AYBSIZLIK PREZUMPTSIYASI

UNGA AMAL QILISH JURNALISTLARGA MAJBURIYMI?

Aybsizlik prezumptsiyasi – bu nafaqat jinoiy-huquqiy, shu bilan birga, umuminsoniy qadriyat va jurnalistlik faoliyatning asosiy tamoyillaridan biridir. Aybsizlik prezumptsiyasi milliy jurnalistika amaliyotida deyarli yangi institut, shuning uchun ham uni qo‘llash va unga rioya etish bir muncha mushkul kechishi mumkin. Ushbu institut bizga mustaqillik davrida kirib kelganligi bilan ahamiyatli va uning vazifasi jurnalistika ilmi nuqtai nazaridan aytganda, sud qarori bilan aybdor deb topilmagan shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlarini OAVda himoya qilishdan iboratdir. Xorijiy davlatlarda jurnalistlar aybsizlik prezumptsiyasi talablariga qat’iy amal qiladilar. 

 Sud protsessini yorituvchi jurnalistning mas’uliyati sudyaning mas’uliyatidan aslo kam emas. Sudya xato qilsa, yuqori ins­tantsiya sudi ushbu xatoni tuzatishi mumkin. Ammo noto‘g‘­ri tarqatilgan axborot bir zumda OAV orqali keng auditoriyaga yetib boradi. Natijada bu axborotni na qaytarib, na o‘zgartirib bo‘ladi. Shu bois ham jurnalistning fikri yoki tahlili asossiz bo‘lsa, omma ongida noto‘g‘­ri tushuncha uyg‘otadi hamda o‘sha maqola chop etilgan OAVga auditoriya­ning ishonchi yo‘qoladi. Masalan, «Siyosiy dissidentlik» ko‘rsatuvining boshlovchisi Bill Mar (AQSH) 11 sentyabr voqealari xususida to‘xtalib, amerikaliklarni qo‘rqoqlikda aybladi. Shundan so‘ng butun mamlakat bo‘ylab «Biz qo‘rqoqmi yoki yo‘qmi?» degan mavzuda munozara boshlanib ketdi. Bill kechirim so‘rab, amerikalik askarlarni qo‘rqoq deb hisoblamasligini bildiradi. Lekin bu bilan munozara to‘xtamadi va ko‘p o‘tmay telejurnalist o‘z chiqishining ta’sirini seza boshladi. Teledasturning ikkita katta homiysi unga  o‘z reklamasini  berishdan voz kechdi. Bir nechta shahar dasturga obuna bo‘lishni to‘xtatdi.

Yevropa Kengashi Vazirlar qo‘mitasining Jinoiy jarayonlar to‘g‘risidagi axborotni OAV orqali taqdim etish to‘g‘risidagi  a’zo davlatlarga Rec (2003) 13-sonli Tav­siya­sida aybsizlik prezumptsiyasini hurmat qilish sudda  ishni adolatli ko‘rish huqu­qining ajralmas qismi sifatida qayd etiladi. Ko‘rilishi davom etayotgan ish bo‘yicha fikrlar va ma’lumotlarni oshkor etish jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan va ayblanayotgan shaxsning aybsizlik prezumptsiyasiga zarar yetkazmagan hollardagina OAVda yoritilishi mumkin.

«Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda jurnalistning o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida xolis axborot taqdim etishi, shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni, qadr-qimmatini hurmat qilishi, o‘z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz shaxslarning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilmasligi kabi majburiyatlari qatorida aybsizlik prezumptsiyasi prin­tsipiga amal qilishi shart­ligi alohida qayd etildi va bu ayrim tadqiqotchilarning e’tirozlariga ham sabab bo‘ldi. Ularning fikricha, jurnalistning aybsizlik prezumptsiyasiga amal qilishi qonunchilikda mustahkamlab qo‘yilishi «xavfli holat» bo‘lib, bu OAVda berilayotgan har qanday tan­qidni, ayblovni qonunga xilof, deb e’lon qilish imkonini beradi.

