HAR BIR YIGITNING SHARAFLI BURCHI

 Mamlakatimiz Mudofaa Qurolli kuchlari  tashkil topganligining 25 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlanib o‘tkazilgan bayram tantanalari va unga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida turli soha vakillari bilan o‘tkaziladigan uchrashuvlar, anjumanlarda ishtirok etib, shu narsani his qilamizki, bugun harbiy sohada xizmat qilish nafaqat faxrli burch, balki shon-sharaf ishiga aylangan.

 

Men mustaqillik farzandiman. Mening tengdoshlarim – mustaqil mamlakatda tug‘ilgan baxtiyor yoshlar. Istiqloldan avvalgi zamonlarda yigitlar ulg‘aygani sari ularning ota-onalari xavotirga tushganlarini, armiyada xizmat qilish haqida o‘ylaganda ko‘pchilikning yuragi bezillaganini, ayniqsa, o‘zbek yigitlari asosan qurilish sohasiga jalb qilinganini, bir tomonda Afg‘onistondagi urush askar yigitlar joniga dahshat solib turganini eshitganmiz. Bugungi kunda esa, askar bo‘lish, Milliy armiyamiz safida xizmat qilish har bir yigitning orzusi. Lekin ayni paytda, bunday orzuning amalga oshishi o‘z-o‘zidan bo‘lmasligi barchaga yaxshi ayon. Milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish uchun jismoniy jihatdan chiniqqan, yetarlicha bilimga ega, tartib-qoidalarga og‘ishmay amal qiladigan salohiyatli yoshlar saralab olinmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatga chaqiruvda 1 o‘ringa 9 nafar chaqiriluvchi to‘g‘ri kelayotgan ekan. Bunday talablarga javob berish uchun har bir yigit bolalikdan tayyorgarlikni boshlashi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, puxta bilim egallashga intilishi, tartib-intizomga o‘rganishni o‘ziga odat qilishi zarur bo‘ladi. 

Hozirgi kunda yigitlarni harbiy xizmatga kuzatish, bir paytlardagidek ming bir xavotir va iztirob bilan emas, balki o‘ziga xos tantanalar bilan amalga oshirilmoqda. O‘z ona Vatani bag‘rida uning tinchligi va osoyishtaligini qo‘riqlash yigit kishiga g‘urur bag‘ishlaydi, albatta. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov har bir chiqishida: “Biz uzoq va yaqin atrofimizdagi barcha davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz. Eng muhimi, hech qanday harbiy blokka qo‘shilmaymiz, O‘zbekiston hududida chet el harbiy bazalarining joylashuviga, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz tashqarisida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur, deb hisoblaymiz”, — deb ta’kidlar edi. Ana shu oqilona siyosat tufayli Vatanimiz sarhadlari tinch. Bizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchimiz mustahkam. 

Lekin shuni ham unutmasligimiz kerakki, bugungi kunda dunyoda siyosiy vaziyat nihoyatda murakkab. Insoniyatning dushmani bo‘lgan terrorizm butun dunyoga xavf solmoqda. Turli davlatlarda davom etayotgan xunrezliklar har birimizni hushyorlikka chorlaydi. U yerlarda har kuni yuzlab, minglab odamlar, ayniqsa bolalar nobud bo‘lmoqda. O‘n minglab odamlar o‘z uylarini tashlab, begona yurtlardan boshpana izlashmoqda. Shunday ekan, har qaysi davlat o‘z hududining daxlsizligi, fuqarolarining tinchligi va xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zining mustahkam, ishonchli armiyasiga ega bo‘lmog‘i va unga tayanmog‘i kerak. 

Bizning Milliy armiyamiz osoyishta, tinch va farovon hayotimizni asrash uchun barcha imkoniyatlarga ega. Harbiy xizmatchilarga xizmatni a’lo darajada o‘tashlari uchun yetarlicha shart-sharoit yaratilgan, zamonaviy harbiy texnikalar bilan ta’minlangan. Ularning oilalari uchun ham qulay imkoniyatlar hozirlanmoqda. Harbiy xizmatni namunali o‘tab qaytgan yigitlarga oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishlari uchun imtiyozlar berilmoqda. Bu, albatta, armiyamiz tarkibini salohiyatli kadrlar bilan to‘ldirishda, uning qudratini oshirishda alohida ahamiyatga ega. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimida so‘zlagan nutqida: “O‘zbekiston va uning bag‘rikeng xalqi tinchliksevar siyosat yuritish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash tamoyillarini amalga oshirish pozitsiyasida doimo mustahkam turib kelmoqda. Lekin, zarur bo‘lsa, biz mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga, xalqimizning tinch va osuda hayotiga tahdid soladigan har qanday urinishlarga qarshi keskin zarba berishga qodirmiz”, — deya qat’iy ishonch bilan ta’kidladi. Bugungi armiyamiz shunday ishonch bildirishga har jihatdan munosibligiga shubha yo‘q.

Vatan himoyasi – u nima o‘zi? Faqat egniga harbiy kiyim kiyib, xizmat burchini o‘tashmi? Yo‘q. Shu yurtda yashayotgan har bir yigit kishi o‘zini yurt himoyachisi deb bilishi, shunga munosib bo‘lishi zarur. Vatan himoyasi deganda faqatgina uning hududini tashqi ta’sirlardan qo‘riqlashni emas, balki uning sha’nini, dunyo hamjamiyatidagi obro‘sini himoya qilishni ham tushunishimiz lozim. Biz bugun olayotgan bilimimiz, sportdagi chiniqishlarimiz, turli sohalar bo‘yicha iste’dodimizni namoyon etish bilan kelgusida Vatanimiz sha’nini himoya qilamiz. Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida tashlagan qadamimiz, erishgan har bitta yutug‘imiz jonajon O‘zbekistonimizning ravnaq topishiga, himoyasi yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishini har daqiqa anglab yashamog‘imiz kerak.

 

Oybek ABDIRAJABOV,

Toshket davlat 

iqtisodiyot 

universiteti talabasi

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

March 2017
S M T W T F S
1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31

.