Azmu shijoatli odamlar jamiyatning bezagiga aylandi. Ommaning ma’naviyati yuksalgan, vatansevarlik, fidoyilik qaror topgan, mehnati qadrlangan, haq-huquqlari hurmat qilinadigan jamiyatda buyuk bunyodkorlik ishlari sodir bo‘ladi. Bunday bag‘ri keng, turmush tarzi fayzli, o‘z qadriyatlariga ega mamlakatlar dunyoda kamdan-kam uchraydi.
Keyingi yillarda “kim edigu kim bo‘ldik?” degan savol har bir faol zamondoshimiz tilida kuniga necha bor aylanayotganiga amalda guvoh bo‘lib turibmiz.
Yurtboshimizning Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida taqdim etgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” tom ma’noda ijtimoiy hayotimizning mazmun-mohiyatini ochib berdi. Bu esa, fuqarolik jamiyati rivojiga yangi ruh bag‘ishladi.
Ma’lumki, belgilangan vazifalarni, dastur va rejalarni amalga oshirishning omillari ko‘p. Ammo ularni dunyo tamadduniga mos ravishda katta bilim, uyushqoqlik va jasorat bilan, amaldagi barcha talab va sifat ko‘rsatkichlari darajasida hayotga tatbiq etish — bosh masala.
Joriy yilda o‘tgan davrga nisbatan barcha sohalarda salmoqli odimlar tashlandi.
Shunisi faxrliki, mamlakatni modernizatsiyalash, xalqimiz turmush tarzini farovonlashtirishga qaratilgan barcha sa’y-harakatlar dunyo miqyosida e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
Ayniqsa, inson omili, xususan, onalik va bolalik muhofazasiga qaratilgan islohotlar, tibbiyotni jahon andozalariga mos ravishda takomillashtirish, ta’lim sohasini rivojlantirish, tadbirkorlik, kichik biznes barqarorligini ta’minlash, huquq sohasida insonparvarlikka berilayotgan katta e’tibor, malakali kadrlar tayyorlash, ish ta’minoti masalalari — barcha-barchasi o‘zining ahamiyati ko‘lamiga yarasha xalqaro jamoatchilikning e’tiboriga tushmoqda.
Xalqimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, bunyodkorlik salohiyatini amalda ko‘rsata olgani faxrli, albatta. Bundan ham quvonarlisi, g‘ururlanishga arziydigan omil bu — erishilayotgan muvaffaqiyatlar xalqimizning turmush tarzi farovonlashuvida o‘z ifodasini topayotganidir.
O‘tgan yillar zamondoshlarimiz o‘zlarining shu tariqa yaratuvchanlik qobiliyatini namoyon eta olgani bilan tarixiy ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda shu yilning to‘qqiz oyida foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish inshootlari miqyosiga nazar tashlasak, naqadar ko‘lamli ishlar bajarilganiga guvoh bo‘lamiz. Xususan, poytaxtimizning o‘zida “Jeneral Motors Pavertreyn O‘zbekiston” qo‘shma korxonasida avtomobil dvigatellarini, “Zenit elektroniks” qo‘shma korxonasida energiya tejovchi lampalar, “Samsung” rusumidagi kir yuvish mashinalari, “NYEO Sanlayt” qo‘shma korxonasida maishiy gaz plitalari, sovutgichlar, “Rav Ekspress” mas’uliyati cheklangan jamiyatida maishiy elektr texnika uchun tozalagich mis trubkalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Vayt Meshin Teknoloji” qo‘shma korxonasida maishiy elektr changyutgichlar, Chust shahridagi “Avtosanoatplast” mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtomobillar uchun injeksion quyish uslubi yordamida plastik detallar, Andijon shahrida avtomobillar uchun rezina zichlagichlar, “O‘zkabel” ochiq aktsiyadorlik jamiyati qo‘shma korxonasi va “Andijonkabel” qo‘shma korxonasida yangi turdagi kabel-o‘tkazgich mahsulotlar, “O‘zmetkombinat” ochiq aksiyadorlik jamiyatida elektr uzatmalar uchun ko‘p funksiyali energiya tejovchi qurilmalar, “Toshkent traktor zavodi” ochiq aktsiyadorlik jamiyatida yangi va zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikasi, “O‘z-Teksako” qo‘shma korxonasida sintetik motor moylari, avtomobil simlari, diodli yorug‘lik lampalari, kosmetika mahsulotlari, gigiena vositalari, va boshqa xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan qator mahsulotlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan yangi, yuqori texnologik quvvatga ega inshootlar ishga tushirildi.