Sud protsesslarini yoritishda jurnalistlar aybsizlik prezumptsiyasiga amal qilishi shart. Fikrimizni rossiyalik olimlar A.Magomedov, A.Sergeev, V.Shvetsovning bu boradagi xulosalari bilan asoslab ko‘raylik. Ularning ta’kidlashicha, aybsizlik prezumptsiyasi OAV tarqatadigan axborotlarga ham taalluqlidir, ya’ni «...shaxsning ayb­dorligi to‘g‘risidagi har kimning, har qanday fikrlari va xulosalari qonuniy chiqarilgan hukm kuchga kirgungacha yuridik ahamiyatga ega emas; bunga huquq pozitsiyasidan ham, axloq qoidalaridan kelib chiqib ham yo‘l qo‘yish mumkin emas. Gap og‘zaki va yozma xabarlar, intervyular, OAV nashr­lari haqida bormoqda. Ular aybsizlik prezumptsiyasi printsipiga zid bo‘lib, qonunlarni buzish hisoblanadi, zero, jamoatchilik fikrini chalg‘itadi, ayblanuvchini muddatidan oldin, gohida bekordan-bekorga obro‘sizlantiradi, sudlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi» .

Ba’zi tadqiqotchilar bu fikrga qarshi o‘laroq, aybsizlik prezumptsiyasi O‘zekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida «Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huqu­qiga ega» deb qayd etilgan normaga zid ekanligini e’tirof etadi. Ammo ular ushbu moddaning 2-qismidagi qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasno ekanligini va ushbu cheklashlar qatorida aybsizlik prezumptsiyasi tamoyili ham mavjudligiga e’tibor berishmaydi.

Aybsizlik prezumptsiyasining buzilishi OAV orqali sodir etilsa, ayanchli oqibatlarni keltirib chiqarishi muqarrar. Chunki matbuotda e’lon qilingan axborot jamoatchilikda ayblanayotgan shaxsga nisbatan noto‘g‘ri fikr­ning shakllanishiga sababchi bo‘lib qoladi (ehtimol, u sud tomonidan aybsiz deb topilar). Shuningdek, aybi hali sudning hukmi bilan isbotlanmagan shaxslar haqida OAVda noto‘g‘ri ma’lumotlarning tarqatilishi protsessga ta’sir o‘tkazish tarzida ham baholanishi mumkin. Afsuski, matbuotda «Jinoyatchi qo‘lga olindi», «Qotil so‘roq qilinmoqda», «Fohishabozlik bilan shug‘ullangan», «O‘g‘rining ovi yurishmadi», «Firibgar fosh etildi» kabi jumlalarni deyarli har kuni uchratib turamiz. Bu esa jurnalistlarning jiddiy xatosidir. Haqiqatdan ham, OAV tomonidan «ayblov qo‘yilgan», shov-shuv qilingan ko‘pchilik ishlar keyinchalik dastlabki tergovda yoki sud jarayonida o‘z isbotini topmaydi yoxud sud tomonidan bosh­qa ayblov bilan kvalifikatsiya qilinadi. Masalan, O‘zbekiston televideniesi «Axborot» dasturida hali tergov harakatlari tugamasdan turib, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudi sudyasi F.Q.ni (Jizzax viloyati) pora olganlikda ayb­lab, lavha beriladi. Tergov organi esa dastlabki tergovdan so‘ng F.Q.ga nisbatan poraxo‘rlik jinoyati bo‘yicha ayb e’lon qila olmadi.

Jurnalistika ijtimoiy fikrni shakllantirishda ta’sirchan va keng imkoniyatli vosita hisoblanadi. Shu bois OAVda «qora qahramon» qilib ta’riflangan shaxslar millionlab gazetxonlar yoki teletomoshabinlar ongida baribir «aybdor» bo‘lib qolaveradi va bu «isnod» nafaqat uni, balki farzandlari, qarindosh-urug‘larini ham ma’naviy azobga soladi.

