Ijtimoiy-siyosiy hayot

18 Yanvar 2012 19:45
YOSHLAR — QO‘SH QANOTIMIZ
Mustaqilligimiz tarixida xalqimiz erishgan ulkan marralar qatorida shunday buyuk bir yutuq borki, uning ahamiyatini o‘lchab, baholab bo‘lmaydi. Bu — zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallagan, mus­taqil fikrlaydigan, buyuk kelajagimizni yaratishda tobora hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan sog‘lom va barkamol avlodni shakllantirish uchun  muhim qadamlar qo‘yilayotganidir.
Yurtboshimizning yoshlarga qarata: “Aziz bolalarim, Ollohning nazari tushgan, O‘zbekiston deb atalmish go‘zal va betakror o‘lkada tug‘ilish, uning bag‘rida kamol topish har kimga ham nasib etmaydi. Ana shu haqiqat har biringizning qalbingizdan, yuragingizdan chuqur joy olishini istardim. Vatan sevgisi, Vatanga sadoqat tuyg‘usi sizlarga umrbod yor bo‘lsin”, deb qilgan da’vati ularning qalbida aks-sado berib turgani amalda o‘z ifodasini topmoqda. Buni san’at, ilm-fan va bosh­qa ko‘plab sohalarda o‘z salohiyatini, teran bilimini, yuksak mahoratini, metin irodasi va aql-zakovatini namoyish etib, xalqimiz, Vatanimiz dovrug‘ini dunyoga taratayotgan Rus­tam Qosimjonov, Ravshan Ermatov, Rishod Sobirov, Abdulla Tangriev kabi yoshlarning erishayotgan ulkan yutuqlarida ko‘rishimiz mumkin.
Vazifasi mamlakatimiz yoshlarini birlashtirish, sog‘­lom turmush talablari asosida tarbiyalash, manfaatlarini har tomonlama himoya qilishdan iborat bo‘lgan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topish, haq-huquqlarini tezroq tanib faol turmush tarziga ega bo‘lishlari uchun bor imkoniyatlardan foydalanmoqda. Chunonchi, davlatimiz rahbari ilgari surgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kontseptsiya­si” yuzasidan oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida o‘tkazilgan “Konsepsiya — taraqqiyotimiz poydevori” loyihasi 200 ming nafardan ortiq yoshlarga Kontseptsiyaning mazmun-mohiyatini, unda belgilangan ustuvor vazifalarni anglash imkonini berdi. Konsepsiyadagi ustuvor vazifalar ahamiyatidan kelib chiqqan holda, Harakat tomonidan “Konsepsiyani o‘rganish oyligi” e’lon qilindi. Ushbu tadbir doirasida sohani yaxshi bilgan mutaxassislar ishtirokida ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminar va uchrashuvlar o‘tkazilib, ular natijasi bo‘yicha ilmiy to‘plamlar nashr etildi.
Aynan yoshlarning taklif va tashabbuslari yurtimizda qabul qilinayotgan qonunlar, qonunosti me’yoriy hujjatlar, Davlat dasturlari va ularning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan 16 mingdan ortiq tadbirlarda o‘z aksini topganligi va ularda 3 millionga yaqin o‘g‘il-qiz qatnashgani yoshlarning ijtimoiy faoliyati ko‘lami kengayib borayotganidan nishonadir. Jumladan, bevosita yoshlar tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Men saylovga tayyorman”, “Huquqiy targ‘ibot poezdi”, “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” kabi loyihalar bu borada kutilgan samarani berdi.
“Harbiy sport-sog‘lomlashtirish oromgohi” loyihasidan ko‘zlangan maqsad voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularning ijtimoiy-siyo­siy va huquqiy savodxonligini oshirish hamda buning natijasi sifatida profilaktik hisobdan chiqarishga ko‘maklashishdan iborat. Ushbu loyihaga so‘nggi 5 yil mobaynida profilaktik hisobda turuvchi 5650 nafar voyaga yetmaganlar jalb etildi va ulardan xulqi ijobiy tomonga o‘zgargan 1,5 ming nafar yoshlar profilaktik hisobdan chiqarildi. Bundan tashqari, jazoni o‘tash joylaridan qaytgan yoshlarga pasport olish, yashash joyida ro‘yxatdan o‘tish, ishga joylashish, oilasini tiklash kabi hayotiy muammolarini yechishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Mamlakatimiz mustaqilligining 20 yilligiga bag‘ishlab “Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!” shiori ostida yoshlar festivali katta ko‘tarinkilik bilan o‘tkazildi. Ushbu festivalü doirasida tashkil qilingan  “Ommaviy tahdidlar va yoshlar ma’naviya­ti”, “Vatan – mening g‘ururim”, “Siz kutgan mehmon”, “Sharaf daqiqasi”, “Biz – yoshlar sog‘­lom turmush tarzi tarafdorimiz”, “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin”, “Vatan manfaati ulug‘ va muqaddas” kabi loyiha va aktsiyalarda har bir tuman, shahardagi ta’lim muassasalari, mahallalar, mehnat jamoalari, harbiy qismlarda targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan qator tadbirlar uyushtirildi. Bu targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida yoshlarning o‘zligini anglash, jamiyatdagi o‘rnini his etish, oila mas’uliyati, ota-onaga hurmat va pirovardida vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga alohida urg‘u berildi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faoliyatida jamoat tashkilotlarining ko‘magi sezilarli samara beryapti. Misol tariqasida O‘zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorlikda “Ona tabiatni asrash yo‘lida” deb nomlangan tahliliy filüm ishlab chiqilganini va u barcha hududlarda keng jamoatchilik ommasiga taqdim etilganini aytib o‘tish mumkin.
Mamlakatimizda yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka kengroq jalb etish bosh masalalardan biridir. Bu mas’uliyatli vazifaga “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati o‘ziga xos yondashdi. Bir necha yil davomida Respublika Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim markazi, Xalq ta’limi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari bilan hamkorlikda maktab bitiruvchilarini kollej va akademik litseylardagi mutaxassisliklar bilan yaqindan tanishtirish, ularning kasb tanlashlariga ko‘maklashish maqsadida respublikamizning barcha tuman va shaharlarida “Mutaxassislik – sening kelajaging” ko‘rgazmasi o‘tkazib kelinmoqda. Ko‘rgazmaga o‘tgan yili 463452 nafar maktab bitiruvchilari jalb qilindi. Mehnat yarmarkalarida esa 17 mingdan ziyod kollej bitiruvchilariga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.
2011 yilda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb qilish, ularda tadbirkorlik tushunchalarini shakllantirish maqsadida “Mening biznes g‘oyam” tanlovi tashkil qilindi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Mikrokreditbank”, “Ipotekabank”, “Qishloqqurilishbank” va “Agrobank” bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mazkur tanlovda 22 ming nafardan ziyod yoshlar ishtirok etdi. Tanlovda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 301 nafar ishtirokchiga tijorat banklaridan imtiyozli foizlarda 800 million so‘mdan ziyod mikrokreditlar ajratilishiga ko‘maklashilganligi diqqatga sazovor. Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, kichik biznesni rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni ular orasida keng targ‘ib etish maqsadida 2008 yildan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, 2009 yildan “Yosh tadbirkor kamoloti – qishloq taraqqiyoti kafolati”, 2011 yildan “Yosh tadbirkor – kelajakka poydevor” loyihalari muvaffaqiyatli o‘tkazib kelinmoqda. Bu loyihalarning ahamiyati shundaki, ishtirokchilar tadbirkorlik mas’uliyati haqidagi tushunchalarga ega bo‘libgina qolmay, o‘zlari ham sohaga kirishib ketadilar. Masalan, o‘tgan yili o‘tkazilgan “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” loyihasida 1452 nafar o‘g‘il-qiz ishchi guruhlari tavsiyanomalariga asosan 4,2 milliard so‘m miqdorida imtiyozli foizlarda mikrokreditlar olishga erishdi. Shu o‘rinda, tanlovning respublika bosqichida g‘olib chiqqan 27 nafar yosh tadbirkorlarning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kredit foiz stavkalari Harakat tomonidan to‘lab berilganini alohida qayd etish o‘rinlidir. Umuman olganda, loyihalar doirasida 2008-2011 yillar davomida 4994 nafar yoshlarning 12,1 milliard so‘m mikrokredit olishiga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Albatta, tashkil etilayotgan tadbirlar, amaliy mashg‘ulotlar, suhbatlar va uchrashuvlarning samarali bo‘lishiga katta umid bog‘lagan holda, hayotdagi real muammolarni ham o‘rganish, imkoni boricha yuksak darajada maqsadga erishish uchun ularni e’tibordan qochirmaslik katta mas’uliyat yuklaydi. Shu maqsadda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari hamda Harakatning tuman (shahar) bo‘limi kengashlari qoshida “Bunyodkor” yoshlar mehnat harakati” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Natijada 2007-2010 yillarda jami 63884 nafar talaba-yosh mavsumiy ishlarga jalb etildi. 2007 yilga nisbatan o‘tgan yilda ushbu mehnat harakatiga jalb qilingan yoshlar soni qariyb 2,3 barobar ortdi. Ya’ni 2011 yilda “Bunyodkor” yoshlar mehnat harakatiga respublika bo‘yicha 35535 nafardan ortiq yoshlar jalb etildi, ularning 25490 nafarini o‘quvchi-talabalar, 10045 nafarini mahallalardagi vaqtinchalik ishsiz yoshlar tashkil etdi.
Yoshlarni qobiliyatlariga yarasha ish bilan ta’minlash, o‘zlarini jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida his etishlariga ko‘maklashish, turmush farovonligini oshirishga imkoniyat yaratish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan joylarda mehnat yarmarkalarini o‘tkazish izchil yo‘lga qo‘yilganligi natijasida 2007-2011 yillar davomida 240130 nafar yosh ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali 9750 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari, imkoniyati cheklangan bolalar, voyaga yetmaganlar nozirligi hisobida turgan o‘smirlarga bepul darslik va kitoblar, o‘quv qurollari, kiyim-kechak, sport anjomlari, yozgi dam olish oromgohlariga bepul yoki imtiyozli narxdagi yo‘llanmalar olib berildi.
Ayni paytda konsulütativ markazlar faoliyatini nafaqat viloyat markazlarida, balki barcha tumanlarda yo‘lga qo‘yish, chekka hududlardagi yoshlarni tadbirkorlik faoliyatini yuritishga o‘qitish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, tijorat banklaridan imtiyozli kreditlar olish va tadbirkorlik faoliyatida duch kelayotgan boshqa muammolar yechimini topishga ko‘maklashish istiqboldagi vazifalardandir. Xuddi shuningdek, kelgusida mahallalardagi ishsiz yoshlarni hududdagi ijtimoiy soha qurilish ob’ektlariga hamda aholining kichik qurilish ishlariga jalb qilish, mehnat otryadlari ishini yanada rivojlantirish, yoshlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy himoyalashni tashkil qilish maqsadida ishlab chiqilayotgan qator loyihalar ham borki, ularni hamjihatlik bilan hayotga tatbiq etish o‘z samarasini beradi, albatta.
Bundan tashqari, kasb-hunar kollejlari bitiruvchisi, ta’lim muassasasi hamda ish beruvchi o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomalar asosida bitiruvchilarning ishga joylashishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, hayotga katta orzu-umid bilan qadam qo‘yayotgan yoshlarni, ayniqsa, qishloq joylarida yashaydigan qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ish bilan ta’minlash, shu bilan birga, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maqsadli va aniq takliflar ishlab chiqish orqali yosh oilalarning mustahkamligini amalda ta’minlash kabi vazifalar ham belgilab olinganki, bularning barchasi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati o‘z faoliyati davomida tobora hayot qatlamlariga kirib borayotganidan dalolatdir.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor qaratmoqda. So‘nggi besh yil davomida ushbu dasturiy vazifa ijrosini ta’minlashga qaratilgan 20 tadan ortiq loyihalar tashkil etilib, ularda 520 ming nafardan ortiq yoshlar qamrab olingani so‘zimiz tasdig‘idir. Xususan. “Kamolot” ta’lim granti” va “Kamolot” stipendiyasi” loyihalari tashkil etilib, ular doirasida 140 dan ortiq iqtidorli yoshlar rag‘batlantirilganligi diqqatga sazovor.
Zamonaviy fan-texnika yutuqlari bilan bog‘liq istiqbolli mavzular bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan yosh olimlar, mutaxassislarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, pirovardida, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz. Shu ma’noda, Harakat tomonidan “Yosh olimlar” stipendiyasining ta’sis etilgani yoshlarning o‘z ilmiy salohiyatini namoyon etishlarida muhim omil bo‘lmoqda. Talaba-yoshlarni mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida birlashtirish, iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida ilmiy-ijodiy hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirishga qaratilgan turkum loyihalar esa o‘z yechimini kutmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport, yoshlarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish Harakatning faoliyat mezonlaridan keng o‘rin olgan. Ayniqsa, sportchi qizlarni sohaga keng jalb qilish maqsadida stol tennisi bo‘yicha “Kamolot” malikasi”, yengil atletika bo‘yicha “Bahor malikalari”, 14-16 yoshli qizlar o‘rtasida badiiy gimnastika bo‘yicha “Kamolot” g‘unchalari”, badminton, qo‘l to‘pi, voleybol, basketbol, futbol bo‘yicha “Kamolot” kubogi” musobaqalari muntazam tashkil etib kelinayotganini ta’kidlash zarur. Ushbu musobaqalarning har birida yiliga 10 ming nafarga yaqin yoshlar qamrab olinayotganligi alohida e’tirofga molik.
Yoshlarning intellektual qobiliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida “Kamolot” shaxmat taxtasi” turniri Yulduz Hamroqulova, Sarvinoz Qurbonboeva kabi iqtidor egalarini jahon chempionatlari sari ilhomlantirdi. Ular qit’a chempioni unvoniga ham sazovor bo‘lgani yoshlarimiz qalbida faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otish barobarida, katta ishonch uyg‘ota oldi.
Yoshlar o‘rtasida velosport turi ham tobora ommaviylashib bormoqda. “Kamolot”-Tur” milliy yoshlar velomarafoni bunga yorqin misol bo‘la oladi. O‘tgan yili marafon ishtirokchilarining safi salkam 6 ming nafarga yetdi.
Yoshlarni jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga keng jalb etish maqsadida Harakatning hududiy kengashlari qoshida tashkil qilingan “Yoshlar ijtimoiy xizmatlari” markazlarida 12 turdagi sport to‘garaklari ochilgan. Ushbu to‘garaklarga 2011 yilning o‘zida 7371 nafar yoshlar jalb qilindi. Quvonarlisi, mamlakatimizning chekka tumanlarida ham sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda.
Yoshlarning xorijlik tengdoshlari bilan tajriba almashishlari ham yaxshi samara bermoqda. Misr Arab Respublikasi, Azerbayjan Respublikasi, Janubiy Koreya, Avstriya, Germaniya va boshqa bir qator xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Ana shu hamkorlik samarasi o‘laroq, 70 ga yaqin yoshlarimiz xorij mamlakatlarida o‘tkazilgan anjuman va festivallarda ishtirok etishdi.
Yoshlar hayotiga oid ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganish va ushbu yo‘nalishlarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan boshqa davlat yoshlarini yaqindan tanishtirish maqsadida 4 ta xalqaro anjuman, 10 dan ziyod davra suhbatlari, 10 ga yaqin ko‘rik-tanlov va ko‘rgazmalar o‘tkazildi. Turli xalqaro tashkilot va diplomatik korpus vakillarining Harakat mutasaddilari bilan 50 dan ziyod uchrashuvlari, hamkorlikdagi loyiha va tadbirlari tashkil etildi. Bu tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad mamlakatimiz yoshlarining xorijdagi tengdoshlari hayotini o‘rganish, dunyo talablari darajasida bilim va malakaga ega bo‘lish, tenglar ichra teng faoliyat ko‘rsatishlariga imkoniyat yaratishdan iborat.
«Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati o‘z faoliyati ko‘lamining rang-barangligi bilan kelajak avlod qalbidan chuqur joy olishga, ular bilan hamnafas, hamqadam bo‘lib, quvonchu tashvishlarini yaqindan his etib, ularning haqiqiy yordamchisiga, maslahatgo‘yiga, maslakdoshiga aylanishi, yoshlarning o‘y-fikrlari, orzu-umidlariga yo‘l ochib, ularning hayotiy manfaatlarini qat’iyat bilan himoya etishga qat’iy bel bog‘lagan.
Yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish, ayrim xatarli so‘qmoqlardan betalafot olib chiqish katta umid va ishonch bilan kamolot sari yetaklagan yosh avlodimizni xal­qimiz ko‘zlagan ulug‘ maqsadlar sari yo‘llash — barchamizning, har birimizning, «Kamolot» faollari va fidoyilarining ham burchidir.
Maqola «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati
 matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM