Balki shu sabab ajdodlarimiz deganda ko‘z o‘ngimizda mehnatkash, mehmondo‘st va bag‘rikeng xalq butun borlig‘i bilan gavdalanadi. Ha, bag‘rikenglik qon-qoniga singib ketgan ota-bobolarimiz azaldan turli millat vakillari bilan og‘a-inilardek do‘st-birodar bo‘lib yashagan.
Bugun ham ana shu azaliy an’ana davom etmoqda. Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek istiqomat qilmoqda, mamlakat ravnaqiga munosib ulush qo‘shmoqda. Yurtboshimiz tashabbusi bilan 1992 yili tashkil etilgan Respublika baynalmilal madaniyat markazi faoliyati mamlakatimizda millatlararo totuvlikni ta’minlash, jamiyatda bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xalqimizning bag‘ri chinakamiga keng, qalbi daryo, saxovati tengsiz. Tarix silsilalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uning bu olijanob fazilatlari barcha zamonlarda, hatto eng qiyin davrlarda ham namoyon bo‘lganini ko‘ramiz. Ne-ne og‘ir sinoatli davrlarda ham ota-bobolarimiz o‘zga millat vakillariga boshpana berdi, ular bilan bir burda nonini baham ko‘rdi. Rus, koreys, nemis, turk, polyak, grek, qrim-tatar va boshqa ko‘plab millat vakillari bu yerni ikkinchi vatan tutdi. Ularning hozirgi avlodlari uchun esa O‘zbekiston ona Vatandir. Chunki ular shu yerda tug‘ildi, o‘qidi, obro‘-e’tibor topdi.
— Otam ukrain, onam arman millatiga mansub, — deydi «Do‘stlik» ordeni sohibasi Larisa Vishnevskaya. — Ular 1937 yili Azerbayjanning Boku shahridan Toshkentga ko‘chib kelishgan. Har ikkisi ham ziyoli insonlar bo‘lib, O‘zbekistonga, bag‘rikeng o‘zbek xalqiga hurmati cheksiz edi. O‘zim Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi 242-maktabda ko‘p yillar yosh avlodga saboq berdim. O‘qituvchilik kasbini e’zozlab kam bo‘lmadim. O‘tgan yili muhtaram Prezidentimiz Farmoniga binoan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandim. Kamtarona mehnatim qadr topganidan boshim osmonga yetdi.
Darhaqiqat, inson qadrlangan joy uning uchun aziz va muqaddas. Unga ko‘rsatilgan e’tibor, mehr ko‘ksini tog‘dek ko‘tarib yanada samarali mehnat qilishga undaydi. Yaxshiliklar sari chorlaydi.
— Bundan ellik yil ilgari Belorusda yigitlik burchini o‘tash uchun harbiy xizmatga borgan o‘zbek yigiti Qahhor bilan tanishdim, — deydi Mariya Gaydalenok. — Bir-birimizga ko‘ngil qo‘ydik. Turmush qurib O‘zbekistonga keldik. Ishtiyoq bilan o‘zbek tilini o‘rgandim. O‘zim uchun qondosh va jondoshga aylangan millat urf-odatlarini o‘zlashtirdim. Menga shunday samimiy, oqko‘ngil insonlarni duch qilgani uchun taqdirimdan minnatdorman. Bugun shu zaminda tup qo‘yib, palak yozdim. Ko‘pgina nevara, evaralar buvijonisiman. O‘zbeklarning barchasi men uchun qadrdon, dilkash insonlar...
Qrim-tatar xalqining atoqli farzandi, Qrim davlat industrial-pedagogika instituti rektori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Fevzi Yoqubov shunday deb yozadi: «Jahon tsivilizatsiyasi yutuqlari haqida gapirganda, odatda, Yunoniston va Italiyaning fanga, Angliya va Frantsiyaning madaniyatga, Germaniya va Amerikaning texnikaga, Yaponiya va Shvetsiyaning texnologiyaga qo‘shgan hissasi tilga olinadi. Agar bu ro‘yxatni davom ettirib, ezgulik, tinchlik, yaqinlarga mehr-muhabbat tuyg‘ulari borasida gapiradigan bo‘lsak, albatta, birinchi qatorga O‘zbekistonni yozish zarur. Agar bu bebaho insoniy qadriyatlar masalasida xalqlar va millatlarga baho beriladigan bo‘lsa, shubhasiz, eng yuqori bahoga o‘zbek xalqi va O‘zbekiston sazovor bo‘lar edi».