Shaxsning aybdorligi masalasida sud hukmi chiqmay turib, matbuotda muayyan shaxsning «o‘g‘ri», «poraxo‘r», «firibgar», «qotil» deb atalishi, shubhasiz, aybsizlik prezumptsiyasining buzilishidir. Bu esa qonunga xilof harakat. Bordi-yu, jurnalist biror shaxsni jinoyat sodir qilganlikda ayblab yozilgan maqolasi tasdiqlanmasa yoki OAV tomonidan noto‘g‘ri axborot tarqatilsa yoxud shaxsning sha’ni, qadr-qimmatiga daxl qilingan bo‘lsa, bunday harakatlar OAV orqali tuhmat qilish sifatida baholanadi; bunday ma’lumotlar rad etilib, qilmishiga yarasha jazoga tortiladi. Jurnalist OAVda sudga taalluqli muayyan voqea yoki holatga nisbatan shaxsiy fikrini bildirishga sudning hal qiluv qarori yoki hukmi qonuniy kuchga kirganidan so‘ng taxminlarini shaxsiy mulohaza tarzida e’lon qilishga haqli.

So‘nggi yillarda jur­na­list­­larni aybsizlik prezumptsiyasini buzishda ayblash asosan jurnalistlarning keskin tan­qidiga uchragan mansabdor shaxslar bayonotlarida ko‘zga tashlanmoqda. Bizningcha, bu noto‘g‘ri yondashuv, chunki mansabdor va boshqa shaxslar tomonidan qilingan noqonuniy harakatlar to‘g‘risida OAVda berilgan axborotlar, faktlar va fikrlar «qonun bilan belgilangan bosh­qa cheklashlar» qatoriga kirmaydi. Shuningdek, «davlat siri yoki boshqa sirlarga taalluqli» emas. Aksincha, shubhali harakatlar to‘g‘risida fikr aytishini man qilish yoki javobgarlikka tortish insonni o‘z fikridan qaytishga majburlash va so‘z erkinligi huquqini buzish hisoblanadi. Ya’ni har qanday shaxs o‘ziga nisbatan aybsizlik prezumptsiyasi amal qilinishiga da’vo qilishi mumkin emas. Faqatgina jinoyat protsessida ishtirok etishga jalb qilingan ayblanuvchigina ayb­sizlik prezumptsiyasi himoyasi ostida bo‘lishini unutmaslik lozim.

Jurnalistikaning ijtimoiy institut sifatida ahamiyati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 327-moddasiga binoan, muayyan jinoyatlar to‘g‘risida matbuot, radio va televidenie, hujjatli kinofilmlardagi xabarlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga yo‘llangan, lekin e’lon qilinmagan xatlaridagi xabarlar jinoyat ishini qo‘zg‘atishga sabab bo‘ladi. Jinoyat protsessual qonunchilik OAVga nafaqat mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunicha jinoiy harakatlar to‘g‘risida xabar berish huquqini beradi, balki huquq-tartibot organlariga OAVning bunday xabarlarini tekshirish majburiyatini ham yuklaydi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, OAV vakillarining ayb­sizlik prezumptsiyasiga amal qilishi qonun bilan o‘rnatilgan majburiyatlar sirasiga kiradi va jurnalistlar sudlanuvchini o‘z chiqishlari or­qali «jinoyatchi» deb «hukm chiqarish»ga haqli emas.

 

Olimjon O‘sarov,

filologiya fanlari nomzodi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

MDH: AMALIY HAMKORLIK INSTITUTI

2017-10-18 12:31:15

Mo‘jizalar izlab Misrdan ...

2017-10-18 12:29:50

Olovli sahifalar

2017-10-04 09:26:07

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

October 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31

.