Biz endilikda “...foydalanishga topshirildi” degan axborotni ko‘p ham hayajonga tushmay eshitadigan bo‘lib qoldik. Aslida esa, mantiqan olib qaraladigan bo‘lsa, u yoki bu ob’ektni loyihalashtirish, moliyalashtirish, barpo etish, qad rostlashining o‘zi olamjahon zahmat ekani ayon bo‘ladi.
Birgina kuchli avtomobil dvigatellarini ishlab chiqaradigan “Jeneral Motors Pavertreyn O‘zbekiston” qo‘shma korxonasining ijtimoiy hayotimizdagi o‘rnini olib qaraylik. Mazkur korxonaga Yurtboshimizning 2008 yil 16 dekabrda qabul qilingan xorijiy investitsiyalar ishtirokida kuch agregatlari ishlab chiqaradigan “General Motors Powertrain” korxonasini tashkil qilishga oid qarori asosida poydevor qo‘yilgan edi. Korxonaning umumiy qiymati 521,8 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Uning noyobligi shundaki, bunday korxonalar dunyo bo‘yicha sanoqli mamlakatlardagina mavjud.
Faqat bugina emas. Poytaxtni qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahri bilan bog‘laydigan, nafaqat qit’amizda, balki butun dunyoda sanoqli mamlakatlardagina bo‘lgan “TALGO” tezyurar poezdi harakatining yo‘lga qo‘yilgani, umuman sohada xalqaro talablarga mos xizmat ko‘rsatish darajasining shakllanishi yurtimizda yaratuvchanlik qudrati mavjudligidan dalolatdir.
Har yili o‘tkazilishi an’anaga aylanib qolgan Xalqaro paxta yarmarkasida ishtirok etish uchun hamkorlarimiz safining tobora kengayib borayotganida mamlakatimiz paxta sanoati nufuzini ko‘rishimiz mumkin. Qishloq xo‘jaligi sohasi tahliliga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, tarmoqlarni texnik va texnologik jihatdan yanada yangilash maqsadida shu yilning to‘qqiz oyi mobaynida 164,1 gektar maydonda 416 ta issiqxona tashkil etildi. 14,6 ming gektar maydonga mevali daraxt nihollari ekildi. Jumladan, 2,5 ming gektar maydonda ertapishar mevali bog‘, 5,3 ming gektar maydonda uzumzorlar barpo etildi. Meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash bo‘yicha moddiy-texnik bazani mustahkamlash va rivojlantirishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida 45,9 ming tonna sig‘imga ega 38 ta yangi muzlatish kamerasi o‘rnatildi. 10,5 ming tonna sig‘imga ega 17 ta muzlatish kamerasi modernizatsiya qilindi. Bunday keng ko‘lamli ishlar atigi bir-ikki yil oralig‘ida amalga oshirildi. Raqamlar zanjirini uzoq davom ettirish mumkin. Ularning zamirida davlatimiz rahbarlarining, mehnatkash xalqimizning hamjihatlik bilan bajargan shijoatkorlik, el-yurt manfaatini ko‘zlab olib borilgan ulkan bunyodkorlik salohiyati namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonda hamisha, har qanday vaziyatda ham aholining qishloq xo‘jaligi sohasida yetishtiriladigan go‘sht, sut, g‘alla, yog‘ va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyojlari qondirib kelingan. Nihoya topayotgan yil boshidan buyon 12,7 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan 408 chorvachilik xo‘jaligi, 2,5 millionta parranda boqishga mo‘ljallangan 608 parrandachilik xo‘jaligi, 2379 gektar sun’iy havzalarda 624 baliqchilik xo‘jaligi tashkil etildi. Chorva mollari sotib olish uchun tijorat banklari tomonidan 48,8 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2011 yilning to‘qqiz oyida qoramollarning umumiy soni o‘tgan yilning shu davridagiga qaraganda 6 foizga, go‘sht 6,9 foiz, sut 7,2 foiz, tuxum yetishtirish 13 foizga ko‘paydi. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkichlarning salmog‘i yanada oshishi tabiiy.
