Qut-baraka ahillikda

Qaysi oilada ahillik, ittifoqlik hukmron bo‘lsa, shu xonadonga qut-baraka, rizq-nasiba, fayz yog‘iladi. Agarki jonajon O‘zbekistonimizni ulkan bir oila deb tasavvur etsak, unda umrguzaronlik qilayotgan turli millat va elatlarning birdam va hamjihatligi albatta, yurtimizning ertangi ravnaqi garovi, desak aslo mubolag‘a qilmaymiz.

 

Shu nuqtai nazardan oladigan bo‘lsak, bugungi kunda 32 million nufusga ega, 130 dan ziyod millat va elatlar, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir tanu bir jon bo‘lib yashayotganini va yurt taraqqiyoti, el farovonligini ta’minlash maqsadida sa’y-harakat ko‘rsatayotganining guvohi bo‘lib, har  birimiz bundan cheksiz faxru g‘ururga to‘lamiz. 

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgach, ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i, 1992 yil 13 yanvarda yurtimizda Respublika baynalmilal madaniyat markazi tuzildi. Bu markaz ko‘p millatli Vatanimizda boshqa millat va elatlar madaniyati, urf-odatlarini rivojlantirishdek xayrli maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan edi. 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 8-moddasida “O‘zbekiston xalqini, millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi” deb belgilab qo‘yilishida ham o‘zbekona bag‘rikenglik tamoyillari yanada muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, Asosiy Qonunimizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivoji uchun shart-sharoitlar yaratishi” alohida ko‘rsatib o‘tildiki, bular barcha Vatandoshlarimizning boshini qovushtirib, pirovardida mustaqilligimizning muvaffaqiyatini ta’minlay oldi.

Konstitutsiyamizning 18-moddasida esa mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo‘yildi.

Buyog‘ini aytadigan bo‘lsak, o‘zbekona bag‘rikengligimizning ildizlari qadim-qadim asrlarga tengdosh. Zero, bu zaminda ko‘plab millatlar ming-ming yillardan beri qo‘shni, do‘st bo‘lib yashab kelganligi sir emas. Qolaversa, boshqa millatlarga va dinlarga nisbatan hurmat-ehtirom xalqimiz, ota-bobolarimiz siyrati va tiynatida bo‘lgan. Shu sababli, bu zaminda turli xalqlar, urf-odatlar, madaniyatlar bir-biri bilan yonma-yon, ahillik va hamjihatlikda yashab kelgan va rivojlangan. 

Yaqin tariximizga nazar tashlasak, o‘tgan asrda turli sabablar bilan yoki qatag‘onga uchragan millatlar vakillari ham O‘zbekistondan makon topdi. Xalqimiz urush, ocharchilik kabi mushkul damlarda ham bu millatlar bilan o‘z nasibasini baham ko‘rdi. Ular o‘zbekona bag‘rikenglik va mehr-muruvvatdan bahramand bo‘lganlari holda, shu Vatanda ildiz otib, palak yozdilar. Ular uchun O‘zbekiston tom ma’noda ona-Vatan bo‘lib qoldi, desak xato bo‘lmaydi. Istiqlol yillariga kelib esa xalqimizning ushbu hamjihatligi yanada mustahkamlanib, bizlar bilan baqamti yashayotgan boshqa millatga mansub kishilarda ham yagona Vatan tuyg‘usi paydo bo‘lganining guvohiga aylandik. 

— Respublika baynalmilal markazining asosiy vazifasi mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, turli millat va elatlar vakillarining o‘ziga xos urf-odat va an’analarini saqlab qolishga ko‘maklashishdan, jamoatchilikning bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat, — deydi markaz direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nasriddin Muhammadiev. — O‘zbekistonda 1992 yilda turli millat va elatlarning 10 ta milliy madaniy markazi faoliyat yuritgan bo‘lsa, ayni paytda ular 137 taga yetdi. 

N.Muhammadievning ta’kidlashicha, o‘tgan davr mobaynida ular bilan hamkorlikda 2016 yilda 700 dan ortiq ilmiy-amaliy va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Shuningdek, “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” shiori ostida o‘tkazilgan an’anaviy do‘stlik va madaniyat festivalida 40 mingdan ziyod turli millat vakillari qatnashdi. 

