YURAKKA ILDIZ OTGAN TUSHUNCHA

OTANING BAXTI

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan biri bilan yaqinda telefon orqali suhbatlashdim. Vodiyga borib kelgan ekan. Uchrashuvlardan birida askar otasi undan dastxat olibdi. «O‘zbekiston armiyasi» jurnalida chop etilgan maqolasi yoniga dastxatini yozib berishni iltimos qilibdi. «O‘g‘lim armiyadan olib keldi jurnalni, ko‘rib ko‘zim quvnadi. Ayniqsa maqolangizni o‘qib, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishimiz kerakligini yanada chuqurroq angladik, xulosalar chiqardik», debdi askar otasi. 

Odamlarimizning ongi, dunyoqarashi o‘zgarayotgani quvonarli. Faqat duoga qo‘l ochib, yurtga tinchlik, omonlik so‘rashning o‘zi bilan ish bitmasligini xalqimiz tobora anglab yetmoqda. Bebaho ne’mat uchun kurashib yashashga intilish hissi paydo bo‘lyapti. 

Deputat bilan askar otasi suhbatiga qaytsak, o‘ylashimcha, ota faqat deputatga minnatdorchilik bildirish, undan esdalik uchun dastxat olishgagina intilmagan. Shu harakati orqali muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelgan o‘g‘li bilan ham faxrlanmoqda. Demak, tinchlikka, istiqlol himoyasiga baholi qudrat ulush qo‘shgan farzandidan rozi. Demak, shunday ruhda farzandi kamol topganidan quvonmoqda. Burchini halol o‘tagan farzand Vatan oldida ham, ota-ona oldida ham yuzi yorug‘ bo‘ladi. O‘sha lahzalarda otaga «siz uchun baxt nima?» desangiz, balkim O‘zbekistoni oldida sharafli burchini o‘tab kelgan o‘g‘lini ko‘rsatarmidi?!

Mustaqillikning 25 yili davomida O‘zbekiston erishgan asosiy yutuqlarning bosh omili nimada, deb berilgan savolga so‘rovnomada ishtirok etgan fuqarolarimizning 99,6 foizi «Mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni saqlash va mustahkamlash, ijtimoiy-siyosiy va harbiy ixtiloflar hamda ziddiyatlarga yo‘l qo‘yilmasligi», degan fikrni bildirishgan. Bu javob zamirida nima bor? Odamlarning mamlakatda yuritilayotgan tinchlikparvar siyosatga munosabati, desak cheklanib qolgan bo‘lamiz, nazarimda. Fuqarolarimiz bu muhim jarayonda faol ishtirok etishga intilishmoqda. Mana, masalaning mohiyati nimada. Shu ma’noda askar otasining qalbidan kechayotgan tuyg‘ularni anglash mumkin. 

 

MAMNUNLIK DARAJASI

Maqola debochasida Konstitutsiyaning 52-moddasini bejizga keltirmadik. Aslida O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish uning tinchligini, osoyishtaligini, obod va farovon turmushini asrash degani. Kimki qo‘liga qurol olib, yurt sarhadlarida turishga, tinchlikni himoyalashga kuchi, qurbi yetmasa, ezgu so‘zi, amali, duosi, yurt ravnaqi yo‘lidagi fidokorona mehnati bilan bu ulug‘ ishga hissa qo‘shishga intiladi. Burch tuyg‘usi bugun millatni mana shunday ruhda kamolga yetkazmoqda. 

Uch oycha muqaddam o‘tkazilgan so‘rovnomada ota-onalarning farzandlari harbiy xizmatni o‘taganliklaridan mamnunlik darajasi aks etgan. Javoblarning 64,6 foizidan shuni bilish mumkin. Yanayam aniqroq qilib aytganda, mamnunlik darajasi quyidagicha aks etgan: birinchi o‘rinda «fuqarolik burchini, davlat oldidagi majburiyatini bajardi», ikkinchi o‘rinda «ko‘p narsaga – mehnat qilishga, vatanni qadrlashga o‘rgandi», uchinchi o‘rinda «armiyadan har tomonlama ijobiy o‘zgarishlar bilan qaytdi», navbatdagi to‘rtinchi o‘rinda esa «haqiqiy erkakka aylandi», nihoyat beshinchi o‘rinda «armiyada xizmat qilib, yaxshi ishga joylashdi» javoblari. Berilgan javoblarni tahlil qilib ko‘ring. Sizningcha, ularni birlashtirib, umumlashtirib turgan tushuncha nima? Nazarimda, bu – burchni anglash tushunchasi. Demak, shunchaki mamnunlik, desak xato qilamiz. 

