Prezident Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobi xalqimizning siyosiy tafakkur xazinasiga bebaho hissa qo‘shadigan, yaqin tariximizning shu vaqtga qadar atroflicha yoritilmagan sahifalarini rad etib bo‘lmaydigan aniq hujjatlar asosida ochib beradigan tarixiy asardir. Ayni paytda fidoyilik, tashabbuskorlik, jasorat namunasidagi chiqishlar va sa’y-harakatlar tafsiloti jamlangan, eng asosiysi, insoniylikni o‘zida jo etgan bu kitob zuvalasi shu zaminda qorilgan har bir yurtdoshimiz Mustaqillik naqadar ulug‘ va aziz ne’mat ekanini yana bir bor chuqur anglashi, tafakkur qilishi uchun g‘oyat muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining murakkab tarixiy davrda so‘zlagan ma’ruza va nutqlari, suhbat, maqola va intervyulari bilan tanishgan har bir kishi o‘tgan 20 yil davomida bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘lning boshlanishi oson bo‘lmaganini anglashi qiyin emas. Shu nuqtai nazardan olganda, kitobdagi so‘zboshi o‘rnida qayd etilganidek, bu to‘plamdan joy olgan har bir chiqishni hech mubolag‘asiz, muhim siyosiy voqea, yurtimizni milliy istiqlolga olib kelgan mashaqqatli va sharafli kurash tarixining o‘chmas sahifasi, deb atash mumkin.
O‘tayotgan bugun ertaga tarixga aylanadi, kun davomida amalga oshirilgan ishlar esa, ma’lum ma’noda, kelajakka zamin yaratadi. Shu bois, yaqin o‘tmishimizda ro‘y bergan voqeliklarni tahlil qilganda, muallif har bir ishga uzoqni ko‘zlab, ayni paytda mas’uliyat bilan yondashganiga guvoh bo‘lamiz. Biz voqif bo‘lgan, xalqimiz taqdirida ro‘y bergan g‘oyat mas’uliyatli davr tafsilotlari haqida xolisona hikoya qilar ekan, muallif bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetib, ertangi kunimizga qat’iy ishonch bilan qarashimizni yetarlicha asoslab beradi.
Kitob mutolaasi jarayonida o‘sha kunlar, yurtimizda g‘oyat qaltis va nosog‘lom vaziyat vujudga kelgan, sobiq imperiya ich-ichidan yemirilib borayotgan, shunga qaramasdan «jilov»ni qo‘ldan chiqarmaslikka harakat ketayotgan bir payt ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.
Saksoninchi yillarning oxiri. Sobiq ittifoqning barcha hududlarida goh oshkor, goh yashirin tus olayotgan notinchlik va g‘alayonlar asta-sekin yurtimizga ham soya sola boshladi.
Hayotning suronli sinovlariga ilk bor duch kelgan, hali ongi va dunyoqarashi shakllanmagan talaba yoshlar, ming afsuski, qaltis bir davrda o‘z holiga tashlab qo‘yilgan edi. Har xil norasmiy harakat va partiyalar o‘z manfaatlari yo‘lida ularni siyosiy «o‘yin»lar girdobiga tortardi.
Mana shunday murakkab vaziyatda o‘sha yillari Qashqadaryo viloyati rahbari bo‘lib xizmat qilayotgan Islom Karimovning sa’y-harakati bilan yoshlar hayotida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan adashishlarning oldini olish maqsadida katta bir amaliy qadam tashlandi.
1989 yilning aprelida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning madaniyat saroyida qashqadaryolik talaba va o‘qituvchilar bilan viloyat rahbarining uchrashuvi bo‘ladi, degan xabar tarqaldi.
