XAVFSIZLIGIMIZ GAROVI

Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik tufayli barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda. Albatta, bunga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q. Ayniqsa, dunyoda va mintaqamizda  saqlanib turgan hozirgidek murakkab, tez o‘zgarayotgan harbiy-siyosiy vaziyatlar, Rossiya Federatsiyasi va AQSh, NATO davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishi, Suriya Arab Respublikasidagi o‘ta murakkab vaziyatlar hamda Yaqin Sharq mintaqasida ikki yirik davlat — AQSh va Rossiya manfaatlarining to‘qnash kelishi vaziyatni yanada chigallashtirmoqda.

 

Bundan tashqari, Afg‘onistondagi tobora keskinlashayotgan ahvol bilan bog‘liq tarzda xavfsizlikka qarshi real va ehtimol tutilayotgan xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda bunday marralarni egallash oson emas. Gap shundaki, ayni paytda sayyoramizning turli nuqtalarida inqiroz, mahalliy urushlar, harbiy qarama-qarshiliklar va mojarolar ro‘y bermoqda. Terrorchilik xuruji hamda boshqa tahdidlar xavfi kuchaymoqda. Ushbu salbiy jarayonlar bizni doimo ogoh bo‘lishga, bugungi tinch hayotimizning qadriga yetishga, mamlakatimiz chegaralarini qo‘riqlash choralarini yanada ko‘chaytirish, O‘zbekiston milliy davlatchiligini, uning hududiy sarhadlari yaxlitligini asrab-avaylashga undaydi. Vatan va xalqqa mansublik kishiga umr bo‘yi mas’uliyat yuklab boraveradi. Shu xalq vakili bo‘lgan har bir inson uchun muqaddas burch, bu Vatan  himoyasidir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimida O‘zbekiston chegaralarining xavfsizligi va mudofaa qobiliyatini mustahkamlash yuzasidan alohida vazifalarga e’tibor qaratib, O‘zbekiston chegaralarining xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash, mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, yurtimiz ostonasiga hech qanday balo-qazoni yaqin keltirmaslik kabi hal qiluvchi vazifalar hamisha diqqatimiz markazida bo‘lishi kerak degan so‘zlari, bizdan hamisha ogoh bo‘lib yashashni talab etadi.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z mudofaa tizimini yaratishda birinchi navbatda duch kelingan qiyinchilik harbiy kadrlar masalasi edi. Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini malakali harbiy kadrlar bilan ta’minlash maqsadida yangi harbiy ta’lim muassasalari tashkil etish, ularda tayyorlanadigan mutaxassislarni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Harbiy o‘quv dargohlari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, modellashtirish uslublariga asoslangan zamonaviy texnik ta’lim vositalari va jangovar vaziyatlarga imkon qadar to‘la moslashishni ta’minlaydigan o‘quv uskunalari bilan jihozlanmoqda. Shuningdek, axborot-resurs markazi materiallari tinglovchi va kursantlarning harbiy mahorat sirlarini o‘rganishi va chuqur o‘zlashtirishida muhim  ahamiyat kasb etmoqda.

Bundan tashqari harbiy ta’lim muassasalarida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar davomida jangovar operatsiyalarni olib borishning asosiy  tamoyil va uslublari, jangovar tayyorgarlik tadbirlarini samarali tashkil etish va rejalashtirish, guruh jangovar otishini o‘tkazishning uslublari, shuningdek, zamonaviy qurol-aslaha va harbiy  texnikadan foydalanish kabi muhim masalalarga e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash kafolatlari batafsil belgilab qo‘yilganligi  hozirgi demokratik huquqiy davlatni shakllantirish jarayonida jamiyatimizning osoyishtaligini, farovonligini ta’minlash, demokratiyani, inson huquqlarini himoya qilish, xavfsizlikni ta’minlashda hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.

Ta’lim muassasalarida o‘quv va tarbiya rejasiga binoan har bir bosqichda tinglovchi va kursantda vatanparvarlik, fidoyilik xislatlarini shakllantirish maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim muassasalari tinglovchi kursantlari har tongni O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi sadolari ostida qarshilaydilar, respublika ramzlariga, xalqiga o‘zining sadoqatlarini bildiradilar, vzvod va batalonlarda esa har haftalik siyosiy axborotlar, ma’naviyat va ma’rifat darslari uyushtiriladi.

Harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik, el-yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbiga Vatan xavfsizligi, harbiy burchga sadoqat tuyg‘ularini singdirish har bir tarbiyachining burchidir.

Tinglovchi va kursantlarning bilimlarini yuksaltirishda ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining o‘rni alohida ahamiyatga ega.  Shu ma’noda jamoalarda xizmat qilayotgan ustoz-murabbiylar respublika oliy harbiy o‘quv yurtlari bilan ta’limning printsipial yangi uslublarini, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy qilish, tinglovchi va kursantlarni  milliy g‘oya, umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ular ongida Vatanga muhabbat, sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida ta’lim va tarbiya sohasida muntazam ravishda tajriba almashmoqdalar.

Milliy armiyamiz mutlaqo yangicha, zamonaviy va yuksak ma’naviy asosda tashkil etildi. U millatning or-nomusi, sha’ni, shavkatini himoya qiluvchi, asrovchi ulkan kuchga, harbiy xizmat yoshidagi o‘g‘lonlar uchun haqiqiy ma’noda hayot maktabiga aylanib ulgurdi. Shuning uchun yoshlar o‘z ona yurtiga xizmat qilishni muqaddas burch, deb biladi. Zero, sog‘lom muhit, tartib-intizom, o‘zaro hurmat, Vatan himoyachisiga yuksak e’tibor va ehtirom O‘zbekiston armiyasining negizini tashkil qiladi. Shu boisdan ham, milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanish va o‘zgarishlar shu yurtda yashayotgan har bir insonni birdek quvontiryapti.

Shunday bo‘lishiga qaramay, mintaqamiz va jahonda saqlanib qolayotgan murakkab, tez o‘zgarayotgan harbiy-siyosiy vaziyat, qo‘shni Afg‘oniston hududida terrorchilarning faollashib qolganligi, ular hattoki bir qator aholi punktlarini ham o‘z nazoratlari ostiga olganliklari barchani xavotirga solmay qolmaydi. Xalqaro terrorchilar faoliyatining kuchayishi hamda narkoagressiya, ekstremizm va boshqa tahdidlarning miqyosi kengayib borayotgani Qurolli Kuchlarimizning harbiy tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini muttasil oshirish, mamlakatimiz chegaralarini qo‘riqlash choralarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi.

Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, O‘zbekiston va uning bag‘rikeng xalqi tinchliksevar siyosat yuritish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash tamoyillarini amalga oshirish pozitsiyasida doimo mustahkam turib kelmoqda. Lekin zarur bo‘lsa, biz mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga, xalqimizning tinch va osuda hayotiga tahdid soladigan har qanday urinishlarga qarshi keskin zarba berishga qodirmiz.

 

Shuhrat HOTAMOV,

O‘zbekiston Respublikasi IIV

Toshkent OHTBYU kafedra boshlig‘i,

podpolkovnik  

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.