Ayni paytda umumiy o‘rta ta’lim va oliy ta’lim muassa¬salarida o‘quv dasturlarining 7 tilda olib borilayotgani ham boshqa millatlarning har tomonlama rivojida muhim o‘rin tutadi. Jumladan, ayni damda respublikamizdagi 9618 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabidan 359 tasida qoraqalpoq, 799 tasida rus, 251 tasida tojik, 396 tasida qozoq va 56 tasida qirg‘iz va 47 tasida turkman tillarida darslar olib borilmoqda. Shunisi diqqatga sazovorki, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hamda oliy o‘quv yurtlari uchun darsliklar nashr etish ishlari esa bevosita hukumat tomonidan moliyalashtirilmoqda. 

Madaniyat markazlarida faoliyat yurituvchi yakshanba kungi maktablar va to‘garaklarda ma’lum bir millat vakillarining madaniyati, tarixi, san’ati va milliy an’analari o‘rgatilmoqda. Har yili baynalmilal markazda o‘zbek, koreys, xitoy va ingliz tillari bo‘yicha muntazam tanlovlar o‘tkazib kelinayotir. 

Ayni kunda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining tele va radiokanallarida o‘ndan ziyod tilda eshittirishlar va ko‘rsatuvlarni efirga uzatilmoqda.  Shuningdek, respublikamizning hududida 10 dan ortiq tillarda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda. Milliy markazlarning sa’y-harakatlari natijasida qardosh millatlarning milliy bayram va marosimlari qayta tiklanmoqda. Bular albatta, muayyan millat madaniyatini rivojlantirish bilan kifoyalanib qolmay, balki o‘sib kelayotgan yosh avlodni boshqa millat va elatlar urf-odat va an’analariga hurmat ruhida tarbiyalashga muhim hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.  

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan turli millat vakillari davlat boshqaruvi ishlarida, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy hayotda faol va erkin ishtirok etishmoqda. 

Bugun kurrai zaminda milliy-etnik munosabatlar tobora keskinlashib, eng rivojlangan mamlakatlarda ham kam sonli millat vakillarini kamsitish holatlari kuzatilayotgan davrda turli millat va elat vakillari bitta yagona oilada ahil va inoq yashayotgan Vatanimiz tajribasi chindan ham boshqalarga namuna bo‘lishga arziydi. 

Ayni kunda mamlakatimiz yangi islohotlar davriga kirdi. Shubhasiz, ushbu islohotlarni o‘z vaqtida va to‘la-to‘kis amalga oshirishimiz, ko‘zlangan marralarga yetishimiz uchun avvalo hammamizdan ahillik va hamjihatlik talab etiladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘tgan yil 14 dekabr¬da Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida “mamlakatimizda xukm surayotgan millatlar va fuqarolar totuvligi, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek saqlash hamda mustahkamlashni o‘zimning ustuvor vazifam, deb hisoblayman”, degan fikrlari zamirida ham aynan shu ezgu maqsad turibdi. Bu ayni kunda o‘zini shu aziz Vatanning farzandi deb hisoblovchi har bir yurtdoshimizning dilidagi muddao. Shunday ekan, yagona Vatanimiz O‘zbekistonning istiqboli uchun qayg‘urish, bobolarga munosib bo‘lish, milliy qadriyatlar va an’analarni davom ettirish har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir. 

Shu kunlarda Respublika baynalmilal markazi tashkil etilganiga chorak asr to‘ldi. Ushbu sana munosabati bilan turli millatlarning qadriyatlari, O‘zbekistonning millatlararo totuvlik borasidagi tajribasini o‘zida aks ettirgan xalq amaliy san’ati, tasviriy va fotsuratlar ko‘rgazmasini, “O‘zbekiston mustaqilligi – millatlararo munosabatlar rivojida yangi davr” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman hamda “O‘zbe¬kiston — umumiy uyimiz” fes¬tivali g‘oliblarining kontserti o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Bayramga bag‘ishlab hujjatli film, kitob hamda “Yagona oilada” jurnalining maxsus soni chop etilmoqda. 

So‘zimiz xulosasida aytmoqchimizki, yurtimizda totuvlik va inoqlik, bag‘ri¬keng¬lik hukmron ekan, albatta, ko‘zlagan maqsadlarimizga erishamiz. 

 

Abdumajid AZIMOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

August 2017
S M T W T F S
1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31

.