NASLCHILIKKA DOIMIY E’TIBOR agrofirmaga daromad keltirmoqda

Quyon go‘shti tabobatda foydali va parhezbop go‘sht sifatida e’tirof etiladi. Ishbilarmon yurtdoshlarimiz ayni vaqtda quyonchilik yo‘nalishida ham samarali yutuqlarga erishib kelmoqda. Yevropa davlatlari bilan o‘zaro hamkorlik va tajriba asosida ish olib borish mamlakatimizda quyonchilik tarmog‘ini rivojlantirishda katta ko‘mak bo‘layotir. Qo‘shtepa tumanidagi “Vodiy naslli quyonlari” agrofirmasida ham bu borada katta tajriba o‘zlashtirildi. 2016 yilda tashkil topgan agrofirmada ayni vaqtda 400 ta “Yangi Zelandiya” zotli quyonlari parvarishlanmoqda.

 

Marg‘ilonlik tadbirkor, agrofirma rahbari Nuriddinjon Eminov shularni inobatga olib, o‘z tashabbusi bilan Italiyadan 67 ta zotdor quyonlarni olib kelishga muvaffaq bo‘ldi. Bunda tadbirkor “Mikrokreditbank” viloyat filialining 400 million so‘m mablag‘idan samarali foydalangani e’tiborlidir. Italiyalik hamkor mutaxassislarning ko‘magi bilan agrofirmada jonivorlarni sun’iy urchitish va mahalliy sharoitga moslashtirish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi.  

Hamma sohada bo‘lganidek, bizda quyonchilikni rivojlantirish uchun ham omillar ko‘p. Ularni anglay bilgan, bor imkoniyatlardan samarali foydalangan, izlangan, yangilikka intilgan tadbirkor borki, hamisha unga omad hamroh. Ayniqsa, quyonchilik parvarishida naslchilikni yaxshilash birlamchi vazifa ekanligini Nuriddinjon Eminov yaxshi biladi. 

Bugun agrofirmada quyonlardan bir yilning o‘zida 8 marotaba, 5-13 tagacha nasl olish mumkinligini hisobga olsak, qulay iqlim sharoiti, xom ashyo bazasi, tabiiy yer maydonlari yetarli ekanligi viloyatimizda istiqbolli tarmoqni jadal rivojlantirish mumkinligidan dalolat beradi. Ayni vaqtda bu yerda har bir quyondan o‘rtacha 5 kilogrammdan parhezbop go‘sht yetishtirilib, hozirda vodiy viloyatlari va Toshkent shahriga yetkazib berilmoqda. 

– Tadbirkorlik yo‘lini tanlaganlar bugun Prezidentimizdan, davlatimizdan juda minnatdor. Faoliyatimiz birinchi galda huquqiy mustahkamlandi. Hamma imkoniyatlar ishga solindi. Ayniqsa sarmoya masalasidagi muammolarimiz o‘z vaqtida yechimini topyapti, – deydi N.Eminov. – Quyon go‘shti va terisini yetishtirish istiqbolini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi tufayli sohaga qiziquvchilar safi tobora ortmoqda. Berilayotgan imtiyozlar bilan tez orada agrofirmamizda qushxona va muzlatkich qurishni mo‘ljallaganmiz. Bunda yana tijorat banklari kreditiga asoslanib ish tutmoqchimiz.

Albatta, ishning bir maromda tashkil etilishi ishchi kuchi va texnikalariga bog‘liq. Quyonlar parvarishi bilan tanishayotganimizda agrofirma rahbari jamoaning ish boshqaruvchisi Inomjon Karimov, veterinar Yoqubjon o‘oziev, ishchilar Masturaxon Mahkamova, Saidbilolxon Ismatullaev va boshqalarning hissasi katta bo‘layotganini mamnuniyat bilan gapirdi. 

Viloyat hokimining quyonchilik sohasini rivojlantirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish, quyon bosh sonlarini ko‘paytirish va ushbu yo‘nalishda ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli agrofirmalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi yuzasidan viloyatimizda keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borilmoqda. “Vodiy naslli quyonlari” agrofirmasi bu borada yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti va daromad omili bilan iqtisodiyotimizga yanada katta hissa qo‘shishiga ishonamiz.

Madaminjon 

SOLIJONOV

 
  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

April 2017
S M T W T F S
1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30

.