Bozor iqtisodiyoti mexanizmi mamlakatimizning barcha tuman va qishloqlari, aholi punktlarini qamrab ulgurdi. Qishloq joylarida ham aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi jadal sur’atda osha boshladi. 2551 chakana savdo ob’ekti, 300 umumiy ovqatlanish muassasasi va maishiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 1363 korxonaning ishga tushirilishi natijasida qishloq joylarida bir necha yuz minglab yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumfoydalanish avtomobil yo‘llarini, shu jumladan, O‘zbekiston milliy avtomagistrali uchastkalarini qurish va rekonstruktsiya qilish ob’ektlarida 234,8 kilometr avtomobil yo‘lini asfalt-beton bilan qoplash ishlari bajarildi. Shundan A-380 “G‘uzor — Nukus — Qo‘ng‘irot — Beynov” avtoyo‘lining 77,5 kilometri va A-373 “Toshkent — O‘sh” avtoyo‘lining 46,4 kilometrida ishlar yakunlandi.
Uzunligi 69 pogonmetrli ikkita, xususan, Qashqadaryo viloyatida “G‘uzor — Chim — Ko‘kdala” avtoyo‘li va Toshkent viloyatida “Guliston — Ohangaron” yo‘nalishida yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi. O‘zbekiston Milliy avtomagistrali bo‘ylab yo‘l yoqasida infratuzilma va servisni rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarga muvofiq, joriy yilning 3 choragida yo‘l yoqasida 34 ta infratuzilma va servis ob’ekti ishga tushirildi. Bularning barchasi ko‘lamining katta-kichikligiga qaramay o‘tayotgan yil davomida el-yurt farovonligini ko‘zlab bajarilayotgan ishlarning ulkan samarasidir.
Respublikamiz ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotlarda 2011-2015 yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish Dasturining ijrosi doirasida joriy yilning to‘qqiz oyida umumiy qiymati 176,4 million dollarga teng kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirilgani, 192 yuk va 7 yo‘lovchi tashish vagoni tayyorlangani, temir yo‘llarning tiklangani o‘z zuhurini topganini ko‘ramiz.
Keltirilayotgan raqamlar salmog‘iga qaraganda, 2011 yilda uy-joy qurilishini rivojlantirish Dasturi doirasida joriy yil boshidan buyon qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida 875,1 ming kvadrat metrlik 5966 ta yakka tartibdagi turarjoylar qurildi. Uy-joy qurilishi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida joriy yilning yanvar — sentabr oylarida mahalliy xomashyo resurslari va komponentlaridan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha 226 ta yangi korxona ishga tushirildi. Devorbop materiallar ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish va sifatini yaxshilash maqsadida 125,5 million dona g‘isht ishlab chiqarish quvvatiga ega 40 ta korxona ishga tushirildi, pishiq g‘isht tayyorlash bo‘yicha 28 ta ob’ekt modernizatsiya qilindi.
Uy-joy qurilishini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida respublika bo‘yicha barcha manbalar hisobidan jami 7400,7 ming kvadrat metr, shu jumladan, qishloq joylarda 5776 ming kvadrat metr turarjoy foydalanishga topshirildi. 2194,2 kilometr, jumladan, qishloq joylarida 1934 kilometr suv tarmoqlari ishga tushirildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida yanvar — sentabr oylari ma’lumotiga ko‘ra, 33 mingdan ziyod yangi kichik biznes sub’ektlari tashkil etilgan. Hududiy dasturlarga muvofiq 815,4 mingta ish o‘rni yaratilgan.
O‘tgan davr mobaynida ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga doir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. 7,7 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 38 ta yangi umumta’lim maktabi foydalanishga topshirildi, 119 ta maktab rekonstruktsiya qilindi, 137 ta maktab kapital ta’mirlandi, 2,1 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 2 ta akademik litsey, 2 ta tasviriy va amaliy san’at litsey-internati, 1,8 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 12 ta kasb-hunar kolleji barpo etildi va rekonstruktsiya qilindi, 26 ta o‘rta maxsus ta’lim muassasasi kapital ta’mirlandi.
Bo‘sag‘ada turgan yangi 2012 yil ham zamondoshlarimizdan katta shijoatkorlikni kutmoqda. 2012-2014 yillar mobaynida olis qishloqlarda aholi uchun birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanishni ta’minlaydigan qo‘shimcha 102 ta QVP barpo etilishi nazarda tutilgan. Bu, avvalo, aholi salomatligini tiklash uchun yangi qulayliklar yaratiladi, qolaversa, qo‘shimcha minglab ish o‘rinlari barpo bo‘ladi, deganidir.
Xalqimizning ma’naviy olamida ham salmoqli o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, poytaxtimizda barpo etilgan, qamroviga ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona va Simpoziumlar saroyini olgan “Ma’rifat markazi” majmuining qurib bitkazilishi avlodlarga bebaho tuhfa bo‘ldi. Bosh Qomusimiz — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya qabul qilinganining 19 yilligi arafasida televidenie ko‘rsatuvlarini HD (High-Definition) formatiga tamoman ko‘chirish uchun dastlabki qadamlar qo‘yilgani, pirovardida, barcha teleko‘rsatuvlarda sifat o‘zgarishlari sodir bo‘lishi ham ulkan muvaffaqiyatlardan biridir. Bugun mamlakatimiz telekommunikatsiyalar tizimi dunyoning 180 ta mamlakatiga 28 ta yo‘nalish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqadigan xalqaro kanallarga ega. Yurtimizdagi teleradiokanallar tomonidan tayyorlanayotgan ko‘rsatuv va eshittirishlar internet tarmog‘i zamonaviy talablar asosida qayta ishlovchi, odatiy televidenie tasviri hajmini sezilarli darajada oshiruvchi, rang va tovushni kodlash bo‘yicha eng so‘nggi rusumdagi raqamli texnologiyalar evaziga yuqori sifatli televidenie standartlari — NDTU to‘plamiga aylandi. UZHD telekanali o‘z faoliyatini «post-prodakshn» tamoyili asosida eng yaxshi tematik va bir martalik dasturlar, mustaqil telekanallar hamda “O‘zbektelefilm” davlat unitar korxonasi tomonidan yaratilgan madaniyat, tarix, san’atning turli yo‘nalishlariga, yurtimizning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari, tabiatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop, hujjatli filmlar, milliy teleseriallar, sahna asarlari namoyishi orqali amalga oshiradi. Efir vaqti 24 soatni qamrab oladi.
Mamlakatimizda ta’lim, sport, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi sa’y-harakatlar ko‘lami ham biri ikkinchisidan kam emas. Har ikki yilda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, yosh avlod iste’dodi tarbiyasiga qaratilgan, ularning ma’naviy olamini boyitishga mislsiz xizmat qilayotgan “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan turli festivallar, ommaviy axborot vositalari xodimlarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan “Oltin qalam” kabi ko‘rik-tanlovlarning samarasi va ko‘lami ham ulug‘ maqsadlarga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, o‘tayotgan 2011 yil tom ma’noda ijtimoiy hayotimizda yorqin kelajak sari evrilish yili bo‘ldi. Kelayotgan 2012 yil — Mustahkam oila yilidan ham umidlarimiz katta. Zero, oilamiz mustahkamligi, xalqimizning bag‘rikengligi, hamjihatligi, yurtimiz tinchligi boshlangan har bir ishning baroridan kelishiga kafolatdir. Chunki, xalqimizning niyatlari yuksak, ezgu maqsadlari ulug‘dir!
O‘ktam MIRZAYOROV |