BAG‘RIKENGLIK NAMUNASI

Joriy yilning 12 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoevning taqdimnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani yurtimizda inson huquqlariga oliy qadriyat sifatida qaralishining yana bir amaliy misolidir.

 

Zero, Konstitutsiyamizning muqaddimasida O‘zbekiston insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni o‘z oldiga pirovard maqsad qilib belgilangan. Ushbu amnistiya akti nafaqat demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining ustuvor yo‘nalishlaridan, balki xalqimiz ming yillardan buyon asrab-avaylab kelayotgan qadriyatlarni, bag‘rikenglik va muruvvat kabi oliy fazilatlarni ham o‘zida ifodalaydi. 

“Amnistiya” so‘zi grek tilidan olingan bo‘lib, esdan chiqarish, kechirish, gunohidan o‘tish ma’nolarini anglatadi. Umuman olganda, amnistiya umumiy afv bo‘lib, ayrim shaxslarni javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish, jinoyat ishini bekor etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risidagi qarordir. Uning asosida xato qilgan yoki qilmishidan pushaymon bo‘lganlar kechiriladi, ularga hayotlarini to‘g‘ri yo‘lga solish uchun imkoniyat beriladi.

Jahon amaliyotida, odatda amnistiya u yoki bu milliy bayram, mamlakatning yuksak yutuqlarga erishgani munosabati bilan e’lon qilinadi. Bu tabiiy albatta, chunki har bir inson tabiatida ham yuksak xursandchilik, xurramlik vaqtida uning bag‘rikengligi va mehribonligi har doimgidan ham ko‘tarinki bo‘ladi. Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, hamma davlatlarda ham amnistiya qabul qilish qonunchiligida belgilanmagan, ayrimlarida esa belgilangan bo‘lsa-da, 10-20 yilda bir marta qabul qilinadi.

Endi bevosita Senatning joriy yil 12 oktyabr kuni qabul qilingan amnistiya to‘g‘risidagi qarori mazmuniga to‘xtalsak. Mazkur qaror 11 banddan iborat bo‘lib, uni shartli ravishda uchta qismga ajratish mumkin, birinchi qismida amnistiya qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan toifalar, ikkinchi qismida amnistiya tatbiq etilmaydigan shaxslar va jazolar toifasi ko‘rsatilgan bo‘lsa, uchinchi qismida ushbu qarorni samarali ijro etish ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlashga oid qoidalar mustahkamlangan.

Qarorda uni amalga oshirish Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilishi hamda u qaror e’lon qilingan kundan kuchga kirib, uch oy mobaynida ijro etilishi lozimligi aytilgan. Ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlatlar fuqarolari, shuningdek, I yoki II guruh nogironlari va sil kasalligining faol shakliga chalingan shaxslar jazodan ozod qilinishining belgilangani uning naqadar insonparvarligini tasdiqlaydi. Chunki og‘ir jazo, ayniqsa, fuqarolarni jamiyatdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarning jinoyatchilikning oldini olishdagi ahamiyatini oshirib ko‘rsatish o‘rinsiz ekanligini hayotning o‘zi isbotladi. Shu bilan birga, milliy an’analarimiz ruhida tarbiyalangan ko‘pgina fuqarolarimizga sodir etgan jinoyati uchun so‘roq yoki tergov ishlari boshlanishining o‘ziyoq tegishli xulosa chiqarib olish va qonunni boshqa buzmaslik uchun ko‘p hollarda kifoya bo‘ladi.

Shu o‘rinda jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarni mazkur amnistiya qarori asosida jazodan ozod qilinishining ahamiyatini chuqur anglab olish zarur. Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganidek, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik bu — avvalo, biz, kattalarning ularni tarbiyalashda yo‘l qo‘ygan jiddiy xatolarimiz oqibatidir. Shuni barchamiz anglab olishimiz muhimki, koloniyalardagi ishlar nechog‘li yaxshi tashkil etilmasin, baribir, bu yer yoshlarni tarbiyalaydigan joy emas. Ko‘p hollarda arzimas qilmishi evaziga qattiq jazo olgan navqiron yigit aynan shu yerda jinoyat olamiga kiradi, ashaddiy jinoyatchilarga qo‘shilib, ularning turmush tarziga xos ko‘nikmalarni egallay boshlaydi. Oltmish yoshdan oshgan erkaklarni jazodan ozod qilishga to‘xtaladigan bo‘lsak, aytish joizki, keksalarni e’zozlash, ularga muruvvat ko‘rsatish va g‘amxo‘rlik qilish xalqimizning o‘ziga xos betakror va bebaho insoniy fazilatlaridan hisoblanadi.

Har gal amnistiya akti asosida minglab fuqarolar ozodlikka chiqadi. Bu esa minglab oilalarga xursandchilik tuhfa etadi, aslida, jinoyat sodir etganlar ham kimningdir otasi yoki onasi, kimningdir farzandi yoki aka-ukasi yoxud kimningdir boquvchisidir. O‘zi aslida, inson zotiga oilaning to‘liqligidan, ozodlik shukuhidan ortiq baxt bormi dunyoda? Faqat bunda davlatimizning insonparvar siyosatini to‘g‘ri anglash, boshqa bu yo‘lga kirmaslik va boshqalarni ham bundan qaytarishga alohida e’tibor qaratish lozim. Zero, jinoyat sodir etib adashganlar ham o‘z fuqarolarimiz, ularni elu yurt koriga yaraydigan odamlar qilib tarbiyalash ham muqaddas burchimizdir.

 

Nodir MUXTOROV,

Oliy Majlis Qonunchilik 

palatasi deputati,

O‘zMTDP fraktsiyasi a’zosi

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

November 2018
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.