1992 yil 26 sentyabrda esa mamlakat Konstitutsiya loyihasi ilk bor matbuotda e’lon qilindi.
Asosiy Qonun loyihasining umumxalq muhokamasi juda keng tus oldi. Fuqarolarning siyosiy faolligi tufayli qariyb ikki oy mobaynida bildirilgan fikr va mulohazalar o‘rganildi. Ijodiy ko‘tarinkilik ruhida o‘tgan xalq muhokamasi O‘zbekistonda demokratiya rivojining samarali amaliy maktabi bo‘ldi. Matbuotda, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda bahs-munozaralar qizg‘in tus oldi. Davra suhbatlari, anjumanlar bo‘lib o‘tdi.
Matbuot sahifalarida Konstitutsiya loyihasiga bag‘ishlangan yuzdan ortiq fikr va mulohazalar e’lon qilindi. 5 mingdan ziyod takliflar bildirildi. Muhokama jarayonida loyiha matni ancha tuzatildi, qayta ishlandi va 1992 yil 21 noyabrda muhokamani davom ettirish uchun gazetalarda qayta chop etildi.
Shunday qilib, huquqiy pretsedent — ikki bosqichli umumxalq muhokamasi yuz berdi. Ushbu holat muhokama ishtirokchilarini faollashtirdi. Natijada umumxalq fikr almashuvi yangicha tus oldi. Mazkur aktsiyaning ahamiyati shundan iborat ediki, fuqarolar Konstitutsiyaning qayta ishlangan variantida muhokama jarayonidagi o‘z ishtiroklarining natijasini ko‘ra oldilar. Negaki, yangi variantda umumxalq muhokamasining dastlabki bosqichida fuqarolarning faol qatlamidan kelib tushgan ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar o‘z ifodasini topgan edi.
Fuqarolar Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ularning ovozi eshitilganligiga, takliflari tegishli ravishda ko‘rib chiqilib, inobatga olinganligiga ishonch hosil qildilar.
Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov ekspertizasidan o‘tdi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasini yaratishda jahon konstitutsiyaviy tajribasining quyidagi jihatlari o‘z ifodasini topdi:
birinchi, respublika boshqaruv shakli — bevosita xalq boshqaruvining shakllaridan biri ekanligi;
ikkinchi, konstitutsiyaviy tartibga solishning klassik printsiplari — hokimiyat vakolatlarining bo‘linishi, inson huquqlari va xalqaro huquq normalariga sodiqlik, Konstitutsiyaning barqarorligi;
uchinchi, Konstitutsiya matnini muqaddima va bo‘limlar, boblar va moddalar bo‘yicha taqsimlash hamda ularni mantiqiy joylashtirish;
to‘rtinchi, mazmunining qisqaligi — real davlat va ijtimoiy hayotni cheklab qo‘yadigan ortiqcha qoidalarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Konstitutsiyada kelajakda qabul qilinadigan qonunlarga oid havolalar yo‘qligi ham shu maqsad bilan bog‘liq;
beshinchi, mafkuralashtirishdan voz kechish, ya’ni bir mafkura hukmronligidan voz kechish; fikr, so‘z, vijdon va e’tiqod erkinligi;
oltinchi, konstitutsiyaviy kafolatlar — Konstitutsiya ustuvorligi, Konstitutsiyaviy sud tuzilishi, Asosiy Qonunga o‘zgartish kiritishning alohida tartibi.
Avvalgi “ittifoq” konstitutsiyalaridan farqli ravishda mustaqil O‘zbekiston Respublikasining Asosiy Qonunida faqat Yevropaga xos konstitutsiyaviy tartibga solishning tazyiqi yo‘q. Lekin G‘arb mamlakatlarining demokratik konstitutsiyalariga xos bo‘lgan fuqarolik jamiyati, hokimiyat vakolatlarining bo‘linishi, muvozanat va o‘zaro cheklab turish tizimiga oid normalar inobatga olingan. Bu yerda islom dini ma’naviy an’analarining ta’siri seziladi, davlat katta oila kabi tushunilishi va rahbar ushbu oila har bir a’zosining tinchligi, qadri va farovonligi uchun mas’ulligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi O‘zbekiston xalqining xohish-irodasini aniqlash hamda juda boy material to‘plash imkonini berdi. Ushbu material chuqur va har tomonlama o‘rganib chiqildi, umumlashtirildi va xalqning umumiy irodasi shaklida o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasi muhokamasiga kiritildi.
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov sessiyada Konstitutsiyani “Xalqchil Qomus» deb atab, uning loyihasi ustida taxminan ikki yil davomida ishlangani, ikki yarim oy davomida umumxalq muhokamasidan o‘gganligi va shu vaqt mobaynida u ommaning fikr xazinasi durdonalari bilan boyitilganligini, sayqal topganligini ta’kidladi.
Respublika Oliy Kengashining sessiyasida muhokama qilish uchun kiritilgan Konstitutsiya loyihasiga 80 ga yaqin o‘zgartishlar, qo‘shimchalar taklif etildi va aniqliklar kiritildi. Ularning ayrimlari muhim ahamiyatga ega edi. Parlament sessiyasining ishi davomida deputatlar ham bir qator o‘zgartishlar kiritdilar.
Davlatimiz rahbari Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasida ishtirok etgan barcha fuqarolarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Konstitutsiyani ishlab chiqish, muhokama qilish va qabul qilish jarayoni Prezident Islom Karimovning “Konstitutsiya davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnoma” bo‘lganligi, u “xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini” aks ettirishi, uning “xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsuli” ekanligi haqidagi xulosasining to‘g‘riligi va asoslanganligani tasdiqlaydi.
Xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy huquqi bo‘yicha rossiyalik mutaxassis A.Yakushev shuni ta’kidlaydiki, “O‘zbekistonning Konstitutsiyasi sobiq ittifoqdosh davlatlarning konstitutsiyalari orasida birinchi edi (boshqa barcha MDH davlatlari va Boltiqbo‘yi davlatlarida konstitutsiyalar keyinroq, ya’ni 1992-1996 yillarda qabul qilingan).
O‘zbekiston Konstitutsiyasi o‘zbek jamiyati va davlatining barcha eng muhim sohalarini tartibga soladi, qisqaligi va aniq ifodalanganligi, shuningdek, o‘ziga xos tuzilishi bilan ajralib turadi”.
O‘zbekistonda konstitutsiyaviy qurilishning asosini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z asarlari, chiqishlarida ifodalab bergan besh asosiy printsip tashkil qiladi. Bu asos bo‘luvchi g‘oyalar va qoidalar O‘zbekiston taraqqiyoti va milliy istiqlol mafkurasining tamal toshidir.
Akmal SAIDOV,
yuridik fanlari doktori, professor
|