ENG OLIY SAODAT

Yana sanoqli kunlardan so‘ng mamlakatimizda “Vatan himoyachilari kuni” keng nishonlanadi. Ushbu sana haqida gap ketganda, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik bilan bir qatorda, uning qadriga yana va yana ko‘proq yetishga undaydigan omillar, deylik, dunyoning ayrim davlatlarida yuz berayotgan siyosiy nizolar, kelishmovchiliklar, shafqatsiz urushlar, bir so‘z bilan aytganda, har qanday mamlakatning barqaror taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi voqeliklar ko‘z oldimizdan o‘tadi. 

 

 Kurrai zaminda tinchlikni kim istamaydi, deysiz. Hamma istaydi. Ayniqsa, ertangi kundan umidi, ishonchi bo‘lgan, o‘ziga ravo ko‘rgan tinchlik-omonlikni o‘zgalarga ham ravo ko‘radigan har bir davlat va xalq bu aziz ne’matni ko‘ziga surtadi. Ammo bugun uzoq va yaqin yon-atrofga sinchiklab nazar solsak, XXI asr insoniyat boshiga qanday og‘ir tashvish va sinovlarni solayotganini, qancha davlatlarning taqdiri savol ostida qolayotganini ko‘rib, hushyor tortamiz. Qolaversa, bu dunyoda tinchlikning qadriga yetmoq, uni asrab-avaylamoqdan ko‘ra oliy saodat yo‘q, degan purma’no iboraning tag-zamirida chuqur ma’no-mazmun mujassamligini yanada teran anglaymiz.  

 Tasavvur etayapsizmi, “texnika taraqqiyoti asri”, “texnatron jamiyat asri” kabi e’tiroflar olamni bezab turgan bir vaqtda ba’zi katta-kichik davlatlar rahbarlarining siyosiy-iqtisodiy manfaatlari dastidan ayrim xorijiy o‘lkalarda urushlar avj olmoqda. Eng yomoni, ularni to‘xtatishning hech qanday imkoni bo‘lmayotgani tufayli o‘z yurtiga sig‘may qolgan, bir kun bo‘lsa ham oilasi bag‘rida odamdek yashashni orzu qilayotgan xalqlar, elatlar paydo bo‘lmoqda Yanada achinarlisi, u yerlarda harbiylar odamlar ko‘ziga vayronkor va zulmkor bo‘lib ko‘rinmoqdaki, urush bo‘lgan joyda ho‘lu quruq baravar yonishi, ko‘plab begunoh insonlarning yostig‘i qurishi muqarrar ekanligi bunday qirg‘in-barotlarning boshida turgan ayrim “siyosiy arboblar”ni zig‘ircha ham qiziqtirayotgani yo‘q.

Shu o‘rinda tinchlikka rahna solishdan kimlar, nima uchun manfaatdor, minglab insonlarning jonidan nahotki kimlarningdir chirkin manfaatlari ustun bo‘lsa, degan savollar tug‘iladimi-yo‘qmi? 

Ha albatta. Lekin sababini xaspo‘shlab nima qildik. Ko‘rib-bilib turibmiz-ku, bir mamlakatda urush bo‘lsa, boshqa bir davlat undan manfaat izlamoqda. Negaki, hozirda ayrim mamlakatlar qurol-yaroq savdosidan mo‘may pul ishlab, bu yo‘lda hech qanday yovuzlikdan qaytmayapti. Rossiyada chop etiladigan “Vlast” jurnalida yozilishicha, 2015 yilning o‘zida jahon qurol-yaroq bozorida savdolar hajmi 10 foizga o‘sib, 65 milliard dollarni tashkil qilgan. 

Ikkinchidan esa, bir davlatda muntazam urushlar, portlashlar, qon to‘kishlar sodir bo‘lib turgani ayrim davlatlarga qo‘l kelmoqda. Xo‘sh, bunday paytda ular tayyor o‘ljani qo‘ldan chiqargisi keladimi? Yo‘q, albatta. Jar yoqasiga kelib qolgan mamlakatga avvaliga yordam qo‘lini cho‘zgan kishi bo‘lib “beg‘araz” masalahat beradi, keyin esa o‘zining harbiy bazasini u yerga olib kirib, “himoya qo‘rg‘oni”ni o‘rnatamiz deydi. Alalxusus, shu yo‘l bilan ko‘p yillik maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, ilgari qabul qilinmagan shartlar va talablarni imi-jimida o‘tkazish uchun ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan nayranglarni ishga soladi.

Ochig‘ini aytganda, bir vaqtlar bizning yurtimizga nisbatan ham shunga o‘xshash urinishlar bo‘lgan. Ammo tarixning og‘ir va mashaqqatli sinovlarini, dolg‘ali va suronli yillarini boshidan o‘tkazgan xalq hech kimga aldanmadi. 

Birgina misol sifatida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov 2013 yil 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalari uchun bergan intervyusini esga oling. O‘sha intervyuda “Bizga nima kerak? Tinchlik kerak! Yana bir bor tinchlik va qo‘shni davlatlar bilan hamjihatlik kerak. Mana shunday xulosa negizida biz tashqi siyosatimizning har tomonlama asoslangan tamoyillarini qonuniy asosda belgilab oldik. Sovet davrida biz afg‘on urushida majburan qatnashganmiz. Xalqimizda “Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi” degan gap bor. Shu sababli biz qandaydir harbiy birlashmalarga kirib, boshqalar bilan birga Afg‘onistonga qarshi chiqmaymiz. Bunday birlashmalar keladiyu ketadi...” deya ana shunday xatarli vaziyatlarga nisbatan munosib javob berilgan edi. Gap egasini topadi deganlaridek, ayrim kuchlar O‘zbekistonning bu qat’iy pozitsiyasidan so‘ng es-hushini yig‘ishtirib oldi. 

Muhimi, biz mana shu fikrimizga sobit qoldik. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev o‘z chiqishida O‘zbekiston bundan buyon ham bironta harbiy blokka qo‘shilmasligini e’lon qilib, o‘zbek xalqining bir so‘zli, qat’iyatli va eng asosiysi, tinchliksevar xalq ekanligini jahon hamjamiyati oldida yana bir bor ta’kidlab, vatandoshlarimizni buyuk davlat qurish, hech kimga qaram va hech kimdan kam bo‘lmay yashash sari intilishlarini qo‘llab-quvvatladi.

Mustaqillik – bu avvalo huquqdir. Ming shukrki, bu huquqni himoya qilish uchun Vatanimizni ko‘z qorachig‘iday asrash, el-yurtimizni har qanday xavf-xatardan saqlashga qodir qudratli Qurolli Kuchlarga egamiz. 

Mamlakatimiz mustaqil bo‘lganiga 25 yildan ziyod vaqt o‘tdi. Bu davrda odamlarimiz oq bilan qorani bir-biridan ajrata oladigan darajada katta hayotiy tajriba orttirdi. Biroq sobiq tuzum davrida harbiy xizmatni o‘tagan yurtdoshlarimiz O‘zbekistondan chaqirilgan yigitlarga nisbatan munosabat qanday bo‘lganini kechagidek eslashadi. O‘dingizdadir ayni kuch-quvvatga to‘lgan yosh va navqiron yigitlarimizdan asosan qurilish batalonlarida, og‘ir ishlarda foydalanilib, ularga bamisoli “ikkinchi sort odamlar” deb qaralgan. Kamiga “rus tilini bilmaydi”, “jismonan tayyor emas”, “bilimi past”, “texnikani  tushunmaydi” degan vaj-karsonlarni ro‘kach qilib, o‘g‘lonlarimiz ko‘p hollarda ta’minot hamda qurilish qismlariga yuborilgan. 

O‘sha davrda harbiy qismlardagi intizomsizlik, tahqir va tahdidlar haqida-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidentining 1990 yil 4 sentyabrdagi “Jumhuriyat yoshlarini armiyaga chaqirishni va ularning harbiy xizmatni o‘tashini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga binoan 1990 yil kuzgi chaqiriqdan boshlab yigitlarimizni O‘zbekistondan tashqarida joylashgan harbiy qurilish qismlariga chaqirish to‘xtatildi.    

Takror bo‘lsa ham aytish kerakki, hali o‘z erki o‘z qo‘lida bo‘lmagan, hammayoq alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib yotgan bir paytda bunday kutilmagan qarorning qabul qilinishi chinakam jasorat va mardlik namunasi edi.

Bu o‘rinda yurtimizda Qurolli Kuchlarning barpo etilishi bilan bog‘liq ba’zi voqealarni esga olsak. Ma’lumki, 1991 yilning 19—21 avgust kunlari Moskvada ro‘y bergan davlat to‘ntarishi sababli mamlakat halokat yoqasiga kelib qolgan edi. Ayni shu vaqtlarda O‘zbekistonda Qurolli Kuchlarni barpo etish fikri uyg‘ongani sir emas. Mazkur tashabbusni ilgari surgan mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov GKChP bosh ko‘targan o‘sha tahlikali kunlardagi bir vaziyatni shunday eslagan edi:

“O‘sha kunlarda men O‘zbekiston rahbari sifatida rasmiy tashrif bilan Hindistonda safarda edim. 1991 yil 19 avgust kuni kechqurun safardan qaytib kelganimda, meni Toshkent aeroportida birinchilar qatorida Turkiston harbiy okrugi qo‘mondonlari va Moskva yo‘llagan bir necha generallar kutib oldi. 

Agarki xayolan o‘sha damlarga qaytib, o‘sha vaziyatni bir so‘z bilan ifoda qilib aytadigan bo‘lsak, aeroportning o‘zidayoq qandaydir bir keskinlik,  tahlika va xavf-xatar nafasi havoda kezib yurgandek tuyulardi. 

Bu generallarning ko‘rinishi, vajohati, gap-so‘zlari bitta ma’noni anglatar edi. Ya’ni ularning qiyofasi, favqulodda shaxdam qadam tashlashidan, xuddi, bo‘ldi endi, o‘zini erkin tutish, erkin fikr yuritish, markazning buruqlarini muhokama qilish zamoni o‘tdi, endi bizning aytganimizni bajaradigan vaqt keldi va mana shunday tartib-intizomni biz o‘rnatamiz, degan ochiq tahdidni his qilish mumkin edi.

Ulardan ba’zilarining hovliqib, o‘pkasini bosolmay, O‘zbekistonni boshqa respublikalar qatorida ana shunday harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun shoshilinch ravishda qarorlar qabul qilish va amalga oshirishga tezlagani hali-beri yodimda turibdi”. 

O‘sha kunlar ham ortda qolib, mana endi har tomonlama zamonaviy talablarga javob beradigan qudratli armiyamizga ega bo‘lib turibmiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, birovning qosh-qovog‘iga qaraydigan zamonlar o‘tmishda qoldi. Boisi, bugungiday qudratli va  salohiyatli armiyasi bor yoshu qarining buguni va ertasidan ko‘ngli doimo xotirjam bo‘ladi. Yana bir quvonchli holat shuki, endilikda odamlar milliy armiya deganda, eng avvalo, mard va jasur, irodali va qat’iyatli, Vatan himoyasi uchun astoydil xizmat qilayotgan asl o‘g‘lonlarni tasavvur etmoqda. Bugun qay bir o‘spirindan “Harbiy xizmatga borasanmi?” deb so‘rasangiz, albatta ijobiy javob olasiz. Zero, ular bir vaqtlar bo‘lgani kabi begona yurtlarni emas, o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona diyorining tinchligi va xotirjamligi uchun xizmat qilishini juda yaxshi biladi. 

Buyog‘ini so‘rasangiz, nainki yoshlar, balki murg‘ak bolakaylar ham bugun harbiylik sharafi baland ekanligini tushunib qolishdi. 