Uchrashuv o‘tkazish uchun tayyorlangan zal taxminan besh yuz kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘sha kuni bu yerga respublikada avj olgan boshboshdoqlik, yetishmovchiliklar ta’sirida turli fikr va qarashlarga berilgan mingdan ziyod yoshlar to‘plandi. Ularning aksariyati tik oyoqda turishar, yuz-ko‘zida, ta’bir joiz bo‘lsa, afsonaviy qahramon bilan uchrashishga chog‘langan kabi ajib bir qiziqish zohir edi. Boisi, o‘sha paytlarda talabalar o‘rtasida davr nuqtai nazaridan bir qarashda ishonish qiyin, lekin Qashqadaryo hayotida viloyat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan real voqealarga asoslangan ijobiy ma’nodagi mish-mishlar keng tarqalgan edi. Masalan, biron zarurat yuzasidan uyiga borib kelgan talabalardan biri saboqdoshlari, tengqurlariga «tog‘amdan eshitdim, Islom Karimov Qarshi shahridagi o‘lkashunoslik muzeyiga bir guruh tarixchi olimlarni taklif qilib, Qashqadaryoning, xususan, Shahrisabz va Naxshabning uzoq o‘tmishi, bu zaminda voyaga yetgan ulug‘ siymolarning dunyoviy taraqqiyotga qo‘shgan tengsiz hissasini ro‘yobga chiqarish yuzasidan qimmatli yo‘l-yo‘riqlar bergan emish» desa, sinfdosh do‘stining to‘yiga borib kelgan yana birovi «Fuzorning Qoratikan qishlog‘ida Tohir va Zuhra yodgorligi oldinlari juda xarob ahvolda edi. To‘y kuni kelin-kuyovni shu yerga aylantirishga olib bordik, taniyolmay qoldim. Shu yerdagilardan surishtirsam, Islom Karimov yo‘li tushib shu yerga kelganlarida ziyoratgohni obod qilish haqida qat’iy fikr bildirib, «Bu joyni, albatta, go‘zal bir maskanga aylantirish zarur. Yoshlarimizga ibrat bo‘ladi. Agar Yevropada mana shunday buyuk sevgi yodgorligi bo‘lsa, uni ko‘ziga to‘tiyo qilib, butun dunyodan sayyohlar kelib ziyorat qiladigan maskanga aylantirib qo‘yar edi. Bizning ulardan nimamiz kam?» degan ekan. Shundan keyin u kishining ko‘rsatmalari bo‘yicha bu yerda obodonlashtirish ishlari boshlanib, hatto yodgorlik ham o‘rnatilibdi», degan xabarni aytardi. Shahrisabzlik, kitoblik talabalar esa Shahrisabzda Dorut-tilovat, Koba madrasasini, XVI asrda barpo etilgan hammomni ta’mirlash ishlari bo‘layotganini, Oqsaroy oldida muhtasham yangi bog‘ barpo etilishi bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda kimdir o‘rnidan turib, shu xiyobonni Amir Temur nomi bilan atasak, deganda zalda pashsha uchsa eshitiladigan darajada og‘ir jimjitlik paydo bo‘lganini, kutilmaganda viloyat rahbari o‘rnidan turib: «Men bu taklifni astoydil qo‘llab-quvvatlayman» deganini faxr bilan tilga olishardi. Bunday xabarlarni eshitganlar avvaliga taajjub aralash hayrat bilan «Yo‘g‘-e» deyishardi. (Shu bir og‘iz so‘z zamirida davlatimiz rahbarining tarixiy haqiqatni tiklash yo‘lida nechog‘li buyuk ishlarni amalga oshirganini, shu bilan birga yurtdoshlarimiz ongida sobiq tuzum qoldirgan asoratlar nechog‘li mash’um bo‘lganini anglab olish qiyin emasdi). Bunday xayrli xabarlarni eshitganlar esa shunday ko‘lamli ishlarni yuqoridagi kazo-kazolardan so‘ramay, qo‘rqmasdan amalga oshirayotgan odamning jasoratiga, talabalar tili bilan aytganda, yuragiga qoyil qolishardi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bunday ijobiy ma’nodagi mish-mishlarning bosh qahramonini ko‘rishga, u bilan suhbatlashishga hammada, ayniqsa, yoshlarda qiziqish juda kuchli edi.
To‘g‘risi, uchrashuv boshida uyoq-buyoqdan luqma tashlash, qarsakbozlik va shovqin ko‘tarishlar ham bo‘ldi. Biroq kutilmaganda notiq juda samimiy ruhda boshlagan gap-so‘zlari bilan auditoriyani o‘ziga jalb etib oldi va suhbat oxiriga qadar shunday kayfiyatda o‘tdi.
Islom Karimov asosiy e’tiborni talabalarning ko‘nglini ko‘tarish, ularning yashash va o‘qish sharoitlarini o‘rganishga qaratdi.
U kishi yoshlarni yuragiga yaqin olib, ular bilan ochiq va uzoq suhbatlashdi. Viloyat rahbari talabalar ko‘nglidagi gaplarni, ularni qiynayotgan muammolarni diqqat bilan eshitdi. So‘ng ularni hal etish haqida gapirdi. Yurtboshimizning o‘shandagi bir gapi, ya’ni hozirgi qiyinchiliklar o‘z yo‘li bilan, ularni albatta birgalikda hal qilamiz, lekin sizlarning asosiy vazifangiz — o‘z sohangiz bo‘yicha yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishish ekanini aslo esingizdan chiqarmang, degan da’vati qalbimizda kelajakka katta umid va ishonch uyg‘otdi.
— Barchangiz yaxshi bilasizki, viloyatdagi ahvol havas qiladigan darajada emas. Sizlarni Qashqadaryoning, umuman, respublikamizning kelajagi, paxta yakkahokimligi bilan bog‘liq masalalar, ularning yechimi qiziqtirishi tabiiy. Aslida, paxta yakkahokimligi degan narsani, uning nima uchun yakkahokim bo‘lib qolganini ko‘pchilik tushunmaydi. Gapning indallosini aytadigan bo‘lsak, bu masalada o‘zimiz aybdormiz, — degan edi u kishi so‘zini davom ettirib. — Lekin biz turmushni yaxshilash uchun qo‘limizdan kelgan hamma ishlarni qilayapmiz. Chunki o‘zimiz harakat qilmasak, hech kim chetdan kelib bizga shart-sharoit yaratib bermaydi. Shunday ekan, birinchi navbatda biz paxta yakkahokimligiga barham berib, meva-sabzavot ekinlari uchun yer limitini oshirishimiz, qolaversa, aholini gaz, toza ichimlik suvi bilan ta’minlashimiz darkor. Bu borada ko‘plab ishlar qilindi va qilinmoqda. Nasib etsa, sizlar o‘qishni tugatib borgach, mana shu ishlarni birgalikda davom ettiramiz. Ota-onangizning sizdek o‘g‘il-qizlaridan orzu-umidi katta. Bizning birdan-bir istagimiz — sizlarning baxtingizni ko‘rishdan iborat. Buni hech qachon unutmang.
Hayajonli bu uchrashuv, rahbarning talabalarga otalarcha samimiy munosabati ertasi kuniyoq butun poytaxtga ovoza bo‘ldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonimizning boshqa viloyatlaridan kelgan talabalar biz, qashqadaryolik yoshlarga havas nazari bilan qarashganini yaxshi eslayman.
«O‘zbekiston mustaqilikka erishish ostonasida» kitobi davlatimiz rahbari o‘sha kezlari keskin muammolar kun sayin, soat sayin yuzaga qalqib chiqayotgan bir paytda butun e’tiborini O‘zbekistonning taqdiri va kelajagi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan eng muhim masalalarga qaratganidan shahodat berib turibdi. Xususan, ertangi kun egalari bo‘lgan yoshlarni o‘sha dolg‘ali zamonlardayoq hech kimdan kam bo‘lmagan holda kamol toptirish, qolaversa, kadrlar salohiyatini yuksaltirish nihoyatda dolzarb vazifalar qatoridan o‘rin olganini kuzatish mumkin.
Ne baxtki, bu vazifa mustaqillikka erishilgan dastlabki kunlardanoq yechimini topa boshladi hamda yurtimizda o‘z Vatanining taqdiri, uning buguni va kelajagi uchun mas’uliyatni chuqur his etadigan, mustaqil va yangicha fikrlaydigan kadrlarga ehtiyojni qondirish o‘ta muhim va hal qiluvchi masalaga aylandi.
Shundan kelib chiqqan holda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan, hozirgi vaqtda jahon jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etilayotgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi ishlab chiqildi va ushbu dasturni amalga oshirish jarayonida qabul qilingan 2004-2009 yillarda Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi o‘zaro uyg‘unlikda ta’lim jarayonining mazmunini tubdan takomillashtirish imkonini berdi. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, o‘tgan 20 yil mobaynida yurtimizda yuksak malakali kadrlarni tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlari soni salkam ikki barobar ko‘payib, 65 taga yetdi, 1600 ga yaqin akademik litsey va kasb-hunar kolleji, qariyb 10 mingta umumta’lim maktabi, 200 ga yaqin bolalar musiqa va san’at maktabi yangitdan barpo etildi va rekonstruktsiya qilindi, shuningdek, 1200 tadan ziyod bolalar sport inshooti qurib foydalanishga topshirildi. Ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, jihozlar, kompüyuter texnikasi bilan ta’minlandi.
Albatta, bu yutuqlarga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. Yurtboshimiz yaratgan, hayotga tatbiq etgan ta’lim va tarbiya modelining ijobiy ma’nodagi «portlash effekti» so‘z va ish birligining amaldagi ifodasidir, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Vaqt bir joyda to‘xtab turmaydi – soat millari kabi betinim harakatda bo‘ladi. Binobarin, xalqimiz mustaqillikka erishish ostonasida turgan paytdagi voqea-hodisalarning bevosita ishtirokchisi, guvohi bo‘lgan kishilar uchun mazkur kitob o‘z umrining bir bo‘lagidek qadrdon va aziz. Tabiiyki, o‘sha suronli yillardagi voqealar ular xotirasida birma-bir jonlanadi va bugungi hayot, ushalgan orzu-umidlarimiz haqida teran mulohazaga undaydi. Ayni paytda ozod va obod yurtda hech kimdan kam bo‘lmay kamol topayotgan, istiqlol tarixidan to‘la xabardor bo‘lmagan bugungi yosh avlod o‘sha davr haqiqati haqida juda boy hayotiy tasavvurga ega bo‘ladi. Boisi, «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobi tarixiy haqiqatni o‘zida ifoda etgan birlamchi manbadir.
Xulosa qilib aytganda, kitobni o‘qigan har bir kishi davlatimiz rahbarining mustaqillikka erishish, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida sobitlik bilan ish tutganiga guvoh bo‘ladi. Shu zamin, shu xalqning yorug‘ kelajagi, farovonligi, baxtu saodati uchun har qanday sinov va mashaqqatlarga tayyor turgan, ulug‘ maqsadlarga borlig‘ini bag‘ishlagan insonning fidoyilarcha sa’y-harakati esa har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarga ibrat va namuna vazifasini o‘tashi shubhasizdir.
Sirojiddin RAUPOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
|