Qolaversa, farzandidan rozi bo‘lish hissini fuqarolarimiz shunday namoyon etishgan. Xo‘sh, ota-ona farzanddan qachon rozi bo‘ladi? Eliga, yurtiga halol xizmat qilib, «otangga rahmat» degan duoni olganida. Burchni, ayniqsa harbiy majburiyatni o‘zbekona tushunish ma’naviyatimiz boy ekanligini yana bir bor ko‘rsatadi. 

 

QACHON ODAM ERKIN YASHAYDI?

Sobiq ittifoq davri beixtiyor xayoldan o‘tadi. Harbiy majburiyat, burch haqida bizga ko‘p saboqlar berishgan. Qizil shiorlarga o‘ralgan mag‘zi puch gaplarga ishonardik. 1990 yilda O‘zbekistondan 180 mingga yaqin yigit muddatli harbiy xizmatga chaqirilib, ularning ko‘pchiligi asosan qurilish batalonlarida, og‘ir ishlarda xizmat o‘taganligi xususida maqolalarda keltirib o‘tganmiz. Mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimov bu haqda shunday yozgandi: «Farzandlarimizdan asosan qurilish batalonlarida, og‘ir ishlarda foydalanilganini, ularga bamisoli qandaydir «ikkinchi sort» odamlar deb qaralganini o‘sha davrda harbiy xizmatni o‘taganlar va ko‘pgina ota-onalar hozir ham eslashi mumkin». 

Qurol, harbiy texnikani deyarli ko‘rmagan, belkurak, zambil va boshqa qurilish jihozlari-ku mayli, bepisand qarashlar, munosabatlar ta’sirida harbiy xizmatni o‘taganlarga burch haqida savol berib ko‘rsangiz nimalarni so‘zlab berisharkin, nimalarni xotirlasharkin? Burch deya ko‘r-ko‘rona bajargan ishidan mamnun bo‘lganmikin? U kunlardan gap ochilsa nimani so‘zlashsin: mardikordek o‘tgan davrinimi, kamsitilganinimi, haqoratlanganinimi? Armiyadan, harbiy xizmatdan ko‘ngli qolganinimi? 

Millatni kamsitishlar, haqoratlashlar jangovar ruhni susaytirgandi. Burch deganda, avvalo, erta bahordan dekabr oyining oxirigacha dalada tentirab, oq oltinni yig‘ishtirishni tushunardik. Harbiy xizmatda ham burch tushunchasi o‘zbek o‘g‘lonlari uchun asosan mardikorlik qilishday gap edi. 

Qachon odam erkin yashaydi? Menimcha, o‘z burchini bajarishdan mamnun bo‘lganida. Shunda u mayda manfaatlardan ustun keladi. Yuksak manfaatlarni anglab yetadi. Kechagi kunimizda erkinligimiz qanchalar bo‘g‘ilganini unutmaslik kerak. 

 

BURCH ULUG‘VORLIK KASB ETAYOTGAN KUNLAR

Hamqishlog‘im Akbar Ortiqov 1986 yilda Urganchdagi harbiy maktab (hozirgi harbiy akademik litsey) ga o‘qishga kirdi. Hatto birinchi kursni bitirib kelganida sinfimizda u bilan uchrashuv ham o‘tkazildi. Biz o‘g‘il bolalar uning egnidagi harbiy kiyimiga havas bilan qaraganimiz yodimda. Qizlarning shivir-shiviri ham. «Qishlog‘imizdan ham harbiy chiqarkan» degan havas yeru ko‘kka sig‘masdi. Ikkinchi yili o‘qishdan haydashdi. Sababini bizga aytishni xohlamadi. «Harbiy bo‘lishni istamadim», dedi, xolos. Aslida kamsitishlar yigitning irodasini sindirgandi. Oradan yillar o‘tdi. O‘g‘li O‘zbekiston armiyasida xizmat qilib keldi. Shodligi ichiga sig‘maydi. Nazarimda yoshligida kemtik bo‘lib qolgan burchning «bag‘ri» to‘lgandi. 

Qishlog‘imizdan bugun o‘nlab serjant, ofitser yetishib chiqdi. Hatto yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlari ham bor. O‘z burchini bajarishdan zavq olayotgan avlod bugun barchaning havasini keltiradi.  Burch tushunchasi ulug‘vorlik kasb etayotgan kunlarimizning qadri bo‘lakcha.  

 

MUQADDAS TUSHUNCHADAN OZIQLANMOQDA

O‘zbekiston armiyasida xizmat qilayotgan o‘g‘lonlar Asosiy Qonunimizning 52-moddasida belgilangan burchini ado etayotganidan mamnun. «Hayotdagi eng zo‘r huzur-halovat ado etilgan burchdan zavqlanishdir» degan ekan allomalardan biri. Bu hikmat aynan O‘zbekiston yoshlariga qarata aytilgandek. 

Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askar Abrorjon Jumaev 2016 yil noyabr oyining oxirlarida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi xususida maqola yozib yuborgandi. Mazkur siyosiy jarayonda safdoshlari, tengdoshlarini yanada faol bo‘lishga, mamlakatning ertangi kuni uchun ovoz berishga da’vat qilgandi. O‘z-o‘zimga savol beraman. Askarga bu so‘zlarni yozib yuborishga nima turtki bo‘lgan? Avvalo, faol fuqarolik pozitsiyasi. Qolaversa, Vatani, millati oldidagi burchini anglash tuyg‘usi. Yozgan nomasiga qarab, uning burchini o‘tashdan qay darajada mamnunligini anglash qiyin emas. «Kundalik turmushda shaxsiy huquqlarimizni himoya qilib, uning buzilmasligini talab etamiz. Ammo ba’zan saylash huquqidek muhim siyosiy huquqimizga befarq qaraymiz», deya kuyunchaklik bilan ayrim tengdoshlarini tanqid ham qilgan askar. 

— Men O‘zbekiston Qurolli Kuchlari ofitseri bo‘lishni tanladim. Hozirgi qalqib turgan dunyoda, turli mamlakatlarda bombalar portlab turgan bir paytda ona Vatanim tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash ishiga hissa qo‘shishga qaror qildim. Umrimni shu sharafli ishga bag‘ishlamoqchiman. Shonli tarixga ega bo‘lgan O‘zbekistonday buyuk mamlakatni himoya qilishni burchim deb bilaman, — deydi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti kursanti Bobur Jo‘raev. 

21 yoshli yigitning gapini aynan keltirdim. Tahririyatga kelganida o‘zi bilan biroz suhbat ham qurganman. Orzu, istaklari yo‘lida marrani baland olganligini darhol angladim. Dastlab Ichki ishlar vazirligiga qarashli JAR maktab internatida o‘qidi. Ulg‘aygach, O‘zbekiston davlat Jahon tillari universitetining akademik litseyida tahsil oldi. Ingliz tilini puxta o‘rgandi. Jahon chempioni Shuhrat Elov to‘garagida sport bilan doimiy shug‘ullandi. Nihoyat kursantlik... Hademay ofitser bo‘ladi. Yoshlarimizdagi burchni anglash tushunchasining musaffoligidan ko‘ngling to‘ladi. Vatan oldidagi burchini o‘tash uchun qahramonimiz shuncha bosqichlardan o‘tdi, toblandi. O‘zini jisman, ma’nan tayyorladi. Agar harbiylikni tanlamaganida ham jamiyat uchun, mustaqil O‘zbekiston uchun foyda keltiradigan inson bo‘lib ulg‘ayardi. Bobur singari yoshlar ko‘p. Burch tushunchasi ularni ulg‘aytirmoqda. O‘z navbatida bunday ruhda kamol topganlar burchni ulug‘lashadi. 

Mudofaa vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2016 yilgi chaqiruvda muddatli harbiy xizmatga borish uchun bir o‘ringa 9 nafargacha yigit da’vogarlik qilgan. 

Boks bo‘yicha olimpiada chempioni buxorolik Shahobiddin Zoirov uch oy muqaddam safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatning oylik yig‘inini o‘tadi. Konstitutsiyaviy burchini o‘tadi. Majburiyat yuzasidan emas, chin ko‘ngildan.  

Bunday misollarni ko‘p keltirishimiz mumkin. Daxldorlik hissi, siyosiy faolligi va fuqarolik pozitsiyasi tobora o‘sib borayotgan avlod yangicha fikrlayapti. Vatanimizning ertangi kunini, taqdirini o‘z qo‘liga olishga qodir bo‘lgan farzandlar maydonga kirib kelyapti. Ular yuragiga O‘zbekiston degan nom tobora chuqur ildiz otmoqda. Burch tuyg‘usi ana shu muqaddas tushunchadan oziqlanmoqda.  

 

Polkovnik 

Alijon SAFAROV

 

 

  • So'ngi yangiliklar
  • Ko'p o'qilgan

RASMIY SAYTLAR

REKLAMA

REKLAMA

 

 

 

 

 

 

Kalendar

June 2017
S M T W T F S
1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30

.