Ijtimoiy-siyosiy hayot

09 Dekabr 2011 19:57
TURIZMNING YANGI ISTIQBOLLI SOHALARI
Turizm bugungi kunda butun dunyoda jadal rivojlanayotgan sohalardan biridir. Bu soha istiqlolga erishilgandan keyin O‘zbekistonda ham tez sur’atlar bilan taraqqiy eta boshladi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan «Ipak yo‘lida turizm — 2011» XVII Toshkent xalqa­ro sayyohlik ko‘rgazmasida turli mamlakatlarning turizm bilan shug‘ullanadigan 500 dan oshiq firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etgani so‘zimiz tasdig‘idir.
17 yildan beri poytaxtimizda o‘tkazib kelinayotgan xal­qaro ko‘rgazma bu gal ham dunyo­ning turli burchaklaridan mutaxassislarni o‘ziga jalb qildi. Yangi turdagi mahsulotlar va turistik xizmatlarni taqdim qilish hamda manfaatli shartnomalar tuzishga undadi. An’anaga muvofiq ko‘rgazma yangilikka yo‘l ochuvchi ko‘plab qiziqarli takliflarga, g‘oyalarga boy bo‘ldi. Jumladan, ko‘rgazmada «Zomin tumanining sayyohlik va investitsion potentsiali» loyihasi taqdimot tarzida namoyish qilindi. Qayd etish lozimki, ushbu loyiha «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasi, BMTning Taraqqiyot dasturi va Jizzax viloyati hokimligi bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilmoqda. BMTTDning «Mahalliy boshqaruv tizimini qo‘llab-quvvatlash: fuqarolik ishtiroki va hamkorlik» loyihasi doirasidagi mazkur tadbir Zominning bugungacha ma’lum bo‘lmagan sayyohlik imkoniyatlarini investorlar, sayyohlik kompaniyalari va hukumat tashkilotlariga namoyish etish maqsadida o‘tkazildi. Taqdimot marosimida tog‘li hudud tabiati, nina­barg­li o‘rmonlari, toza va shifobaxsh havosi hamda bosh­qa tabiiy resurslari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mahalliy turizm joylardagi hokimiyat organlari, xususiy sektor va o‘sha joyda yashovchi aholi o‘rtasida istiqbolli hamkorlikni vujudga keltiradi, tabiiy hamda madaniy merosni saqlab qolish bilan birga, uzoq qishloqlardagi oilalarning daromadini ham ko‘paytiradi.
Zomin Jizzax viloyatining tog‘li hududida, dengiz sathidan 2 ming metr balandlikda joylashgan. Bu yerdagi xaroba qal’alar mintaqaning qadimgi tarixidan hikoya qiladi go‘yo. Ayniqsa, Zomin archazorlari YUNYESKOning Umumjaxon merosi ro‘yxatiga kirish uchun nomzod etib ko‘rsatilganini alohida ta’kidlash joiz. Negaki, Markaziy Osiyoning biror jo­yida bunchalik ko‘p archazorlar yo‘q. Qolaversa, tumanda turizm­ni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatga ega bo‘lgan ko‘plab dam olish, sog‘lomlashtirish maskanlari bor.
Zomin o‘zining iqlim sharoit­lari bilan boshqa tumanlardan ajralib turadi. Shimoliy va sharqiy qismlari tekis, janubiy qismi esa tog‘lardan iborat. Ma’lumotlarga qaraganda, bu yerda yillik yog‘ingarchilik 260-300 millimetrni, o‘simliklarning yaxshi o‘sish davri 240 kunni tashkil etadi.
Taxminan 28 ming gektar joyni qamrab olgan «Zomin milliy bog‘i»da ikkita qo‘riqxona, to‘rtta o‘rmon xo‘jaligi, ilmiy tajriba stantsiyasi mavjud.
Turkiston tog‘ tizmasining shimoliy etaklarida joylashgan «Zomin» sanatoriysi betakror tog‘ manzarasi, musaffo havosi, quyosh nurlarining mo‘lligi bilan farqlanadi. Bu maskanda profilaktik muo­lajalar uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Bundan tash­qari, kutubxona, bar, bolalar uchun sport maydonchalari va boshqa ko‘plab qulayliklar, hatto eng nozik didli mehmonlarni ham befarq qoldirmasligi aniq. Muhimi, sayyoh­larning xavfsizligini ta’minlash masalasi tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, bu yerga kelgan mehmonlar kam uchraydigan o‘simliklar dunyosi va hayvonot olami bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.
Qadimiy yodgorliklar, nodir tabiat boyliklari, so‘lim go‘shalar, yashil archazorlaru zilol suv — barchasi Zomin tog‘larida mavjud. Bir so‘z bilan aytganda, Zomin dam olish maskaniga chet ellik sayyohlarni o‘ziga jalb eta oladigan maskan deya ta’rif berish mumkin.
Zikr etilganidek, loyiha mualliflari Zomin tumaniga sayyohlar qatnovini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish, ushbu qadimiy go‘shani ham yurtdoshlarimizga, ham xorijlik sayyohlarga atroflicha tanishtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu maskanni sayyohlarni bemalol yil-o‘n ikki oy jalb qiladigan Samarqand, Toshkent, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlar qatoriga qo‘shish mumkin. Binobarin, turizmni rivojlantirish respublikamiz viloyatlari taraqqiyotining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri.
Shahina OQILJONOVA

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM