Jinoyat ishlari yuritishda maxsus bilim zarurati

Mamlakatimizda sud ekspertizasi o‘tkazishning qonuniy asoslari yaratilgan. Jumladan, amaldagi Jinoyat protsessual kodeksi va “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunda bu borada zarur me’yorlar belgilangan. Ushbu qonunlar jinoyat ishlari bo‘yicha maxsus bilimlardan foydalanish o‘rni va uning baholanish tirtibini aks ettiradi.

 

 

Maxsus bilimlardan foydalanish tushunchasiga Jinoyat protsessual kodeksining 67-moddasida shunday izoh berilgan: “Xulosa berish uchun zarur fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan har qanday jismoniy shaxs ekspert sifatida chaqirilishi mumkin”. O‘z navbatida, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida “Sud eksperti — xulosa berish uchun fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan, belgilangan tartibda sud eksperti sifatida tayinlangan jismoniy shaxs”, deya ta’rif berilgan. Shuningdek, qonunda “sud ekspertizasi — fuqarolik, xo‘jalik, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakat”, deb qayd etilgan.

Huquqiy adabiyotlar va entsiklopediyalarda maxsus bilimlardan foydalanish, maxsus bilim tushunchalari kam yoritilgan bo‘lib, ushbu holat amaliyot vakillari uchun ayrim qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Fikrimizcha, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunning ekspertiza institutiga oid asosiy tushunchalar mazmunini yoritishga bag‘ishlangan 3-moddasini “Maxsus bilim — fan, texnika, san’at yoki hunar sohasi vakili biladigan mutaxassislikka oid bilim” tarzida bayon etishni taklif qilamiz. Ushbu holat ekspertiza, ekspert, mutaxassis tushunchalarining fundamental asoslarini tushunish imkonini beradi. 

Maxsus bilim tushunchasi hozirgi kunda ma’lum bir sohani chuqur tushunish va ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritishni anglatadi.

Maxsus bilim umumiy bilimdan farqlanib, ma’lum bir yo‘nalishda faqatgina cheklangan insonlar ega bo‘lgan bilim doirasidir. 

Huquqshunoslik nazariyasida maxsus bilim tushunchasi aniq yoritilmagani bois amaliyotda ekspertiza tayinlash va mutaxassisni jalb qilish masalasida turli xil qarashlar mavjud.

Maxsus bilim ekspert va ekspertiza tushunchalarini izohlashning o‘zagini tashkil etuvchi tushuncha bo‘lib, jinoyat protsessual huquqi va qonuni doirasida shakllantirilgan. Ushbu holatni Jinoyat protsessual kodeksidagi ekspertiza dalillarini to‘plash usuliga bag‘ishlangan moddalarning boshqa protsessual kodekslardagi normalarga nisbatan ko‘pligi va sifati bilan ham qiyoslash mumkin. Chunki ekspertizaning barcha imkoniyatlaridan jinoyatlarni ochishda va shu orqali inson huquqlarini muhofaza qilishda foydalaniladi.

Shu sababdan huquqshunos olimlar ham maxsus bilim tushunchasini ta’riflashga intilishgan. Chunonchi, A.Eysman “Maxsus bilim — umumiy muomalada bo‘lmagan, ommaviy tarzda qo‘llanilmaydigan, faqatgina cheklangan doiradagi shaxslar foydalanadigan bilimdir”, degan ta’rifni keltirgan. 

Huquqshunos olim G.Koruxev esa, hozirgi kunda maxsus bilimni tushunishda qonunchilikda mavjud bo‘lgan tendentsiyaga yaqinroq fikrni bildiradi. Uning fikricha, maxsus bilim — isbot qilish maqsadlarida foydalaniladigan fan, texnika yoki san’atning ma’lum bir sohalarida qo‘llaniladigan bilimlar jamlanmasidir. 

Boshqa bir huquqshunos olim Ye.Ishenko fikriga ko‘ra esa, maxsus bilim — dalillarni topish, olish, ishga qo‘shib qo‘yishga xizmat qiluvchi har qanday professional bilimdir.

V.Maxov esa, maxsus bilimlarning o‘ziga xos belgisi sifatida uning ma’lum bir mehnat faoliyatiga bog‘liqligini hamda mazkur bilim uning ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishi davomida olingan bilimlar jamlanmasini tashkil etishini ko‘rsatadi.

Mazkur fikrlarni umumlashtirgan holda aytish mumkinki, maxsus bilim bu — jinoyat ishini qo‘zg‘atish, dastlabki tergov va sud muhokamasi maqsadlari uchun qo‘llaniladigan va jinoyatga aloqador dalillarni zamonaviy tadqiqot usullari orqali topish, to‘plash, baholashni amalga oshirishda foydalaniladigan fan, texnika, kasb-hunar sohasidagi professional bilimdir.

Maxsus bilimlarni tushunishda uning ichki tuzilishini ham alohida o‘rganish talab qilinadi. Maxsus bilimlarning tuzilishi o‘zaro qarama-qarshiliklar emas, balki o‘zaro bog‘liq elementlarning yagona tizimini kompleks tarzda ishlatishni nazarda tutadi. Ushbu tuzilishning asosiy elementlaridan biri bilimdir. Dastlab inson bilimi olamni oddiy tushunish shaklida paydo bo‘lsa, uning hayot faoliyati murakkablashib turli sohalarni o‘rganib borgani sari bilim doirasi ham kengayib boradi.

Bilim va ma’lumot turli tushunchalardir. Ma’lumot hali tahlildan o‘tmagan, tekshirilmagan axborotlardan tashkil topgan bo‘lsa, bilim nafaqat tekshirilgan, balki, amaliyotda tahlildan, sinovdan o‘tgan ma’lumotlardir. 

Maxsus bilim deganda, faqatgina ma’lum bir yo‘nalish, tor soha doirasidagi, chuqur bilim va uzoq yillik tajribaga, tor mutaxassislikdagi ma’lumotni keng anglash tushuniladi. Ya’ni maxsus bilim egasi olamni o‘zining maxsus mutaxassislik yo‘nalishi, bilimi va tajribasi orqali tahlil qiladi.

Ekspert, mutaxassis shu asnoda jinoyat sodir etilgan joydagi ayrim elementlar, izlar orqali jinoyat hodisasi haqida to‘liq tasavvurga, ma’lumotga ega bo‘ladi. 

Ushbu fikrlarga asoslanib shuni qayd etish kerakki, qonunchilikda qo‘llanilayotgan har bir tushuncha, olimlar va amaliyot vakillari tomonidan o‘z o‘rnida tushunilishi va qo‘llanilishi lozim. Maxsus bilimlar tushunchasining qonunchilik doirasida tahlil qilinishi va yoritilishi yuqoridagi maqsadlarga erishish imkonini beradi. 

 

Abbosbek BILOLOV,

IIV akademiyasi kunduzgi ta’lim 

4-o‘quv kursi tinglovchisi, safdor

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.