimki, har bir kishi ozodlikning qadrini bilsa, uni ko‘z qorachig‘iday asrasa. Axir, emin-erkin, tinch va xotirjam yashashga nima yetsin. Aslida milliy qadriyatlarni e’zozlash ertangi kunga umid bilan yashash demakdir. Jahonga Mirzo Bobur kabi buyuk siymoni tuhfa etgan andijonliklarga havasim keladi...”
Bu boshqa mamlakatlardan kelgan olimlarning ta’rifi... Boshqalarning ta’rifi xolis bo‘ladi.
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zi tavallud topgan yurtinigina emas, balki barchamizni dunyoga tanitgan siymodir. Esimda, 1993 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlariga ijodiy safar qilganimda Sietlda bir hind restoraniga tamaddilanmoq uchun kirdik. Restoran boshlig‘iga mehmonni, ya’ni kaminani tanishtirdilar. U O‘zbekiston haqida eshitmagan ekan, “Pokiston?” deb so‘radi. Shunda unga inglizchalab: “Yu nav Baburshox?” — “Boburshohni bilasizmi?”, deb so‘radim. Boshliqning chehrasi yorishib ketdi: “O, Boburshah! Boburshah! Ha, ha! Bilaman!” O‘zimni “Boburshoh tug‘ilgan yerda tug‘ilganman”, deb tanishtirganimdan keyingina O‘zbekistonning qayerda ekanini, mening esa O‘zbekistondan kelganimni bildi.
Meni quvontirgan jihatlardan biri qadam-baqadam Andijon tarixini o‘rganish va yoshini aniqlash bo‘yicha tadqiqot ishlarining tobora kuchayib borayotganidir. Tariximizni o‘rganishimiz kerak, kam bo‘lmaymiz. Xalqaro Bobur fondi tashabbusi va yordamida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti xodimlari tomonidan shahar hududida qazish ishlari amalga oshirilmoqda. Fidoyi inson Zokirjon Mashrabov, atoqli tarixchi olim Sayfiddin Jalilovlarning bu boradagi izlanishlarini xalqimiz yaxshi biladi.
Ma’lumki, bu hududda miloddan avvalgi II mingyillikning so‘nggi choragidan to o‘rta asrlarga taalluqli bo‘lgan yirik shaharlar qoldiqlari topilgan. Eng qadimgi shaharlar Jalaquduq tumanidagi Oyim qishlog‘i yaqinida joylashgan Dalvarzin (miloddan avval IX-II asrlar) bilan Izboskan tumanidagi Eylaton (miloddan avvalgi VI-III asrlar) yodgorliklari hisoblanadi.
Keyingi paytdagi muhim xulosalardan biri Andijonda miloddan oldingi VI-IV asrlarga tegishli topilmalarning qo‘lga kiritilishi bo‘ldi. Bu shahar yoshini aniqlashda katta ahamiyatga ega bo‘lishi shubhasiz. Izlanishlar davom etmoqda. Xudo xohlasa, yaqin yillarda topilgan ma’lumotlarga suyanib mamlakatimizning ko‘hna shaharlaridan biri Andijonning yoshi aniqlanib, uning qutlug‘ to‘yida quvonib-quvonib yurishimizga aslo shubha qilmayman.
Bobur bog‘ida qad ko‘targan yangi rasadxona ish boshladi.
