O‘tmishi ham, ertasi ham buyuk eldir bu!

 

O‘zbeksiton xalq shoiri Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik Kengashi raisi Iqbol Mirzo bilan suhbat

 

– Iqbol aka, Vatanimiz tinchligi, ravnaqi va farovonligi bevosita Qurolli Kuchlarimizning yuksak salohiyatiga bog‘liq. o‘ururimiz, faxrimiz, iftixorimiz va osoyishtaligimizning yaqqol ifodasi bo‘lgan milliy armiyamizni tashkil etilganiga 25 yil to‘ldi. Ko‘z oldimizda boshlarini mag‘rur tutib, shaxdam qadam tashlayotgan Alpomishmonand yigitlarni ko‘rib, tarixan qisqa davrda tinchlik-totuvlik, taraqqiyotga xizmat qiladigan qudratli armiya shakllanganiga amin bo‘lamiz. Keling, suhbatimizni harbiy ta’lim sohasida erishilgan yutuqlar va oldinda turgan vazifalar haqida boshlasak...

– Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab, barcha sohalar qatorida harbiy ta’limga ham alohida e’tibor qaratilgani qisqa muddatda o‘z samarasini berdi, albatta. Natijada, vatanimizda kuchli tayyorgarlikdan o‘tgan, dunyo havasini uyg‘otadigan milliy  armiya shakllandi. Qurolli Kuchlarimiz safiga yetuk malakali kadrlar tayyorlab beradigan harbiy ta’lim maskanlarida o‘zimizning farzandlarimiz tahsil olmoqda. Bir vaqtlar millatimizga munosib harbiy xizmatchilar, serjantlar, ofitserlar tayyorlash masalasida ancha muammolar bor edi. Bugun esa harbiy ishga ishtiyoqi baland yoshlarni o‘z bag‘riga olayotgan jonajon yurtimizdagi Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtidan tortib, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Mudofaa vazirligining maxsus fakulteti, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtlarigacha yetuk, vatanparvar kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor berilmoqda. Har yili mazkur ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abiturientlarning sanog‘iga yetolmaysiz. 

Bular orasidan eng puxta tayyorlangan kursantlar tanlab olinadi. Sinovdan o‘tolmaganlar o‘z bilimini boshqa o‘quv yurtlarida ham sinab ko‘rishi mumkin.  

Gap oliy harbiy ta’lim maskanlari va ularda tayyorlanadigan mutaxassislar haqida ketar ekan, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bir ibratli so‘zlari yodga tushadi: “Hammamizga ayonki, bugungi kunda zamonaviy armiyada xizmat qilish uchun jismoniy tayyorgarlik, aytaylik, turnikka tortilish, to‘siqdan oshib o‘tish, nishonga bexato otishning o‘zigina yetarli emas. Armiya saflaridagi o‘g‘lonlarimiz nafaqat jismonan baquvvat, eng zamonaviy harbiy texnika va texnologiyalarning sir-asrorini puxta egallagan bo‘lishi, ayni vaqtda yuksak aql-zakovati, intellektual salohiyati, mustahkam irodasi, o‘z xalqiga sadoqati kabi olijanob xususiyat va fazilatlari bilan ham ajralib turishi lozim”. 

