INSON HUQUQLARI HIMOYASI

Jinoyatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Ayniqsa, hazrati insonning haq-huquqlarini poymol etishga hech kimning haqi yo‘q. Shu ma'noda, milliy qonunchiligimizda inson huquqlarini himoya qilish masalasi har jihatdan mukammal qamrab olingan.

Ammo ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida keskin kamaygan bo‘lsa-da, soxta aldovlarga uchib, o‘z hayotini qullik girdobiga tortayotganlar ham uchrab turibdi. Demak, fuqarolarning o‘z haq-huquqlarini tanishi, huquqiy savodxonlikning yuqori bo‘lishi ayni paytda g‘oyat dolzarb ahamiyatga egadir. 

Xo‘sh, milliy qonunchiligimizda bunday illatlarga qarshi kurash qay tarzda aks etgan, joylarda qonun ijrosi ko‘ngildagidek kechayaptimi?

O‘zbekiston Respublikasida 2004 yil 22 sentyabrda qabul qilingan Jinoyat kodeksining 135-moddasiga binoan, odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik qat'iy belgilangan edi. O‘tgan davr mobaynida bu yo‘nalishdagi qonun ijodkorligi xalqaro huquqning talab-me'yorlaridan kelib chiqib va ayni bir paytda, mental xususiyatlar, o‘ziga xos shart-sharoitlar taqozosiga ko‘ra takomillashdi. 

2003 yilning 12 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi BMTning «Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishiga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiyasiga qo‘shildi hamda «Odam savdosining, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqida»gi protokolni ratifikatsiya qildi.

2008 yil 17 aprelda «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni kuchga kirdi. 2008 yil 8 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilinib, buning natijasi o‘laroq 2008-2010 yillarga mo‘ljallangan Milliy tadbirlar rejasi tasdiqlandi, tegishli davlat organlari oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Mana shu jarayon, ya'ni jabrlanganlarga har jihatdan ko‘mak berishni, huquqiy targ‘ibotni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi hujjatlar majmui odam savdosiga qarshi kurashni jadallashtirdi.

“Odam savdosiga qarshi kurash” to‘g‘risidagi Qonunga muvofiq “Odam «savdosiga qarshi kurash”, “Odam savdosi”, “Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxs” tushunchalari amalga kiritildi. Qonunning 6-moddasiga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashni amalga oshiruvchi davlat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish uchun odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasi tuzildi. Idoralararo komissiya davlat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining odam savdosiga qarshi kurash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, odam savdosiga imkon beruvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etishga doir ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish, odam savdosining ko‘lami, holati va xususiyatlari to‘g‘risida axborot to‘plash hamda tahlil qilish, hududiy idoralararo komissiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish ishlarini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash, odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, odam savdosiga qarshi kurash masalalari haqida aholini xabardor qilish tadbirlarini tashkil etish singari asosiy vazifalari mavjud.

2011 yil 10-12 oktyabr kunlari YEXHT ning «Odam savdosi, noqonuniy mehnat va migratsiyaga qarshi kurashishning samaradorligini oshirishda ko‘maklashish» loyihasi doirasida Bosh prokuraturada «Odam savdosiga qarshi kurashishning samaradorligini oshirish» mavzusida Yevropa davlatlarining yetakchi ekspert va mutaxassislari ishtirokida xalqaro seminar o‘tkazilib, o‘zaro tajriba almashinildi. O‘zbekiston Respublikasida odam savdosi jinoyatlaridan jabrlangan shaxslarni huquqiy himoya qilish, ularni psixologik, tibbiy, kasbiy reabilitatsiya qilish, ishga joylashtirish va shu kabi boshqa ijtimoiy muhofaza choralarini ko‘rishga ahamiyat berildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 5 noyabrdagi «Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida»gi 240-sonli qarori qabul qilinib, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshida reabilitatsiya markazi tashkil qilindi va 2009 yil 18 noyabr kuni foydlanishga topshirildi.

Odam savdosiga qarshi kurash, nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, balki har bir ongli insonning, millatiga, Vataniga befarq bo‘lmagan fuqaroning muqaddas burchi, kerak bo‘lsa, majburiyatidir. Xalqaro mehnat byurosining «Majburiy mehnatga qarshi global alyans» ma'ruzasida keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2013 yilga kelib, jahonda 12,3 milliondan ortiq kishi qul qilib sotilib, 2,5 million kishini davlat va isyonchi guruhlar mehnatga majbur qilgan. Majburiy mehnatdan foydalanishning yillik foydasi 30 milliard dollardan ortiq ekani har qanday fikrlaydigan odamni o‘yga soladi. Qarangki, bu nomard savdo orqasidan kimdir mo‘may pul topadi, boshqalar esa qullik zanjirini bo‘yinga bog‘lab xizmatda bo‘ladi. Ana o‘sha jabrdiyda kimningdir jon-jigari, aka-ukasi, opasi yoki sing­lisi, aziz dilbandi ekani aniq. Bilmay, anglamay bosilgan qadamning das­tidan keyinchalik zor-zor o‘rtangandan, yaqinlarni g‘am-hasratga ko‘mgandan ko‘ra, avvalo milliy qonunchilikka murojaat qilib, o‘qib, uqib, tegishli xulosani chiqargan ma'qul. Zotan, mehnat bozorida ishtirok etayotgan har bir odamning fuqarolik himoya paketi bo‘lishi shart va zarur. Qonun yo‘li bilan ega chiqiladigan bunday himoya paketi haqida chet elga ishga otlangan har bir fuqaroda tushuncha va xulosa shakllangan bo‘lishi zarur. Ana shunda hech qanday ko‘ngilsiz voqyeliklar sodir bo‘lmaydi, kishi o‘z ortida hamisha yordamga shay muqaddas zamin - Ona vatan turganini har qadamda his qilib turadi.     

 Hamid AKROMOV,

Olmazor tumani prokurori yordamchisi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Qiz bola — elning yuzi

2017-08-02 11:11:46

SHARAFLI UMR BEKATLARI Asil RASHIDOV ...

2017-08-16 13:28:25

Dunyo darakchilar nigohida

2017-08-16 13:24:37

Tabarruk qadamjolar

2017-08-02 11:17:38

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.