MUNOSIBLIK BAXTI

Ko‘p eshitamiz: tabiat bezagi bo‘lmish lolaning vatani Gollandiya, tanga quvvat berguvchi kofe ichimliginiki — Braziliya, millionlar o‘yini — futbolniki esa, Angliya, qog‘ozniki — Xitoy, deyishadi. Juda soz. Zero, bularning har biri insoniyat turmush tarzi uchun kerak, albatta. Ammo barcha zamon va davlatlarda, o‘tmishda ham, bugun ham g‘oyat yuksak ahamiyat kasb etgan, ayniqsa, bizning xalqimiz uchun eng ulug‘, eng aziz ne’mat bo‘lgan tinchlikning vatani qaer, degan savol haqida o‘ylab ko‘rganmizmi?

Kundalik ishimiz shu: zimmamizdagi vazifalarni bajarish bilan bir­ga, televizor ko‘ramiz, gazeta varaqlaymiz, internet tarmog‘ida kezamiz. Alqissa, “Dunyoda qanday hodisalar bo‘lmoqda ekan?” degan savol ongu shuurimizni bir zum tinch qo‘ymaydi. Kuzatishlarga asoslanib kengroq o‘ylab qarasak, yigirma birinchi asrga kelib, dunyo bamisoli ikki qutbga ajralib qolayotgandek. Fikrimizcha, birinchi qutb – bu tinch­lik-oso­yishtalik tufayli har tomonlama taraqqiy etib borayotgan davlatlar bo‘lsa, ikkinchisi shafqatsiz urush o‘chog‘iga aylanib, yillar davomida ne-ne mashaqqatlar, ezgu sa’y-harakatlar evaziga erishilgan yutuqlarni qo‘ldan boy berayotgan davlatlardir. Yoshi ulug‘lar: “Bir kun janjal bo‘lgan uydan qirq kun baraka ketadi”, deydi.

Xo‘sh, bir kun urush bo‘lgan yurtdan-chi? Xudo ko‘rsatmasin, bir mamlakatda qirq kun urush to‘xtamasa, bir yuz oltmish kun baraka ketadimi? Agarda janjal bilan urushning, uy bilan butun boshli bir mamlakatning orasidagi farqni hisobga olsak, tafovut ham shunga monand o‘zgarmasmikin?

Yaqinda BMTning Iroq­­qa ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha missiyasining hisoboti internetda e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Iroq­da shu yilning aprel oyida sodir etilgan teraktlar, qurolli to‘qnashuvlar va zo‘ravonliklar oqibatida  741 kishi halok bo‘lgan, 1374 kishi jabrlangan, tinch aholi orasidagi qurbonlar 410 kishini tashkil etgan. Bunday halokatli voqealarni nafaqat Osiyo mintaqasidagi ayrim davlatlar, balki, o‘zining mislsiz taraqqiyoti va kelgusi marralarini baralla ovoza qilishdan charchamagan gegemon davlatlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Darhaqiqat, ayni vaqtda yer yuzida “Shu bugun tinchgina yashasam, far­zand­larim bag‘riga eson-omon qaytib kirsam, nima bo‘lsa bo‘lsin, urush bo‘lmasin” deya zor qaqshayotgan odamlar oz emas. Aslida hech bir davlat urush bo‘lsin, begunoh insonlarning yostig‘i qurib, kul bo‘lsin, demaydi. Aksincha, har qanday mamlakat ham faqat bir yo‘l – taraqqiyot yo‘lini tanlaydi.

Bilasiz, yaqin-yaqinlargacha turli nizolar, kelishmovchiliklar va qarama-qarshiliklarning kelib chiqishiga vatanining tayini bo‘lmagan kimsalar bosh sababchi bo‘lgan. Undaylar qachon qarama, endigina mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlab, jahon hamjamiyati orasida obro‘-e’tibor qozonib kelayotgan davlatlarni boshqa bir davlatga gij-gijlash, o‘rtaga adovat urug‘ini sepish pa­yi­da yurgan. So‘nggi payt­larga kelib, bunday harakatlar shu qadar avjiga mindiki, agarda shu kunlarda xorij matbuoti va internet sayt­larini kuzatsangiz, dunyo siyosat maydonida ancha obro‘li bo‘lgan ba’zi arboblar ham ana shunday g‘irrom o‘yinlarning faol ishtirokchisiga aylanib qolganini ko‘rib, taajjubingiz yanada ortadi.

Bunday misollarni nima uchun keltiryapmiz?

Yodingizda bo‘lsa, istiqlolga erishib, taraqqiyotning etagidan mahkam tutganimizdan so‘ng hasad o‘tida yongan allaqanday g‘alamislar paydo bo‘lib, yurtimiz tinchligiga rahna solishga uringan edi. Ular bir qarasang, internet saytlari orqali O‘zbekiston haqida har xil asossiz va bo‘lmag‘ur axborotlarni tarqatish orqali jamoatchiligimizning fikrini buzishga urinar, kamiga jahon hamjamiyati orasida obro‘mizni to‘kmoqchi bo‘lar, bir qarasang, tish-tirnog‘i bilan bizni qo‘shni davlatga qayrashga chiranib ko‘rar, bularning birontasi ish bermagach esa, qo‘liga qurol ko‘tarib olgan, nasl-nasabining tayini yo‘q vatangado to‘dalari bilan qo‘r­qitmoqchi bo‘lib, go‘yoki ruhimizni sindirmoqchi bo‘­lardi. Bugun esa xuddi o‘sha “janoblar”ning boshiga qanday og‘ir savdolar tushib, boshi berk ko‘chaga kirib qolganini butun dunyo ko‘rib-bilib turibdi.