Xo‘sh, bu talablar bugun harbiy yo‘nalishda qay darajada o‘z ifodasini topmoqda? Shu o‘rinda, umumta’lim sohasida Kadrlar tayyorlash milliy dasturi yuzasidan olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar barkamol avlod tarbiyasiga mustahkam zamin yaratayotganini aytib o‘tishning o‘zi kifoya. Uzoqni ko‘zlab qabul qilingan ushbu milliy dastur  armiyamiz saflariga har tomonlama sog‘lom, dovyurak, aql-zakovatli, Vatan mudofaasiga qodir yigitlarni tarbiyalab bermoqda. MDHda yagona hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Modellashtirish va simulyatsiya bo‘yicha informatsion texnologiyalar maxsus markazida serjantlar tayyorlash maktablari, oliy harbiy bilim yurtlari kursantlari ham maxsus dasturga muvofiq o‘z malakasini oshirmoqda. Mazkur markaz harbiylarimizning o‘quv-taktik mashg‘ulotlar va jangovar operatsiyalarni modellashtirishni o‘rganishi, zamonaviy informatsion texnologiyalarni o‘zlashtirishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yoshlarni harbiy ishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirib, harbiy xizmatning obro‘-e’tiborini ko‘tarmoqda. Bular barchasi – mamlakatimizda mudofaa sohasida harbiy bilim, mahorat, ko‘nikma, malaka, yuksak ma’naviy-ruhiy tayyorgarlikka, baquvvat iroda faol hayotiy pozitsiyaga ega harbiy kadrlar tayyorlash ishlari tubdan takomillashtirilayotgani, armiya saflarida xizmat qilayotgan va unga chaqirilgan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganining ijobiy samarasidir.     

 – Siz ancha yillardan beri Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashida faoliyat ko‘rsatib kelmoqdasiz. Mazkur kengash tomonidan mudofaa faoliyatini ochiq-oshkoraligini ta’minlash, harbiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan davlat siyosati yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish, milliy armiyamiz va aholi o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash borasida qanday ishlar olib borilmoqda?     

– Keling, shu o‘rinda avvalo, yoshlarning harbiy xizmatga bo‘lgan munosabatidan kelib chiqqan holda mavzuga to‘xtalsak. 

Birinchidan, bugun umumiy harbiy majburiyat degan tushuncha butkul o‘zgargan. Armiyamiz safini ixtiyoriy ravishda el-yurt himoyasiga otlangan, or-nomusi, sha’ni va g‘ururi baland o‘g‘lonlar to‘ldirib turibdi. Ilgarilari farzandi armiyaga chaqirilgan ota-onalarning ko‘nglini xavotir bosar, o‘zlari ham askarlikdan ko‘ra biror institutda o‘qishni afzal ko‘rardi. Hozir yoshlar Vatanga xizmat qilishni oliy sharaf deb bilishmoqda. Chunki bugungi askar o‘z kuch-qudratini ongli ravishda Vatan mudofaasiga xizmat qilishga safarbar etishi, ular uchun armiya chinakam hayot maktabini o‘tayotgani hech kimga sir emas. Ko‘pincha harbiy okruglar va qismlarga borganimizda, axborot resurs markazlari e’tiborimni tortadi. Kutubxonalari turli mavzudagi adabiyotlarga boy. Askarlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyati yuksalgan.

Ikkinchidan, hech kimga qaram bo‘lmasdan o‘z hayot yo‘lini qurish ota-bobolarimizning asriy orzusi bo‘lgan. Bu kunlarga yetib kelish uchun qanchadan-qancha qiyinchilik va to‘siqlar, mashaqqatlarni yengib o‘tmadik, deysiz. Erishgan yutuqlarimiz o‘zimizniki. Navqiron davlatimiz tinchligini yanada mustahkamlash, osuda hayotimizni himoya qilishdek ulug‘vor vazifa har birimizning muqaddas burchimizga aylanishi kerak. Bir so‘z bilan aytganda, oila va maktab tarbiyasidan boshlab yoshlar qalbida yurt taqdiriga javobgarlik, mas’ullik va fidoyilik tushunchalarini singdirish oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biri. 

Uchinchidan, biz tanlagan yo‘limiz, belgilab olgan maqsadimiz faqat tinchlik-totuvlik, taraqqiyotga xizmat qilishga yo‘naltirilgan. Yashirishga ne hojat, qabul qilingan ayrim farmon va qarorlar ijrosi bekamu ko‘st amalga oshirilmayotgani bois ta’siri unchalik sezilmayotir. Lekin harbiy sohada shunday qarorlar borki, tinchligimiz, tinch-osoyishta hayotimizning mustahkam kafolati bo‘lib turibdi. Birgina, O‘zbekistonning birorta harbiy askari boshqa yerga yuborilmasligi va O‘zbekiston harbiy bloklarga hech qachon qo‘shilmasligi haqidagi ulug‘vor siyosat izchil davom etib kelayotgani millatlararo munosabatlarimizga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Kengash tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar zamirida ham Qurolli Kuchlarimiz istiqbollari bilan bog‘liq mana shunday farmon va qarorlarning ijrosini ta’minlashga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassam. Harbiy okruglar va qismlar, oliy harbiy ta’lim muassasalari, kollej, litseylar, tashkilot va mahallalarda “Tinchlik uchun kurashmoq kerak”, “Vatan himoyasi – muqaddas burch”, “Mening armiyam – mening faxrim”, “Askar onalarini sharaflaymiz”, “Armiya va yoshlar”, “Vatan ulug‘ – burch muqaddas” kabi mavzularda muntazam ravishda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Kengash a’zolari mudofaa siyosatining dolzarb masalalari yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha monitoring ishlarini olib borayotir. Nafaqat harbiy qismlar, balki xalqimiz orasida bo‘lib, harbiy sohadagi islohotlar borishi to‘g‘risidagi fikrlarni o‘rganib, ko‘plab juda muhim bo‘lgan taklif-mulohazalarni yig‘ishga muvaffaq bo‘ldik. Bu takliflar tahlil qilinib, harbiy islohotlarni olib borish uchun mas’ul davlat idoralariga taqdim etilmoqda.

– Mustaqillikning ilk kunlaridan boshlab, davlatimiz harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy jihatdan muhofaza qilish, uy-joy bilan ta’minlash, tibbiy ta’minotini, yashash va xizmat o‘tashining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash yo‘lida katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda. Albatta, bu imtiyozlar, qulayliklar zamirida mustaqil Vatanimizning sharafli armiyasini yuksak salohiyati va ona yurtining haqiqiy egasiga aylangan mardu maydon zamondoshlarimizning ertangi kunga ishonchi turibdi. Shunday emasmi?  

– Har bir ishda munosib muhit bo‘lsa, sidqidildan ishlaging, fikrlaging, yaratging keladi. Prezidentimiz Shavkat Mirzieyov yurtimiz tinchligi va xavfsizligi, mamlakatimiz mustaqilligi, osmonimiz musaffoligi, sarhadlarimiz daxlsizligining mustahkam qalqoni bo‘lgan harbiy xizmatchilarga katta e’tibor qaratayotgani sohada ulkan yangilanishlarni boshlab bermoqda. Jumladan, harbiylarning yashash va xizmatni o‘tashdagi ijtimoiy-maishiy sharoitlari tubdan qayta ko‘rib chiqilayotgani, zamonaviy uy-joy fondi yaratilib, harbiy shaharchalar obodonlashtirilayotgani, ularda kommunal va ijtimoiy-maishiy sharoitlar yanada yaxshilanayotganini alohida qayd etish zarur. Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy jihatdan muhofaza qilish, harbiylar uchun uy-joy qurilishini jadallashtirishga qaratilgan davlat dasturlarining ijrosini o‘rganish uchun harbiy okruglar, alohida harbiy qism va muassasalarda bo‘lganimizda, qayd etilgan masalalar kompleks ravishda amalga oshirilayotganini ko‘rib, g‘ururlanib ketamiz. 

O‘tgan yili Jizzax viloyati Baxmal tumanida joylashgan harbiy qismga borib, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdik. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolarini ish bilan ta’minlash, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, farzandlarini ta’lim olishi va to‘garaklarda qatnashi kabi masalalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflarimizni mutasaddilarga taqdim etdik. Mazkur harbiy qismning 55 nafar xizmatchisi va oila a’zolari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtirildi. Qashqadaryo viloyati Pachkamar, Muborak aholi yashash punktlarida joylashgan harbiy qismlarda ham bo‘lib,  bu boradagi o‘zgarishlarni kuzatdik. Ehtiyojlar o‘rganilib, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun turli sport to‘garaklari ochilganiga guvoh bo‘ldik. 

– Mana, olti yuz yildirki, buyuk sarkarda Amir Temur bobomizning harb san’ati, tarixi jahon harbiy akademiyalarida o‘rganilib kelinmoqda. Bu san’at haqida ko‘plab kitoblar yozilgan. Masalan, frantsuz imperatori Napaleon o‘z yurishlarida Sohibqironning jang san’atidan unumli foydalangan ekan. Ayting-chi, bugun ulug‘ ajdodlarimizning harbiy mahorati qay darajada o‘rganilmoqda?   

– Amir Temur bobomiz yurt ozodligi yo‘lida kurash olib borganlarida, qo‘shinning   soniga emas, tadbirkor, har qanday vaziyatda ham aql-zakovatiga tayanib ish ko‘radigan, sadoqatli va mahoratda tengsiz navkarlarga qarab ish tutgan. Sohibqironning Vatan obodligi uchun olib borgan bunyodkorlik ishlari, ilm-fan madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi, harbiy mahoratini zarur tarixiy manbalardan o‘rganilib kelinmoqda. Bu fazilat Amir Temurning barcha avlodlariga meros bo‘lib o‘tgan. Masalan, hali yigirmani qoralamagan Bobur Mirzo Andijon taxtini qo‘ldan chiqarib, sanoqli lashkarlar bilan Samarqandga yo‘l olganda, orqasidan dushmanlar quvib kelgan. Jonini asrab qolishlari uchun vodiy dovonidagi bir kishi o‘tadigan yo‘ldan o‘tishga to‘g‘ri kelgan. Shunda sadoqatli navkarlari hayotini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, yosh shahzodani o‘tkazib yuborgan. Yoki Boburning Hindistonga kelishi tufayli buyuk o‘zgarishlar sodir bo‘lgani, san’atda, hayotda, me’morchilik va madaniyatning boshqa sohalarida taraqqiyot yuz bergani haqida mashhur tarixchilarning kitoblaridan o‘qiganmiz. Albatta, buyuk sarkardalarimizning aql teranligi, sarosima paytlari shovqin-suronlarga bosiqlik bilan javob berishi, yaxshi-yomonni ajrata bilishi, qo‘shinidagi sarboz va askarlar bilan do‘stona munosabatda bo‘lishidan  har  qancha o‘rnak olsak arziydi.

– Bugun xalqaro miqyosda e’tirof etilayotgan shunday shavkatli armiyamiz bor. Ammo negadir mudofaamiz qudrati, salohiyatini o‘zida mujassam etadigan, yuraklarni larzaga soladigan hujjatli, badiiy filmlar kam yaratilyapti? Bu borada, jamoatchilik kengashining biror amaliy taklifi va rejasi bormi?

– Qurolli Kuchlarimiz safida dunyoqarashi butunlay yangi, fikri teran, harbiy mahoratiga ko‘ra dunyoning istalgan mamlakatining mutaxassislaridan qolishmaydigan jasoratli, matonatli harbiy xizmatchilar, serjantlar, ofitserlar ko‘p. Bular haqida hozirgacha ko‘p qismli seriallar olindi. Lekin menga faqat nomigina yoqadi. Ba’zan harbiylar hayotiga bag‘ishlangan xorijiy kinolarni sevib ko‘ramiz. O‘zimizda ham  badiiy jihatdan yuksak asarlar yozilsa, filmlar olinsa, qani edi. Kengash a’zolari orasida yozuvchi, shoirlar ham bor. Kelajakda, milliy armiyamiz tarixi bilan bog‘liq voqea-hodisalarni ochib beradigan, Sharq olamining tafakkuri, ma’naviy dunyosi va insoniyligi katta mehr bilan tasvirlangan asarlar yaralishini kutayapmiz. 

—  Iqbol aka, sizni, sizning siymongizda barcha soha xodimlarini, Vatanimizning mard himoyachilarini qutlug‘ bayram bilan muborakbod etamiz, samimiy suhbatingiz uchun katta rahmat.

 

“Hurriyat” muxbiri Adiba UMIROVA

suhbatlashdi.

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.