HUQUQIY MADANIYATNI YANADA YUKSALTIRISH - DAVR TALABI

Demokratik-huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartlaridan biri aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, pirovard natijada fuqarolarda qonunlarga hurmat va itoat tuyg‘usini shakllantirishdir.

 Jamiyatda yuksak huquqiy madaniyatni shakllantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri - bu aholini huquqiy axborot bilan ta'minlash, ilmiy-omma­bop yuridik adabiyotlar nashr qilinishi va tarqatilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Huquqiy axborotning hamma uchun ochiqligi esa bu sohada olib borilayotgan siyosatning asosiy tamoyillaridan biridir. Ushbu maqsad va yo‘nalishlarni ro‘yobga chiqarish uchun Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan qator qarorlar qabul qilingan bo‘lib, ular amalda o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 5 avgustdagi “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tar­qatishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra Respublika Adliya vazirligi milliy qonunchilik hujjatlari bilan eng maqbul tarzda keng ommani boxabar qilish imkonini beradigan O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi - “LexUz” huquqiy axborot izlash tizimini yaratdi. Hukumatimizning alohida qarori bilan esa, 2010 yil 1 yanvardan boshlab barcha foydalanuvchilar mazkur tizimdan bepul foydalanishi belgilab qo‘yildi.

Hozirgi kunga qadar - “LexUz” huquqiy axborot izlash tizimiga 33 mingdan ortiq o‘zbek va rus tillarida qabul qilingan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar joylashtirilgan.

Ro‘yxatdan o‘tgan holda mazkur tizimdan foydalanuvchilar soni 43 mingtani tashkil etadi. Bir kunda unga o‘rta hisobda 6 mingdan ziyod fuqarolar tashrif buyurib, kerakli normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar bilan tanishib chiqayotir.

Davlatimiz tomonidan kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish dasturlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligi natijasida mamlakatimizning nafaqat viloyat markazlari, balki eng olis tuman va qishloqlari aholisi ham Internet orqali “LexUz” huquqiy axborot izlash tizimidan foydalanmoqdalar. Endilikda ular yangi qabul qilinayotgan qonunlar, Prezidentimizning farmon, qaror va farmo­yishlaridan, hukumatimizning qarorlaridan hamda boshqa hujjatlardan, muxtasar aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslaridan on-line rejimida o‘z vaqtida boxabar bo‘lishayapti.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, “LexUz” huquqiy axborot izlash tizimiga nafaqat O‘zbekistondan, balki Koreya, Yaponiya, AQSH, Kanada, Rossiya, Germaniya, Fransiya va boshqa xorijiy davlatlardan ham foydalanuvchilar tashrif buyurmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tanishayotgan chet ellik investorlar mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik va investitsion muhit, inves­torlarga berilgan kafolat hamda imtiyozlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘layaptilar.

Hozirgi kunda Adliya vazirligida “LexUz” huquqiy axborot tizimining dasturiy ta'minotini yanada takomillashtirish, shuningdek, uning ma'lumotlar bazasidagi hujjatlar sonini yanada ko‘paytirish, sifatni bundan-da yaxshilash borasida qator ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, “LexUz” huquqiy axborot izlash tizimining ma'lumotlar bazasiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining kodekslari va qonunlaridagi havolalarga izohlar (sharh­lar) yozilgan holda foydalanuvchilarga taqdim qilinayotir. Bu jarayonda Adliya vazirligining yuqori malakali, ko‘p yillik tajribaga ega, ayrim hollarda esa, aynan izoh (sharh) yozilayotgan kodeks yoki qonun loyihasi ishlab chiqilishida bevosita ishtirok etgan huquqshunos-mutaxassislar faol ishtirok etmoqdalar. Bu albatta izohlarning (sharhlarning) sifatli va mukammal bo‘lishiga xizmat qilayapti.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining Soliq, Oila, Mehnat, Fuqarolik-protsessual, Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat ijroiya kodekslari va ko‘pgina qonunlaridagi havolalarga yozilgan izohlar (sharhlar) fuqarolar va tadbirkorlarning qonun normalari mazmun-mohiyatini tushunib yetishi uchun qulay vositaga aylangani e'tirof etilayapti.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar (texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar, sanitariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalari, shaharsozlik normalari hamda qoidalari, ekologik normalar va qoidalar kabilar) tizim ma'lumotlar bazasiga bosqichma-bosqich kiritib borilmoqda.

Xuddi shunday, Respublika Adliya va Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida imzolangan Bitimga asosan O‘zbekiston Respublikasining xal­qaro shartnomalarini LexUz huquqiy axborot izlash tizimining ma'lumotlar bazasiga kiritish ishlari olib borilmoqda. Demak, O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan barcha xalqaro shartnomalarning to‘liq matni yaqin kunlarda global axborot makoniga LexUz orqali joylanadi.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi va Oliy sud hamda Oliy xo‘jalik sudi bilan tuzilgan bitimlarga asosan, LexUz huquqiy axborot izlash tizimining ma'lumotlar bazasiga sud hujjatlarini kiritish ham nazarda tutilgan bo‘lib, hozirda unga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudi plenumlari qarorlari to‘liq joylashtirilgan. Sud amaliyoti hujjatlarini kiritish bo‘yicha esa, dasturiy-texnik ishlar amalga oshirilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytishimiz mumkinki, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligi prinsiplariga muvofiq aholi, tadbirkorlik sub'yektlari o‘ziga kerakli bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarni “LexUz” huquqiy axborot izlash tizimi orqali biron-bir to‘siqsiz, erkin olishi va tanishib chiqishi mumkin.

 

B. Hasanov,

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi

huquqiy axborot bilan ta'minlash markazi bo‘lim boshlig‘i

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.