Yaqinda besh yashar jiyanim bilan suhbatlashib qoldim. Undan “Katta bo‘lsang, kim bo‘lasan?” deb so‘rasam, “Harbiy bo‘laman”, deydi. “Nega aynan harbiy, boshqa kasbni tanlasang bo‘lmaydimi?” deb atayin fikrini sinash uchun chalg‘itmoqchi bo‘lgandim, kimdan o‘rgangan bilmadim, “O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!” deya harbiylarga xos tantanali ohangda qasamyod qildi. Bag‘rimga mahkam bosib, peshonasidan o‘pib qo‘ydim.

Ayni vaqtda odamlarimiz ongu tafakkuridagi bunday o‘zgarishlarni mustaqillik va bu yo‘lda o‘zlikni anglatishga qaratilgan izchil siyosat in’om etdi, deb baralla aytishimiz mumkin. Darhaqiqat, shunday. Agarda istiqlolning dastlabki yillariga e’tibor qaratsak, bu borada juda katta ishlar qilinganini ko‘ramiz. Ya’ni, masalan, O‘zbekistonda aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor masalalaridan biriga aylangani, milliy xavfsizlikning keng qamrovli kontseptsiyasi ishlab chiqilgani, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunda mudofaa tizimini vujudga keltirishda mamlakat harbiy siyosatining belgilangani, 1996 yil 24 aprelda O‘zbekiston Respublikasining “Milliy xavfsizlik to‘g‘risida”gi Qonuni, 1997 yil avgustda “O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik kontseptsiyasi” qabul qilingani va yana boshqa ko‘plab normativ hujjatlar, amaliy ishlar – bularning barchasi harbiy siyosatimizni yuritish uchun huquqiy asos yaratib, Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini tobora oshirishga xizmat qilayotir.

Hozirgi kunda dunyoning ba’zi davlatlarida yuz berayotgan urushlar oqibatida ko‘plab odamlarning qoni to‘kilib, qanchadan qancha ta’lim, tibbiyot muassasalari,  noyob tarixiy va madaniy yodgorliklar, uylar va binolar vayron bo‘lmoqda. BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Antoniu Guterreshning ta’kidlashicha, sayyoramizda tinchlik ne’mati juda taqchil bo‘lib bormoqda. Markaziy Afrika Respublikasi, Janubiy Sudan, Ukraina va Iroqda urushlar yuzaga keldi. Avvalgi qarama-qarshiliklarga esa barham berilmayapti. Suriya, Somali, Pokiston, Kongo, Bangladesh, Falastin hamon insoniyatning og‘riqli nuqtalari bo‘lib qolayotir. 

Bu urushlarda kimlar qatnashmoqda? Harbiylarmi yoki faqat terrorchi guruhlar, allaqanday to‘dalar? Afsuski, harbiylar ham bor.

Biz uchun muhimi esa, Qurolli Kuchlarimizning bosh maqsadi, avvalambor, tinchlikparvar siyosatiga asoslangani bizni mamnun va xotirjam etadi.  Shukrki, mamlakatimizda tinchlik va barqaror taraqqiyotga ustuvor masala sifatida e’tibor qaratib kelinmoqda.  Aynan mana shunday odil siyosat tufayli Qurolli Kuchlarimiz biz uchun eng aziz va eng ulug‘ ne’mat – tinchlik posboni sifatida faqat el-yurtimiz – ona O‘zbekistonimiz osoyishtaligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilib, xalqning duosini olishmoqda.

Aslida ham mard va jasur askarlarimiz uchun eng katta baxt, eng oliy saodat ham mana shu bo‘lsa kerak.

 

Tohir SHOMURODOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

Kelajak energiyasi va global iqlim ...

2017-09-20 07:30:32

BOYSUN MO‘JIZALARI

2017-09-20 07:38:36

«INTIZORLIK BILAN KUTAMIZ»

2017-09-20 07:28:18

AFSHONAGA SAFAR

2017-09-20 07:40:47

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

September 2017
S M T W T F S
1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30

.