III
Men O‘zbekiston ko‘chasiga qarab yurib bormoqdaman.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 18 iyundagi qaroriga asosan Andijon shahridagi “O‘zbekiston” ko‘chasida zamonaviy me’moriy yechimlarga tayangan bunyodkorlik majmualari yaratishga kirishildi. Ilgari ko‘chaning har ikki yoqasi guvaladan qurilgan katta-kichik, pastqam, ko‘rinishi har xil, betartib tiklangan uylardan iborat edi. Tor yo‘lkalarda ochilgan turli maishiy xizmat do‘konlari ko‘zga tashlanar, yurishga noqulaylik tug‘dirardi. Ko‘cha loyihasi bosh me’mor Q.Normatov tomonidan tayyorlandi. Eng avvalo infratuzilma talablari ado etildi, ya’ni biryo‘la gaz, suv, elektr energiyasi tarmoqlari sozlab chiqildi, yo‘l tizimlarini rekonstruktsiya qilish ishlari olib borildi. Buyurtmachilik vazifasi viloyat hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi (boshlig‘i A.Qambarov) zimmasiga yuklatildi. Ishlarni amalga oshirishda tadbirkorlarning o‘zlari bosh-qosh bo‘lishdi. Albatta, oson bo‘lgani yo‘q, tijorat banklari zarurat tug‘ilganda ularga yordam ko‘rsatdi.
Muhtasham ko‘cha boshida turib, viloyatdagi ezgu ishlar haqida suhbatlashar ekanmiz, viloyat hokimi Ahmadjon Usmonov bunday dedi:
— Sizga qiziq muqoyasani aytsam. Viloyatimizning ekin maydoni mamlakatimiznikiga nisbatan bor-yo‘g‘i 1 foizni tashkil qiladi, aholi esa 10 foizdan iborat. Bir kvadrat metrga 570 kishi to‘g‘ri keladi. Albatta, bu raqamlar nisbati o‘zgarib borishi tabiiy. Demak, biz unumdorlikni oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng o‘rin berishimiz kerak. Zamon talabi shunday. Maqsadimiz insonlarga naf keltirib yashash, bu baxtdan hech kimni benasib etmasin, deymiz. Mehnat qilgan, albatta, qadr topadi. Bu ezgu tuyg‘u inson qalbini ko‘klarga ko‘taradi. Viloyatimizda hamma narsada — binolarda, ko‘chalarda, dalalarda, bog‘larda o‘zgarish bor. Mana, “O‘zbekiston” ko‘chasi misolida o‘zingiz ham ko‘rib turibsiz. Biroq eng muhimi, kishilar ongida yuz berayotgan o‘zgarishlardir...
Hokim haq gapni aytdi. U xorijdan mehmonlar kelayotganini aytib, biz bilan xayrlashdi.
Biz ko‘cha aylanishda davom etdik. Chap tomondagi eshik tepasiga “Uyg‘ur taomlari” deb yozib qo‘yilgan ekan.
— Xush kelibsizlar! — deb kutib olishdi bizni Muhabbatxon aya o‘g‘li Isomiddin Alimov va kelini Muazzamxon bilan. Ular ikki qavatli uy qurishibdi. Birinchi qavatida oltmish odam bemalol kirib ovqatlanadigan oshxona ochishibdi, uyg‘urcha lag‘mon pishirishadi hamda qandolat, non mahsulotlari tayyorlab sotishadi. Ikkinchi qavatda esa istiqomat qilishadi.
Tadbirkor Bekzodbek Hakimov esa “Hamkorbank”dan olgan kredit hisobiga torgina hovli-yu shapaloqdekkina do‘konchasi o‘rnida uch qavatli bino tikladi. Birinchi qavatga supermarket, ikkinchi qavatga esa tikuvchilik tsexi joylashdi. Uchinchi qavatda o‘zlari yashashmoqda. Ishga borishga vaqt ketmaydi, shundoqqina birinchi qavatga tushib qo‘ya qolishadi.
Mana bu birinchi qavati oziq-ovqat do‘koni bo‘lgan uch qavatli bino esa Sohibaxon Umarovaga tegishli ekan. O‘g‘li Ulug‘bek kelini Malohat bilan kelgan xaridorlarni kutib olishmoqda. Do‘kon gavjum.