Xo‘sh, davlatimiz o‘sha o‘ta murakkab kezlarda qanday yo‘l tutdi? Bizni kim, qanday qilib g‘oyat qiyin vaziyatdan olib chiqdi?  Bugun ushbu savolning javobini sadoqatli xalqimiz bilan birga, bizni tan olgan, bizga va biz bosib o‘tayogan yo‘llarga havas nazari bilan qarayotgan jahon hamjamiyati ham haqli ravishda Buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning o‘tkir va dono siyosati, uzoqni ko‘ra bilgan strategiyasi, har qancha o‘rganishga, keng tatbiq etishga loyiq kuchli diplomatiyasi bilan chambarchas bog‘lamoqda.

Sababi nimada?

Sababi – biz avvallambor har xil “o‘yin”larga aldanib qolmadik. Aksincha, har qanday murakkab va chigal vaziyatda ham yuksak diplomatiya va madaniyat, vazminlik, o‘tkir strategiya, odil va oqil siyo­sat, uzoqni ko‘ra bilish kabi eng muhim umumbashariy fazilatlar aslida qanday bo‘lishi kerakligini dunyo jamoatchiligiga yaqqol ko‘rsatib qo‘ydik. Shuning uchun ham xalqaro hamjamiyat orasida obro‘-e’tiborimiz, hurmatimiz oshdi va yanada oshmoqda. E’tibor berayotgan bo‘l­sangiz, tinchlik haqida gap ketganda, chet davlatlar O‘zbekiston tajribasini qo‘llashga harakat qilmoqda.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining afg‘on muammosi bo‘yicha bir necha bor xalqaro nufuzli minbarlardan turib, bildirgan taklifini eslang. Jumladan, NATOning 2008 yil Buxarest shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida dunyo­dagi qudratli davlatlarning vakillariga mamlakatimizning bu boradagi qat’iy pozitsiyasini aniq-ravshan bayon qilgan edi. Mazkur tashabbusning mazmun-mohiyati avvalo BMT rahbarligi ostida “6+3” muloqot guruhini tashkil etish ko‘zda tutilgan edi. Bu guruhning eng muhim maqsadi – bir-biriga qarshi kurashayogan tomonlarga Afg‘onistonda harbiy harakatlarni to‘xtatish dasturini taklif etish, mamlakatni parokanda qilayotgan asosiy muammo va ziddiyatlar bo‘yicha o‘zaro murosa asosidagi yechimlarni topish, xavfsizlikni ta’minlash hamda barcha tomonlarning manfaatlarini hi­sobga olgan holda, zarur kafolatlarni berishdan iborat edi. Bir so‘z bilan aytganda, Afg‘oniston muammosini hal etishda faqat siyosiy muloqot yo‘li bilan bu inqirozni hal qilish mumkin, degan g‘oya  yetakchilik qilgan. Ming afsuski, Afg‘onistonning o‘zida va tashqarisidagi kuchlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, bu mojaroni siyosiy asosda yechishga qarshi chiqqan edi. Qarangki, endilikda ayrim chet davlatlar rahbarlari tomonidan, masalan, Suriyadagi notinch vaziyatni bartaraf etishda aynan mana shu to‘g‘ri va ezgu siyosat ilgari surilmoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, O‘zbekistonning tinchlik yo‘lidagi siyo­satini eng to‘g‘ri yo‘l deb hisoblamoqda.

Istiqlolning dastlabki yillarini eslang, O‘zbekis­tonga miyig‘ida kulib, ishonchsizlik bilan qaragan davlatlar ham, shaxslar ham bo‘ldi. Ular: “Hali bu o‘lka ortiga qaytadi, shundoq qudratli imperiyani unutib, alohida yashab bo‘larkanmi?” qabilidagi gaplar goh minbarlarda, goh matbuot yoki internetda ataylab urchitilgandi. Buni xalqona ta’bir bilan aytganda, chuchvarani xom sanash deydi.

Hozir ham shunday qa­rashlar, niyatlar yo‘q emas. Ammo xalqimiz, davlatimiz siyosati o‘z tanlagan to‘g‘ri yo‘lida yuksak ishonch va qat’iyat bilan davom etmoqda.

Shunday bir paytda yana ko‘p-ko‘p hayotiy misollarga asoslanib, maqola avvalida keltirilgan savolga javoban: “Tinchlikning Vatani – O‘zbekistondir!” deya goh hayqirib, goh iloho ko‘z tegmasin, deb ohistagina ayt­ging keladi.

 Tohir SHOMURODOV

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Oltinimiz mo‘l. Tillamiz-chi?

2018-09-12 13:02:55

Qanot juft bo‘ladi

2018-08-15 07:04:49

«Qalamimni tortib ololmaysiz!» Keksa ...

2018-09-12 13:11:24

Shubhali giyoh

2018-08-29 14:03:40

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2018
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.