Har bir millatning tili uning uchun bebaho boylik hisoblanadi. Respublikamizda milliy tillar rivojiga ham alohida e’tibor berilmoqda. Xususan, oliy ta’lim tizimida o‘qish milliy tillarda olib boriladigan maxsus fakulütet va bo‘limlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 30 foizdan ortig‘i mustaqillik yillarida tashkil etilganini alohida qayd etish joiz. Teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar 11 tilda olib borilayotgan bo‘lsa, gazeta va jurnallar 8 tilda chop etilmoqda.
Har jabhada yuksak marralarni zabt etayotgan yurtimizda mustaqil taraqqiyot yillarida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik borasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Respublika baynalmilal madaniyat markazi faoliyati fikrimizning yorqin isbotidir.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining oz sonli millatlar bo‘yicha Oliy komissari Knut Vollebek Baynalmilal madaniyat markazida bir necha marotaba mehmon bo‘ldi. Turli milliy madaniy markazlar faoliyati bilan tanishdi. O‘zbekistonda oz sonli millat vakillariga ta’lim olish, o‘z madaniyatlarini rivojlantirish borasida yaratilgan sharoitlarni ko‘rib bu tajribani boshqa davlatlarga ham yoyish kerak, degan fikrni bildirdi. Albatta, bu bejiz emas. Jahonda milliy-etnik munosabatlar murakkablashib, eng ilg‘or davlatlarda ham oz sonli millat vakillarini kamsitish, xo‘rlash va siqib chiqarish holatlari kuzatilayotgan bir paytda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahil va inoq yashayotgan O‘zbekiston chindan ham boshqalarga namuna bo‘la olarlidir.
— Bizning markaz hozir O‘zbekiston hududida ish yuritayotgan 140 dan ortiq milliy-madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirmoqda, — deydi Respublika baynalmilal madaniyat markazi direktori Nasriddin Muhammadiev. — Ularga tashkiliy va metodik yordam ko‘rsatilmoqda. Asosiy vazifasi — millatlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillarining milliy-ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, har bir millatga xos urf-odat va an’analarni saqlab qolishda ko‘maklashish, bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga qaratilgan jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Baynalmilal madaniyat markazi O‘zbekistonda yashayotgan turli millat farzandlarining uchrashuv joyi, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘ziga xos do‘stlik uyiga aylangan. Bu yerda muntazam ravishda xalq bayramlari, festivallar, uchrashuvlar, taniqli madaniyat arboblarining chiqishlari, seminarlar va konferensiyalar o‘tkaziladi.
O‘tgan yillar mobaynida markaz tomonidan milliy-madaniy markazlar uchun ko‘plab yo‘riqnomalar, yigirmadan ziyod ilmiy risola va to‘plamlar, shuningdek, mamlakatimizdagi millatlararo totuvlik va bu yo‘lda erishgan yutuqlarimiz aks etgan «O‘zbekiston — umumiy uyimiz» albom-kitobi, «O‘zbekiston — bag‘rikeng diyor» va «O‘zbekiston Konstitutsiyasi — buyuk kelajagimiz kafolati» maqolalar to‘plamlari chop etildi.
Istiqlol bilan deyarli tengdosh markaz ayni paytda o‘zgacha shukuh og‘ushida. Tashkil etilganligining 20 yilligini nishonlash uchun tayyorgarlik qizg‘in. To‘yga to‘yona bilan deganlaridek, har bir milliy madaniy markaz o‘z dasturlarini tayyorlash bilan band. Eng muhimi, ularning barchasi o‘z boshini qovushtirgan, quvonch va tashvishlariga sherik, g‘amxo‘r Vatan — bag‘rikeng O‘zbekiston diyorida yashayotganidan baxtiyor. Yaproq ildizdan quvvat olgani kabi ular o‘zlariga ko‘rsatilayotgan mehr va e’tiborni har on, har daqiqada his etib turishadi. Tinch va osuda zaminda, farovon hayot bag‘rida yashab mehnat qilayotganiga shukronalik keltiradi. Holbuki, tinchlik va do‘stlik, xotirjamlik va bag‘rikenglik bor joyda fayzu baraka bo‘ladi.
Zotan, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, O‘zbekistonning boyliklari ko‘p, lekin bizning eng katta boyligimiz, eng yuksak qadriyatimiz — jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikdir.
Hidoyat JO‘RAYEVA,
«Hurriyat» muxbiri |