— Istiqlolimizning yigirmanchi bahorida shahrimizga uzoq-yaqindan mehmonlarni chorlab, — hikoya qiladi taniqli olim, Vatanimiz, xususan, Andijon, Bobur Mirzo tarixiga oid ko‘plab kitoblar muallifi Sayfiddin Jalilov. — “O‘zbekiston” ko‘chasining ochilish marosimini o‘tkazdik. Marosimni “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” deb nomladik. Chindan ham hamma narsaning boshlanishi ko‘ngildan-da. Tinch, osoyishta hayot kechirayotgan, hayotidan mamnun, ertasiga katta umid bog‘lagan, istiqboliga ishonchi bor kishininggina tiklashga, bunyodkorlikka rag‘bati bo‘ladi. Barchasiga Prezidentimizning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan oqilona siyosati ilhomchi, tinch-totuvligimiz sababchi. Bu hammamizning dilimizdagi gap, desam haqiqatni aytgan bo‘laman.
Chindan ham Andijonning bugungi chiroyi ko‘rgan odamni hayratga soladi. “O‘zbekiston” ko‘chasi nafaqat jahoniy andozalarga mos keladi, balki boshqalardan afzallik tomonlari ham bor. Masalan, men AQShning Sietl shahrida ham ko‘chalarning ikki tomoni 2-3 qavatli har turli servis binolari, do‘konlar bilan to‘ldirilganini ko‘rganman. Ammo ularning ko‘chalari tor, bor-yo‘g‘i borish-kelish — ikki qator mashina sig‘adi, shundan harakatda tig‘izlik vujudga keladi, odamlarga noqulayliklar tug‘iladi. Bizning ko‘chamiz esa ko‘cha emas, shohko‘cha degulik, keng va taxtiravon!
Ushbu go‘zal ta’rifni “Xalq so‘zi” gazetasidan oldik: “Mana, barchani lol qoldirib, ne-ne shoiri zamonlarga ilhom baxsh etgan o‘sha “O‘zbekiston” ko‘chasi! Keng, ravon, atrofi turfa gullarga burkangan, mo‘‘jaz xiyobonu favvoralar, zamonaviy yoritgichlar borliqqa o‘zgacha fusun, joziba baxsh etib turgan ko‘cha. Yo‘lning har ikki yoqasida me’moriy yechimi o‘ziga xos, biri birini takrorlamaydigan binolar. Ular go‘zallikda o‘zaro bo‘ylashayotgandek go‘yo. Binolarning birinchi qavatida savdo, madaniy-maishiy, servis xizmatini ko‘rsatuvchi shoxobchalar va mehmonxonalar joylashgan...”
Darhaqiqat, shunday.
Prezident Islom Karimov Andijonning bugungi jamolini ko‘rib, andijonliklarning hech kimnikiga o‘xshamaydigan alomat fazilatlariga, “anjancha” fe’l-atvoriga yuksak baho berdi:
— Andijon o‘ziga xos shaharsozlik an’anasiga, o‘z qiyofasiga ega bo‘lishi lozim. Har bir yo‘lni qurish, rekonstruktsiya qilishda avtomobillarning harakatlanishi va ularning yildan-yilga ko‘payib borishini hisobga olish zarur. Bu borada “O‘zbekiston” ko‘chasining qurilish loyihasi nafaqat Andijon, balki boshqa viloyatlarimiz shaharlari uchun ham yaxshi namuna bo‘la oladi.
Darhaqiqat, shunday!
IV
Men O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab yurib boraman.
Tungi ko‘cha charog‘on, yop-yorug‘ chiroqlar ko‘zingni oladi. O‘zbekiston ko‘chasi dong‘il ko‘cha, juda uzoq yo‘l, qutlug‘ yo‘l, to‘g‘ri yo‘l, uning oxiri kelajakka borib ulanadi. Nazarimda, bu yo‘l meni, sizni, hammamizni, yurtimizni, Andijonimizni, O‘zbekistonimizni dunyolarga olib chiqadi. Bu ko‘cha bizni olis-olislarga eltadi.
Oldinda esa qirmizi shafaqlar, nurafshon ufqlar kutib turibdi.
Muhammad ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi,
Davlat mukofoti laureati
|